10 daqiqada öqiladi

382 marta körilgan

Ustozlardan yuqqan “nuqson”

Boşdan ötgan hangoma

Keçagidek esimda, birinçi maşqim oltinçi sinfda öqiyotganimda “Tong yulduzi” (sobiq “Lenin uçquni”) gazetasida bosilgan edi. “Qirğiziston haqiqati” respublika gazetasida hajviy şeʼrlar uçun eʼlon qilingan tanlovda ikkinçi örinni olganimdan söng musahhih bölib işlaşga taklif qilişgan.

1958-yilning may oyi edi. Muharririmiz Nömon Ğulomov Qirğiziston Yozuvçilar uyuşmasining raisi, atoqli şoir Suyunboy Eraliyev meni yöqlayotganini aytdi. Uyuşmaga borsam, Suyunboy oğa hovlida çust döppili, pörim kiyingan, yuzi fariştali bir kişi bilan gurunglaşib turardi. Söraşib bölgaç, oğa menga hamsuhbatini taniştirib: “Mehmon ustoz şoir Mirtemir böladilar. “Manas”ni tarjima qiliş maqsadida kelganlar. Bir hafta ustozga hamroh bölasiz, işxonangiz bilan kelişib qöyganmiz”, deb gapning indallosini aytdi. Uluğ ustoz, alloma inson bilan tanişuvimiz şu tarzda boşlangan edi. Fanlar akademiyasining Manas sektorida ikki kun bölgaç, “Olatoğ” jurnalining boş muharriri, taniqli şoir Sovranboy Jusuyev hamrohligida Talas şahriga safar qildik. Manas qabri ziyoratida şoir Talant Boyqobulov birga böldi. Mirtemir domla eposni yoddan aytuvçi oqinlar bilan yuzma-yuz uçraşib, suhbatlaşdi. Baʼzi maʼlumotlarni yondaftariga yozib oldi. Haftaning sönggi kunida Bişkekka qaytdik. Yakşanba oqşomida ustozni poyezdda Toşkentga kuzatdik. Mirtemir domla vaʼdasiga binoan 1959-yilning aprelida yana Bişkekka keldi. Temir yöl vokzalining röparasida yangi qurilgan “Tiyonşon” mehmonxonasiga joylaşdi. Bir hafta davomida “Manas”ning bir neça variantini örganib, olimlar, oqinlar bilan dildan suhbatlaşdi. Uluğ adib Çingiz Aytmatovning maslahatiga binoan, eposning maşhur oqin Sayoqboy Qoralayev varianti böyiça naşr etilgan qismini özbek tiliga ögirişga kelişib olindi. Mirtemir akaning Talas, Öş va Issiqkölga safari “Qirğiziston ilhomlari” nomli maşhur turkumning yaralişiga sabab böldi. Turkumga kirgan dastlabki şeʼrlar ilk bora gazetamizning qöş sahifasida eʼlon qilindi. Oradan köp ötmay bu turkumni Tumanboy Boyzoqov va Sovranboy Jusuyev qirğizçaga ağdarişdi.

Ustoz Bişkekdan qaytiş arafasida: “Bötam, gazetada bosilgan maşqlaringiz bilan tanişib çiqdim. Jujuqlarga yoziş hammaning ham qölidan kelavermaydi. Qudrat Hikmatning şeʼrlariga ohangdoşlik bor. Söz ustida işlaş sanʼatida biroz oqsaysiz. Kelgusi yilning avgust oyida “Dörmon” ijod uyida yoş qalamkaşlarning kengaşi rejalaştirilyapti. Nasib etsa, sizni ham taklif qilamiz, öşanda Qudratvoy bilan taniştirib qöyaman. U talantli, qattiqqöl ijodkorlarimizdan”, dedi.

