14 daqiqada öqiladi

692 marta körilgan

SMS. Hangoma

SMS. Hangoma

Körmaganning körgani qursin.

Bahor kunlarining biri edi. Xolmat tusning tönğiçi otasiga sönggi rusumdagi mobil telefon sovğa qildi. Otaning köngli toğdek kötarildi. Farzandini umringga umr, topganingga baraka bersin, deb içida duo qildi. Suyunganini yaşirdi. Sirtiga çiqarmadi.

– Özimning eskim ham bölaverardi, – dedi u, – bekorga xarj qilibsan-da!

– Hozir hamma şunisidan tutayapti, – dedi öğli otasining raʼyini anglamay.

Zamonning zayliga qarang! Ikki-uç yil avval hammani hayratga solgan matah bugun heç kimga zaril emas. Ikkovining örtasida yer bilan osmonça farq bor. Pul uçun odamlar nimalarni öylab topişmaydi-ya! E-e, qoyil! Manovisi ekranidan boşqarilarkan. Erta-indin aytar gapingni tuşunadigani ham işlab çiqilsa, ajabmas. Xolmat tus yonğoq yaproğidek keladigan telefonni birinçi marta qöliga olganda şunday öyladi.

U haftaning nari-berisida yangi telefondan qönğiroq qiliş, javob beriş va SMS yozişni örganib oldi. Öğlidan qayta-qayta sörab, musiqa tinglaşni-da bildi. Ayniqsa, telefon xotirasi lol qoldirdi. Şapaloqday qutiga bir sandiq kassetada jam bölgan aşula siğganini körib, öziga işonmadi. Zamonaviy telefon televizor aytganiday yomon emas ekan. Uni öylab topgan odamga qoyil qoliş kerak!

Çöponlar otarini toqqa haydagan kuni Xolmat tus saharmardonlab boğiga keldi. Römolçaga öralgan telefonini çöntagidan çiqarib, angor örtasidagi daraxt şoxiga ildi. Aşula qöydi. Dilga yoqar musiqa yangradi.

Erta turgan bir kun yutadi, deydi. Haq gap. Tong yorişib, toğ ortidan quyoşning yuzi köringunça, Xolmat tus töqqiz bolorli xonaning örniça keladigan yerni ağdarib ulgurdi. Hali nami qurimagan tuproq hidi odamning dimoğiga xuş yoqardi. Dunyoda bir-biridan muattar hid köp. Ammo tuproqning isi bölakça. Odamning ğayratiga ğayrat qöşadi. Balki inson tuproqdan yaralgani uçun şundaydir. Telefondan taralayotgan aşulani qöşilib aytaverganidan, hadeganda ketmon dastasini qah-tuf deb uşlayverganidan Xolmat tusning oğzi quruqşadi. Tomoğini höllab oliş uçun qayrağoç ostidagi supa yoniga bordi. Öçoq boşidagi oftobadan piyolaga suv quyib, sipqorib içdi. Çanqoği bosilmadi, şekilli, piyolaga yana suv quydi. Bu safar içişga ulgurmadi. Azondan beri çakagi yopilmagan telefon birdan jimib, qisqa-qisqa tovuş eşitildi: tiring-tiring.

Piyoladagi suvni yerga sepib, peşonasidagi terni qöli bilan sidirib-sidirib, Xolmat tus telefon turgan yerga yugurib keldi. Olisroqdan  kuzatgan odam u çopganda tustovuqday lapanglaşini sezadi. “Gugurtga ketib” filmidagi Ixalaynenning xuddi özi. Balki Xolmat ismiga qöşilib qolgan “Tus” laqabi ham şundan.

Daraxt oldiga kelgaç, u şoxga ilingan telefonni uşlaş-uşlamaslikni bilmay ikkilandi. Kaftlariga boqdi. Ular qop-qora, kir-çir. Kaftlarini bir-biriga urib-urib çangini qoqdi. Yana qöllarini oldinga çözib, kaftlariga qaradi. Baribir köngli tölmay, kaftini qorniga işqab-işqab, qaytadan tozalagan böldi. Bu orada telefon yana jiringladi: tiring-tiring.

