11 daqiqada öqiladi

1 044 marta körilgan

Otamning ijod laboratoriyasi

Ruxsora Oripova

Haqiqiy ijodkor uçun har bir asari bamisoli farzand. Zero, badiiy ijod namunasining yuzaga kelişi ham xuddi farzand tavalludi kabi dard, zahmat va mehnat samarasidir. Milliy adabiyotimiz, şeʼriyatimiz rivojida yangi davrni boşlab bergan uluğ şoir Abdulla Oripov şeʼrlarining yaratilişi jarayoni buning yorqin isbotidir. Biz, şoirning farzandlari, ijodning ana şunday iztirob-u hayajonga töliq lahzalariga guvoh bölganimizdan behad baxtiyormiz.

Har bir yangi şeʼrning yaratilişi benihoya ahamiyatli hodisa bölar edi oilamizda. Öşa takrorlanmas lahzalarni unutib bölar ekanmi, fikrimiz bir nuqtaga jamlanar, butun vujudimiz quloqqa aylanar, hozirgina qoğozga tuşgan söz durlarini qayta va qayta mutolaa qilar edik. Otamning öşa damdagi holatini sizga heç bir söz bilan tasvirlab bera olmayman. Bu jarayon ham zavqli, ham hayajonli, ham masʼuliyatli bölar edi.

Otam özbeklarga xos serfarzand oilada ösib ulğaygan. Sakkiz nafar farzand ustiga ikki yetim bolani asrab, tarbiya qilayotgan katta oilaning kenja farzandi bölgan. Bobom Orif bobo Ubaydullo öğli, kolxoz raisi, uzoq yillar ferma mudiri lavozimida işlagan. Suyagi mehnat bilan qotgan, dovyurakligi, xalqparvarligi bilan hurmat qozongan. Uruş yillari, oçarçilik avjiga çiqqan, buğdoy oltinga teng bölgan paytlar ekan. Öşanda bobom kolxozçilarga: “Kattaroq kaliş kiyib, xirmonga kiringlar, harna bir hovuç bölsa ham buğdoyli bölasiz-ku”, deb örgatgan ekan. Çunki frontga yuborilişi kerak bölgan buğdoydan bir kaft olgan odam qamalgan. Öşa kezdagi oğir va murakkab şaroit biz uçun bamisoli ertak bölib tuyuladi, hatto tasavvurimizga keltirişimiz qiyin. “Yaxşi nom boqiy” deganlari rost ekan. Qarangki, bobomning öşa qiyin davrlardagi yaxşiliklarini odamlar hali-hanuz eslab yuradi.

Momom Turdi Karvon qizi öta taʼsirçan, noziktaʼb ayol bölgan ekan. Böy yetgan ikki qizidan bir keçada ayrilib qolgan momomning onalari, Xudodan tilab-tilab olgan farzandiga Turdixol deb ism bergan. Ota-onasi yolğiz farzandiga butun eʼtiborini berib, har jihatdan yetuk bölişi uçun jon kuydirgan. Otam xotiralarida adabiyotga şaydolikni momomdan olganini köp taʼkidlagan. Çunki momom ötkir farosatli, xalq qöşiqlaridan xabardor, tabiatan ijodga moyil inson bölgan ekanlar. Otam momomning:

Gul raʼnoning tagida yuvma soçingni,

                                          yuvma soçingni,

Şahlo közginangdan tökma yoşingni,

                                          tökma yoşingni.

Şahlo közginangdan töksang yoşingni,

                                          töksang yoşingni,

Olarman-da ketarman yolğiz boşimni,

                                          yolğiz boşimni,

degan qöşiqlarini köp eslar edilar.

Momom haqidagi xotiralarida otam yana: “…Onam rahmatli tabiatan juda nozik feʼlli, taşqi körinişim ham köproq onamga öxşab ketadi”, der edi. Bibisora ammamning aytişiça, momom otamni hamma farzandlariga nisbatan köproq ayar ekan, çunki sal nimjonroq, injiqroq, özining taʼbiri bilan aytganda, tabʼi ham juda nozik bölgan. Şuning uçun bölsa kerak, aka-ukalari ham otamning har qanday erkaligini kötargan. Hatto singillari haqida bolalarça töqigan qofiyali hajviyalarini hozirda kulib eslaşadi. Masalan:

 

Gilamni yeydi kuya,

Bizlarda bor Zulfiya.

