Olam ibtidosidan,
Otalar dunyosidan,
Bitik toş ziyosidan,
Harflar zakosidan –
Ming yildan, milyon yildan
Xat keldi – xabar keldi,
Qoraxon budunidan
Dovul, söng zafar keldi,
Olamga bahor keldi,
Tiriklikka yor keldi.
Zavol bilmay quyoşi,
Irodasi, bardoşi,
Soçilib közi, qoşi,
Çökmay, yitmay yod toşi,
Ming yildan, milyon yildan
Nomi mötabar keldi,
Xunlarmi yo suğudlar
Adaşdi – badar keldi,
Olamga bahor keldi,
Istak-ixtiyor keldi.
Yöllar oçgan börilar,
Quyun kabi surilar,
Bilig töla öralar,
Nizom, tuzuk, töralar,
Ming yildan, milyon yildan
Kök yoygan haşar keldi,
Uluğ el barpo etgan
Idrok muqarrar keldi,
Olamga bahor keldi,
Oğriq va ozor keldi.
Firʼavn çarçoğidan,
Ehromlar mudroğidan,
Osmonlar çorboğidan,
Iqlimlar puçmoğidan,
Ming yildan, milyon yildan
Qavm köru kar keldi,
Yukungani kunbotar,
Söngra kunçiqar keldi,
Olamga bahor keldi,
Ğolib, madadkor keldi.
Hayot yeldirdi suvlar,
Najot keltirdi nurlar,
Toğda köm-kök suruvlar,
Boğda oq-oq suluvlar,
Ming yildan, milyon yildan
Kök kiygan laşkar keldi,
Şumer şajarasidan
Kök otli çopar keldi,
Olamga bahor keldi,
Jayrondek nahor keldi.
Örxun şamollarida,
Ötrik kamollarida
Yo çin savollarida,
Mardlar aʼmollarida,
Ming yildan, milyon yildan
Muzaffar askar keldi,
Qultegin, Tönyuquqdan
Boqiy bir nazar keldi,
Olamga bahor keldi,
Muattar ifor keldi.
Dunyoning dargohida,
Tangritoğ panohida,
Maʼbudlarning ohida,
Tarxonlar sipohida,
Ming yildan, milyon yildan
Yonmagan daftar keldi.
Yoyiq kengliklaridan
Uçgan kök kaptar keldi,
Olamga bahor keldi,
Zoru beozor keldi.
Ot yelgan yaylovlardan,
Or keçgan yalovlardan,
Goh öçgan olovlardan,
Qaynab köçgan dovlardan,
Ming yildan, milyon yildan
Sovrilgan otar keldi,
Er Tönga haybatida
Boqiy bir şahar keldi,
Olamga bahor keldi,
Judayam oşkor keldi.
Turonning tamal toşi,
Turkiston – amal toşi,
Tabiat – hamal toşi,
Mömiyo – moral toşi,
Ming yildan, milyon yildan
Buyuk bir başar keldi,
Oltoydan Surxongaça
Yam-yaşil safar keldi,
Olamga bahor keldi,
Sir bilan asror keldi.
Köpkarimi, kök böri,
Yerda – yer-suvlar zöri,
Kökda – osmonning töri,
Kaftni kuydirib qöri,
Ming yildan, milyon yildan
El degan javhar keldi,
Baqtriya, Kuşon kabi
Neça yuz gavhar keldi,
Olamga bahor keldi,
Közlar intizor keldi.
Qumda suzgan karvonlar,
Oyni uzgan sarbonlar,
Armon sizgan makonlar,
Qatl, qirğin, qironlar,
Ming yildan, milyon yildan
Hayot sarbasar keldi,
«Avesto» qatlarida
Tonglardan asar keldi,
Olamga bahor keldi,
Öynoqlagan nor keldi.
Baxşi Jayhundek toşdi,
Sir qirğoğidan oşdi,
Qirlar bağrini oçdi,
Toğlar zarlarin soçdi,
Ming yildan, milyon yildan
Kimlar darbadar keldi,
Örolmi yo Itildan
Yurakka qadar keldi,
Olamga bahor keldi,
Baʼzan tangu tor keldi.
Botirlar, bahodirlar,
Şamol misol şotirlar,
Afsona, asotirlar,
Suvoriylar xotirlar:
Ming yildan, milyon yildan
Bir doston kadar keldi.
Hindikuş taraflardan
Xavf keldi, xatar keldi,
Olamga bahor keldi,
Gohida makkor keldi.
Aql çanoqlaridan,
Ilm barmoqlaridan,
Hindiy sanoqlaridan,
Nilning qirğoqlaridan,
Ming yildan, milyon yildan
Kohin, sehrgar keldi,
Beruniy dahosidan
Davron muattar keldi,
Olamga bahor keldi,
Yaxşiga nisor keldi.
Izlarida izğirin,
Xato keltirdi qirğin,
Kurakka sançdi tiğin,
Izillar zilol yiği,
Ming yildan, milyon yildan
Zaqqum va zahar keldi,
Oğzidan olov purkab,
Yuz boşli ajdar keldi,
Olamga bahor keldi,
Daştlarga devor keldi.
Qalbida qadim alam,
Köksida eski sitam,
Közlari taram-taram,
Evrilib köhna olam,
Ming yildan, milyon yildan
Vayronkor navkar keldi,
Qöllari böm-böş ketgan
Dardi-darbadar keldi,
Olamga bahor keldi,
Ozodlik takror keldi.
