36 daqiqada öqiladi

802 marta körilgan

Qişloqdagi buvijonim

Dinora Rahimova

(Qissa*)

 

JAJJI ASAR HAQIDA SÖZ

Sönggi paytlar badiiy ijodga havasmandlar juda köpaydi. Ular tahririyatlarga qisinib-qimtinib emas, dalli-ğulli kirib kelişadi.

“Mening asarimni çop etinglar,” – deyişadi qölyozmalarini stol ustiga namoyişkorona taşlab.

Ha, ular heç bir ikkilanmay şunday talab qilişadi. Bu navnihol ijodkorlarning mardona, nopisand iddaolaridan könglimizda bir iştiboh keçadi: “Tuzuk narsa qoralagan körinadi…” Asta qölyozmani varaqlaşga tutinamiz, va…köramizki, badiiyatdan xiyla uzoq, jön va sayoz bitiklar. Eng yomoni haqiqatdan yiroq, soxta bayonçilikka limmo-lim…

“Yöq, bu voqealar hayotda çindan ham bölgan”, – deya bizni yengmoqçi böladi murğak mualliflar.

Könamiz. Boş irğab qöyamiz.

Mana, bugun iqtidorli qalamkaş Dinora Rahimovaning “Qişloqdagi buvijonim” asarini öqib çiqarkanman, könglim nogoh yorişdi. Qizimizning qalami ança çarxlangan. Nigohlari tiyran. Voqelikni faylasufona kuzatişga urinadi. Eng muhimi, hayotni, ayniqsa, özi qalamga olayotgan qahramonlar turmuş tarzini, keçinmalarini yaxşi biladi. Tasvirlarni tiniq va jonli berişga urinadi. Masalan, asarning ilk satrlaridayoq quyidagiça çizgilarga duç kelamiz:”Quyoş biz bilan kim özarga musobaqalaşadi. Daraxtlar orasidan köz qisib-köz qisib ötayapti.”

“Qişloqdagi buvijonim” Dinoraning ilk nasriy asari. Unda bolalarga xos öta sodda, jönroq örinlar ham uçraydi. Lekin bu öquvçiga sira malol kelmaydi. Çunki tasvirlar samimiy va haroratli. Öquvçini beixtiyor öz izmiga oladi.

Dinora Rahimovani ana şu samimiyat, harorat aslo tark etmasin deymiz.

                          Luqmon BÖRIXON        

 

QIŞLOQQA KELDIK

 

Toğlar orasida ketayotgan bölsak ham, havo issiq. Dadam maşina oynasini oçib olgan. Şabboda faqat dadamgagina xos bölgan yoqimli hidlarni menga ilinib ötadi.

– Dadajon, tezroq yuraylik, – dedim.

– Rostdan ham, tezroq yuraqolaylik. Maylimi? – Orqadagi ikki örindiq orasidan dadamga möralab iltimos qildi ukam Abdusalim ham.

– Bundan tez yuriş mumkinmas-da, bolalar, – dedi dadam peşonasiga yaqin turgan közgu orqali bizga qarab.

– Ey nima böpti, yuraveraylik, – dedi ukam qaysarligi tutib.

– Yölda militsiya töxtatsa nima qilamiz?

– Töxtamaymiz, – ukamning bunaqa kutilmagan javoblari dadamni doim qiynab qöyadi.

Quyoş biz bilan kim özarga musobaqalaşadi. Daraxtlar orqasidan köz qisib-köz qisib ötayapti. Yölga çiqqanimizdan beri ikki-uç martagina orqada qoldi, xolos. Şundayam birpasda oldinga ötib olaverdi.

– Esiz, dadam yana sal tezroq yurganda edi, quyoş allaqaçon orqada qolib ketardi. Kiçkinalar doim kattalarni aytganini qilişi kerak. Nega kattalar kiçkinalarning sözini qilmaydi? – dedi Abdusalim.

Oqlangan, pastakkina, loy devorli uylarni qayerda körmay birinçi bölib qişloğimiz yodimga keladi. Mana öşa uylar. Bahor faslida tomida lolaqizğaldoqlar ösadi. Tişim tuşganda şu tomlardan bittasiga taşlagandim. Yana bitta tişim tuşdi. Uni ehtiyotlab, qişloqqa olib kelyapman. Çunki Toşkentdagi tomlarga otsam, tişim özimga yana qaytib tuşadi-da. Yana-çi, biz tomonda şamol judayam köp va qattiq böladi. Şuning uçun “tentak şamol” deyişar ekan. Öşanaqa paytlarda zabardast, uçi körinmaydigan uzun-uzun teraklar ham bir-biriga suyanib, vahimali, ğuv-ğuv ovoz çiqarib tebranadi. Şamol sekinlaganda omon qolganidan quvonsa kerak, barglar qarsak çaladi. Dadamning boşqa viloyatdagi bir döstinikiga mehmonga borganimizda, uyi yonidagi teraklar tebranib şunaqa qarsak çalgandi. Öşanda Abdusalim qişloğimizning ovozi kelyapti, degan. Çindan ham bu tovuşlar qişloğimizning ovozi. Bu yerda köp odamlar velosipedda yuradi. Qişloq köçalaridan mol-qöylarning maraşi-yu, itlarning hurişiga qöşilib, uzoq-yaqindagi traktorlarning ovozi eşitiladi. Yana toşli yölaklardan ötayogan sigir-buzoqlarning arqoniga ulangan, ularning ortidan jarang-jurung qilib sudraladigan qoziqlarning ham öynoqi tovuşi yangraydi. Agar bilsangiz, bu ham qişloğimizning ovozi. Issiq nonning, yangi örilgan ötning, tandirda yonayotgan ötinning, rayhonning, suv sepilgan yerning hidi – bu qişloğimizning hidi. Ana, sudralayotgan qoziqning tovuşi kelyapti.

Yarim yöldan buyoğiga umuman gapirmasdan, dadamdan xafa bölib kelayotgan Abdusalimga atrof taniş körinib qoldi.

– Iyi, keldikmi, dada? – dedi birpasda arazi esdan çiqib.

– Ha, keldik.

Maşina töxtar-töxtamas, undan otilib tuşdigu içkariga yugurdik: “Buvijon, biz keldik”.

Ostonada turgan buvim şoşganidan kalişini topolmay, “Voy buving joningdan, özim örgilay, mening otalarim kepti-yu” degança, hovliga maxsisi bilan çiqib qöyaqoldi. Bizni bağrlariga olib, yuzlarimizdan, peşonamizdan öpdi.

– Buvijon, men sizni ikkita közim bilan soğindim? – deya maqtangannamo, çözilib gapirdim.

– Özim aylanay. Kel, şu ikkita közlaringdan ham öpib qöyay, – buvijonim meni erkalab suyganida ukam qarab turmasdi. Bu safar ham şunday böldi:

– Buvijon, qarang, men sizni bunça, bunça, bunça közim bilan soğindim, – dedi önta barmoğini bir neça marta yoyib, yiğib körsatar ekan.

– Buving örgilsin, girgittonlarim, buving örgilsin.

Yoz baribir yaxşi. Ayniqsa qişloqning yozi. Bizga rosa maza böladi-da. Dasturxondagi tayyor mevalar qolib, daraxtdagisini terib yeymiz. Buvim urişadilar-u, lekin bilaman, ular bundan xafa bölmaydilar. Çunki bizni özlari jilmayib tomoşa qilib ötiradilar-da. Amakimizning öğli Hikmatilla men bilan tengqur. Ikkimiz ham ikkinçi sinfni bitirdik. Ukam Abdusalim beş yoşda. Uç oğayni botirlar bir bölsak bormi, dunyoning ğayratini ham, quvonçini ham bitta öyinimizga tenglaştira olmaysiz.

QULOQ ÇÖZMA ÖYNADIK

 

– Bolalar, töyga çiqasizlarmi? Orqa köçadagi qöşninikida töy bölyapti, – buvimning taklifi bilan Hikmatilla boşçiligida bir bölib orqa köçaga, töyga çiqib ketayotgandik:

– Quloq çözma öynamanglar tağin, – dedilar buvim.

– Hikmatilla, töyga rostdan ham bizni kiritaveradimi? – deb hayron bölib söradim.

– Ha, – dedi jilmayib Hikmatilla.

– Bizni tanimasayammi?

– Ha dedim-ku.

– Toşkentda töyga faqat kattalar boradi-da, öşanga söradim.

