Qahramonning qaytishi

0
28
marta ko‘rilgan.

Shu yilning 7-8 avgust kunlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur tadbirga jahonning qirqga yaqin davlatidan olim va tarjimonlar qatnashish istagini bildirgan. Ular orasida Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdavlat, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim, Ozarboyjon Yozuvchilar birligi raisi Anor, Panjob shtati Yozuvchilar assotsiatsiyasi raisi Dev Bxadvey (Hindiston), “Mastera literaturnogo perevoda” gildiyasi boshqaruv raisi Aleksandr Livergant (Rossiya), shuningdek, Veli Savash Yelok (Turkiya), Xendrik Boyoshoten (Belgiya), Radmila Mechanin (Serbiya), Xisao Komatsu (Yaponiya) kabi nufuzli ijodkorlar, o‘zbek adabiyoti tadqiqotchilari bor. Professor Karl Reyxl ham anjumanning faxriy mehmonlardan biri. Olimning “Qahramonning qaytishi: Alpomish, Arastu va epos” (“The Return of the Hero: Alpomish, Aristotle and the Oral Epic” nomli ilmiy maqolasini ayrim qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

 

O‘zbek xalq og‘zaki ijodining shoh asari – “Alpomish” dostoni ikki qismdan tashkil topgan bo‘lib, birinchi bo‘limida qahramonning Barchinga uylanish voqeasi ro‘y bersa, keyingi qismda bu juftlikning bir-biridan ayrilishi va ayriliqdan so‘ng qayta visolga yetishishi bayon qilinadi. Dastlabki bo‘lim “Kelinning g‘alabasi” deya nomlanuvchi keng tarqalgan motivga qurilgan bo‘lsa, dostonning ikkinchi qismi asosini folklorshunoslik tadqiqotlarida “Erning qaytishi” yoki “Qahramonning yurtga qaytishi” deya bilan ataladigan, Aarne-Tompson-Uterning Ertak syujet tiplari ko‘rsatkichida 974 raqami bilan qayd etilgan motiv tashkil etadi.

Viktor Jirmunskiy ilmiy izlanishlarida “Alpomish” va “Odisseya” dostonlari voqealarida o‘zaro yaqinlik borligiga alohida e’tibor qaratadi. Ayniqsa, bu o‘xshashlik “Erning qaytishi” qismidagi voqealarda, aniqroq aytganda, Alpomish bilan Barchinning uchrashib, bir-birlarini tanib qolish sahnasida yorqinroq ko‘rinadi. Yurtiga qaytgan qahramonlarni birinchi bo‘lib sodiq xizmatkorlari: Alpomishni cho‘pon Qultoy, Odisseyni esa enagasi Evrikleya bilib qoladi. Qultoy Alpomishni yelkasiga bosilgan Shohimardon pirning panjasi izidan, Evrikleya esa Odisseyni oyog‘idagi chandiqdan tanib oladi.

Yunonlarda bir insonni boshqa bir inson tanib qolishi anagnorisis deb ataladi. Arastu “Poetika”da anagnorisisni to‘rt turga ajratadi. Birinchisi – qahramonni badanidagi alohida belgilaridan tanib qolish. Alpomish bilan Odisseyning tanilish sahnasi shu turga kiradi. Ikkinchisi, “tanib qolish” muallifning o‘zi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda muallif qahramonning ismini aytib yoki qandaydir o‘yin orqali tanishtiradi. Uchinchi turda esa, qahramonning tanilishi uchun o‘tmish eslanadi yoki shu qahramonga xos biror belgiga ishora beriladi. Nihoyat, to‘rtinchi turda qahramon mantiqiy xulosalar evaziga tanib olinadi. Epik asarlarda anagnorisisning birinchi va uchinchi turlari ko‘p uchraydi. Arastu bu ikki tur uchun “Odisseya”dan misollar keltirib o‘tgan.