1960-yilning avgustida Mirtemir domla jönatgan rasmiy taklifnomani olib, “Dörmon”da ötgan kengaşda iştirok etdim. Şu yerda Töra Sulaymon, Yöldoş Sulaymon, Safar Barnoyev va Habib Rahmat bilan döstlaşdim. Ustoz vaʼdasiga binoan bolalarning sevimli şoiri Qudrat Hikmat bilan uçraştirdi. Qudrat aka seminar rahbari bölgani uçun bolalar adabiyotining öşa kezdagi taniqli vakillari Hakim Nazir, Quddus Muhammadiy, Şukur Saʼdulla, Tolib Yöldoş va Pölat Mömin bilan bizni yaqindan taniştirdi. Kengaş qatnaşçilaridan Yöldoş Sulaymon, Olim Mahkam, Obidjon Yusupov va Obid Rasulning qölyozmalari jiddiy tahlil qilindi. Ularning asarlaridan baʼzi namunalar almanaxlarda çop etiş uçun tanlab olindi. Seminar davomida vaqtli matbuotda şeʼrlari çiqqan tengdoşlarimizga havas qildik.    

Muhokama jarayoni köpkariga birinçi marta kirgan uloqçini yodimga soldi. Çöbir otga har qança qamçi urmang, u qaşşang tortadi, taysallaydi. Maşqlarimizda çöğ bölmasa, uni yaltiroq sözlar hisobiga bezaş bilan uzoqqa borib bölmas ekan. Ayniqsa, Tolib Yöldoş va Qudrat Hikmatning Obid Rasul şeʼrlari böyiça bildirgan fikrlari, örinli mulohazalari bizga ibrat böldi. Çamamda, ustoz Mirtemir men haqimda şipşitib qöyganmi, qölyozmalarimni muhokamaga qöyişga Qudrat aka röyxuşlik bermadi, faqat özimga “Seminardan keyin gaplaşamiz”, deb qöydi. Bu “Maşqlaring ança dumbul” degani edi. “Dörmon”dagi kengaşdan söng ikki kunga qolişimga töğri keldi. Qudrat aka bilan bir kun Toşkentni tomoşa qildik. Ikkinçi kuni ustoz Çilonzordagi bir xonali uyida qölyozmalarimni boşdan-oyoq, satrma-satr tahlil qilib berdi: öttizta şeʼrdan atigi uçtasining nuqsonlarini körsatib, jiddiy işlaşimni uqtirdi. Samuil Marşakka taqlid qilib qoralagan “Gazeta qanday çiqadi” sarlavhali balladamni qayta yozişim kerakligini aytdi. Bolalar uçun yozilgan şeʼrlar qisqa böğinli, lönda, quvnoq, voqeaband va yangi qofiyalarga töyintirilgan bölişini taʼkidlab, jahon adabiyotini izçil öqişimni maslahat berdi. Xullas, ikki yölning örtasida qoldim: gazetada işlaşim kerakmi yoki bolalar adabiyotini tanlaganim maʼqulmi? Qora qozonni qaynatiş uçun tahririyatda işlab turişga töğri keldi. Ikki oy davomida Qudrat akaning eʼtiboriga tuşgan uçta şeʼr va balladani qayta işlab, ustozga jönatdim. Şeʼrlarimning “Gulxan” jurnalida çiqişi men uçun haqiqiy bayram böldi. Balladam esa 1962-yilda naşr etilgan “Buni toping, bolalar, aytib bermang, onalar” nomli almanaxda bosilişi kaminaga qanot bağişladi.

Ha, ustozlar masalasida meni Tangri yarlaqadi. Ular tufayli “Dörmon”dagi ijod uyida ötgan keyingi ikki seminarda ham iştirok etib, döstlar orttirdim, öz ustimda jiddiy işladim. 1969-yilning kuzida işxonamga Barot Boyqobilov qönğiroq qilib, “Yoş leninçi” (hozirgi “Turkiston”) gazetasida Qudrat Hikmat menga oq yöl tilaganini aytib tabrikladi. Navbatdagi tadbirlardan birida Mirtemir domla qirğiz adabiyotidan tarjimalar qilişga daʼvat etdi. Ustoz vaqtli matbuotda işlayotgan şogirdlariga ham tayinlagan bölsa kerak, “Mirtemir muallim sizni tavsiya qildi”, degan mazmunda xatlar ola boşladim. Talabalik çoğimdayoq “Kamolning olmasi” nomli birinçi kitobim bosilib çiqdi. Havolanib ketdim şekilli, öşa kezlari ötkir kinoyalari, taqlidlari bilan köpçilikning eʼtiboriga tuşgan Erkin Vohidov, Anvar Eşonov, Yusuf Şomansur kabi oğalarimga ergaşib parodiyalar yoza boşladim. Ustozim Qudrat Hikmatning ögiti u quloğimdan kirib, bunisidan çiqmaganida – Şukur Saʼdulla bilan Pölat Mömin kabi ustozlarning ğaşiga tegib parodiya yozmagan bölardim.