Qanot böldimi bulut,
Köz böldimi sor burgut,
Gödak emgan kabi sut,
Kundan kun ösdi hudud,
Ming yildan, milyon yildan
Toş bilan tabar keldi,
Ğazzoliy zahmatida
Zer bilan zabar keldi,
Olamga bahor keldi,
Haq işqiga zor keldi.
Ruh yondi savaşlarda
Dil pişdi otaşlarda,
Bitta degan işora,
Mangulikdan başorat,
Ming yildan, milyon yildan
Köngil sanobar keldi,
Muqaddas kalomlarda
Ilohiy paykar keldi,
Olamga bahor keldi,
Tavba, istiğfor keldi.
Alpomişdan savdolar,
Göröğlidan ğavğolar,
Tömarisdan tuğrolar
Yo Şiroqdan buğrolar,
Ming yildan, milyon yildan
Sinmagan egar keldi,
Asrlarni zanjirdek
Ulagan kamar keldi,
Olamga bahor keldi,
Faxru iftixor keldi.
Şarqiragan jamoldan,
Ğaribgina maloldan,
Janub ila şimoldan
Esgan iliq şamoldan,
Ming yildan, milyon yildan
Öjar yo qaysar keldi,
Boyköl bilan Oroldan,
Yoğiydan hazar keldi,
Olamga bahor keldi,
Tölqin şiddatkor keldi.
Sahrolar maʼvosidan,
Xonlar istilosidan,
Garmsel balosidan,
Tuyoqlar jafosidan,
Ming yildan, milyon yildan
Nayza va naştar keldi,
Xarob aylab çin izi,
Tözğigan guzar keldi
Olamga bahor keldi,
Çodirdan ağyor keldi.
Muqanna – pok iymonmi,
Temur Malik – qalqonmi,
Jaloliddin – arslonmi,
Xalq – asl qahramonmi:
Ming yildan, milyon yildan
Har sözi anbar keldi,
Tuproq qöl çözganida
Hamma barobar keldi,
Olamga bahor keldi,
Sodiq xaloskor keldi.
Buyuk Temur kuçidan,
Uluğbekning «Ziji»dan,
Ali Quşçi burjidan,
Oçunning u uçidan,
Ming yildan, milyon yildan
Çaqnagan çavkar keldi,
Koinotning tomida
Balqigan axtar keldi,
Olamga bahor keldi,
Buyuk bir sardor keldi.
Zuhal bilan Zuhrolar,
Ğazal böldi navolar,
Navo dilni davolar,
Sözga töldi havolar,
Ming yildan, milyon yildan
Şoir qalandar keldi,
Şer, yölbars hamlasida
Tolei akbar keldi,
Olamga bahor keldi,
Gulbadan dildor keldi.
Kökni tutgan saroylar,
Bulutni kesgan oylar,
Dömbiraday şöx soylar,
Otga munosib toylar,
Ming yildan, milyon yildan
Gödakday sahar keldi,
Qalʼalar qursoğida
Şams ila qamar keldi,
Olamga bahor keldi,
Boğlar xaridor keldi.
Bahor böyoği tarqoq,
Rang poşşosi böldi oq,
Qizilga botdi tuproq,
Yana kökardi bayroq,
Ming yildan, milyon yildan
Sayrab samandar keldi,
Tuslarni tuslab usta
Musavvir – zargar keldi,
Olamga bahor keldi,
Bozor va attor keldi.
Ötdi qança toşqinlar,
Dölu dovul, şoşqinlar,
Keldi yangi yolqinlar,
Yangi tahrir, talqinlar,
Ming yildan, milyon yildan
Ulğaygan samar keldi,
Orzular osmonida
Quyoşdek anvar keldi,
Olamga bahor keldi,
Köngil degan tor keldi.
Yer yuzining porasi,
Ikki daryo orasi,
Diyorlarning sarasi,
Körindi oq-qorasi,
Ming yildan, milyon yildan
Yöli munavvar keldi,
Özbek – yiqilsa ğolib,
Tursa – muzaffar keldi,
Olamga bahor keldi,
Eng yoruğ diydor keldi
Oy, oftobdan özgan el,
Öz umrini çözgan el,
Suron solib yuzgan el,
Nurli manzil tuzgan el,
Ming yildan, milyon yildan
Zaminga çambar keldi,
Döst-duşmani, – yonida
Non bilan xanjar keldi,
Olamga bahor keldi,
Eng buyuk meʼmor keldi.
Mehnat bilan bor bölgan,
Mangulikka yor bölgan,
Topgan şoni – or bölgan,
Yöqotgani – nor bölgan,
Ming yildan, milyon yildan
Tun-kun barobar keldi,
Boşida Humo toji,
Qaqnusdek minbar keldi,
Olamga bahor keldi,
Boqiy-barqaror keldi.
Adl böldi böylari,
Farzand töla uylari,
Qirq kun bölar töylari,
Yuzta bölsin qöylari,
Ming yildan, milyon yildan
Jola töla jar keldi,
Bomdod dalaga çiqib,
Uyga tongotar keldi,
Olamga bahor keldi,
Tört taraf şaror keldi.
Davronlar yugurikdir,
Zamonlar yugurikdir,
Özbek mangu tirikdir,
Özbek mangu yirikdir!
Ming yildan, milyon yildan
Bunyodkor başar keldi,
Dardlarga bölib malham,
Istiqlol – sarvar keldi.
Olamga bahor keldi,
Muqaddas diyor keldi!
Ming yildan, milyon yöldan
Muqaddas diyor keldi…
Salim AŞUR
“Yoşlik”2012/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