“Alpomish” dostonining ilk turkiy talqini “Kitobi Dada Qo‘rqut” qo‘shiqlarida uchraydi. O‘n ikkita alohida qo‘shiqni jamlagan “Kitobi Dada Qo‘rqut”ning yettinchi qo‘shig‘ida asir olingan va oradan vaqtlar o‘tib ozodlikka erishgan o‘g‘uz botirlari va bir o‘g‘lonning qahramonliklari kuylanadi. Asir tushgan baxtsiz qahramonlardan biri – Bamsi Beyrekdir. U o‘n olti yil tutqunlikda yashab, keyinchalik unga ko‘ngli tushib qolgan nasroniy hukmdor Shoklining qizi yordamida zindondan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Bamsi uyiga qaytarkan, yo‘lda unashtirib qo‘yilgan qaylig‘i – Chechak Bonuning to‘yiga ketayotgan jirov (baxshi) bilan tasodifan uchrashib qoladi. Voqeadan xabar topgan Bamsi otini uning udiga ayirboshlaydi. So‘ng jirov qiyofasiga kirib, to‘yga yetib kelgunga qadar yo‘lda bir guruh cho‘ponlar bilan, o‘zining opa-singillari bilan ham uchrashadi. Avvaliga ularning hech biri Beyrekni tanimaydi. Ammo juldur chakmoni bilan davraga tushgan “jirov” aslida kimligini Beyrekning opasi bilib qoladi. “Jirov” o‘zi chalgan ko‘yga kelinning raqsga tushishini so‘raydi. Shu chog‘ ikki qiz o‘zini kelinlikka solib, davraga kiradi, biroq Beyrek ularning hiylasiga aldanmaydi. Birozdan so‘ng “jirov” to‘y bazmida haqiqiy kelinni ko‘radi, ko‘radi-yu, uni bevafolikda ayblaydi. Shunda Chechak Bonu barmog‘idagi bir vaqtlar Beyrekning o‘zi taqqan uzukni ko‘rsatadi va izsiz yo‘qolgan sevgilisi uchun shu kunga qadar sadoqat bilan yashaganini aytadi. Bularni eshitib, Beyrek o‘zini oshkor qiladi. O‘g‘lining dardida yig‘layverib, ko‘r bo‘lib qolgan otasi “Qaniydi, omonlik bo‘lib, ko‘zimning nuri qaytsa, o‘g‘limning diydoriga to‘yib-to‘yib olsam”, deyayotganida mo‘jiza ro‘y berib ko‘zi ko‘ra boshlaydi.

Bundan ko‘rinadiki, Bamsi Beyrek – Alpomish hikoyasi. Ammo Bamsi Beyrekning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda anagnorisis birdan emas, aksincha, asta-sekinlikda sodir bo‘ladi. Qahramon va uning suyukli yori yoki Chechak Bonuga uylanmoqchi bo‘lgan yigitning onasi o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan aytishuvlar, to‘y qo‘shiqlarida hazil-mutoyibaga moyillik bor. Bu xususiyat o‘zbek, umuman, Markaziy Osiyodagi boshqa xalqlarning epik asarlarida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, anagnorisis sahnalariga o‘ziga xos bo‘yoq, o‘ziga xos nozik ifodani baxsh etadi. O‘zbek xalq dostonlaridan xushchaqchaq, hajviy ohanglar ufurib tursa, o‘zga xalqlarning dostonlarida behad hassoslik va qandaydir jangovar kayfiyat ustunlik qiladi. Quyida epik adabiyotda ana shunday motivlar asosiga qurilgan ayrim namunalardan misol keltirmoqchiman.

Rus xalqining “Dobrinya va Alyosha” bilinasida (qo‘shiq-ertak, bizdagi dostonga yaqin – tarj.) voqealar Dobrinyaning uydan chiqib keta turib, xotini Nastasyaga agar u olti yil ichida qaytmasa, boshqa er qilishi mumkinligini aytishi sahnasi bilan boshlanadi. Nastasya esa o‘n ikki yil erini kutadi. Axiyri ering olti yil oldin halok bo‘lgan, deya xabar yetkazgan Alyoshaga tegishga rozilik bildiradi. E’tiborli jihati, bu yerda Alyosha “Bamsi Beyrek”dagi xoin Yaltachuk bilan bir xil o‘rinda kelayapti. To‘y arafasida Dobrinya Konstantinopolga borib qoladi va unga xotini Nastasyaning erga tegayotganini aytishadi. Qattiq ta’sirlangan Dobrinya uyiga shamol tezligida uchib boradi, biroq onasi o‘z o‘g‘lini tanimaydi. Shunda Dobrinya undan bir vaqtlar bedarak ketgan o‘g‘lining yaltiroq libosi va cholg‘usini so‘rab olib, podshoh Vladimir saroyida bo‘layotgan to‘yga boradi. Nastasya Alyoshaga nikohlanishiga oz fursat qolganida, Dobrinya o‘z xotinining ro‘parasiga kelib o‘tiradi. Unga o‘z uzugi solingan bir qadah uzatadi. Nastasya uzukni ko‘rib, erini tanib qoladi. Bu o‘rinda “tanib qolish” motivida uzukdan foydalanilishi asarning o‘ziga xosligini ta’minlaydi.

