Hikoya
«Servantes» oteli unga köplarga maʼqul kelmaydigan jihatlari – nimqoronğiligi, jimjitligi va xilvatligi bilan yoqib tuşdi. Kemada tasodifan yöliqqan bir yölovçi unga uşbu otelni maqtagan hamda musofirxona markazda joylaşganligini aytgan edi; şunday qilib, Petrone Montevideoga kelib qoldi, töğri ikkinçi qavat xolliga olib çikadigan vannali nomerni oldi. U taxtaga osiğliq kalitlarga közi tuşarkan, otelning deyarli böm-böş ekanligini payqadi. Turuvçilar çöntaklariga solib jönamasinlar uçun har bitta kalitga kattakon mis raqam ilingan edi.
Lift şundoq jurnallar hamda telefonlar röyxati qöyilgan peştaxta yonganasida, u qöngan xona eşigidan atigi bir neça qadam narida töxtardi. Suv juda issiq kelarkan, baʼzan qaynab ketayozadi, bu esa dim va ğira-şira xonaga bir oz bölsa-da, jon bağişlaganday böladi. Jajjigina darça şundoq musofirxonaga tutaş kinoteatr binosi tomiga olib çiqadi, ahyon-ahyon u yerda kaptar sayr qilib qoladi. Vannaxona kişining bahridilini oçar, derazasi ham kattaroq edi, lekin şunisi ham borki, bu yerga kirişing bilan közing devorga tuşadi, oynadan közga taşlangan bir parça osmon ham bu manzaraga noloyiq körinadi. Mebel unga maʼqul tuşdi – qutilar va tokçalar möl, kiyim ilgiçlar ham köp – bunaqasi kamdan-kam uçraydi.
Otel boşqaruvçisi – daroz, oriq, kalboş – tilla gardişli közoynak taqqan odam aksariyat urugvayliklar kabi uning ham ovozi baland edi, gapirganida jaranglab ketardi. U ikkinçi qavat juda tinç-osoyiştaligi, faqat qöşni xona bandligi hamda nomerda istiqomat qilayotgan ayol xizmatdan keç qaytişini aytdi. Petrone kelganining ertasi kuni qöşni ayol bilan töqnaşib qoldi; uni kattakon tangani uşlaganday qölida öynagan kalit raqamidan tanib oldi. Portye1 ularning ikkovidan kalitlarini oldi, taxtaga ildi va ayol bilan xatlar haqida gaplaşdi. Petrone razm solib, ayolning yoşgina va körimsiz ekanligi va şu yerlik ayollar kabi yaxşi kiyinmaganligini sezdi.
Uning taxminiga köra, qadama naqş yetkazib beruvçilar bilan şartnoma tuziş uçun bir haftaça vaqt ketardi. Keçga borib u narsalarini olib, joyladi, qoğozlarini taxladi, vannaga tuşdi va bir aylanib kelay, deb köçaga çiqdi, söngra idora tomonga yöl oldi. Qahvaxonadagi yengilgina mayxörligu bir xonadondagi ziyofat bilan ötgan muzokaralar qoq yarim tunga qadar davom etdi. Uni otelga soat ikkilarda olib kelib taşlaşdi. U azbaroyi çarçaganidan birpasda dong qotib uxlab qoldi. Soat töqqiz deganda örnidan turdi, közlaridan hali uyqu ketmagan daqiqalarda yarim keçasi uni qandaydir gödak yiğisi bezovta qilganiga xayoli ketdi.
Ketişi oldidan birpas portye bilan gaplaşdi (portye nemisça talaffuzda gapirardi), undan avtobus yönalişlari hamda köçalar nomlarini sörab olgaç, nomeriga çiqadigan xollni loqayd közdan keçirdi. Uniki va qöşni nomer eşigi örtasiga qöyilgan tagkursida Venera Milosskayaning ğaribona nusxasi turardi. Sal nariroqda, hammayoqdagiday kreslo va jurnal stollari qöyilgan yon tomondan mehmonlarga möljallangan möjazgina xonaga ötilardi. Odamlarning gangir-gungir ovozlari tingaç, sukunat göyo hovuçlab soçilgan kul singari mebellar va pol kataklariga tökilib, singib ketardi. Lift sabrsizlik bilan qaldir-quldur qilar, xuddi şunday gazeta ham tajang şitirlar yoki gugurt «çirq» etib çaqilardi.