– Ey, bizda hamma boraveradi, qara, – töyxona darvozasiga yaqinlaşgan Hikmatillaning közi bolalarni atrofiga töplab, tugilgan römolçani qölida baland kötarib gapirayotgan, qorni katta amakiga tuşgan zahoti “öyin boşlanibdi-yu, yuringlar tezroq” degança davra tomonga yugurib ketdi. Qişloqda şunçalik köp bola bor ekan-da. Abdusalim ikkimiz öynayotganlarni çetdan kuzatardik.

Qorni katta amaki gapini tugatib, qölidagi römolçani otgan edi, bolalar bir-birining ustidan oşib, tugunçani qölga kiritişga harakat qildi. Ana, Hikmatilla tugunçani oldi. Qoçayotgan edi, bitta baqaloq bola avval uning yelkasiga, keyin quloqlariga osilib yerga yiqitdi. Hikmatillaning dodlaganini eşitib, qörqib ketdim. Yaqinroq borsam, beçoraning quloğini hali u yoqqa, hali bu yoqqa çözib aylantirişyapti. Abdusalimga aytib, amakimni çaqirtirmoqçi bölib turgan edim, bolalar çangga töldirgan davradan haligi tugunça otilib yonimga tuşdi. Men ham tugunçani oldim-da ança uzoqqa yugurib ketdim. Tez yuguraman-da. Jismoniy tarbiya darslarida yuguriş bölsa har doim marraga birinçi bölib kelaman. “Yutdim, yutdim” deb tugunçamni baland kötarib, sakradim. Yugurib kelayotgan bolalar meni tabriklaşga kelyapti deb öylab turgandim, hammasi bir bölib qölimga taşlansa böladimi? Menam tugunçamni bermay qattiq çangallab oldim. “Men yutgandim-ku, qöyvoringlar” dedim alam bilan. Hikmatilla kulib: “Tugunni olgandan keyin Xolmat amakiga topşiriş kerak edi,” – dedi. Qorni katta amakining ismi Xolmat amaki ekan. Ammo endi qimirlaşning umuman iloji yöq edi. Voy-dod, bittasi meni bosib olib çunonam quloğimni buradiki… Menimça, baqaloq ustimga çiqib olgan bölsa kerak, nafas ham ololmay qoldim. Bolalar quloğimni suğurib olsa huddi boyib qoladigandek, zavq bilan tortardi. Oxiri çidolmadim, tugunçani otvordim. Xayriyat, qutuldim-ey. Lekin quloğim yomon oğriyapti, filnikiçalik bölmasayam ança kattalaşib ketgan. Uşlab körmoqçi edim, quloğim qizigan, yonayotganga öxşardi. Quloq issiq tursa, jonga yoqarkan. Sal tezroq yurvorsam quloğim qimirlab ketaverar, yomonam oğrir edi. Qarasam, Abdusalim ham bolalarga qöşilib ketibdi. Obbo, endi uni qanday ajratib olaman. Meni holimga tuşsa nima qiladi, beçora. Şu holimda yana davraga qöşildim. Ukamni tortqilab çetga olgandim, yiğlab berdi. “Bilganingni qil” dedim. Bir adabini yesin-çi, “aka, aytganingizni qilsam bölarkan” deydi hali. Davraga kirib-kirmay “akaaa” deb jonholatda yugurib çiqdi. Ana aytdim-ku. Lekin qölida tugunça bor ekan. Bolalar yaqinlaşganda tugunçani menga oşirdi. Yana öşa holat. Hammasi ustimga bostirib kelyapti. Qörqib ketdim. Şu payt qorni katta amakiga yaqin turgan Abdusalimga tugunni qaytardim. U esa Xolmat amakining qöliga şundoqqina tutqizdi-qöydi.

– Yaşavor, yigitça, kimning öğlisan, tanimay turibman, – dedi Xolmat amaki. Savolga Abdusalim qolib bolalar javob berişdi:

– Toşkentdan kepti.

– Hikmatillaning amakivaççasi ekan.

– Ha yaxşi, qani beri kel-çi. Bu öyinni oldin ham öynaganmisan? – dedi amaki Abdusalimga.

– Yöq, bugun birinçi marta öynadim.

– Qoyilman, qanday qilib birinçi öyindanoq ğolib bölding? – Xolmat amaki közlari yanayam porlab söradi.

– Akam yordam berdilar. Ular judayam yaxşi, – Abdusalimning sözini eşitib, ukamni har doimgidan köproq yaxşi körib ketdim. Xolmat amaki ukamga tugunça içidagi mukofot pulini berayotganda hamma qarsak çalib olqişladi. Menga öxşab şalpangquloqqa aylanganlar esa nomigagina qölini qöliga tekkizib, özini qarsak çalayotgandek körsatar edi. Ularni ham quloği qimirlaganda oğriyotgan bölsa kerak-da. Öyin tugadi.

 

DADAM SIGIR SOQQAN EKAN

 

Tong otdimi yo kattalar haliyam uxlamaganmi, anglab-anglamay ğovur-ğuvur ovozlardan uyğondim. Taşqari nim qoronğu, qarasam, soat tört bölibdi. Men tonggi soat törtni birinçi marta körişim edi. Bunça barvaqt turib nima qilişar ekan bular? Uyqum qoçdi. Hovliga çiqsam, qop-qoronğida, qörqmasdan Hikmatillaning katta opasi supurgi bilan çelakni kötarib köçaga çiqib ketdi.

– Buvijon, Madina opam qayoqqa ketyapti? – dedim. Salom beriş ham yodimdan kötarilib.

– Yaxşi dam oldingmi, bolam? Madina opang köça supurgani çiqib ketdi.

– Hali qoronği-ku.

– Bizning qişloqda bu vaqtda tong otgan hisoblanadi, bolajonim.

– Qörqmaydilarmi?

– Bilmasam, sen yonida tursang qörqmasa kerak. Yana yordamlaşib ham turar eding. Bor qarab tur, boraqol, – dedilar.

Köçaga çiqsam… Odamlar gavjum, çiroq nurlaridan yorişgan bir köça. Çindan ham tong otganday böldi. “Şit-şit”, etgan supurgi tovuşlari, suvning tuproq yöllakka soçilişi, köçadan ötayotgan bobolarning jör bölib qizlar salomiga alik olganlari, alikdan söng uzoq-uzoq qilgan duolari, tongga fayzni olib kirgan opalarning şodon kulgulari, xotiramda tongning eng gözal va yagona qiyofasi bölib muhrlanib qoldi.

Uyda buvim bilan dadam Hikmatillani örtalariga olib suhbatlaşayotgan ekanlar. 

– Ha, öğlim, nega turibsan? Kel, – dedilar.

– Dada, bu yerda köça-hovlilar har kuni şunday supuriladimi?

– Ha, har kuni supuriladi.

– Nega?

– Buvijoningdan söragin.

– Siz bilmaysizmi?

– Nega endi, bilaman. Supurişning xosiyati haqidagi rivoyatlarni, boşqa savobli işlar haqida eşitib katta bölganmiz axir. Buvijoning çiroyli qilib gapirib beradilar-da, – dadam buvimga jilmayib, “aytib berasiz-a” deganday savol nazari bilan qaradilar.

– Hammayoq toza bölsa sengayam, boşqalarga ham yoqadi, töğrimi? – dedilar buvim.

– Ha, – dedim men.

– Alloh har tongda bizga rizq ulaşadi. Barvaqt turgan bandalariga esa köp rizq beradi. Uyqudan juda keç uyğonadiganlarning kunida barakasi bölmaydi, kuni barakasiz odamning işi ham, rizqi ham barakasiz böladi. Barvaqt uyğonişning xosiyati köp bolam.

– Buvijon, men hozir kelaman, Abdusalimni uyğotib çiqay, – deb ukamning oldiga çiqib ketdim.

– Abdusalim, turgin, buvim zör narsa gapirib beryaptilar. Sen ham eşitasanmi? Turgin, turaqol. Judayam qiziq ekan.

Qiziq voqealarni eşitişni xuş köradigan ukamni bunaqa gaplar bilan uyğotiş oson edi. Yuzini çala yuvgan ukam közlarini işqab, buvimning oldiga kirib bordi.

– Mana buvijon, Abdusalimni ham uyğotdim. Endi Xudo bugun ukamgayam köp rizq beradi, a? – deb söradim.

