Kitob mutolaasi haqida

0
53
marta ko‘rilgan.

Har birimiz, qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, imkon va sharoitimizdan kelib chiqib, kitob bilan muayyan darajada muloqotda bo‘lamiz. O‘lchovli hayotimizning ma’lum bir qismini shunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob o‘qish, uning ta’sir va oqibatlari, umuman, nega kitob o‘qiymiz, shular haqida barchamiz ham chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.

O‘tgan yigirmanchi asrning mashhur yozuvchilaridan biri, adabiyot sohasidagi xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (1877–1962) o‘zining “Cho‘l bo‘risi”, “Demian”, “G‘ildiraklar ostida”, “Marjonlar o‘yini” va boshqa ko‘plab asarlari bilan nom qozongan. Hesse o‘z ijo­dining ilk davrida kitob targ‘iboti va savdosi bilan ham shug‘ullangan. Aynan mana shu narsa uning xilma-xil adabiy janrlarda yaratilgan asarlarni tushuna olishiga sabab bo‘lgandir, ehtimol. Adibning kitob mutolaasi borasidagi ajoyib fikr va mulohazalari  o‘quvchila­rimizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

o‘pchilik, afsuski, kitob o‘qishni bilmaydi va ko‘p kishilar nima uchun o‘qiyotganini tuzukroq tushunib ham yetmaydilar. Ba’zilar buni o‘qimishli bo‘lishning qiyin, biroq yagona yo‘li, deb biladi. Ularning fikricha, har qanday kitob kishini “o‘qimishli” qila oladi. Boshqa birovlar uchun esa o‘qish – bu, dam olish, shunchaki vaqtni o‘tkazish va ularga nimani (maqola, roman, she’r, xabar va hokazo) o‘qish baribir, zerikarli bo‘lmasa bas. Shunchaki dam olish, vaqt o‘tkazishni istagan va “o‘qimishli” bo‘lish haqidagina qayg‘uradigan o‘quvchi kitobdagi dilni poklovchi, kishini ruhlantiruvchi qandaydir noma’lum bir kuchni sezadi. Biroq bu kuchni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitob­xon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bo‘lgan bemorga o‘xshaydi, ya’ni aynan qaysi dori kerakligini anglamasdan, har bir qutichadagidan tatib ko‘ra boshlaydi. Aslida, mutolaa borasida ham har bir kishi o‘zi uchun zarur bo‘lgan, yangi kuch hamda ruhiy ta’sir baxsh eta oladigan kitoblarnigina topa bilishi maqbul emasmikin?

Biz, mualliflarga odamlarning ko‘p mutolaa qilishlari, albatta, yoqimli va aynan ijodkor tomonidan, haddan ziyod ko‘p o‘qishadi, deyilishi noo‘rindir. Chunki mingta loqayd o‘quvchidan o‘nta yaxshi kitobxon afzal. Shu bois, bemalol ta’kidlashim mumkinki, hamma joyda haddan tashqari ko‘p mutolaa qilishadi va bu adabiyot uchun obro‘ emas, balki ziyon keltiradi, xolos. Kitob mustaqil bo‘lmagan kishilarni yana ham ma’naviy zaiflashtirish uchun yozilmaydi, bundan tashqari, undan ba’zan noqobil odamlarga arzon-garov manzara hamda osongina o‘zgartirilgan hayotni ko‘rsatish uchun ham foydalanishadi. Kitoblar insonni hayotga yo‘llagandagina, unga xizmat qilgandagina foydalidir. Agar kitob o‘quvchiga oz bo‘lsa-da, kuch-g‘ayrat, shijoat, ma’naviy poklik baxsh etmasa, mutolaa uchun sarf etilgan har bir soat behuda va besamar bo‘lib qolaveradi.