Yiğiliş keçga borib tarqadi. Petrone 18 iyul köçasi böylab sayr etdi, söngra Mustaqillik maydonidagi qahvaxonada tamaddi qildi. Hamma işlari köngildagiday ketmoqda, ehtimol, u özi çamalaganiday, Argentinaga ertaroq qaytişi ham mumkin edi. U Argentinada çiqadigan gazeta va bir quti ingiçka qora sigaralardan sotib oldi-da, otelga jönadi. Otel yonidagi kinoteatrda ikkita taniş film ketayotgan ekan, ammo uning kino köriş tugul, biron yoqqa borişga ham istagi bölmadi. Boşqaruvçi u bilan söraşdi-da, yana çoyşablar kerak emasmi, deb söradi. Ular gaplaşib ötirdilar, çekişdilar va xayrlaşdilar.
Petrone yotiş oldidan yonida olib kelgan qoğozlarni tartibga soldi, keyin erinçoqlik bilan gazeta köra boşladi. Mehmonxona jimjitligi kişini ziq qilib yuborardi; ahyon-ahyon Soriano köçasidan ötgan tramvaylar taraqa-turuği bir lahzaga ana şu jimlikni buzardi-yu, yana atrofga toşday oğir sukunat çökardi. Petrone xotirjamgina, yöq, toqatsizlik bilan gazetani savatga uloqtirdi va loqayd közguga qaragança yeçindi. Ança eskib qolgan közguli javon qöşni nomerga kiriladigan eşikni tösib turardi. Petrone bu eşikka közi tuşib, nega uni oldinroq payqamaganiga hayron böldi. U şunda uşbu bino otel uçun möljallanmaganligini angladi: bunaqa oddiy mehmonxonalar uçun ilgari idora va xonadon bölgan binolardan foydalaniladi. Ha, u qöngan joy borki (u safarga köp çiqardi), hammayoqda şunday berk eşiklar uçrardi, baʼzan eşiklar heç narsa bilan yaşirilmagan, baʼzan esa javon, stol yoki kiyim ilgiç bilan tösilgan bölardi, bu xuddi kökraginimi, qorninimi qöllari bilan yaşirgan ayol holatini eslatardi. Baribir yaşirsang-yaşirmasang, eşik joyida turar, javon ustidan qaqqayib körinib turardi. Qaçonlardir şu eşikdan kirişgan, yopişgan, «tars» etkazib oçişgan, unga hayot bağişlaşgan, hozir ham uning tavaqalari devorga öxşamay, özining eşik ekanligini bildirib turardi. Petrone ana şu eşik ortidan – boşqa javon qöyilgandir, deb faraz qildi, balki qöşni ayol ham ana şu eşik haqida öylayotgandir, deb öyladi.
U horib-çarçamagan bölsa-da, dong qotib uxlab qoldi va şu yotişida uç soat uxladi, biroq yuragida qandaydir ğulğula bilan biror noxuş voqea yuz berganday uyğonib ketdi. Turib, chiroqni yokdi, soatga qaradi – ikki yarim bölibdi, yana chiroqni öçirdi. Şunda qöşni nomerda çaqaloq yiğladi.
Avvaliga heç nimaga tuşunmadi, hattoki quvonib ham ketdi – demak, keça unga bola yiğisi tinçlik bermagan ekan-da. Hammasi ravşan, yanglişmabdi, endi bemalol uxlayversa böladi. Lekin şu payt xayoliga boşqa fikr keldi; Petrone asta ötirib oldi-da, chiroqni yoqmay, diqqat bilan quloq tutdi. Ha, yiği öşa yoqdan, eşik ortidan eşitilmokda edi. Yiği eşik tirqişlaridan ötib, karavot oyoqlariga kelib urilmoqda edi. Bu nimasi böldi? Uyoqda qanaqasiga bola bölsin, boşqaruvçi aytdi-ku axir, öşa nomerda birgina ayol bor – uning ham kuni işxonada ötadi. Balki ayol biror qarindoşiningmi yoki dugonasiningmi bolasini özi bilan birga olib kelgandir… Keça-çi? Hozir u keça ham aynan şunday, gödak nolasidan boşqa heç bir narsaga öxşamaydigan yiğini eşitganligini angladi: göyo biror joyi oğriyotganday, ingillagan, uzib-uzib, xörsinib arzi dod qilgan gödak ovozi edi bu. Balki gödak bir neça oylik bölgandir – odatda yangi tuğilgan çaqaloqlar biğillab yiğlab, qotib qoladi. Petrone nima uçundir gödakni – albatta öğil bola deb, noçorgina, nimjon, arang qimirlaydigan, burişib-tirişgan çaqaloq deb tasavvur qildi. Mana, u keçalari zorlanadi, özi kasal, birovning eʼtiborini tortmaygina asta ingillaydi. Agar ana şu eşik bölmaganida edi, bola haqida heç kim heç nimani bilmasdi – bolaning ohu nolasiga heç qanday yurak doş berolmaydi, buni taʼriflab ham bölmaydi.