Yoki

Hamsoyamizdir qozoq,

Akamning oti Razzoq.

Momomning dunyoni erta tark etişi otam uçun ilk va eng dahşatli zarba bölgan. Dunyoga siğmas dard-u iztiroblari ifodalangan mana bu misralari buning isbotidir:

 

Makonda lomakonsan,

endi qaydan izlagaydirman,

Fiğonim kimga aytib,

kimga sendan sözlagaydirman.

Birovlar motamida, oh-fiğon aylagan erdim,

Sening-çun, ey ğaribim,

iç-içimdan bözlagaydirman.

Deyarli har bir vatandoşimiz qalbidan çuqur joy olgan mana bu misralar zamiridagi dard ham köngillarni örtab yuboradi:

 

Kökda yulduz uçsa nogahon,

Bitdi derlar qaysi bir taqdir.

Bunday ğamni kötarmoq oson,

Bu ehtimol bizlar haqdadir.

 

Baʼzi tunlar kökka tikib köz,

Eslab deyman onamni şu on.

Ona ketsa, yulduz-ku yulduz,

Qulab tuşsa arziydi osmon.

Otamning şeʼrlarida ona obrazi asosiy örinni egallaydi. Ona haqida bu qadar köp şeʼr yozgan boşqa şoir bölmasa kerak, nazarimda. Yodimda, talabalik kezlarim, çamasi 2004-yilning may oylari edi. Darsdan söng otam meni xizmat maşinasida uyga olib ketayotib, xayolga berildi-da, dafʼatan şeʼr öqiy boşladi:

 

Onam erta ketdi dunyodan nolon,

Yoşidan ötganman men allaqaçon.

Qartaygan öğlingni oxirat kuni

Taniy olurmisan, bilmam, onajon!

“Diydor” deb nomlangan törtlik ana şu tarzda yaralgan. Juda taʼsirlanganman öşanda. Beixtiyor bu dardli misralarni sekingina daftarçamga yozib olganim keçagidek esimda.

Otamning ijodida tabiat tasviri, tabiat bilan boğliq misralar ham katta örin egallaydi. Qönğirtoğ etagida joylaşgan Neköz qişloği, Qaşqadaryo kengliklari, sölim tabiati şoir uçun ilhom manbayi bölgani sir emas. Qönğirtoğda ötgan bolalik kezlarini köp xotirlar, bu haqda sözlaganda qalbi halovat topar edi. Bahor kelganda havoni öt-ölanlarning yoqimli isi tutib ketişini, yomğir quyganda toğ çöqqisi unguridagi kiçik-kiçik ğorlarga berkinib olişlarini zavq bilan xotirlar edi. “Ayniqsa, Janub keçalari, yulduzli osmon nihoyatda gözal bölar edi. Hayotda bunday gözal manzaralarni keyin uçrata olmadim”, degan sözlari zamirida gözallikdan hayratlaniş hissi, şuning barobarida, bolalik soğinçi aks etganini seziş qiyin emas.

Otam ijodida ona tabiatning jozib tasviri betak­ror ifodalangan şeʼrlar köp ekani şeʼriyat muxlislariga ayon. Şeʼrlarini diqqat bilan mutolaa qilinsa, ijodining ilk damlaridan to sönggi kez­la­rigaça tabiat bilan hamohang yaşagani kuzatiladi. Ijod tongida va ayni yuksaliş davrida yozilgan “Quşça”, “Kuz manzaralari”, “Kuz”, “Bahor”, şuningdek, hayotining sönggi damlarida yaratilgan “Fasllarim” singari şeʼrlari bunga misol böla oladi.

Otam: “Agar şoir bölmasam, astronom bölar edim”, der edi. Darhaqiqat, adabiyot olami ham koinot misolidir, uning çeksiz olami, insonni uzoq-uzoq sayyoralarga xayol tasavvuri bilan uçira oladigan ilohiy bir qudrati bor. Bu haqda öylaganda yana otamning: “Şeʼriyat men uçun töliq ilohiyotdir”, degan sözlari qalbimda aks sado beradi.