Shunchaki mutolaa – bu diqqatni to‘plashga majbur etuvchi mashg‘ulot va ovunish uchungina o‘qish – o‘z-o‘zini aldashdir. Loqayd kishilar uchun, umuman, biror narsadan ovunishning hojati yo‘q. Aksincha, ular hamma joyda diqqat-e’tiborli bo‘lishlari, qayerda nima ish bilan mashg‘ul bo‘lishmasin, nima haqda fikr yuritishlaridan qat’i nazar, o‘zlarini butun vujudlari bilan voqealar girdobida his etmoqlari zarur.

Hayot qisqa, uning poyonida hech kimdan o‘qilgan kitoblar soni so‘ralmaydi. Biror foydasi bo‘lmasa, o‘qishga vaqt sarflash aqllilik belgisi emas, aksincha, koni ziyon emasmikin? Men bu o‘rinda faqat yomon kitoblarni emas, avvalambor “sifatli mutolaa”ni nazarda tutayapman. Hayotda bosgan har bir qada­ming kabi o‘qishdan ham biron natija kutiladi. Mutolaadan yangi kuch-g‘ayrat olmoq uchun avvaliga kuch sarf etmoq, o‘zingni yanada yaxshiroq tushunmoq uchun oldin o‘zingni “yo‘qotmoq” kerak bo‘ladi.

Agar har bir o‘qilgan kitob quvonch va alam, shijoat hamda ruhiy tazarru olib kelmasa, jahon adabiyoti tarixini bilishdan ma’no yo‘q. Fikr-mulohaza qilmasdan o‘qish – xushmanzara tabiat qo‘ynida ko‘zni bog‘lab yurmoq demakdir. Biz o‘zimizni va turmushimizni unutish uchun emas, balki hayot jilovini yanada ongliroq ravishda anglash uchun o‘qishimiz kerak. Kitobga dimog‘dor o‘qituvchiga qaragan qo‘rqoq o‘quvchi singari emas, balki eng baland cho‘qqini zabt etmoqqa shaylangan shiddatkor alpinist kabi yondashmoq talab etiladi.

Ruhiyatimizning tabiiy, tug‘ma ehtiyoji – tur, xil, namunalarni aniqlab olish va ular asosida butun insoniyatni tur-turga ajratib chi­qishni taqozo etadi. Teofrast1 “Xarakterlar”idan tortib, to ajdodlarimiz va ota-bobolarimizning to‘rt mizoj (inson tabiatiga xos xususiyat­­lar)i va eng zamonaviy psixologiyaga qadar, mana shu ehtiyoj turlangan tartibda muntazam namoyon bo‘lib, sezilib turadi. Qolaversa, har qanday kishi ham o‘z tevarak-atrofidagi odamlarni yoshligida o‘zi uchun muhim bo‘lgan xarakterlar bilan o‘zaro o‘xshashligiga qarab, ko‘pincha g‘ayrishuuriy bir tarzda guruhlarga bo‘lib chiqishi tabiiy. Bunday bo‘linishlar, qanchalik jozibali va yoqimli bo‘lmasin, sof shaxsiy tajribaga yoki qandaydir ilmiy tipologiyaga asoslanishidan qat’i nazar, har qanday odamda ham har qaysi turga xos bo‘lgan xususiyat, belgilar va o‘ta qarama-qarshi xarakterlar hamda mizojlar, bir-biri bilan o‘zaro almashinib turadigan holatlar yanglig‘, har bir alohida shaxsda uchrashi mumkinligini ta’kidlab, tajribaning yangi kesimini belgilab olish ba’zan o‘rinli va samarali bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, men quyida kitobxonlarning uch turi yoki boshqacha qilib aytganda, uch darajasi xususida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Albatta, bu bilan kamina kitobxonlarning butun dunyosi uzil-kesil mana shu uch toifaga, ya’ni bunisi – bu toifaga, unisi – u toifaga bo‘linadi, demoqchi emasman. Zero, har birimiz o‘z shaxsiy hayotimizning turli davrlarida goh u, goh bu guruhlarga mansub bo‘lishimizga to‘g‘ri kelishini ham unutmasligimiz lozim.