Petrone nonuşta qilib, sigara çekarkan, yana bolaga xayoli ketdi. Aloq-çaloq ötgan tunlar kunduzi işlaşga xalaqit beradi, yana-tağin yiği uni keçasi ikki marta uyğotib yubordi. Ikkinçi marta avvalgisidan battarroq böldi: ayolning – juda past, jörttaga qilganday, aniq-tiniq ovozi – yanada xalaqit berdi. Gödak ovozi bir daqiqaga tindi, yana qisqa-qisqa ingroq rasmana aççiq arzi dodga aylandi. Yana ayol tuşunarsiz sözlarni piçirladi, jismi-joni azobda bölgan, hayot yo ölim talvasasida yotgan çaqaloğini bari onalar kabi obbolab, ovutdi, duo qildi, jonini qöygin, deya Xudodan söradi.
«Hammasi joyida, ammo-lekin boşqaruvçi meni boplab laqillatibdi», deb öyladi Petrone xonadan çiqarkan. Bu yolğon uni azbaroyi ğazablantirib yubordi, buni yaşirib ham ötirmadi. Biroq boşqaruvçi hayratidan yoqa uşladi.
– Bola deysizmi? Yanglişmayapsizmikin. Mehmonxonamizda emizikli bolalar yöq. Yoningizdagi nomerda – yolğiz xonim turadi, men buni sizga aytgandim-ku axir.
Petrone darrov javob qaytarmadi. Bu ikki narsadan biri bölişi mumkin: yo haftafahm boşqaruvçi nayrang qilyapti, yoki bu yerning akustikasi qöpol hazil qilib, u bilan öynaşyapti. Suhbatdoşi xuddi bularning bari uning ham ğaşiga tekkanday, zimdan köz qirini taşladi. «Ehtimol meni qörqqanidan boşqa nomerga ötkazinglar, deb talab qilişga jurʼat qilolmayapti, deb xayol qilayotgandir», – deb öyladi Petrone. Qatʼiyan barini inkor qilib turişsa, gapingni maʼqullatişdan foyda yöq. Petrone yelkasini qisdi va gazeta söradi.
– Balki tuşdir, – dedi u. Buni gapirişga, umuman, tuşuntirib berişga töğri kelgani unga yoqmadi.
Kabareda kişi ölguday xit bölib, zerikdi, dasturxon atrofida ötirgan ikki mezbon mulozamati juda sust böldi, şu sababli Petrone çarçadim, deya bahona qildi-yu, mehmonxona tomon ravona böldi. Şartnomaga ertasi kuni imzo çekadigan böldilar: umuman olganda, u işlarini bitirdi.
Vestibyul şunday jimjit ediki, u özi ham bilmagan holda oyoqlari uçida yurdi. Karavotda oqşomgi gazeta va uyidan jönatilgan maktub yotardi. U xotinining dastxatini tanidi.
Petrone uyquga yotişdan avval javonni va undan tepada turtib çiqib turgan eşikni uzoq közdan keçirdi. Agar javon ustiga ikkita çamadon köyilsa, tamom, devor közdan yöqoladi, keyin ovozlar ham unça eşitilmaydi. Bu paytda, avvalgiday, sukunat hukm suradi. Otel uyquga ketgandi; narsa-buyumlar ham, odamlar ham uyquda edi. Lekin köngli bezovta Petrone uçun bari nimagadir işora qilganday – bu yerda qandaydir noxuşlik borday, hamma ham uxlamayotganday, ana şu sukunat zamiridan nimanidir kutayotganday tuyulib ketdi. Içidagi taʼrif qilib bölmas qörquv uyga ham, odamlarga ham köçib ötayotganga öxşardi, ular ham öz nomerlarida biqinib, uxlamay ötiribdilar. Qanday tentaklik-a!
Soat uçda bola yiğisini boşladi, Petrone bunga unça ajablanmadi. U qaddini bir oz kötardi, balki qorovulni çaqirsammikin, deb öyladi – bunaqa şaroitda uxlab bölmasligiga u guvoh böla qolsin. Bola asta yiğlar, ovozi arang eşitilardi, goho bir oz jimib qolardi, biroq Petrone yiği hozir yana avjiga çiqişini bilardi. Oradan ön-ön ikki soniya imillab ötdi, bir on nimadir xir-xir qildi, keyin zaifgina çiy-çiy ovoz birdan quloqni teşib yuborguday biğilladi.