U telefonni avaylab qöliga oldi. Ekranda heç qanday raqam-paqam körinmaydi. Yo, tavba, dedi öziga. Apparatning ikki-uçta tugmasini öziça bosib kördi. Uni ikki-uç marta öçirib yoqdi. Foydasi bölmadi. Şu payt tugun kötargan ayoli keldi. Erining avzoyi norasoligini körib, indamay supaga dasturxon yozdi. Olib kelganlarini qöydi. Termosdagi çoyni çoynakka ağdarib, eriga qaradi. Xolmat tus telefondan boşini kötaray demaydi. Xotini ovoz berdi: hov, otasi, çoyga keling! Eri telefondan közini uzmay, oyoği ostidagi kesaklarga qoqilib-qoqilib keldi. Qölini yuvmay dasturxon yoniga çökdi.

– Ha, tinçlikmi? – dedi ayoli qovoğidan qor yoğay deb turgan eriga. – Söfi azon aytmay timrayib olibsiz?

Ayol sönggi gapini kesatibroq aytdi.

– Manovi baççağar halidan beri tiring-tiring qiladi, – dedi Xolmat Tus ikki közini telefondan uzmay. – Na nomer körinadi, na boşqa belgi!

– Şunga ota göri qozixonami? – dedi xotini endi ança dadillanib. – Men biror yerga öt ketdimi, deb öylabman. Oling, çoyingizni içing, sovib qoldi.

Nonuştadan söng Xolmat tusning qöli işga bormadi. Köngliga qil siğmadi. Boğning u boşidan bu boşiga borib, kunni keç qildi. Quyoş botay-botay deb turgan mahal yöldan ötib ketayotgan Rözi anjomning öğliga közi tuşdi.

– Hov bola, menga qara! – dedi u. – Oting nimaydi? Rözining öğlimisan?

– Menman bova, – dedi möylovi sabza urgan yigitça salom berib. – Çoriman.

U supaga kelib ötirdi.

– Manoviga tuşunasanmi, bolam? – deb Xolmat tus qölidagi telefonni körsatdi.

– Nima qildi? – dedi yigit hayron bölib. – Oqligini aytmasa xuddi menikini özi.

– Peşindan beri tiring-tiring qiladi, – dedi Xolmat tus xörsinib. – Endi öziyam, ovoziyam öçdi.

Rözi anjomning öğli telefonni qöliga olib, yoqib öçirdi.

– Bova, blokka tuşib qopti-ku, – dedi u apparatga imo qilib. – Ustasiga körsatiş kerak!

Xolmat tus uning gapini maʼnisiga bormadi. Yigit çolning ahvolini fahmlab, im notöğri kiritilgani bois blokka tuşganini öziça tuşuntirdi. Kompyuterda maxsus das­tur yordamida sozlaş mumkin, deya qöşib ham qöydi.

Ikkovi qişloqqa kirib kelganda oqşom çökib bölgandi.

Rözi anjomning  öğli ertasiga peşinga yaqin keldi. Xolmat tus bu payt xas-xazonga tölib-toşgan quloqboşidagi öqariqni tozlayotgan edi. U Çorini körib, qölidagi ketmonni öşa yerga taşlab, supa yoniga keldi.

– Kasalini topdingmi? – deb söradi Xolmat tus çoynakdagi sovuq çoydan ikkita piyolaga quyib. – Işqilib, tuzaldimi?

– Ustasiga nima degan iş, – dedi yigit dunyoni qutqarib qolgan qahramonday gerdayib. – Imini butkul öçirib taşladim.

Rözi anjomning öğli apparatni yoqdi. Ekranda avvaliga suv tölqiniga öxşaş tasvir körinib, söngra sana va vaqtni töğrilang, degan eslatma paydo böldi. Taajjubki, bu orada telefon yana tiring-tiringladi.

– Ana-ana, kördingmi? – dedi Xolmat tus hovliqib. – Yana eski qiliğini boşladi.

Hovliqmang bova, hovliqmang! – dedi Çori. – SMS keldi.

– SMS? Qanday? Qayerdan? Kimdan? – dedi Xolmat Tus dovdirab.

– Hozir, – deb Çori ekranni körsatkiç barmoği bilan nuqidi. – Eh-he, SMS kompaniyadan kelibdi!

– Öqi-çi, – dedi Xolmat tus. – Nima deb yozibdi? Yana ob-havo maʼlumotimi?

– Yöğ-a! – dedi Çoriboy. – Tanişişni xohlaysizmi? Qizlar bilan tanişiş uçun “Q” harfini, yigitlar bilan tanişiş uçun esa “Y” harfini 0670 raqamiga yuboring, deb yozibdi.

– Gapni aylantirma – dedi Xolmat tus. – Hazillaşma, çiningni ayt, bola! Salkam bovang tenggiman-a!