“Marko Kralevich va kosturlik Mina” nomli serb eposida bosh qahramon Marko turk hukmdori Sulton Boyazidga qarshi kurashish uchun saroyini tark etadi. Kosturlik Mina Markoning onasini o‘ldirib, xotini Yelani o‘g‘irlaganidan xabar topadi va rohib qiyofasida Minaning oldiga boradi. To‘y ustidan chiqqan “rohib” masxaraboz tomoshasini ijro etib beradi. Namoyishdan ko‘ngli to‘lgan Mina “rohib”ga haq to‘lash uchun “rafiqa”sidan Markoning xazinasidan tanga olib chiqishini so‘raydi. Yela Markoning xazinasidan tanga bilan birga uning zang bosgan shamshirini ham olib chiqib, “rohib”ga uzatadi. Hali maqsadiga yetmagan Marko Minadan endi zohidlar raqsini ko‘rsatishga ijozat so‘raydi. Havoda shamshirini muallaq silkitib raqs boshlagan “rohib” kutilmaganda Minaning boshini tanasidan judo qiladi.

Dunyo xalqlari eposida bosh qahramonning o‘zga qiyofaga kirib, o‘z shaxsiyatini yashirishga urinishi ulardagi syujetning o‘ziga xos qirrasidir. XII–XV asr ingliz, nemis, italyan, ispan va fransuz xalqlari og‘zaki ijodida ham shunday motiv asosiga qurilgan bir qancha asarlarni uchratish mumkin. Biroq men hozir ularni eslay turib, qanday qilib boshqa-boshqa xalqlarning turli dostonlari bir xil motiv asosiga qurilganini va, umuman, buning kelib chiqish sabablari, xalq og‘zaki ijodining an’analari xususida fikr bildirmoqchiman. Motiv aynan kimgadir tegishli bo‘lmagan holda makoni va millatidan qat’i nazar mustaqil shakllanib boraveradi (poligenezis). Ammo muayyan motiv asosida individual uslubda syujet yaratilishi ham mumkin. Individual uslubda motiv voqealar rivojida o‘ziga xos qolip vazifasini bajaradi. Bu qolipning “Falon qahramon asirlikka tushib qolibdi”, “Falon qahramonning xotini boshqa erga tegishidan avval yorini juda uzoq yillar kutibdi” yoki “Qahramonni badanidagi falon belgisidan tanib qolishibdi” kabi shakllari qahramon ko‘rgan-kechirgan sarguzashtlarning darajasiga qarab qo‘llanilaveradi.

Agar “Odisseya” dostonidagi o‘sha motiv voqealari shu yo‘sinda yaratilgan o‘zga xalqlar og‘zaki adabiyoti namunalaridagi motivlarga tub manba sifatida xizmat qilgan bo‘lsa, u holda biz Homerga xos mazmundagi motivlar bir tarafdan Adriatik dengizining sharqiy qirg‘oqlari orqali albanlarga, boshqa bir tomondan Amudaryo orqali turkiylarga yetib borib, uzun bir zanjir hosil etgan, deyishimiz mumkin.