Petrone çekdi va ayol çaqaloğini tebratib ovutsin, deb devorni asta çertsammikin, deb xayol ham qildi. Şunda birdan ayolga ham, boşqaruvçiga ham işonolmasligini tuşunib yetdi – ajablanarli tomoni şunda ediki, u boşqaruvçining aldaganiga ham işonmasdi. Bolasini sabot bilan ovutib, asta koyigan ayol ovozi gödak yiğisini bosib ketardi. Ayol çaqaloğini allalab, ovutmoqda edi, şunda Petrone uning karavotça tepasida qanday ötirgani yoki belançak tebratayotgani, yo bolasini qanday bağriga olayotganini tasavvur qildi. Lekin u boşqaruvçining işontirib aytgan sözlari his-tuyğular guvohligining ustun çiqişiga olib kelganligini sira aqliga siğdirolmayotgan edi. Vaqt ötmokda, gödak zorlanişi goh tinib, goh bu nola ayolning piçir-piçirini bosib ketmoqda edi. Petronening nazarida, bu – maynavozçilikka, bir öyinga, yovvoyilarça bemaʼni öyinga öxşab ketdi. Şunda u pana-panada qöğirçoq öynaydigan befarzand ayollar, ularning jiyanlari yoki jonivorlarni yaxşi körib, şular bilan ovunişlaridan köra xatarli bölgan, onalikni ixtiyor etgan, şunga intilgan, xayoliy, yolğondakam onalik haqida eşitgan gaplari, mişmişlarni xotirladi. Ayolning özi, özginasi zorlanyapti, nola qilyapti, ingrayapti – bola esa yöq. U yöq bolani allalab, belançak tebratyapti, u böm-böşliqni allayapti, çinakamiga közyoş tökyapti, axir şunday ayol riyokorlik qila olarmikin – uning könglida qayğu, böm-böş xonada qayğu bölsa, beparvo oqarib kelayotgan tongni qayğu bilan qarşi olsa…
Petrone chiroqni yoqdi – uxlayolmadi – keyin öyladi: nima qilsa böladi? Butunlay ruhi tuşib ketdi, ana şu öyinga, soxtalikka röbarö kelib ham ruhi tuşmasinmi? Bu voqea ana şu tong otişi oldida röy berdi, bu voqea haqiqat va ayni paytda toqat qilib bölmas darajada yolğon edi. Buning tagiga yetiş uçun devorni taqillatiş kamlik qilardi. U hali uyqudan uyğonganiça yöq, garçand yaxşi uxlolmagan bölsa-da, birdan astagina çang eşik qolib, javonni surayotganini payqadi.
U oyoq yalang, pijamada – xuddi mingoyoq kabi butun badani bilan eşikka qapişib oldi va çang bosib yotgan qarağay oğoç tavaqalarga lablarini bosdi va xuddi anavi körinmas çaqaloq kabi çirillab yiğlab yubordi. U yanada qattiqroq höngrab yiğladi, yiğlayverib, nafasi oğziga tiqildi, yiğlayverib qotib qoldi. Birdan bir lahza içida şippaklarning şaraqlaşi va börondan darak bergan, göyo tarang tor uzilgan kabi ayol kişining hayqirib yuborgan oniy faryodi quloğiga çalindi.
Soat önlardan oşgaç, portye yonidan ötdi. Bundan oldinroq, soat töqqizlarda u portye hamda yana bir ayolning ovozini eşitdi, yana allakim devor ortida narsalarni surdi. Hozir lift oldida safar qutisi va ikkita katta çamadonga közi tuşdi. Boşqaruvçi, aniq dovdirab qoldi.
– Uyquga qondingizmi? – deb söradi u şunçaki xizmat yuzasidan, özining eʼtiborsizligini zörğa yaşirib.
Petrone yelkasini qisdi. Suriştirib, bilişining hojati yöq, baribir ertaga ketadi.
– Bugun tinç uxlaydigan böldingiz, – dedi boşqaruvçi narsalarga imo qilib, – qöşningiz bir soatdan keyin jönab ketyapti.
Boşqaruvçi javob kutdi, şunda Petrone uni nigohi bilan maʼqulladi.
– Şu yerda tuppa-tuzuk yaşab turuvdi, mana – ketyapti. Ayollarga tuşunib bölmaydi özi.
– Töğri, – dedi Petrone. – Ularni tuşuniş qiyin.
