Shum bolaning oshnalari

0
2102
marta ko‘rilgan.

G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasini o‘qiganimizda, shu asar asosida sahnalashtirilgan badiiy filmni tomosha qilganimizda har safar film qahramonining  topqirligi, zukkoligi, sho‘x-shaddodligini ko‘rib zavqlanamiz. Garchi yolg‘onchiligi, shumliklari odob-axloq qoidalariga zid bo‘lsa-da, asar davomida unga xayrixoh bo‘lamiz. Sababi, asarda shum bola o‘zidan-da shumroq hayot bilan yuzma-yuz keladi, ta’bir joiz bo‘lsa, bellashuvga kirishadi.

Jahon adabiyotida “Shum bola”ning oshnalari – o‘z uyiga sig‘masdan aqlini ko‘chada tanigan, hayot sinovlarida toblangan bolalar haqidagi asarlar talaygina. Quyida ularning ayrimlari haqida ma’lumot berishni niyat qildik.

 

Jeyms Grinvudning “Mitti juldurvoqi” asari – XIX asr ikkinchi yarmida yashagan londonliklar hayotiga oid ta’sirli qissa. O‘gay onaning adoqsiz janjalu malomatlari, kaltaklaridan bezgan sakkiz yashar Jim uydan qochib ketishga va sayoqlik ko‘chasiga kirishga majbur bo‘ladi. O‘ziga qismatdosh bolalar bilan kechasi duch kelgan joyda tunab, kunduz kunlari bozorda kun ko‘rib, bezorilik bilan shug‘ullanib yuradi. Faqat butunlay yo‘qolmagan tartib va adolat tuyg‘usi uni jinoyatchiga aylanishdan saqlab qoladi.

 

Luiza Mey Olkottning “Kichik erkaklar” asari – yozuvchining ushbu turkumdagi uchinchi kitobi (birinchisi – “Kichkina xonimlar”). Jo va eri boshqa maktablar qabul qilishni rad etgan bolalar uchun maxsus maktab ochishadi. Ularning tarbiyalanuvchilari orasida ko‘cha musiqachisi Nat ham bor edi. Kunlardan bir kun maktabda Natning o‘rtog‘i – bezori Den paydo bo‘ladi. Qissada  didaktik ruh kuchli bo‘lib,  bolalarning xarakterlari yaxshi ifodalangan.

 

Frensis Bret Hartning “Dashtda topilgan bola” asari. O‘n bir yoshli Klarens begona oilada o‘sib-ulg‘ayadi va o‘z ota-onasi haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaydi. Haqiqatni bilgach, mustaqil ravishda o‘z yaqinlarini izlab topishga urinadi. U butun mamlakat bo‘ylab mashaqqatli va qaltis yo‘lga chiqadi, tabiiyki, safar davomida kutilmagan voqealarga duch keladi.

 

Aleks Veddingning “Temir buqacha” asari. O‘n bir yoshli qishloq bolasi Te Nyu – Temir buqacha Pekin shahriga keladi va tajribasizligi tufayli ilk kundanoq firibgarlardan pand yeydi. Ancha payt bezorilik bilan kun kechirgan bolakay tayinli boshpanaga ega bo‘lgach, hayotida yangi davr boshlanadi.

 

Redyard Kiplingning “Kim” asari qahramoni – irland askarining o‘g‘li, Lohur ko‘chalarida o‘sgan “butun dunyoning oshnasi”, o‘z ustamonligi bilan mashhur kichkina hind daydisi, afg‘on otsotarining hamrohi, Tibet lamasining shogirdi yoki Qirolicha xizmati xufiyasi qiyofasiga kira oladigan bolakay. Bu kitob Kiplingning keng qamrovli eng yaxshi asarlaridan sanaladi.

 

Mark Tvenning “Geklberri Finn sarguzashtlari” kitobini katta yoshda o‘qish yanada foydaliroq: malakali o‘quvchining ko‘z o‘ngida sarguzasht-fabula ortga chekinib, nega bu asarni “Amerika buyuk romani” deyishlari sababi oydinlashadi. Asar dunyo kino ustalari tomonidan ko‘p marta ekranlashtirilgan.

 

Jorjetta Gegen-Dreyfyusning “Kichkina Jak” asari – Parij yaqinida tug‘ilib o‘sgan bolakay haqidagi qissa. Uning otasi ishsiz qolib, katta oilasini boqishga qiynaladi. Natijada Jak Parijga qochib ketadi. U bu shaharda ko‘plab sarguzashtlarni boshidan o‘tkazib, uyiga qaytadi.

 

Viktor Hyugoning “Gavrosh”i parijlik sho‘x-shaddod, beg‘ubor va jasur bolakay haqidagi, “Xo‘rlanganlar” romani parchalari asosida bolalar uchun tayyorlangan asar. Qo‘rqmas va to‘polonchi Gavrosh voqealar rivoji so‘ngida barrikadada halok bo‘ladi.

 

 

Sanjar Javlon tayyorladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.