– Özimning esi köp, mehribon nevaramdan aylanay, ukangni şuning uçun uyğotdingmi? Albatta, beradi, – buvim meni quçoqlariga olib, boşimni siladi.

– Abdusalimning hovliqişidan Hikmatilla piq etib kulib yubordi.

Buvim ham jilmaydi.

– Agar oilada qiz ham, kelin ham bölmasa hovlini kim supuradi? – deb söradim men.

– Öğillar qiladi-da, öğlim. – dedilar dadam. – Ammang çaqaloq edi. Buving dalaga, bobong işga ketardi. Amakilaring bilan hamma uy işlarini bölişib qilardik.

– Siz qanaqa işlar qilgansiz?

– Men har doim har xil iş qilardim. Yumuşlarni qoğozçalarga alohida yozib, örardik-da, örtaga taşlab har bittamiz törttadan tanlardik. Men doim katta amakingga sigir soğiş tuşsin-da deb niyat qilardim. Çunki amaking sigirdan qörqardi. Men qörqmasdim.

– Dada, siz sigir soğganmisiz? – Özim eşitayotganlarimga işonmasdim. Çunki dadamning hatto oşxonaga kirganlarini ham eslolmayman. Boya kelinoyim sigirni soğayotganini körgandim. Ularning örniga dadamni qöyib kördim. Şunaqa kulgim keldi. Tasavvur qildim. Dadam çönqayib sigirni soğsa-ya?!

– Ha, soğar edim. Sigir menga örganib ham qolgandi. Xattoki buving borsa qiynardi, soğdirmasdi. Mabodo amakingga şu yumuş tuşsa menga maza edi. Hamma işimni bitta sigir soğişga almaştirib olardim. Bu qiliğimni bobong bilib qolib, qattiq tanbeh berganlaridan keyin taşlaganman. Undan taşqari kirlarni yuvardik, xamir qilib non yopardik, idiş-tovoqlarni yuvardik, çang artişmi, supurişmi, ovqat qilişmi –hamma işni qilganmiz.

– Voy bö… Maktabga bormaganmisiz?

– Borganmiz. Bu işlar maktabga ketgunça qilinardi, öğlim. Maktabdan kelib yana dalaga çiqardik. Mollarimiz ötlayotganda, daraxtlarning soyasida ötirib kitob öqiganmiz, – dadam xiyol tabassum bilan öyga tolib qoldilar. Ötgan kunlarni eslayaptilar, şekilli deb boşqa savol bermadik. Lekin baribir, dadamning fartukda idişlar yuvayotgani, kapgir tutganini tasavvur etganimda özimni arang kulgudan töxtatardim.

Kun yorişguniça köça va hovli supurilib, sigir soğilib, bir tandir non yopilib, kiçkinalarga sutli ovqat, kattalarga quymoq pişirib bölindi. Abdusalim ukam barvaqt uyğongani uçun “Xudodan katta rizqni oldim” deb, könglini xotirjam qilib yana uxlab qoldi.

DALADA KITOB ÖQIDIK

Men uzoq izlamasdan bir uzun tayoq topdim. Hikmatilla aytdi, çöponlarning tayoği bölarkan. Qöylarni oldimizga solib ketayotgandik, Hikmatilla: “Voy, töxta” – dedi-yu uyga tomon yugurib ketdi. Men töxtadimu, qöylar töxtamadi-da. Ularga rosa yalindim, yölini tösmoqçi böldim. Yölini tösganim sari meni aylanib ötib yanayam tezroq yugurib keta boşlaşdi. Öğirlab ketişmasin deb qöylarning orqasidan ketaverdim. Hikmatilla özi bizga yetib oldi.

– Nimaga uyga qaytding? – deb söragandim qölidagi kitobni körsatib:

– Mana bunga, – dedi hansirab.

– Nima qilamiz uni?

– Dalada öqiymiz, amakim aytdilar-ku, biz kitobni dalada öqiganmiz deb. Biz ham dalada öqib köraylik dedim-da, yaxşi qilibmanmi?

– Ha, yaxşi qilibsan. Bilasanmi, bizni uyimizda kompyuter bor. Kerakli maʼlumotlarni internetdan osongina olib öqiymiz. Avval dalaga borganingda nima qilarding?

– Bolalar bilan koptok tepardik yo quvlaşmaçoq öynardik. Bugun kitob öqiymiz.

– Bu qanaqa kitob özi?

– Bobom tuğilgan kunimga sovğa qilganlar. Içida köp ertaklar bor ekan.

– Öqib çiqqandirsan, qiziqmi?

– Öqimaganman, sovğa qilinganidan beri joyida turadi, öşanda öqişni endigina örganib olgandim. Bobom öqigin deb köp marta qistadilar, öqib kördingmi, deb har kuni erinmay sörayverardilar, keyin…. – Hikmatilla jimib qoldi, “keyin-çi?” deb unga qaradim. Hikmatilla boşini egib yana jim turaverdi. Men ham indamadim. Biroz ötib:

– Bobom mendan xafa bölgandirlar-a, Aziz? Sovğa qilgan kitoblarini öqimaganimga ketib qoldilar, – dedi. Bobomning vafot etgan kuni yodiga tuşib qolgan ekan.

– Sendan xafa bölganlari uçun ketmaganlar, Hikmatilla. Ayam aytganlar, bandasi berilgan umrini yaşagandan keyin Xudo uni oldiga çaqirib olar ekan.

– Hikmatilla tabiatan xuşçaqçaq bola, bunaqa xafa bölib turiş unga umuman töğri kelmas ekan. Mavzuni özrgartirib, kayfiyatini kötarişga kirişdim.

– Hali sen uyga kirib ketayotganingda “töxtab tur” deding-ku. Töxtayman desam, anavu qöylaring ketib qoldi. Ularni qaytarmoqçiydim, battar qoçdi. Seni kutsam, qöylarni birov öğirlab ketadi deb qörqdim. – degandim, xayriyat, Hikmatillaning yuziga tabassum yugurdi:

– E, ular aqlli, yölni mendan yaxşi bilişadi. Keyin bizning qişloqda hali birorta odamning moli yo qöyi öğirlangan emas.

Dala uyning yaqinida ekan. Borsak, beş-oltita bolalar Hikmatilla aytganidek futbol öynayapti. Dala qirğoğidagi katta ariqning şarqirab oqişi, mol-holning yerdagi maysani qirt-qirt etib yulgani ham eşitilyapti. Bu maskan men kabi bolalarni har kuni bağrida yayratadi. Men ham şu yerlarda qolsam edi.

Hozirgina biz kelgan yöldan Madina opam Abdusalimni yetaklab keldi:

– Nimaga meni taşab ketvordinglar? – Abdusalim yiğlamsiray boşlagandi, darrov oldiga bordim.

– Sen uxlayotgan eding. Böldi, nega jahling çiqadi, uyğonsang kelaverasan deb taşlab kelgandik, töğrimi, Hikmatilla? – bir közimni qisib Hikmatillaning “ha” deyişiga işora qildim.

– Ha, ha, ukajon. Akang uyğotaylik degandi, men uxlab olsin dedim-da. – Hikmatilla ham uni astoydil yupata ketdi. Abdusalimni zörğa yiğidan töxtatib qoldik.

– Iyi, aka, bu eşakmi? – Ukamning çehrasi bir pasda yorişib ketdi.

– Ha, ukajonim, bu eşak. Huv anavi bor-ku, köryapsanmi? – Hikmatilla ukamni dala bilan taniştirişni boşlab yubordi. Uning savollariga javob topaman deb çarçab qolmasa bölgani.

– Ha, kördim.

– U eçki böladi.

– Oldiga borsam maylimi?

– Albatta-da.

– U nima yeydi? Bodroğim yöq-da faqat. Biz hayvonot boğida ayiqlarga, maymunlarga, yana köp hayvonlarga bodroq berganmiz.

– U öt yeydi, ma, mana buni bersang böladi, – Hikmatilla balandroq ösgan bir ötni yulib ukamga tutqazdi.

– Qörqmagin, ötning bir uçini uzatib tursang özi tortib-tortib yeb oladi. Boraqol, – Hikmatillaning gapi tugamay ukam öşa tomonga yugurib ketdi. Avvaliga biroz çöçidi, bir-ikki marta öt bergaç, yaqinroq borib, tumşuğini siladi. Şu bilan öşa eçkini yaxşi körib qoldi. Uyga qaytgunimizça navbat bilan Abdusalimga öt yulib berib turdik.