Mustabid tuzumning biz ilğamagan qonun-qoidalaridan biri şunday edi: qardoş respublikalardagi özbek ijodkori uyuşmaga ötadigan bölsa, tavsiyanomalarni partiya taşkiloti kotibi tasdiqlab, muhr bosişi şart edi. 1965-yillarda ustoz Şukur Saʼdulla Yozuvçilar uyuşmasida partiya taşkilotini boşqarardi. Şukur akaning “Ozod diyor” sarlavhali şeʼriga bağişlagan parodiyam “Muştum” jurnalida bosilgaç, maşmaşa boşlandi. Şukur aka Mirtemir domla bilan Qudrat akaning kaminaga bergan tavsiyanomalarini tasdiqlaşdan boş tortdi. Men uçun taşvişli bölgan öşa kezlarda Ğafur Ğulom naşriyotining röparasidagi kitob dökonida Mirtemir domla bilan Töra Sulaymonni uçratib qoldim. Ustoz söraşayotib: “Kişi baloga qolurmi öz ixtiyori bilan”, deb yelkamga qoqib qöydi. Çamasi, parodiya maşmaşasi haqida Töra Sulaymon şipşitib qöygan. Mirtemir aka taksi töxtatib, Töra Sulaymon ikkimizni Yozuvçilar uyuşmasining 1-may köçasidagi binosiga olib bordi. Şukur akaning xonasi oçiq, ammo özi yöq ekan. Galina ismli kotiba Mirtemir akani tavoze bilan kutib oldi. Partiya taşkiloti rahbari Markazqömda majlisda ekan. Kotiba rasmiy qoğozlarimizni tasdiqlab berdi. Keyin ustoz bizni “Şarq” restoranida mehmon qildi.

Ança şov-şuvga sabab bölgan öşa parodiyani sevimli jurnalimizning muxlislari ham bir öqib körişsa, ijodkor uçun xolis gapni aytiş öşa zamonlarda oson keçmaganini his qilişar…

QISQASI, PALON-PISTON

Şukur Saʼdullaga

“Dalalaring boğiston,

Toşloqlaring toğiston.

Rostin aytsam, özingsan

Mangu çaman guliston”.

                            “Ozod diyor” sheʼridan

                * * *

Özbekiston boğiston,

Qirğiziston toğiston.

Tiyonşondan ötsangiz,

Naryoği Qozoğiston.

Olatoğu Tangritoğ

Ğaroyib toşloğiston.

Kavkazda-çi Elburus,

Maxaçqalʼa – Doğiston,

Qisqasi, palon-piston,

Yozsangiz bölar doston.

(1965-yil).

Har ikki ustozdan şogirdparvarlikni, xolislikni örgandim. Mirtemir domlaning daʼvati bilan qirğiz adiblarining bir talay asarlarini özbek tiliga ögirdim. Qudrat Hikmatdan töğrisözlikni, talabçanlikni, şeʼr ustida işlaşni, kiçkintoylarning söz boyligini hisobga olgan holda yozişni örgandim.

1965-yildan 1990-yilga qadar 15 ta kitobim, 20 ta tarjima asarim çop etildi. Rus, qozoq, qirğiz, tojik va latiş tillariga ögirilganlarini qöşsak, umumiy adadi ikki milliondan oşadi. 1990-yildan 2013-yilgaça esa 10 ta kitobim, 5 ta tarjima asarim yarim million nusxada bosildi. Korney Çukovskiy, Samuil Marşak va Jovanni Rabonining saylanmalari tarjimasi ikki-uç martadan çop etildi. Özbekiston ramziy maʼnoda bolalar yurti. Demak, kitoblarimizning adadi şunga yaraşa bölişi kerak.