Uning gapi yigitga oğir botdi. Xolmat tusning yoşini hisobga oldi çoği, Çori ortiq söz demadi. Özingiz öqib köring, deb telefonni egasiga berdi. Xolmat tus SMSni öqidi. Köziga işonmay, qayta-qayta öqidi. Voh, ajab! Haqiqatan şunday!

Telefon tağin tiringladi. Bu safar Xolmat tus uni ovoz çiqarib öqidi: “LOVE yoki SEVGI boş sözini qisqa 6365 raqamiga yuborib, har kunlik sevgi latifalari, sevgi tostlari va izhorlarini bir hafta içida bepul oling!”

Oradan uç kun ötdi. Öşa SMS voqeasi Xolmat tusga heç tinçlik bermasdi. Bölmağur xayollardan çalğiş niyatida boğiga odatdagidan ertaroq kelardi. Bugun ham u tong yorişmay keldi. Keçadan çala qolgan işini davom ettirib, ozgina yerni şudgor qildi. Işga hafsalasi bölavermagaç, telefonni qöliga olib, öşa kungi SMSlarni yana bir marta öqidi. Hamma, odamlar özgarib ketgan, deb öylaydi. Bölmagan gap. Aslida, zamon özgargan! Bizning davrlarda qizlar bilan tanişiş uçun qança qir oşardik, soy keçardik. SMS bilan ham sevib bölarkanmi? Eşitganim bor, bir gazetda kimdir er, birov xotin izlab, eʼlon berar ekan. Tavba, endi bu ham modadan qolibdi-da, deb öyladi.

Keyin qayrağoç ostidagi supaga töşak yozib, yonboşladi. Rostdan ham şundaymikin? Qizlarning qadri şu bölib qolibdimikin? Menga nima! Yo, SMS yuborib sinab körsammikin? Yöğ-e, eşitgan quloqqa yaxşimas. Birov bilsa, el orasida qanday boş kötarib yuraman. Öğil-qizimga nima deyman! Onasining oldida nima degan odam bölaman! Xolmat tus bir öngiga, bir söliga ağdarilib öyladi. Çalqança yotib öyladi. Bu işlar unga töğri kelmaydi. Böldi, hammasini unutadi, vassalom!

Xolmat tus xayoliga kelgan fikrdan uyalib, miyiğida kulib-kulib, yana yer çopa boşladi. Doimgidek telefondan musiqa yangrab turibdi. Tonggi şabada toğdan turli giyohlarning hidini dimoqqa keltirib uradi. U işga berilib ketib hammasini unutdi. Kutilmaganda aşula birdan töxtab, telefon yana tiringladi.

Xolmat tusning şumligi tutdi. Tavakkal qildi. SMS yozdi. Hadeganda heç qanday javob kelavermagaç, hammasi şunçaki öyin, degan xayolga bordi. Işidan uyaldi. Oftob urgan terida yanoği qizargani sezilmadi. Ketmonini qöliga endi olişi bilan yana telefon tiringladi. SMS kelibdi, şoşa-pişa öqidi: “Bizning tanişuv xizmatimizdan foydalanganiz uçun taşakkur! Marhamat qilib, jinsingizni körsating! 1 erkak. 2 ayol.”

Xolmat tus bir raqamini yozib jönatdi.

Tiring-tiring.

“Ikki xonali son bilan yoşingizni tering!”

Xolmat tus kalovlandi. Yoşini rostini ham, yolğonini ham yozişni bilmadi. Bir fursat ikkilanib, duç kelgan ikkita raqamni bosdi.

“Kimni izlayapsiz? 1 erkak. 2 ayol”

“2”

“1 sevgi. 2 oila quriş uçun. 3 döstlik. 4 muloqot.

“1”

“Viloyatni körsating.”

“1 And. 2 Nam. 3 Far. 4 Toş. 5 Qaş. 6 Sur. 7 Boşqa”

“5”

“Ismi qaysi harf bilan boşlanuvçi qizlar bilan tanişmoqçisiz?”

“A yoki B”

 “Marhamat qilib faqat bittasini tanglang!”

“B”

Tiring-tiring.

“Röyxatdan ötiş uçun sizga xabar yuborildi.”

Tiring-tiring.

“8100 raqamiga nick tanlab, uni yozib yuboring. Ikkita nuqta qöyiş ham yodingizdan çiqmasin.”

Xolmat tus xuddi SMSda yozilganidek qildi.

Tiring-tiring.

“Barakalla! Mana şunday olğa yurişda davom eting! Omad yor bölsin!”