Hikmatillani kitob olib kelganini bilib, bolalar: “Biz ham eşitamiz, ovozingni çiqarib öqi,” – deb qöyişmadi. Maysalar ustida dumalab yotgan bolalarga havasim keldi. Ayam kiyimlaringni kir qilmagin deb tayinlagan bölsa ham, yerga yonboşlab oldim. Örtada ötirgan Hikmatilla buvimga taqlid qilib, sekingina, mayin ovozda ertagini boşladi. Birov “miq” etmadi. Ertak tugarkan, qözğalmay yotgan bolalarning ketma-ket “Voooy zörakan-a?!” degan ovozlari yangrab ketdi.

– Har dalaga çiqqan kunimiz öqib berasiz-a endi? – dedi Abdusalim tengi bir bolakay yalingan ohangda.

– Ha, har kuni öqiyman endi, – dedi Hikmatilla quvonib.

– Hikmatilla, şu kitobingni menga bir kunga berib tur, ertaga qaytaraman, – sepkil yuzli ozğinroq bola kitobni uşlab oldi.

– Yöq, özim öqib tugatmadim hali. Şu yerda töplanib öqiyveramiz-da, – deb Hikmatilla kitobni tortdi.

– Men bugunoq dadamga aytaman. Mengayam olib beradilar. Men ketdim uyga, – deb Murodillo degan bola qöy-qözilarini oldiga solib ketdi.

– Men ham oldiraman şunaqasidan, – dedi yana bitta bola. Quyoş tikkaga kelganda, hammamiz uy-uyimizga tarqadik. Hikmatilla bizdan oldin uyga kirib, kitobni joylab çiqibdi.

ZIYORATGA BORGANIMIZ

– Qani, bobongizni qabrini ziyorat qilişga kim boradi?

– Men, – dedim birinçi bölib. Mendan keyin Abdusalim bilan Hikmatillaning “men” degan tovuşi ketma-ket yangradi.

– Barakalla, mening öğillarim katta bola bölib, bobosining oldiga borar ekan-da. Çopqillab borib, yuvinib kelinglar, dadangiz kutyapti. Bölaqolinglar, – buvim yelkamizga qoqib orqa hovliga jönatdilar. Keyin bir neçta döppilarni kötarib çiqib, hamamizga bittadan ulaşdilar. Kiçkina döppidan ikkita ekan, xolos, Hikmatillaga yetmay qoldi. Katta döppini boşiga qöndirib ketaverdi. Faqat qöli boşidan tuşmay qoldi. Tuşib ketmasin deb uşlayveradi, uşlayveradi.

Dadam bilan amakim oldinroqda ketişyapti. Yölimizdan çiqqan hamma odam bilan salomlaşib ötişyapti. Bittasiyam qolib ketgani yöq.

– Dada, ularning hammasini taniysizmi? – dedi ukam.

– Ha, – dedilar dadam.

– Şunça köp odamni qanday qilib taniysiz? Esingizdan çiqib qolmaydimi?

– Biz bu insonlar bilan birga katta bölganmiz, bir qişloqda yaşaymiz, qanday qilib esimizdan çiqsin, Abdusalimboy? – dedilar amakim ukamning boşini silab.

– Amaki, hozirgina yonimizdan, soqollari bor, hassasiyam bor amaki ötdilar-u. Ular nimaga sizni aka dedilar, yoki rostdan ham siz ulardan kattamisiz?

– Eh, jiyanjon! Bu – hurmatning bir körinişi. Insonlar bir-biriga nisbatan hurmatini bildirişi uçun özidan kiçkina odamga ham “aka” deb murojaat etadi. Bildingmi?

– Unda nega heç kim meni aka demaydi?

Abdusalimning savolidan hamma kulib yubordi.

Yölda dadamlar hadeb töxtayverganidan zerikib ketdik. Bir payt Hikmatilla:

– Yuringlar, özimiz ketamiz, men yölni bilaman, – deb qoldi.

Yugurdik.

Ança yölni yugurib ötganimizdan keyin hamma çarçadi. Endi sekinlab yurayotgandik, jim turolmaydigan Abdusalim darrov gap boşladi:

– Aka, esingizdami, bir marta çorboğimizdagi örik daraxtiga uçalovimiz çiqqanimizda, katta şoxi sinib ketgandi. Öşanda bobomdan yaşirinamiz deb qöraga kirib olgandik, qöylar baqirib sotqinlik qilgan. Bobom kelib singan daraxtniyam körgan, bizni ham topib olgandilar-a?

– Lekin indamaganlar, – Hikmatilla jilmayib javob berdi.

– Töğri. Dadamlarga ham “Böldi, tergayvermanglar” deb, yonimizni olgandilar.

– Bobomning nosqovoğini yaşirmoqçi bölib suvga tuşirib yuborganing esingdami, Hikmatilla? Ariqdan nosqovoqni izlab, iştoningni orqasi höl bölganda ayangga aytolmasdan, bir soat quyoş tagida turib quringan eding, – dedim-u özimni tutolmay katta köçada qah-qah otib yubordim.

– Bobom kabob yeyişga olib borganlarida Hikmatilla akam eng köpini yegan. Öşanda qorni tarvuzga öxşab qolgandi-ya, aka? – deb Abdusalim zavq bilan kulardi. Hikmatillaning özi ham qornini uşlab rosa kuldi.

– Bobom qumğonçoyni yaxşi körar edilar. Uyda bobom ikkimizdan boşqa heç kim yöq edi. “Qumğonçoy damlab ber, bolam,” deb qoldilar. Qumğonni töldirdim, orqa hovlidagi ğözapoyalar uyumidan kiçikroq şox-şabbalarni saralab, yarim soat urinib ham tagiga öt yoqolmadim. Közim açişib ketganiga alamimdan “çoy damlamayman”, dedim. Keyin özlari ötinlarni qanday joylanişini, qanday qilib alangalatişni körsatib, çoy qaynatganlar. Hozir bobomga qumğonçoy damlab bergim kelyapti, – Hikmatilla xomuş tortib gapini yakunladi.

Mozorga kirib borar ekanmiz, bobomni yanayam soğinib ketdim. Ularning qabrini topolmayotgandim, Hikmatilla körsatdi. Bu yerga ikkinçi marta kelişim. Birinçi körganimda bobomning ismi-şarifi, yaşagan yili yozilgan manavi katta toş örnida faqatgina qoraygan, nam tuproq bor edi, xolos. Uçovimiz ham şoşib kelganga yaraşa, bir iş qilolmay turdik. Dadamlarni kutib, qabriston çetidagi örindiqlarda gap boşlolmay ötirgandik, bitta amaki biz tomonga keldi. Jör bölib salom berdik.

– Vaalaykum assalom, yigitlar. Qodir buvaning nevaralari bölsangiz kerak-a?

– Ha. Siz bizni taniysizmi? – Mahmadona Abdusalim amakini savolga tutdi.

– Taniyman-da.

– Nega biz tanimasak ham, hamma bizni taniydi?

– Qişloqda şunaqa. Qolaversa Qodir buvani öziga juda öxşar ekansan, kiçkintoy. Yolğiz keldinglarmi?

– Yöq, dadam bilan amakim ham kelişyapti. Biz yugurib keldik. – Biz tanimagan amakining ismi Mahkam amaki ekan. Dadamlarga salom yetkazişimizni tayinlab, mehmonga taklif qilib ketdilar. Dadamlar heç qança ötmay kelişdi. Ular uzun duolar öqişdi, yuzlariga fotiha tortganlarida, biz ham qöşilib omin qildik. Jimjitlik qurşagan bu maskanni boşqalar qöqrinçli deb aytardi. Lekin bu joyda bobom yotgani uçunmi, umuman, bu narsani his qilmadim.

Uyga kelsak, buvim öz qöllari bilan issiqqina ovqat tayyorlabdilar. Tuşlik qilingaç, dadamlar köçaga iş bilan çiqib ketişdi, biz buvim bilan qoldik.

– Bobongizni ziyorat qilib keldinglarmi? – söradilar buvim.

– Ha, – dedik uçovimiz.

– Endi katta yigit böldilaringiz. Har safar kelganingizda bobongizni ziyorat qilişni kanda qilmanglar. Sizlarni qanaqa yaxşi körar edi… – Buvimning közlari yoşlanib ketdi.