Ijodkor jamiyat bilan hamqadam bölişi lozim. Atoqli adib, ustoz Odil Yoqubovning mustabid tuzum davrida özbek paxtakorlarining oğir mehnati haqida SSSR Oliy Sovetining sessiyasida sözlagan otaşin nutqini bir eslaylik. Şoir Şavkat Rahmon bilan jurnalist Yoqubjon Xöjamberdiyevlarning Öş va Özganda yuz bergan voqealar bilan boğliq turkum maqolalari, taniqli adib Dadaxon Nuriyning tabiatni muhofaza qiliş mavzusidagi çiqişlari ibrat olişga arzigulik.

Men ham bolalar adabiyotining bir vakili sifatida yozgan asarlarimizga nisbatan töğrisöz böliş, xolis fikr aytiş tarafdoriman. Sababi, qahramonlarimiz tabiatan rostgöy kitobxonlar, yolğonni ular kattalardan örganadi. Ermak uçun yozilayotgan bemaza şeʼriy kitoblar, peştaxtalarda bosilib yotgan saylanmalarni körganda buyuk adib, ustoz Abdulla Qahhorning qadri ötayotganini his qilamiz. Ibrohim Ğafurov va Yöldoş Solijonovdan taşqari köpçilik adabiyotşunoslarimiz ehtiyotkorlikni, murosasozlikni şior qilib olişdi. Şu jumladan, bolalar adabiyoti uçun maqtaşga arzigulik işlarni qilgan olimlarimiz ham hozirça sukutda.

Aybim – töğrisözligim. Bu “nuqson” ham ustozlarimdan yuqqan. Qolmişiga qahramonlarimiz – bolajonlar yolğon gapirişmaydi. Kiçkintoylarning ulkan adabiyotida eng qiyin soha maktabgaça yoşdagi farzandlarimizga şeʼrlar yoziş. Bu borada döstim şoir Habib Rahmatga qoyil qolaman. Xudo rahmat qilgur Hamza Imonberdiyev ham şu sohada öziga xos maktab yaratib ketdi.

Kutubxonamdagi kitoblarning köp qismiga “Parodiya yozmaslik şarti bilan” qabilidagi dastxatlar bitilgan. Bolalar adabiyotiga umuman daxli, maʼnaviy haqqi yöq baʼzi jurnalistlar, ayrim olimlarning kiçkintoylarga atalgan töplamlarga sözboşi yozişi, “oq yöl” tilaşi urfga aylandi.

Kunlarning birida yaxşigina şeʼrlar yozayotgan ukalarimdan biri Dilmurod Döst: “Mening maşqimga parodiya yozibsiz”, deya öpkalab qoldi. Dilmurod bilan eryigitning uvvos tortib yiğlaşi töğrisidagi qöşiqlar urçib borayotgani haqida dildan suhbatlaşdik. Xuddi öşa kuni oqşomda zangori ekranda pörim kiyingan xonanda torni çertib, “Töying kuni töyib yiğladim” qöşiğini ayta boşladi. Qizlarning huzurida yigit kişining köz yoş tökişini bir tasavvur qiling-a! Bu – yigitlarning baçkanalaşib borişiga daʼvat emasmi? Şunaqa vaqtlarda zabardast şoirimiz Abdulla Oripovning quyidagi satrlarining qadri yanada ortadi:

 

…U qöşiq kuyladi yor şaʼniga mast,

Na kuldi, na tökdi qatra yoşini.

U mağrur kuyladi, qiz esa şu vaqt

Huzuriga keldi egib boşini.

Şeʼrlari parodiya qilingan baʼzi döstlarimiz gazeta va jurnallarga uzundan-uzoq şarhlar, tuşuntirişlar yozişadi, gina-kudurat qilib internet orqali suhbatga çorlaşadi. Buning örniga, kaminaning ham maromiga yetmagan, hissiyot ustun kelganda yozilgan, özimni özim takrorlagan maşqlarimga qoyillatib parodiyalar yozişsa, qaytanga xursand bölardim. Bu – öziga xos mardona munosabat bölardi. Adabiyot, menimça, mana şunday beğaraz bahslarda takomil topadi.