Ushbu xulosani aqlga sig‘mas mulohaza, deya inkor etish uchun birorta to‘siq ko‘rinmaydi. “Odisseya”ning “Erning qaytishi” qismidagi o‘ziga xos motiv ham bu fikrni asoslab turibdi. Garchi qahramonlarning turli sarguzashtlarni boshdan kechirib uyga qaytishi Sharq va G‘arb xalqlarining og‘zaki adabiyotiga ko‘chgan bo‘lsa-da, aynan “Odisseya”dagi voqealar ularning ming yillik ildizga ega turmush tarziga hech qachon muvofiq kelmaydi. Shubhasiz, bunday hollarda adabiyot millatning o‘ziga xos tabiatiga yuzlanadi. Jumladan, turk, alban, rus va serb xalq dostonlaridagi “Erning qaytishi” motividagi sahnalarga ushbu millatlarning hayotiy tajribalarida ro‘y bergan voqealar asos qilib olingan.

Endi turli xalqlarga tegishli ikki asarning qay biri boshqasi uchun asos motiv sifatida xizmat qilgani va xalq dostonlarining o‘ziga xos an’analarida motivning shakllanish xususiyatlari haqida so‘z yuritsak.

“Alpomish” dostoni to‘g‘risida, u shu mazmundagi barcha asarlarning tub manbasi, degan fikrni bildira olmaymiz. Zero, bu doston yunon eposi uchun asos bo‘la olmaydi. Avval aytib o‘tganimizdek, “Alpomish” dostonining turkiy tildagi ilk talqinini “Kitobi Dada Qo‘rqut” asarida ko‘rish mumkin. Biroq “Kitobi Dada Qo‘rqut”da homercha unsurlar: qahramonni chandiq va xol yoki uning oti orqali tanib qolish, kamon voqeasi, sodiq xizmatkorlar va boshqalar kuzatilmaydi.

“Alpomish” dostonining “Erning qaytishi” qismidagi to‘y sahnasidagi kuy-qo‘shiqlar o‘zbek to‘ylarining o‘yin-kulgu bilan o‘tishini ko‘rsatib turadi. Ayol tilidan kuylangan bunday qo‘shiqlar o‘zbek xalq eposida katta o‘rin tutgan. Bular faqatgina Alpomish va Barchinning o‘rtasida kechgan o‘zaro aytishuvlarda emas, balki o‘zganing xotinini o‘z o‘g‘liga tegishga zo‘rlik bilan majbur qilgan shafqatsiz ayol – tili chuchuk kampir bilan dialoglarda ham uchraydi. Bu kampirning chuldirab gapirishi hamda unga hazil bilan javob qaytargan qahramonning qo‘shiqlari dostonning intihosiga nafaqat jo‘shqin kayfiyat olib kiradi, balki o‘quvchini baxtli yakunga tayyorlab boradi.

So‘nggi xulosa: “Alpomish” dostonining baxshilar og‘zidan yozib olingan o‘ttizdan ortiq varianti bor (so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, qirqqa yaqin varianti bor – muh.). Ularning syujeti o‘xshash bo‘lsa-da, juda katta farqli tomonlari ko‘p. Jumladan, “Erning qaytishi” motivining badiiy ifodasida ham. Vladimir Proppning izlanishlaridan kelib chiqib aytilsa, “Dobrinya va Alyosha” bilinasining qariyb bir yuz oltmishda varianti bor. “Erning qaytishi” motivi bolqon xalqlarida  serb va alban qahramonlik qo‘shiqlaridagi namunalaridan ko‘ra ancha keng tarqalgan. Guvohi bo‘lganingizdek, xalq dostonlariga asos bo‘lgan motiv va syujetlarning qiyosiy tahlili bu durdonalarni tushunishimizda dengizdan bir tomchi bo‘lib qolaveradi. Zotan, ushbu tadqiqotda tomchi tabiati mavjudligiga qaramay, men xalq og‘zaki adabiyotidagi namunalarni bir-biri bilan taqqoslash orqali, o‘ziga xos va ayni paytda g‘ayrioddiy jihatlari hamda bu asarlarning tag-tomiriga singib ketgan milliy an’analarni ochib bera oldim, deb umid qilaman.

 

Karl Reyxl

Bonn universiteti professori (Germaniya). Reyn-Vestfaliya akademiyasi a’zosi, Nukus universitetining faxriy professori. Turkiy xalqlar eposi tadqiqotchisi sifatida tanilgan. Xususan, “Alpomish” dostoni haqida bir necha maqolalar e’lon qilgan.

 

Ingliz tilidan

Gulhayo Mahamadaliyeva tarjimasi. 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.