– Xöp, buvijon, har doim boramiz. Faqat siz yiğlamang.

– Buving joningdan, yaxşiyam sizlar bor deb… – köz yoşlarini römollarining uçi bilan artib oldilar.

– Buvijon, yiğlamang, böldi. Iltimos. Bölmasa men ham yiğlab beraman, – yiğlamsirab buvimni quçoqlab oldi Abdusalim.

– Mana, yiğlaganim yöq, bolajonim. Böldi, mana. – Endi yuzidagi köz yoşni kaftlari bilan artib taşladilar.

– Buvijon, sizning ham bobongiz bormi? – buvimning köksidan boşini kötarmay söradi Abdusalim.

– Bor bölgan-u, bobom tugul dadamni ham körmaganman. Ammo yetti puştimning hammasini ismini bilaman.

– Yetti puşti nima u, buvijon?

– U yetti ajdoding. Hammamiz yetti puştimizni bilişimiz kerak.

– Bizning yetti puştimizni ham bilasizmi? Aytib bering.

– Xöp, birinçisi özlaringizning dadangiz, ikkinçisi bobongiz, keyingisi bobongizning dadasi, ularning ismi Sobirjon, törtinçi ajdodingiz Ergaş ota, Azizjon bolam, yozib olyapsanmi, yaxşi, beşinçisi Erkin ota, oltinçisi Hamid ota va yettinçisi Qobil ota.

– Siz bizning qanaqa ajdodimizsiz? – Abdusalim hayratini yaşirmay söradi.

– Ha, buvingman-da.

– Buvi qanaqa ajdod?

– Dadaning yoki onaning onasi – buvi böladi. Men dadangni onasiman.

– Buvijon, dadangizni nega körmagansiz, ular ham ölib qolganmilar?

– Yöq, uruşga ketib, bedarak yöqolgan. Lekin ular haqida ayam uzoq-uzoq gapirib berardilar. Ammo hozir köpini eslolmasam kerak.

– Nega? Uruş bölganmi?

– Ha, bundan yetmiş yil avval ikkinçi jahon uruşi bölgan.

– Sanjar degan bir örtoğim koptok talaşib akasi bilan rosa muştlaşgan. Öşanga öxşab uruşda hamma bir-birini urganmi, muştlaşişganmi, buvi?

– Öşanda odamlar bir-birini yöq qilgan, bolam, yöq qilgan.

– Kinodagiga öxşab bir-birini miltiqda otganmi?

– Ha, – buvim xörsingança davom etdi. – Oçarçilik, qimmatçilik bölgan, yegulik topolmaganmiz, zolimlarning qiynoqlarida yaşaganmiz, bari qiyinçiliklar öşa davrda bölganda, bolam.

– Buvijon, keling, şularni bir boşidan gapirib bering, – iltimos qildim men.

– Bolajonlarim-yey, u kunlarni sizni boşingizga solmasin, ilohim. Nimadan boşlay?

– Dadangiz uruşga ketgan kundan boşlang, – şoşib dedim men.

– Men kiçkinagina çaqaloq bölganman. Bularni ayam menga hikoya qilib berganlar. Dadam daladan qaytayotganda ikkita melisa ularni tuman markaziga olib ketgan, bolalarim bilan xayrlaşib olay desa ham, ruxsat bermay, öşa yerdan töğri frontga – uruşga jönatgan. Onda-sonda xat kelib turardi. Keyin xat ham kelmay qöydi, qayta daragi ham bölmadi. Dadam haqida faqat şuni bilaman.

– Bobomning dadalari-çi? – dedim.

– U kişi judayam halol, fidokor, xalq ğamini yeydigan jonkuyar, öz davrining heç kimi bas kelolmaydigan, kuragi yer körmagan polvoni bölgan ekan. Bobongiz sakkiz yoşga yetgan paytida dadasi qamoqqa olib ketilgan. Xalqni boqaman deb qamalgan ekan. Bu haqida juda köp gapirar edilar.

– Boşidan, hammasini gapiring, buvijon, – dedim sabrsizlanib.

– Hammasini töliq gapiraversam, gaplarim qaçon tugaydi?

– Tugamasayam mayli, eşitaveramiz. Özingiz ham yetti puştingizni bilinglar dedingiz-ku. Töliqroq bilsak, undan ham yaxşi. Töğrimi? – Hikmatilla ham hikoyaga qiziqib qolgan ekan, savollari bilan buvimni hikoyani davom ettirişiga qistay boşladi.

– Töğri, bolam, töppa-töğri. Hammasini gapirib beraman. Bobongizning dadasi kim bölgan ekan, ismi qanday? – degan edilar, qölimdagi qoğozçaga qarab javob berdim:

– Sobirjon.

– Töğri. Mana şu Sobir buva kolxozda omborçi bölib işlaganlar.

– Kolxoz mahalla deganimi, buvijon, yoki komandami? – söradi Abdusalim.

– Yöq, kolxoz bu dehqonlarning katta bir jamoasi. Öşa yili buğdoy, makka, bari ekinlar yaxşi hosil bergan. Keyin uni hammasini frontga jönatasan deb tepadan buyruq qilingan. Brigadirlar ham bor hosilini olib kelib, kolxozga topşirgan. Hammasi topşiradi-yu, keyingi yilga nima qilamiz deb uzoq öylaşadi. Qöşni qişloğimizda Orziya ismli ön farzandli bir ayol bor edi. Eri brigadir bölib işlagan. Öşa ayol Sobir buvaning oldiga kelib rosa yiğlagan: “Çolim ölgur qörqoqniyam qörqoği, olgan hosilingizdan heç yöq keyingi yilga uruğlik qilişga bir hovuçgina olib qolay desam, birov bilsa men ham yöq bölib ketaman, şu kerakmi senga? Tinç tur, deb ödağaylab berdi. Inim, rahmingiz kelsin önta bolamni qanday boqaman, tönğiçim nogiron, bir işga yaramaydi. Tepadagilar bilan gaplaşing, bir ilojini qilsa bölarmikin” degan. Sobir buva ayolning söragan buğdoyini berib jönatgan. Özi ham uruğlik masalasida köp öylanib yurgan ekan. Odamlarga yegulik kerak, axir. Rahbarlar bir donasini ham qoldirmaysanlar deb qatʼiy talab qöygan, ularni umuman fikridan qaytarib bölmasdi. U yoqda ham, bu yoqda ham ahvol jiddiy. Sobir buva kolxoz raisiga “Biror sandiq buğdoyni olib qolmasak bölmaydi. Bu yil amallarmiz-ku, keyingi yilga xalqqa na yegulik, na uruğlik qolmayapti,” deb tuşuntiradi. Kolxoz raisi ham: “Biror gap bölsa bu işlarga mening aloqam yöq,” – deb zörğa rozi böladi. Şu bilan, bir yoğoç sandiqni yarmidan köpiga buğdoy solib, ustidan turşaklarni bostirib yaşirişgan. Keyin uni orasidan bitta sotqin çiqib, tepadagilarga yozib beradi. Şu bilan Sobir buvani qamoqqa olib ketişgan. Bolalari ortidan zor yiğlab qolavergan. Şunaqa, bolalarim, biroz öynab turinglar, qolganini keyinroq gapirib beraman, maylimi? – dedi buvim “bismillo” deb örnidan turar ekanlar.

– Mayli. Faqat namozingizni tezroq öqing-da, – dedi Hikmatilla.

– Aka, buğdoydan un qilib, keyin uni non qiladi-a? – Abdusalim mendan sörab qoldi.

– Ha, – dedim men.

– Oldin odamlar buğdoyni özi olib, uyda un qilib, uy non qilganmi?

– Ha. Nega sörayapsan?

– Ayam bizga doim nonni yurib yema, uşoğini tökma deyaverardilar. Endi bildim. Avvallari odamlar ozgina non uçun şunaqa qiynalganlari rost ekan. Aka, endi uruşmaylik. Qarang, buvim uruş bölganiga yiğlayaptilar. Bizniyam uruşganimizni körsalar, yana yiğlaydilar. Xöpmi?

– Xöp, – dedim. – Endi uruşmaymiz. Kelişdik, – bir qölim bilan ukamning qölini olib, ikkinçi qölim bilan uni quçoqlab oldim.

– Aziz, yuringlar, keça yangi koptok olganman, öynaylik, – Xikmatillaning taklifi bilan orqa hovliga ötdik.