Shunga ko‘ra, eng avvalo, sodda kitobxonni olib ko‘raylik. Har birimiz ham damba-dam ana shunday o‘quvchi qiyofasida namoyon bo‘lib turamiz. Bunday kitobxon, hindular haqidagi kitobchani o‘qiyotgan bolakay yo graf ayol hayoti to‘g‘risida hikoya qiluvchi romanni mutolaa qilayotgan oqsoch xotin yoki Shopengauerni o‘rganishga kirishgan talaba bo‘la­dimi, ovqatni paqqos tushiradigan sertomoq xo‘randa singari, kitobni “yutib yuboradi”. Bunday o‘quvchi­ning kitobga bo‘lgan munosabatini bir shaxsning ikkinchi shaxsga nisbatan munosabatidek, deb bo‘lmaydi, balki aksincha, ot suliga yo hattoki ot izvoshchiga qanday munosabatda bo‘ladigan bo‘lsa, xuddi shunday deyish mumkin: kitob yetaklaydi, kitobxon esa unga ergashadi. Kitob syujet (asosiy mazmun)i xolisona, beg‘araz voqelik sifatida idrok qilinadi. Syujetning o‘zi bo‘lsa koshkiydi! Badiiy adabiyotning tuppa-tuzuk bilimga ega bo‘lgan va hatto shunday bir ashaddiy o‘quv­chilari ham borki, ular butkul sodda kitobxonlar  sinfiga  mansubdirlar. Garchi ular syujetning o‘zi  bilangina kifoyalanib qolmasalar-da, romanga unda qancha aza yoki qancha to‘y tasvir etilganiga qarab baho bermaydilar, shu bilan birga, muallifning o‘zinigina idrok etib, kitobning estetik mohiyatini xolisona qabul  qiladilar. Ular asar muallifi­ning barcha zavq-shavq, quvonchiga va ilhomiga sherik bo‘ladilar, uning dunyoqarashiga butkul qo‘shilib, muallifnnig tasavvur mahsuli bo‘l­mish turlicha ma’no berish holatla­rini hech bir e’tirozsiz qabul qiladilar. Oddiy odamlarni asar syujeti, undagi vaziyat, voqea va harakatlar qiziqtirsa, bunday o‘tkir aql sohiblari uchun muallif mahorati, tili, bilimi, ma’naviy saviyasi muhim; ular bu­ning barchasini qandaydir xolisona voqelik sifatida, adabiyotning so‘nggi va eng yuksak boyligi sifatida – Karl May2 muxlisi bo‘lmish navqiron o‘quvchi uning “Eski paypoq” asaridagi voqealarni mavjud voqelik sifatida qanday idrok etadigan bo‘lsa, xuddi shunday qabul qiladilar.

Bunday sodda kitobxon mutolaaga bo‘lgan  munosabatiga ko‘ra, umuman shaxs hisoblanmaydi, balki o‘zi bilan o‘zi andarmon o‘quvchi, xolos. U romandagi voqealarni yo ularning keskinligiga, xavf-xatarga to‘la sarguzashtlar, ishqiy lavhalarga boyligiga, tasvirning dabdabali yoki ojizligiga qarab baholaydi yoki buning o‘rniga, muallifning o‘zigagina baho berib qo‘ya qoladi, ya’ni uning muvaffaqiyatlarini shunday andaza bilan o‘lchaydiki, bu me’yor har doim pirovardida  odatga aylanadi. Bunday o‘quvchi kitob umuman, his qilib, tushunib o‘qish va mazmuni yoki shakliga munosib baho berish uchungina yaratilgan deb o‘ylaydi, bunga shak-shubha qilmaydi. Ya’ni kitob – non yoki ko‘rpa-to‘shakka o‘xshagan narsa, deb hisoblaydi.