Oxirgi xabarni öqigaç, Xolmat Tusning oğzi quloğiga yetdi. Quvonganidan qöllarini bir-biriga işqab, turgan yerida sakrab-sakrab oldi. Belining quvvati hali yaxşiligidan miyiğida kulib qöydi. Biroq navbatdagi SMS kelavermaganidan köngli andak xijil böldi. Vaqt göyo töxtab qolgandek edi. Soniya sayin xunobi toshib borardi. Ne qilarini bilmay, boğ tevaragini ikki-uç marta aylanib çiqdi. Kutiş azob, ilhaqlik maşaqqat. Uning toqati toq böldi. Alamini nimadan olişni bilmasdi. Qölidagi apparatni barmoqlari bilan qattiq qisimladi. Kaftidan ğiçir degan ovoz eşitildi. Keyin telefonini sindirib qöyişidan çöçib, hozirgi işim ahmoqlikdan boşqa narsa emas, deb öyladi. Baribir hovuri bosilmadi. Yon-veriga alanglab, oyoği ostida öralaşib yurgan itini körib, uning oç biqiniga boplab tepdi. U ğingşib-ğingşib nari ketdi.

Tiring-tiring!!!

Xolmat tusning çiroyi oçildi. Zum ötmay SMSni oçib öqidi.

“Calom”

“Va alaykum”

“Men Barnoman. Ismingiz nima? ”

“Xolmat”

“Xolli yigit ekansiz-da!”

“Ha, endi, şunaqaroq”

“Xoliz qayerda?”

Xolmat tus nima deb javob yozişni bilmadi. Voh, dariğ! Qurmağur minilmagan toyga öxşaydi-ku, deb öyladi. Bölmasa, hali tanimagan-bilmagan odamiga şunday savol beradimi, ayol degani.

Tiring-tiring.

“Hazillaşdim. Xafa bumang.”

– Hey, haziling ham qursin, – dedi Xolmat tus öziga gapirib. – Odamning kapalagini uçirding-ku!

Tiring-tiring.

“Sevgi borligiga işonasizma?”

“Ha, öziz-çi?”

“Man işonaman. U haqda şeʼrlar ham yozganman.”

“Yöğ-ey?”

“Öqib körasizmi? Jönataman.”

“Mayli.”

“Gullar doim qölingda bölsin,

Lekin tikoni botmasin.

Sevgi doim seni topsin,

Lekin yaralamasin.”

“Zör çiqibdi.”

“Yana bitta yuborayma?”

“Farqi yöq.”

“Ermak qilib hamma qizga gap otgunça,

Döstlar bilan tun böyi gap sotgunça,

Har xil tuşlar körmay tong otgunça,

Iboli bir qiz topib uylanvoling.”

Afsuski, SMS yoziş pulli. Tağin dollarda hisob-kitob qilinadi. Yöqsa, hamma işini yiğiştirib, bir-biriga izhorlar bitiş bilan maşğul bölarmidi? Yana ham Yaratgan bilgiç! Xolmat tus SMS ketidan SMS jönataverib, pulini tugatdi. Qişloqdagi paynetga borib kelişga erindi. Izlagan imkon topar, degani rost ekan. Öylab-öylab yölini topdi: Abduğani paynetga qönğiroq qilib yuboring, degan bepul SMS jönatdi. Oradan ikki-uç daqiqa ötib, hisob töldirilgani haqida xabar keldi.

Buning heç qanday hayron böladigan yeri yöq, nazarimda. Qişloqda hayot şaharnikidan keskin farq qiladi. Odamlarning aksariyatini qöliga oylab pul tuşmaydi. Bunga dökondoru qassoblar allaqaçon könikib ketgan. Qişloqdoşlariga u-bu narsani qarzga berib yuboraveradi. Abduğani Paynetning Xolmat tus telefoniga pul ötkazişining boisi ham şu. U ne-ne odamlarning telefoniga nasiyaga pul ötkazib bermagan deysiz?! Qarz qiyomatga qolmaydi, albatta. Qöli pul körganlar hisob-kitob qilib ketadi, topmaganlar  kuzda hosil kötarganda, qarz evaziga olma-yonğoq beradi. Abduğani paynet yiğilgan mahsulotni şaharga keltirib, bozorda pullaydi. Bundan bir-ikki söm foyda ham köradi. Ayrim qöli kaltalar qarzini bermasa ham Abduğani paynet xafa bölmaydi. Ketsa, tört-beş söm pulim qişloqdoşlarimga ketibdi-da, deb öylaydi. Ertaga yaxşi-yomon kunimga şular yaraydi, deydi.