 

DALADA YIĞLAB-YIĞLAB IŞLAŞGAN EKAN

– Qani, polvonlarim, birortangiz borib, menga bir piyola suv keltirib beringlar. Hikoyalarimni gapirib, adoğ qilgunimça, oğzim qurib qolmasin, – buvim kelib ötirar ekanlar, Hikmatilla çaqqonlik bilan: “Buvijon, men kelgunça boşlamay turing!” – deb çiqib ketdi. Biz ham Hikmatilla tezroq kelsa-yu tezroq hikoyani davomini eşitsak, deb ötiribmiz. Xona eşigi ğiyq oçilib Hikmatilla möraladi. Yarim yöldan qaytib, buvim rostdan ham hikoyani boşlaganlari yöqmikin deb, tekşirgani kelibdi şekilli. Yana kutdik, nihoyat keldi.

– Endi ayting, buvijon, çoy olib keldim, – Hikmatilla çoynakni qöyib, buvimdan közini uzmadi. “Işqilib, yana iş buyurmaslaridan tezroq boşlasinlar-da” deb öyladim men ham.

– Öşa davrda dadalar, akalar uruşga ketganligi uçun rözğorning oğir yumuşlari ham onalarga qolgan. Uzoq ötmişni qöy, mana yaqin davr – mustaqillikkaça ham katta qiyinçiliklar bilan kun körganmiz. Erta bahordan qişgaça deyarli yil davomida butun xalq paxta bilan band bölardi. Neça yuz gektar yerni ketmonda çopib, egatlar qilgaç, çigit qadab çiqilgan. Unib çiqmaganlarini örniga yana boşqa ekkanmiz. Mabodo yomğir yoğib qolsa, tuproq qotib qoladi. Unga yana xalq öşa gektar-gektar yerni mana şu kaftimdek keladigan, kiçkina beş tişli asbob bilan tarab çiqardi. Paxta paxta bölib çiqquniça mingta iş qilingan, bolalarim. Dadangizdan sörasangiz, yaxşilab gapirib beradi. Beşinçimi, oltinçi sinfda öqib yurardi, şekilli. Bolalik qilgan-da, dalani yölida aka-ukalar koptok tepayotganida brigadir kelib qolgan. Hammasini qator qilib “nega paxta termayapsan?” deb tutning novdasi bilan şunaqa savalagan, şunaqa savalagan bolalarni. Bolam şörliklar yiğlab, birining böyni, yelkalari qonab, birining yuzlari qavarib, yana biri oqsab, öşa ahvolida paxta tergan.

– Öşa odamni borib urmaganmisiz, buvi? – Hikmatilla örnidan turib ketdi, – dadamni urganlarni menam uraman.

– Ey bolam, ularni uriş qayoqda, nima qilsa xöp deb, köziga qaraşga qörqqanmiz. Zolim edi ular, zolim.

– Öşa odam tirik bölganda özim borib, paçağini çiqarib kelardim. Tirikmi, buvijon? – Hikmatilla tişini tişiga bosib buvimdan javob kutardi.

– Qöy bolam. Ötir joyingga. Ha, tirik, haliyam bor. Xudo özi jazosini bergan – közlari ojiz, joyidan qimirlolmay qolgan. – Juda kam odamda beş sotixmi, olti sotixmi yeri bölardi. Rais paxta dalasida işlaydigan paytda özining yerida işlayotganlarni körsa, öşa kuniyoq, yerda qanday ekin bölişiga qaramay tekislatib taşlardi. Bir kuni bizni ham yerimizda işlayotganimizni körib qoldi.

– Nega paxtaga çiqmading? – dedi.

– Jon uka, yarim soat, bir soatlik işimiz qolgandi. Hozir tugatib qolamiz, – dedim.

Gapim tugamay, “he öşa seni…” – deb, hayqirgança zörğa kökartirgan piyozimning mitti nihollarini tepib, ezğilab, bir imo bilan ortidan ergaştirib kelgan traktorni ekinli yerga yurgizib yubordi. Şu bilan hamma mehnatlarimiz kökka sovrilib, qayta ekdik. Bobongiz uzoqqa öqişga ketgan, yolğiz özim hammasini eplaşga harakat qilardim. Ayol boşim bilan yarim keçada borib yerga suv ham qöyganman. Suv serob edi-yu, raislar bizni tomorqalarga bermas edi. Tunda yaşirinça olardik. Bir safar borsam dalaga suv qöyilibdi. Hayron bölib qaytaverdim, keyingi safar qarasam, yana qöyilgan. Uçinçi bor esa doimgidan vaqtliroq bordim: Qöşni mahalladagi Roziqvoy degan kişi yerimizga suv oçyapti. Meni körib: “Soliha opa, men ham har safar yerimga suv oçib şunaqa paytda yopgani kelaman, şunda bir yöla siznikiga oçayapman. Kelib ovora bölmang,” – dedi joying jannatdan bölgur. Hammaga yaxşilik qilib, köpning duosini olib yurardi. Erta vafot etgani yomon böldi-da. Xullas, tomorqamizda işlayotganimizni körib qolmasin deb, qörqib, maşina yoki otliqning ovozi uzoqdan eşitilişi bilan darrov çangallarning orasigami, ariqning içigami, özimizga qulay pana joyga yaşirinib olardik. Katta raislar qop-qora maşinada yurgan, brigadirlar otda edi. Har ikkalasiniyam boşida şlyapa. Şular yölda körinsa katta-yu kiçik yaşirinib, köziga körinmaslikka harakat qilardi.

Yana bir zolim brigadir bor edi: ayollarga juda şafqatsiz, nuqul mehnat kunimizni qisqartirib yozardi. Bir safar Karomatxon degan şaddod ayol: “Kelinglar, şu odamni tavbasiga tayantirib qöyaylik, nima hammamiz bir bölsak eplolmaymizmi?” – deb qoldi. Hammaning köngliga bu tomoşani iştiyoqi tuşib, rejalar tuzişga kirişib ketişdi. Öşa kuni keçga yaqin kelib brigadir hammaga baqirayotganda uçta ayol bir bölib, yerga yiqitdi, qolganlar kelib qöl-oyoğini arqon bilan boğlab taşladi. Doim boşimizda qamçi aylantiradigan odamning yerda dumalab: “Böldi tavba qildim, böldi qilinglar,” – deb yolvorişi kulgili tuyularkan. Karomat şaddod: “Xöş, endi mehnat kunimizni töğri yozasanmi?” – deyaverganidan “opa, siznikini ortiği bilan yozaman” deb baloga qolgan. “Men sendaqa xaromxörmasman, şu gaping uçun ham mana senga,” – deb, suvi yöq bir çuqur hovuzga dumalatib yuborgandi. Böldi kulgu, böldi tomoşa. Öğli tuhmatdan qamalib, çehrasi yorişmay qöygan bir xola bor edi. Öşanda birinçi marta qiyqirib kulganini körgandik. Ammo ertasi kuni Karomatxonni melisa olib ketgan. Melisalardan ham rosa qörqardik. Ular pat-pat minib yurgan. Ikkita melisa har kun ertalabdan uylarni aylanib, dalaga ketmaganlarga ödağaylab, bolang kasalmi, özing kasalmisan, qarab ötirmay dalaga haydagan. Biz ham dalaga sal keç qolgan kunimiz, Azizjon, seni dadang, köçaga qarab turardi. Köchaning boşida melisa körinib qolsa “Ayajon, yelmisa kelyapti, yuring ketaylik, tezroq çiqib ketaylik” deb yalinardi.

Abdusalim menga qarab kuldi.

– Dadam “melisa” deyolmagan ekanlar-a? Hali kelsalar özlariga aytamiz “yelmisa nima?” deb, – hammamiz kulib yubordik.

QIŞLOQDA NON OZ, MEHR KÖP

 

Dalada begilangan işini soğliği kötarmay eplolmagan odamlar nonsiz qolganida, noçor bölsa-da mahalla, köy yordam bergan. Uyimizning qarama-qarşi tomonida Xayriya xolalaring bor-ku, taniysizlar-a?

– Taniymiz. Kasal bölsak kinna solib qöyadigan xolami? – dedi Hikmatilla.