Uluğ allomalarimizning nomini hadeb sanab ötiş örniga, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino haqida, Qori Niyoziy, Habib Abdullayev, Ibrohim Hamroboyev, Toşmuhammad Sarimsoqov, Saʼdi Sirojiddinov, Yolqin Töraqulov haqida bolalar va ösmirlarga möljallangan badiiy-hujjatli asarlarga tanlovlar eʼlon qilişning vaqti yetdi. “Çumçuq söysa ham, qassob söysin” deb bekorga aytilmagan. Kiçkintoylar adabiyotining “nonini tuya qilib” naşr etilayotgan baʼzi kitoblarni körib, “Esiz qoğoz, esiz mehnat!” deysan. Kattalarga durustgina şeʼr va ğazallar yozib yurgan bir ukamizning “5 baho olgan kunim” deb nomlangan kitobini olib, muallif hisobidan xijolat çekdim. Qalamkaş döstlarimiz Zafar Isomiddin, Sodiqjon Inoyatov va Xudoyberdi Komilovning bolalarga bağişlangan kitoblarini bir varaqlab çiqsa yomon bölmasdi. Qisqasi, har kim qölidan kelgan işni qilgani yaxşi.

Bugungi özbek bolalar adabiyotining suyanç toğlari – ustozlarimiz Nosir Fozilov, Xudoyberdi Töxtaboyev, Miraziz Aʼzamlari hamda Erkin Malik, Anvar Obidjon, Habib Rahmat, Kavsar Turdiyeva, Muhabbat Hamidova, Qambar Otalari bor. Betakror şoir, marhum Rustam Nazarning izdoşlari Maʼmur Qahhor, Abdurahmon Akbar, Dilşod Rajab, Qözi Ismoil va Erpölat Baxt kabi ukalarimiz pand-nasihatgöylikdan xoli, puxta asarlar yozayapti. Yozuvçilar uyuşmasi “Ijod” jamoat fondi bilan hamkorlikda ötkazayotgan “Dörmon” ijod uyidagi seminarlarda iqtidorli yoşlar kaşf etilayotgani kiçkintoylarning katta adabiyoti bardavom ekanidan darak berib turibdi.

Respublikamizda amalga oşirilayotgan ulkan işlar, özgalar havas qilsa arzigulik qurilişlar, ayniqsa, tinçlik va xotirjamlik könglimizga ğurur bağişlab, yangi asarlar yozişga ruhlantiryapti.

Darhaqiqat, umr daryo ekan. Mana, yoşimiz ham bir joyni qoralab bormoqda. Allohga ming şukrki, diyonatli farzandlarimning ardoğidaman. Uç qizim, öğlim, qator nabiralarimdan könglim töq. Ular boşqa sohalarning egasi bölişiga qaramay, adabiyotimizning faol muxlisi.

 

Tursunboy ADAŞBOYEV Atoqli bolalar şoiri, publitsist va tarjimon. U 1939-yilda Öş viloyatining  Safed Bulon qişloğida tuğilgan. ToşDUni hamda Moskvadagi Jahon adabiyoti institutini bitirgan (1962). «Kamolning olmasi» (1964). «Biz sayohatçilar» (1966), «Olatovlik bölaman», «Arslonbob şarşarasi» (1969), «Surnay» (1970), «Nur daryo» (1975), «Guldasta» (1968), «Olatoğ-lolatoğ» (1978), «Oqböra tölqinlari», «Sovğa», «Arslonbob afsonasi» (1988), «Siçqonning orzusi», «Uç bötaloq va sirli qovoq» (1990), «Orzularim – qöş qanotim» (2003), «Oltin yolli tulpor qissasi» (2003) kabi töplamlari naşr etilgan. Uolter de Lamer, K. Çukovskiy, S. Marşak, L. Briyedis kabi şoirlarning asarlarini özbek tiliga tarjima qilgan.

“Yoşlik” 2013/11

 

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)