Biroq dunyodagi mavjud barcha narsalarga nisbatan bo‘lganidek, kitobga ham o‘zgacha munosabatda bo‘lish mumkin. Inson tarbiyasiga emas, o‘z tabiatiga amal qildi deguncha, bolaga aylanadi va buyum, ashyolarni o‘ynay boshlaydi; shunda non yerosti yo‘li qazilgan toqqa, ko‘rpa-to‘shak esa g‘orga, qor bosgan bog‘ yoki dalaga aylanadi. Ana shunday bolalarga xos soddalikdan va mana shu o‘yinchi dahodan ikkinchi turdagi kitobxonga nimadir “yuqadi”. Bunday o‘quv­chi asar mazmuni yoki shaklini qanchalik qadrlasa, uning haqiqiy, yanada muhimroq qadr-qimmatini ham shunchalik yuqori baholaydi. Bu kitobxon bolalarga o‘xshab, har bir narsaning ehtimol o‘n yoki yuz mazmun-mohiyati, ahamiyati va qadr-qimmati borligini yaxshi biladi. Mazkur o‘quvchi, masalan, yozuvchi yoki faylasufning voqea-hodisa hamda narsalarga nisbatan o‘z bahosini o‘z-o‘ziga yoxud kitobxonga majburan qabul qildirishga urinayotganini kuzata borib, jilmayib qo‘yishi, muallifning erkinligi va asossizligi bo‘lib ko‘rinayotgan narsa aslida sustkashligu majburlashdan boshqa narsa emasligini payqab olishi mumkin. Bu kitobxon professor-adabiyotshunoslar va munaqqidlariga ko‘pincha butunlay noma’lumligicha qoladigan jihatni: mazmun va shaklning erkin tanlovi degan tuturiqsiz gapning mutlaqo mavjud emasligini ham yaxshi biladi. Ya’ni adabiyot tarixchisi, Shiller falon yili falon syujetni tanlab olib, uni besh turoqli yamb (vazn) orqali ifodalashga ahd qilgan, deydi. Kitob­xon esa na syujet, na yamb shoirning erkin tanloviga sabab bo‘lmaganini,  unga rohat bag‘ishlagan  yagona narsa – shoir syujetni nima qilishi emas, balki syujet shoir bilan nimalar qila olishi mumkinligiga guvoh bo‘lish istagi bo‘lganini yaxshi biladi.

Shu xildagi fikrga kelganda, estetik deb ata­ladigan qadriyatlar deyarli butunlay o‘z qimmatini yo‘qotadi va aynan har qanday xato, kamchilik va nomukammalliklar ulkan jozibadorlik kasb etishi mumkin. Chunki bunday kitobxon yozuvchi ketidan izvoshchiga ergashgan otga o‘xshab emas, balki o‘ljaning iziga tushgan ovchidek boradi va poetik erkinlik bo‘lib ko‘rinayotgan narsa tomon nogoh tashlangan nazar, shoirning sustligi va zo‘rakiligini payqagan nigoh, soz texnika hamda nafis so‘z san’atining barcha go‘zalliklaridan ham ko‘ra ko‘proq zavq-shavq, shodlikka noil bo‘lmog‘i mumkin.

Yana yo‘limizda davom etamiz va uchinchi – oxirgi  tipdagi kitobxonga duch kelamiz. Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlaymiz, hech kim, hech qaysi birimiz u yoki bu toifada muqim, abadiy qolib ketishga majbur emasmiz, zotan, har birimiz bugun ikkinchi, ertaga uchinchi, indin esa yana birinchi guruhga mansub bo‘lmog‘imiz ham mumkin. Shunday qilib, endi nihoyat, uchinchi – so‘nggi bosqich haqida so‘z yuritamiz.