– Ha, öşa xolalaringning onasi qattiq kasal edi, melisa nimaga işlamay yotibsan deb dalaga haydagan. Majburan dalaga çiqqan ayolning kasali zöriqib, keyin yurolmay qoldi. Yurolmaydigan odam qanday non topardi. Işlamagan odamga non yöq. Mahalladagi qurbi yetganlar har kun topgan nonidan ozgina-ozginadan töplaşsa, bitta oila töysa böladigan non çiqar edi. Hamma bir bölakdan bersa, biz bitta non berardik. Çunki bizning oiladan men, akalarim, opalarim ham işlab boşqalardan köp non olardik.

– Buvijon, öşaning uçun bizga kinna soldirganingizda pulingizni olmay: “Sizdan umrbod qarzdorman, pulingizni qanday olaman, opa” deb aytar ekanlar-da, – dedi Hikmatilla.

– Ha.

– Qişloq odamlarining boşqaçaligi şunda-da. Qaçonlardir bir-biriga mehnati singgan, oğir kunlarida begonalardan özining jigaridek yordamini ayamagan, bitta dardda qovrilib, bir tan-u bir jon bölib ketgan. Va buni heç qaçon unutmaydilar.

Uruş tugagan edi. Katta akam betob bölib, bir neça haftagaça issiği umuman tuşmagan. U davrda şifokor, tabiblar qayda. Faqat romçilar bölardi, kasal bölgan borki, romçiga yugurgan. Odamlar arzimagan dardni ham aritolmay uvol bölib ketgan. Onamning ham boşqa iloji qolmagaç, topganini olib, akamni romçiga olib borganmiz. Borsak, nima emiş, eşakni söyib terisiga öralsa soğayib ketar ekan. Bizda eşak nima qilsin, kunda topgan noniga tirikçilik qiladigan kambağal oila bölsak. Boşqa yöli yöqmi deb yalinib-yolvorgan onam rahmatli. Romçi: “Bölmasa bitta eşakday keladigan xöroz topib qon çiqaring” degaç qişloqni kezib, eşakday xöroz izlaganmiz. Bir beva ayolning ikki xörozi bor ekan. Mayli beraman, faqat qon çiqazgaç göştini qaytarib keling degan şart bilan bergan. Şörlik noçorgina, ikkita yoş bolasi bor edi. Xörozni söydik, ismi-rasmini qildigu, qaytarib olib bordik. Yaxşi ayol ekan “Buni bolangizga şörva qilib bering, darmon böladi” deb xörozning bitta oyoğini qaytarib bergandi. Haligaça öşa ayolning çehrasi közimni oldidan ketmaydi.

– Ajin bosgan nurli yanoqlaridan horğingina, ustma-ust sizib tuşayotgan köz yoşlarini körib buvimga yopişib oldik.

– Böldi, buvijon, yiğlamang, – Abdusalim buvimning boşini silayverib, römolini yelkasigaça tuşirib qöydi.

– Buvijon, böldi, endi sizni yiğlatadiganlarini aytmang, haliginaqa faqat kuldiradiganlaridan, raisni çuqurga taşlaganlaring boru, öşanaqalaridan yana aytib bering. Xöpmi? – Buvimning yuzlaridagi yoşni artib söradim. Hikmatilla buvimga çoy quyib uzatayotganda:

– Buvijon, çoy içing. Agar hammasi yiğlatadigan bölsa, mayli aytmay qöyaqoling, – dedi yana.

– Yöq, bolalarim, men xursand bölib yiğlayapman. Yaxşi odamlarning köpligidan yiğlayapman. Sizlar ham xafa bölmanglar. Şunaqa yiğloqiman-da. Sizlarga rosayam yaxşi yana bir inson haqida gapirib beraman. Katta akam betob kunlar edi. Evakutsa qilib…

– Evakuatsiya qilib, – jilmayib buvimning xatosini töğirladim.

– Ha, öşanaqa qilib, xullas köçirib bir qança tatarlarni bizning qişloğimizga olib kelişgan. Bizning uyda ikkita xona borligi uçun bittasini tatar oilalardan biriga ajratib berganmiz. Voy haligilar-çi özbekçaniyam bilar ekan, örisçaniyam bilar ekan. Bizning uyda yaşaydigan tatar ayol akamni kasal ekanini bilib, darrov davolaşga kirişib ketdi. Özi döxtir ekan. Biz umrimizda körmagan bir narsalarni içirib, badaniga ham nimalardir surtib, bir pasda soğaytirib yuborgan. U vaqtda dorilar qoğozlarga örab berilarkan-da. Mengayam har kuni içib turgin deb qoğozda dori bergan. Yaxşiyam tatarlarning kelgani, öşa ayol bölmaganda akam şörlik ölib qolarmidi? – Buvim özini zörğa yiğidan tiyib gapida davom etdi. – Qişloğimizda kasal odamning özi qolmagan. Uni uzoq joylardan izlab kelişardi. Opam köp şamollar edi. Öşa tatar ayol issiq-issiq sut içsin degan. Qişloqda sanoqligina odamlarda sigir bölgan. Bitta sigiri bor ayol ahvolimizni körgaç, har tongda beş-olti köça naridan bir kosa sut olib kelardi. Tatar ayol ham qişloğimiz odamlariga hayratlanib, “Dunyoda özbeklardek xalq boşqa bölmasa kerak,” – derdi.

– Öşa ayol hozir qayerda, buvijon? Siz bilasizmi? – söradi Abdusalim.

– Ön yilça bölib qoldi-yov. Vafot etgan. Tobutini xalq kötargandi. Oxirati obod bölsin!

– Bizning yoşda nimalar qilgansiz? – dedim men.

– Sizning yoşingizda qornimizni töqlaş uçun dalalardan maşoq terib kelardik?

– U nima, buvijon?

– Buğdoylar örilgaç yerga tökilib qolganlari böladi. Öşaniyam körib qolsa urib, olib qöygan. Yaşirinib, bir yölini qilib, kim qança tersa, öşani tegirmonda unga almaştirib olardik. Undan ayam hammamizga bittadan nonni amallab çiqarib berardi. Menga kiçkina kulçaça, opamlarga sal kattaroq, törttala akamgayam amallaganiça çiqarib, undan ortsa özlari yeb, bölmasa sotib, puliga yana un olib, non qilib sotgan. Kolxoz idorasi bilan uyimiz bir devor edi. Ovqat qilib ber deb şoli çiqarişardi. Uni tuyib guruçidan ovqat qilib idoradagilarga bersa, qolgan oqşoq, kurmagidan bizgayam biror yegulik qilib berardi. Ayam şunaqa tadbirkor bölganlari uçun ham boşqalarga öxşab ajiriq, kunjaraga qolgan kunimiz bölmagan. Qişloqda oçarçilik avj olganda, odamlar kunjara yeb, işib ketgan, yoş-yoş bolalar, keksalarning aksariyati şundan vafot etgandi. Maktabga ham deyarli bormaganmiz.

– Voy maza-ku, – Hikmatilla jilmayib qöydi.

– Ha, birpasda maktabdan zerikdingmi, bolam? Bu şaroitlarda öqiş baxt-ku. Men judayam maktabga borişni istaganman. Nima qilay, maktabga borsam, yeguliksiz qolardim. Özim boşoq termasam, akalarimning birortasi oç qolib, özinikini menga berişiga töğri kelardi. Keyinroq katta bölib, dalada işlab non oldim. Şu boşoqni deb xolamni qamab qöyişgandi. Bolalari katta xaltasini töldirib daladan çiqayotganini rais körgan-u, ularni kaltaklab, xaltasini olib qöygan. Uyida yeguligi yöq bölgan bolalar yana boşoq teradi. Yiğlab uyga qaytsa, onasi uyda yöq. Bolalarini maşoq terişga çiqargani uçun xolamni melisalar olib ketişgan ekan. Qöşnisi ularni yetaklab onasining oldiga, melisaxonaga olib borgan. Ayam bilan borganimda körgandim. Xolamning kenjatoyi qamoqxonaning devorlarini tepib-tepib: “Ayamni çiqaringlar, iltimos” – deb yiğlaganlari quloğimning ostida hozirgidek jaranglaydi. Onasini körsatişga ruxsat berganda panjarani tatalab oçmoqçi bölgandi. Hamma yiğlagan, lekin öşa yerdagi melisalar umuman parvo qilmay, toşdek turavergan. Öşa yerga yaqinini körişga kelgan bir amaki ahvolimizni körib, melisalardan suriştirgan. Keyin ularga: “Bir xalta buğdoyga şunçalik qilasanlarmi, iymonsizlar, qöyib yubor bularni, öşa bir xalta buğdoyni men beraman senga” – deb, katta boşliqning oldigaça borgan. U kişining kim ekanini ham bilmaymiz. Ertasiga xolamni qöyib yuborişgan. Voy bolalarining quvonganini… Kiçkintoyi: “Ayajon, endi qaytib boşoq teymemiz, oç qolsak ham mayli, sizni yana qamab qöymasin” – deb, hammani yiğlatgandi. Şunaqa, bolajonlarim. Sizlar öynab turinglar-a, men qöylarga öt yulib berişim kerak.