Garçand u soppa-soğ bölsa-da, köçada çayqalib ketdi. U aççiq qahva höplarkan, işlarini unutib, yop-yoruğ kunduzni ham sezmay, hamon öşa haqda öylamoqda edi. Qöşni nomerdagi ayol uning, Petronening dastidan qörquvdan talvasaga tuşib, ketib qoldi. «Bu yerda tuppa-tuzuk yaşab turuvdi…» Ehtimol kasaldir, ammo – beozor edi beçora. Ayol emas, uning özi ketişi kerak edi aslida. Ayol bilan gaplaşib köriş, keçirim söraş, qolişga köndiriş, birovga miq etmaslikka söz beriş kerak. U orqasiga qaytdi, töxtadi. Yöq, bunday qilsa, telbalik böladi, ayol uning sözlarini töğri tuşunmaydi. Yana-tağin işbilarmonlar bilan uçraşuvga boradigan vaqti ham böldi – ularni kuttirib qöyiş noqulay. Battar bölsin, bilganini qilmaydimi menga desa. Qip-qizil jinni. Boşqa otelni topadi-da, yöq çaqaloğini allalab ötiraveradi.
Tun yana uni azobga qöydi, jimjitlikka-ku, toqat qilib bölmadi. U qaytişida beixtiyor kalitlar taxtasiga qaradi, unda qöşni nomer kaliti körinmadi. Tösiği ortida esnab ötirgan portye bilan birpas gaplaşib, nomeriga keldi, uxlay olişiga unça közi yetmay, stolga oqşomgi gazetalar va yangi detektiv kitobni qöydi, çamadonini joyladi, qoğozlarini tartibga soldi. Havo issiq böldi, u derazani lang oçdi. Ozoda, sarişta töşak unga noqulay tuyuldi. Nihoyat atrofga sukut çökdi, u taraşaday qotib uxlaşi mumkin edi – lekin uxlolmadi: töşakda uyoqdan-buyoqqa ağdarildi, osoyiştalik – öşa, özi şunday ustomonlik bilan erişgan, şunday intiqom bilan qaytarib berilgan sukunat uni endi ezgandan ezmoqda edi! Aççiq, istehzoli ovoz quloğiga, gödak yiğisisiz uxlay olmaysan ham, uyğonolmaysan ham, deya şivirladi. Yiği yetişmayotgan edi, oradan bir oz vaqt ötdi, u mixlab taşlangan eşik ortida zaif, qadrdon ovozni eşitdi, şunda qörquv aralaş, qoçiş istagiga hamohang – ayolning aldamaganligini angladi, çaqaloğim nihoyat yiğisini bas qilarmikin, deya bolasini allalab, ovutib, belançagini tebratgan ayol haq bölib çiqdi, ular – endi uxlab qoldilar.
Rus tilidan Maʼsuma Ahmedova
tarjimasi.
Xulio Kortasar
Tarjimondan
«Argentinaning birinçi raqamli adibi» — XX asrning 60 -70 yillari jahonning nufuzli tanqidçilari maşhur yozuvçi Xulio Kortasarga şunday taʼrif bergan edilar. Bu baho hozir ham öz qimmatini yöqotgani yöq. Yozuvçining «Imtihon», «Yutuq» kabi romanlari, «Taʼqibçi», «Manuelning kitobi» kabi qissalari, «Boşqa bir osmon», «Janubiy şosse», «Avtobus», «Iblis sölagi», «Istilo qilingan uy» kabi hikoyalari jahon adabiyotiga munosib uluş bölib qöşildi. Xulio Kortasar (1914-1984) nasrning barça janrlarida barakali ijod qildi. Aytiş mumkinki, mohir hikoyanavis Kortasar hikoya janrida kaşfiyot yasay oldi.
Biz eʼtiboringizga havola etayotgan «Mixlab taşlangan eşik» hikoyasida usta işbilarmon Petronening keçinmalari orqali insoniy muloqot ehtiyoji his qilinadi. Kortasar tilga olgan eşik ortida eşitilgan yiği, gödak ham, uni allayotgan ona ovozi ham – bularning bari boşqa bir inson, Petronening tungi «men»i, uning şaxsan yolğizligidir; özi yop-yoruğ kunduz kuni tan olmagan, anglab yetmagan beğaraz, toza insoniy muloqotga, inson taftiga kuçli ehtiyoj sezişidir.
Xulio Kortasarning boşqa hikoyalari kabi «Mixlab taşlangan eşik» hikoyasi ham bizning hikoya janri haqidagi tasavvurimizni boyitadi, olam va odam haqida çuqurroq öylaşga, fikrlaşga undaydi.
“Yoşlik” 2010/1
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