Uchinchi turdagi kitobxon zohiran “yaxshi” deb nom olgan o‘quvchining butunlay teskarisidir. Bu kitobxon shu darajaga yetgan shaxski, u hech kimga o‘xshamaydi. U – o‘z mutolaa saltanatida mutlaq hokimdir. Kitobdan u na ma’rifat izlaydi, na vaqtichog‘lik. Kitobdan – bu yorug‘ olamda qolgan boshqa har qanday narsa kabi faqatgina boshlanish, yo‘nalish nuqtasi sifatida, istak, niyat, mayl sifatida foydalanadi. Unga aslida nima o‘qishning farqi yo‘q. U biror faylasufning asarini unga ishonib, ta’limotini o‘rga­nib olmoq yoki uni tanqid qilib, unga qarshi harakat qilmoq uchun o‘qimaydi, biron-bir shoirni dunyoning qanday yaralganini tushuntirib berishi uchun mutolaa qilmaydi. Yo‘q, u hamma narsani o‘zi tushunadi, o‘zi anglay oladi. U, ta’bir joiz bo‘lsa, komil inson. U hamma narsa bilan o‘ynasha oladi – muayyan bir nuqtayi nazar, qarash, fikr, tasavvurdan boshlab, hamma narsani o‘yinga aylantirishdan ham ko‘ra foyda­liroq va samaraliroq boshqa hech qanday narsaga hojat qolmaydi. Agar bunday o‘quvchi kitobdan biron-bir sentensiya, ya’ni hikmatli so‘z, dono gap, hikmat topib olgudek bo‘lsa, eng avvalo, topilmaning avra-astarini ag‘daradi. U azal-azaldan biladiki, har qanday haqiqatni inkor etish ham asl haqiqatdir. U ma’naviyat sohasidagi har qanday fikr, qarash, nuqtayi nazar qutb ekanligini va unga qarama-qarshi xuddi shunday zo‘r qutb ham mavjud ekanini azaldan yaxshi biladi. U yosh bolaga o‘xshab, assotsiativ3 tafakkurni yetarli darajada qadrlaydi, biroq u boshqa narsalarni ham biladi. Shunday qilib, mazkur kitobxon yoki to‘g‘rirog‘i, shu guruhga mansub bo‘lgan har birimiz ham duch kelgan narsani – roman, grammatika, yo‘l qatnovi jadvali, bosmaxona shrift(harf)lari namunalarini va boshqa har qanday narsani o‘qiyverishimiz mumkin. Fantaziyamiz va assotsiativ qobiliyatimiz munosib darajada bo‘lgan paytda ham biz baribir qog‘ozdagi bitiklarni o‘qimayotgan, lekin shu asnoda o‘qiganlarimizdan bizga yog‘ilib turgan nurafshon yog‘dular, istak, niyat va mayllar oqimida suzayotgan bo‘lamiz. Ular sahifalar, matnlar bag‘ridan, shu bilan birga, bosma harflar terilgan ustunchalardan ham paydo bo‘lishlari mumkin. Hattoki, gazetada bosilgan e’lon ham yangilik bo‘la oladi. Eng baxt-omadli, tantanavor fikr mutlaqo jonsiz bo‘lgan so‘z zamiridan kelib chiqsa ham ajab emas, negaki undagi harflarni, xuddi mozaikaga o‘xshab, dam bundoq, dam undoq aylantirib ko‘raverish ham mumkin. Bunday holatlarda hatto Qizil Shapkacha haqidagi ertakni qandaydir kosmogoniya4 yoki falsafa yoxud go‘zal ishqiy poeziya yanglig‘ mutolaa qilish mumkin bo‘ladi. Allaqan­day sigara qutisidagi “Colorado maduro” degan yozuvni shunchaki o‘qib, ushbu so‘zlar, harflar va tovushlar o‘yiniga berilib ketgach, ilm, xotira va tafakkurning yuzta saltanati bo‘ylab, yurakdagi orzuga aylangan olis sayohatga otlanmoq ham mumkin.