– Buvijon, biz ham boramiz, sizga yordam beramiz, bolalar, qani turinglar! – özim birinçi bölib turdim. Çopqillagança hovlining orqa tomoniga ötdik.

– Mana bu bodring palagi, yaxşilab tanib olinglar, şundan boşqa hamma ötlarni yulaveringlar, – dedilar buvim. Öz-özidan kim birinçi köp öt yulib bölişga kirişib ketdik. Abdusalimning norozi ovozi eşitildi:

– Men töplagan ötlar qani? Kim oldi, aka, sizmi? Bering deyapman. Bölmasam dadamga aytib beraman.

– Men olmadim.

– Bölmasa kim oladi? Siz olgansiz. Bering, – dedi endi yiğlamsirab.

– Biz uruşmaslikka kelişgandik-ku. Nega sözingda turmayapsan?

– Rostdan siz olmadingizmi? – yuvoş tortib qayta söradi ukam.

– Iyi, anavi yerda ekan-u, topdim. – Ukam aybidan uyalib boşqa gapirmadi. Buvim Abdusalim yulgan ötlarni qöyga berayotanida, bir qança bodring palaklariga ham közi tuşib qolibdi.

– Hay, Abdusalim. Buni nimaga yulding. Men senga tanib ol demabmidim. Mayli endi hammangiz oldimga keling-çi. – Buvim etagini töldirgan mevalardan bizga ulaşdilar:

– Mana Hikmatilla, sen köp öt qilganing uçun uçta, Azizjon ozroq qilgani uçun ikkita, Abdusalim palaklarni ham yulib olgani uçun jarima sifatida bitta dona beraman. Ana, yaşanglar, dastyorlar. Işimiz tamom.

YaŞASIN HAŞAR!

 

Yana tong saharlab xörozboy qiçqirdi, dimoğimga tandirdan yangi uzilgan non hidi, kelinoyim hovliga suv sepgaç buvim ekkan rayhon hidi urilib, jannat havosiday tatib ketdi, uyqudan turmasimga qöymadi. Nonuştani boşlaganlarida uyğonibman. Dasturxon atrofida hamma iştaha bilan nonuşta qilyapti. Bugun barvaqt uyğonmaganimga rizqimni töliq ololmabman-da, deb öyladim. Ammo unçalik keç qolmabman. Men dasturxonga ötirişim bilan buvim bir kosa, yuzasi qalin qaymoqlagan, muzdek sutni oldimga qöydilar. Qölimni kuydiray-kuydiray deb turgan nonni şundoq sutga botirdim-u, sutga bökkan nonni avaylab oğzimga soldim. Umrimda bunaqa şirin nonuşta yemagandim. Qişloqning suti bizning dökonlardagi sutdan şirin bölar ekan. Buvimdan yana sut söramoqçi bölib turgandim:

– Guruçdan oldingmi? Jiyda bilan, tutmayiz bor edi. Ulardan ham olib ket. Ayvonda turibdi, – dedilar buvim dadamga. Nimaga unday deyaptilar. Nima, biz bugun ketamizmi? Yöq, işqilib ketadigan bölmaylik-da, – deb qörqibgina dadamdan söradim:

– Dada, bugun ketamizmi?

– Ha, ketamiz. Tezroq tamaddi qilib ol. Yölda oçqab qolasan bölmasa.

– Meni qişloqda qolgim kelyapti, – dedim şoşib.

– Öğlim, ayangiz sizlarni soğinibdi, ketmasak bölmaydi, men işga borişim kerak. Sen bölmasang ukang yolğizlanib, zerikadi. Boşqa safar kelganimizda qolarsan, böptimi? Özing aqlli bolasan-ku a? – Dadamni yerga qarab jimgina eşitdim. Şu bilan heç kim heç narsa demadi. Buvim bilan istab-istamaygina xayrlaşdik. Bizga oq yöl tilab qöllarini fotihaga oçgandilar, yiğlagim keldi. Judayam-judayam qolgim kelyapti qişloqda. Buvimning ertaklarini, dala havosini, tongning ajabtovur “navo”larini soğinib-soğinib yuraveraman ekan-da!

Abdusalim ikkimiz maşinaning orqa oynagidan to ular körinmay qolguniça qöl silkib ketdik.

– Dadajon, endi yana qaçon kelamiz qişloqqa? – dedim.

– Bilmasam, meni işlarim kamayişi bilan ayangni, singlingni olib kelamiz-da, Toşkentga ketaylik demaguningizgaça şu yerda qolamiz.

– Unda heç qaçon ketmas ekanmiz-da. – Abdusalimning kayfiyati kötarilib gapga qöşildi. Könglimdagi ğaşlik tarqaganday böldi. Qaçondir albatta töyib-töyib öynab ketişimizni bilib, xursand böldim. Maşina sekinlab, juda köp odamlar töplangan, quriliş bölayotgan bir uyning oldida töxtadik.

– Dadajon, nimaga töxtadik? – bir pas ham jim turolmaydigan Abdusalim savol berdi.

– Hozir, öğlim. Örtoqlarimni körib qoldim, söraşib olay. Qani, sizlar ham tuşinglar, – dadam örtoqlari bilan quçoq oçib körişib ketdilar. Şovqin-suron, kulgu kötarildi. Amakilar, çöntaklaridan pulmi, şirinlikmi çiqarib qölimizni töldirib taşlaşdi.

– Ha, Jamol, quriliş qilyapsanmi? – Dadam özlaridan kattaga öxşaydigan, semiz, möylovi bor amakini senlab gapira ketdilar.

– Ha, keça izlab-izlab quruvçi usta topib kelsam, bular bir bölib uni ketkazvoribdi. Biz turganda usta nima qiladi, haşar qilinsa darrov bitadigan iş deydi, baraka topkurlar. Şunga bugungi işni boşlaymiz deb turgandik. Qaytyapsanmi Toşkentga? – Dadam u kişining savolidan keyin biroz önağaysizlandi-da, keyin nimagadir:

– Yöq, hali beri ketmayman. Döstim uy qursa-yu men qatnaşmay ketamanmi? Men hozir haşarbop kiyimlarni kiyib kelay, uying bitmasdan ketmayman, bilib qöy, – deb dadam rulga ötirdilar. Maşina ortga qaytar ekan, Abdusalim söradi:

– Haşar nima, dadajon?

– Haşar – biz özbeklarning eng yaxşi odatlaridan biri. Qiyinroq yumuşi bor odamlarga imkon topgan yaqinlari, mahalla-köy köplaşib yordam beradi. Masalan, bu haşarda uy qurilyapti. Odamlarning köpligini kördingmi? Köpçilikning qölidan heç iş qoçib qutilolmaydi-da. Ayniqsa, bizning qişloqdagilar haşar bölsa şoşib qoladi. Çunki uning öziga yaraşa gaşti, fayzi böladi. Savobi ham katta. Bunda birov birovga pul tölamaydi, yordam berganlardan qarz ham bölmaydi. Çin köngildan, beminnat işlaş uçun kelinadi haşarga, – dedilar dadam. Men şoşib söradim:

– Dada, haşar qilib uy qurilsa qançada bitadi?

– To uyning tomi yopib olingunça uç-tört kun ketsa kerak, – dedilar dadam. Abdusalim tabassumdan qisilib ketgan közlari bilan menga qaradi. Men ham quvonçdan özimga siğmay ketdim. Rosa sakragim keldi. Oh, qanday zör iş böldi-ya. Qanday yaxşi! Yana uç-tört kun buvijonimdan turli hikoyalar eşitib, dalalarga çiqib, qişloq tongidan bahra olib, tunda yana buvimdan ertak eşitib uxlaymiz. Yaşasin haşar!

(Jurnal varianti)

Dinora RAHIMOVA

“Yoşlik”2012/6

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)