Xolmat tusning raqamiga pul tuşgunça bir neça marta SMS keldi. Ketma-ket jönatilgan şeʼrlarni öqib, uning şoirligi tutdi. Zör törtlik yozib, anoyi emasligini bildirib qöymoqçi böldi. Afsus, heç qanday şeʼrni yoddan bilmas ekan. Yoşligida kitobda öqiganlarining bir-ikki qatorini çala-çulpa esladi, xolos. Buning özi yetarli emas. Şuning uçun har kuni telefonda eşitadigan qöşiqlardan birining tört qatorini yozib yuborişni ep kördi.

“Qirq quloç soçingni yoyding torga-yey,

Köngil berdim sendakkina yorga-yey,

Köngil bersam sendakkina yorga-yey,

Sen turib men osilayin dorga-yey.”

Xolmat tus öziça işidan mamnun edi. SMS­ning javobini ilhaq bölib kutdi.

Tiring-tiring.

“Bu nima?”

“Şeʼr”

 “Amir Olimxon davrida yozilganma?”

“Bilmadim.”

 “Sevgi haqida şeʼrlariz yöqma?”

Xolmat tus  xalq termalaridan yodida qolgan eng sara ikki satrni yubordi.

“Oşiq böldim arpaning somoniga,

Ölim bersin qizlarning yomoniga.”

Tiring-tiring.

“Axmoq qilyapsizma?”

Xolmat tus xafa böldi. Boisi u maqtov eşitişni, şoir bölib keting, degan gaplarni kutgandi. Yoşlar şoirlarining kitoblarini öqimaganiga afsus çekdi. Jilla qursa, ikkita-uçta şeʼrini yod olmaganiga özidan ranjidi. Bugun şoiri zamondan köpi bölmasa! Ammo… Hozir özidan öpkalaşning mavridi emas edi. Qanday qilib bölmasin vaziyatdan çiqiş kerak. Şu payt adabiyot öqituvçisining har kim öz qobiliyatini körsata bilişi kerak, degan gapini esladi. Hamma şeʼr yozganda men ham tört qator qoralasam, osmon uzilib tuşarmidi, dedi. Keyin yozganini ovoz çiqarib öqidi. Öziga manzur böldi çamasi, SMS qilib yubordi.

“Kunlari sevdim deb aytolmasam,

Arazlamang, jonim arazlamang.

Tunlari yoningizda yotolmasam,

Arazlamang, mendan arazlamang!”

Tiring-tiring.

“Yaşang! Gap yöq”

Tuşlik olib kelgan xotini uyga ketar çoğ qöliga pul berib, paynetdan raqamiga ötkazib yuborişini buyurdi. Dunyoda özbek ayollaridek yaxşi xotin topilmasa kerak. Erini salkam payğambardek uluğlaydi. Aytgani aytgan, degani degan. Xolmat tusning ayoli ham qişloqqa kirişi bilan boşqa işga çalğimay, töğri paynet budkasiga bordi. Abduğani paynet qattiq muqovali daftarga nimanidir yozib ötirgan ekan.

– Uka, paynetingiz işlayaptimi? – deb söradi ayol salom berib. – Akangizni nomeriga pul taşlab yuboring!

– Hozir, yanga, – dedi Abduğani paynet qilayotgan işidan boşini kötarib. – Keça peşinda ham pul taşlagandim-ku. Darrov tugabdimi? Nima balo, siz bu yoqdan, akam u yoqdan telefonda gaplaşayapsizlarma deyman?

Ayol yöl-yölakay Abduğani paynetning gapini öyladi. Könglida ğimirlagan şubhalar haqiqatday tuyuldi. Oxirgi paytda erining özgaça qadam bosayotgani sababini tuşunganday böldi. Erining keça-kunduz telefonni quçoqlab yurişi bekorga emas! Eri oyda bir soqolini qirtişlamas edi. Hozir kunora yuziga ustara tortadi. Tağin odekolon ham sepişni kanda qilmaydi. Yo tavba, odam ham şunçalik tez özgarişi mumkinmi?