Biroq shu o‘rinda mutolaa ham shunaqa bo‘la­dimi? – deya meni yozg‘irishlari tabiiy. Xo‘sh, aytaylik, Gyoteni o‘qiyotib, Gyotening niyat, maqsad, o‘y va fikrlarini uqish, idrok etish va chuqur anglash o‘rniga o‘zini go‘yo qandaydir e’lonni yoki bo‘lmasam, tasodifiy terilgan harflar uyumini tomosha qilayotgandek tutadigan odamni umuman, kitobxon deb atab bo‘ladimi? Mutolaaning so‘nggi – uchinchi darajasi deb ataganimiz aslida kitobxonlikning eng past, eng bachkana, eng varvarlarcha turi emasmikin mabodo? Bunday o‘quvchidan Hyolderlin5 musiqasi, Lenau6 ehtirosi, Stendal irodasi, Sheks­pir teranligi qayoqqa ham qochib qutula olarkin? Nimayam derdim, yozg‘irgan kishi haq. Uchinchi toifadagi kitob­xon – mutlaqo kitobxon emas. Mazkur guruhda uzoq qolib ke­tadigan odam oxir-oqibat kitob o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardi. Bunga sabab shuki, uning uchun gilam rasmi yoki devor, to‘siq, g‘ovga terilgan toshlar a’lo va mukammal darajada tartib berilgan harflardan tuzilgan eng go‘zal sahifaning ham o‘rnini bemalol bosa oladi. Alifbo harflari bitilgan varaq uning uchun birdan-bir, yagona kitob bo‘lib qolishi ham mumkin edi.

Ha, shunday: mana shu oxirgi bosqichdagi kitobxon ortiq kitobxon emas. Unga Gyote bir pul, Sheks­pir ham chikora. Ana shu so‘nggi darajadagi kitobxon endi umuman kitob o‘qimaydi. Ha-da, kitob unga ne darkor? Axir, butun olam uning o‘zida mujassam emasmi?

Shunday qilib, mana shu uchinchi guruhda uzoq to‘xtab qolgan odam kim bo‘lmasin, ortiq kitob o‘qimay qo‘ygan bo‘lardi. Ammo unda hech kim uzoq turib qolmaydi. Shunday bo‘lsa ham, har holda, kimki mana shu uchinchi bosqich bilan tanish emas ekan – u yomon, xom, g‘o‘r, dumbul kitobxondir. Chunki u dunyoning butun poeziyasi va butun falsafasi uning o‘zida mujassam ekanligini bilmaydi, zero, eng buyuk shoir ham har birimizda mavjud bo‘lgan o‘sha pinho­niy sarchashmadan ulgi oladi, axir. Hayotingda aqalli bir martagina bo‘lsa ham, mayli, faqat bir kunga bo‘lsa ham, mana shu uchinchi – “mutolaasiz” bosqichda bo‘lgin – ana keyin (ortingga yengil qay­tib),  mavjud barcha bitiklarning ancha durust o‘quv­chisiga, tinglovchisiga va sharhlovchisiga aylanasan. Shu bosqichda hech bo‘lmasa, atigi bir martagina bo‘lib  ko‘rgin, shunda  sen  uchun  yo‘l bo‘yida yotgan tosh  ham Gyote yoki Tolstoy qadar ma’no kasb etadi, so‘ngra sen Gyote, Tolstoy va boshqa barcha yozuvchilardan beqiyos ulkan ma’no-mazmun, ilga­rigidan ham ko‘ra ko‘proq shira-sharbat va asal olasan, hayotga va o‘z-o‘zingga bo‘lgan ishonching yanada ortadi. Negaki, Gyote asarlari – bu  Gyote emas, Dostoevskiy jildlari – bu  Dostoevskiy emas, bu – ular­ning urinishlari, o‘zlari markazida turgan dunyoning ko‘povozliligi va ko‘pma’noliligini bosish, pasaytirish yo‘lidagi, hech qachon oxiriga yetib bo‘lmaydigan umidsiz, tushkun urinishlari, xolos.

Sayr qilib yurgan chog‘ingda, aqalli bir marta bo‘lsa-da, xayolingga kelgan o‘y-fikrlar zanjirini tutib qolishga urinib ko‘r. Yoki – bundan ham ko‘ra yengilroq tuyulgan – tunda ko‘rganing oddiygina tushni eslab qol! Tushingda senga kimdir avval tayoq o‘qtaldi, so‘ng esa orden tutqazdi. Xo‘sh, bu kim bo‘ldi ekan? Zo‘r berib eslashga harakat qilaverasan, u bir do‘stingga, bir otangga o‘xshash tuyuladi, lekin qandaydir begona, yot ekanligi bilinib turadi, ayol kishiga, singlingga, mahbubangga ham o‘xshab ketadi… U o‘qtalgan tayoq tutqichi esa nimasi bilandir sen o‘quvchilik davringda ilk bor sayohatga otlangan kemadagi shtokni7 eslatadi. Va shunda birdaniga yuz minglab xotiralar qalqib, yuzaga chiqadi. Agar sen ana shu jo‘ngina tushni eslab qolib, mazmunini qisqacha qilib, stenografiya yoki alohida so‘zlar bilan yozib qo‘ymoqchi bo‘lsang, bilasanmi, to o‘sha ordenga yetib borguningcha, butun boshli kitob bo‘ladi, bir emas, balki ikkita, ehtimol o‘nta bo‘lar. Gap bunda emas. Chunki tush – bu tuynuk, u orqali sen butun vujuding ichidagi bor narsani ko‘ra olasan, o‘sha bor narsa – butun dunyodan, sen tug‘ilgandan to hozirgi daqiqagacha, Homerdan Haynrih Manngacha, Yaponiyadan tortib, Gibraltargacha, Siriusdan to Yergacha, Qizil Shapkachadan to Bergsonga8  qadar bo‘lgan butun dunyodan na katta, na kichik bo‘lmagan bir olamdir. Va sen o‘z tushingni aytib, ta’birlab berishga harakat qilayotganing tushing o‘rab, qamrab olgan dunyoga daxldor bo‘lgani kabi, muallif asari ham u aytmoqchi bo‘lgan narsaga, fikrga, g‘oyaga taalluqlidir.

Gyote “Faust”ining ikkinchi qismi ustida olimlar va diletant (havaskor)lar deyarli yuz yildan beri bahslashib, tortishib keladilar, bu esa birtalay bama’ni va bema’ni, teran va tuturiqsiz izohlar, sharhlar, tushuntirishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Nima bo‘lgandayam,  shuni aytib o‘tish joizki, har qanday adabiy asar zamirida o‘sha sirli, sirt, yuza ostiga yashiringan, nomsiz ko‘pma’nolilik mujassam bo‘ladi, buni eng yangi psixologiya “ramzlarning o‘ta determinantlashuvi” deb ataydi. Usiz ham buni fikrning cheksiz, hadsiz-hudud­siz, bitmas-tuganmas mukammalligi uzra qisman bo‘lsa-da, payqab olmoq uchun, har qanday yozuv­chi yoki mutafakkirni torgina doirada uqib, idrok etasan, uning muayyan bir bo‘lagini yaxlit, bir butun o‘rnida qabul qilasan, sirt, yuzani sal-palgina qam­rab, ololmayotgan izoh, tushuntirishlarga batamom ishonasan.

Kitobxonning mutolaa bobidagi ana shu uch bosqich orasida goh u yon, goh bu yon ko‘chib yurishi mutlaqo tabiiy bo‘lib, bu har qanday kishi bilan har bir sohada  sodir bo‘lishi, minglab oraliq darajalardan iborat  bo‘lgan  ana  shu uch bosqichni arxitektura, rassomlik san’ati, zoologiya, tarix va boshqa istalgan sohada uchratish mumkin. Va mana shu uchinchi bosqich ham hammayoqda mavjud, unda sen hammadan ham ko‘ra ko‘proq o‘z-o‘zing bilan tenglashasan, biroq u har yerda sendagi o‘quvchini “yo‘qotish” uchun tahdid qiladi, adabiyotning, san’atning aynishi, dunyo tarixining buzilishi uchun xavf-xatar tug‘diradi. Ammo shunday bo‘lsa ham, hamonki sen mana shu bosqichni o‘tamas ekansan,  kitob o‘qishda, san’at va ilm o‘rganishda grammatika o‘qiyotgan oddiy maktab o‘quvchisidan hech qanday farqing qolmaydi.

 

Hermann  HeSSe,

olmon adibi,

Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori

 

Nemis tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.