Keça tasodifan erini toşoyna oldida körib qoldi. U pufakdek şişgan qornini dam içiga tortib, dam erkin qöyib körardi. Keyin deyarli qora tolasi qolmagan soçini bir öng­ga, bir sölga tarab tekisladi. Qilgan işidan köngli töldi, şekilli, toşoynaga yaqinroq borib, lunjlarini qöli bilan tortib-tortib, yuziga şappatladi. Ayol uyiga yetgunça erining ikki-uç kun içidagi ana şunday ğalati-ğalati qiliqlarini köz oldidan ötkazdi. Yurakka sançilgan alam suyak-suyagigaça ötib ketgandek böldi. Jahli çiqib, hoziroq boqqa borib, erining yoqasidan olişni közladi. Keyin şaytonga hay berdi. Bölişi mumkin emas, deb özini işontirdi. Çunki şu kungaça erining begona ayolga hatto köz qirini taşlaganini sezgani yöq. Bölar-bölmas xayollarga borganidan uyalib, özini koyidi.

Ertasiga xotini tuşlik keltirganda Xolmat tus boğning toğ etagidagi lolaqizğaldoqqa burkangan adirlarni tomoşa qilayotgan edi. Ayolini körmadi. Ayol qölidagi narsalarini çekkaga qöyib, supada qalaşib yotgan körpaçalarni tartibga soldi. Erining yostiq ostida qolib ketgan telefonini olib, körinadigan joyga qöydi. Keyin çoynak-piyola yuvişga ariq tomonga ketdi. Şu payt telefon tiring-tiringlab, SMS keldi. U na yölida yurişini, na ortga qaytişini bildi. Boisi, erining narsasiga heç qaçon ruxsatisiz qöl tekkizmagan edi. Qalbida uyğongan ğulğula uni bir umrlik odatini buzişga undadi. SMSni öqidi. Köziga işonmadi. Qayta-qayta öqidi. Badanidan sovuq ter çiqib, supaga ötirib qoldi.

Olisdan ayolini körgan Xolmat tus bir-bir bosib, supa yoniga keldi. Xotinining dokadek oqarib ketganini körib: “Tinçlikmi?”, deb söradi. Ayoli heç söz demay, örnidan turib, etagini qoqdi-da qişloq tomonga tez-tez yurib ketdi. Xolmat tus nima bölayotganiga tuşunmay ortidan qarab  turdi. Ilkisdan nimadir yodiga tuşib, hamma çöntagini qöli bilan paypaslab çiqdi. Telefoni yöq. Keyin körpaça ustida turgan telefonni körib, nima bölganini fahmladi.

Xolmat tus saratonni boğidagi supada ötkazdi. Issiq-sovuğidan öğil-qizi xabar olib turdi. Oqşomlari ham şu yerda tunab qoldi. Ayoli esa öşa ketgança, qaytib ölikmisan yo tirikmisan, deb söramadi.

Toğda birinçi qor yoğdi. Havo ança salqinladi. Bu yerda oqşomda tunab qoliş öz joniga qasd qiliş bilan teng. Bir keçada sovuqdan kasallik orttirib oliş heç gapmas. Dala-daştga otar haydab ketgan çöponlar asta-as­ta qişloqqa qaytmoqda edi. Boğlarda inson zotining qorasi körinmaydi. Xolmat tus ham körpa-töşagini yiğiştirib, asrdan beri uyga ketişga çoğlanadi. Endi qişloqqa jönayman deganida, arzimagan narsani bahona qilib, yana şu yerda kuymalanadi. Köz oldida ayolining arazli çehrasi jonlanib, köngli xijil tortadi. Uyga ketay desa, heç oyoği tortmaydi. Buyoği, ketmasa ham bölmaydi. Yomğir ana yoğay, mana yoğay, deb turibdi.

Xolmat tus kelganda hovlida heç kim yöq ekan. Tomoğini qirib, şu yerdaligini bildirdi. Içkaridan öğli çiqib, qölidan narsalarni oldi. Keyin birgalaşib uyga kirişdi. Urçuq çözib ötirgan ayoli salom berib, işida davom etdi. Qizi dasturxon yozdi. Taom suzildi. Buği çiqib turgan oşga ota endi qöl çözgandi, yana telefon jiringladi: tiring-tiring. Xolmat tus eʼtibor bermadi. SMSni öğli avval içida, keyin ovoz çiqarib öqidi: “Fanbox portalida romantik tanişuvlar! 7007 ga qönğiroq qiling! Bepul!”

Ular kulib yuborişdi…

 

 

Azim Bahodir

 

1985-yili tuğilgan.

Özbekiston davlat jahon tillari universitetini  tamomlagan. Badiiy tarjima bilan şuğullanadi. Tarjima va maqolalari markaziy naşrlarda eʼlon qilingan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…