Favqulodda kuçli xotira egasi edi otam. Alişer Navoiyning yuzlab ğazallarini, Aleksandr Puşkin va Mixail Lermontovdan tortib Ğafur Ğulom, Hamid Olimjon, Maqsud Şayxzoda, Mirtemir singari zabardast şoirlarning sara şeʼrlarini yoddan bilardi. Mutolaani kanda qilmas, nainki kitob, balki vaqtli matbuotni ham muntazam öqib borar edi. Yostiğining oldida har doim hazrat Alişer Navoiyning “Qaro közim” kitobi turar, agar bu nodir kitob körinmay qolsa, birdan xavotirlanib, qidirişga tuşar edi. Böş vaqtlarida, televizordan hayvonot va nabotot olamiga doir körsatuvlarni tomoşa qilişni xuş körar edi. “Yevronyus”, “Rossiya-24” singari xorijiy axborot dasturlarini muttasil kuzatib borardi. Baʼzi xabarlardan taʼsirlanib şeʼr yozgan kezlari ham bölgan.

Har qanday şeʼr dastlab otamning tasavvurida tuğilar edi. Keyingi jarayon ohori tökilmagan satrlarni tahrir qiliş, nazmiy matn ustida işlaş bölar edi. Bu paytda vaqt göyoki töxtab qolar, otam xuddi katta bir jang maydonida sözlar bilan kuraşardi. Şeʼrni ifoda bilan, baland ovozda, göyoki sahnada turib öqiyotgandek öqişimizni istar, örni kelganda, buni talab ham qilar edi. Toki şeʼrning ritmi buzilmasin. Agar şeʼr öqiş jarayonida tutilib qolsak, otam buni bizdan körmas, yana sözlar dunyosiga şönğib ketardi. Şeʼrda mujassam bölgan sözlar mantiq va badiiyat talabiga köra öz örniga tuşmagunça, otam uni qayta-qayta özgartirar, hatto mos sözni keçalari bilan öylab çiqar edi. Har bir söz va jumla, har bir satr ustida şunçalik zahmat çekar ediki, ijodkor uçun bunday hol fazilat, deb öylayman. “Ustozlar saboği” maqolasida buni quyidagiça izohlagan: “Ruhiy tahlil, dramatizm, fikr har bir misra uçun baravar bölişi, şoir hamma misraga ham bir köz bilan qaraşi, hamma misrada ham öz mahoratini namoyiş qila olişi kerak”. (A.Oripov. Ehtiyoj farzandi, 10-bet).

Ijod, bu jarayonning zahmati, yöl-yöriği haqida yozgan mana bu sözlari qalam ahli uçun benihoya foydali, deb öylayman: “Şeʼr oson yozila boşlansa, şoir xavotirga tuşmoği, orqa-oldini yiğiştirib olmoği lozim. Bir şam yoruğida falon misra şeʼr yozdim, deb maqtangan bir şoirga, şeʼringning qimmati ham bir şamga barobar ekan, deya Navoiy bergan javobi, hoynahoy, asrlardan buyon oğizdan oğizga köçib kelayotibdi. Töğri, bir ötirişda yozilişi mumkin, yoziladi ham. Potrab turgan ixçam fikr, nozik, oniy çizgilar özining tezroq namoyon bölişini talab qiladi. Yöqsa, şoir sal ötmay turib sovib qolişi mumkin. Ammo ilhomning quyilib kelişi bilan şeʼr ustida olib boriladigan keyingi zahmatli mehnatni bir-biridan ajratib taşlamasligi kerak”.

Otamning köz öngimizda söz ustida katta masʼuliyat, çuqur muhabbat bilan işlagan kezlari biz uçun eng qaytmas, unutilmas damlar bölib qoldi, eng soğinçli, eng qadrli…

Köpçilikni şoirning ijodiy laboratoriyasi qiziqtiradi. Şoir qanday işlaydi? Qay holatda şeʼr yozadi? Keçasimi yoki kunduzi? Işonasizmi, otam heç qaçon: “Men şeʼr yozayapman, menga xalaqit bermang”, deb xonasiga qamalib olgan odam emas. Töğri, şeʼrni işlaş jarayonida biz özimiz anglagan holda otam va ayamni yolğiz qoldirardik. Lekin otam heç qaçon “Men yozişim kerak”, deb alohida vaqt tanlagan ijodkorlardan emas edi. Oilaviy suhbatlarning birida, yanglişmasam, 2008-yil 9-sentabr keçki taomdan keyin edi, uning özi bu holatni quyidagiça izohlagan: “Mening ongimda dafʼatan original fikr paydo böladi. Real hayot bilan boğliq holda, yaxşilik yoki yomonlikka munosabat sifatida keladi. Şunda ilhom çaqnaydi va şeʼrga aylanadi. Yoşga ham boğliq. Fikrning öndan birini uşlab qola olaman, xolos”. Yana boşqa bir munosabat bilan: “Qandaydir mantiq muayyan şeʼrga tayanç vazifasini ötaydi. Satrlar quyilib keladi. Men ularni iloji boriça qayd etişga harakat qilaman”, degan edi. Şeʼrlarining yaratiliş holati, qoğozga tuşiş jarayoni haqidagi bolalarça savollarimga bergan javobi hanuz quloqlarim ostida jaranglab turadi. Otam avval quyidagi satrlarni öqidi:

 

Közimdan nur ketsa…

Yillar şamoli,

Uçirib ketsalar kipriklarimni…

Yöq-yöq! Ezgu işning yöqdir maloli,

Şeʼrim! Senga berdim tirik borimni.

Keyin esa, quyidagi fikrlarni aytdi: “Odamlar ilhomni “Qanot qoqib kelgan farişta” deb öylaydi. Bekor gap! Men uçun ilhom – iztirob! Ilhom – fojia hamdir. Qalbni qözğatgan narsani ilhom deb atasa böladi. Qiziq, nimaga uni gözal qilib “Ilhom” deyiladi? Axir, u odamning qalbini tilib, uni muvozanatdan çiqaradi. Ana şu ilhom böladi. Öziga ilhom axtarib yurgan şoirlarni esa ijodkor deb hisoblamayman. Ular göyoki, qölga törva kötarib, dalada maşoq terib yurganlarga öxşaydi. Bunday “Ilhom axtariş” soxta yöldir. Agar ijodkor hayotning özi bilan aralaşib yaşasa, natijada bir narsa çiqişi mumkin”.

Otam yozgan har bir şeʼrning tuğiliş tarixi, tarjimayi holi bor. Ular hayot, ijtimoiy voqelik taʼsirida yuzaga kelgan. Asarlarining eng saralari ham uşbu möjizakor dunyo, tabiat, odam bolasi bilan boğliq. Aniq tarixiy sanalarga aloqador. Bu haqiqatni uning özi quyidagiça eʼtirof etgan edi: “Qizim, mening hayot yölimni örganmoqçi bölsang, şeʼrlarimni öqi, ular göyo mozaikaga öxşaydi, barini birlaştirsang, mening hayot yölimni çizasan”.

Darhaqiqat, xoh ijtimoiy voqelik taʼsiri, xoh ruhiy keçinma mahsuli bölsin, uning şeʼrlari bari insonning, öquvçining köngil tubida berkinib yotgan tuğyonlarini junbuşga keltirib, söngra unga yana sokinlik bağişlaş qudratiga ega. “Samimiyat, haqqoniylik, tabiiylik hamda mahorat har qanday mavzudagi asarni ham nurlantirib, unga qanot bağişlaydi”, derdi otam. Har qanday tizma şeʼr böla olmasligini, har qanday mavzuni majburan şeʼrga aylantiriş soxtalikdan boşqa narsa emasligini taʼkidlar edi. Zörma-zörakilik, soxtalikni şeʼr kötarmaydi, bu haqda şunday misralari bor:

 

Töy qil, oşingga ham şeʼr yozilgaydir,

Tölgan yoşingga ham şeʼr yozilgaydir.

Sen şeʼrga bepisand boqma, ey nodon,

Ölsang, toşingga ham şeʼr yozilgaydir.

Otam oilada juda ham mehribon, şuning barobarida talabçan edi. Bir qaraşda göyo beparvodek körinsa-da, lekin heç narsa u kişining nazaridan çetda qolmasdi. Ammo har narsaga huda-behuda tanbeh beriş odatlari yöq edi. Vaqti kelganda esa bir oğiz sözlaridan xatolarimizni anglagani sezilardi. Otamning tarbiyasi neçoğliq qimmatga ega ekanini endi-endi anglayapmiz.

Biz – farzandlari bilan xuddi kattalar bilan gaplaşgandek gaplaşardi. Kezi kelganda, savollarimizga erinmasdan javob berar edi. Ayniqsa, men köp savol berardim. Lekin otam heç qaçon: “Bilmayman, menga xalaqit berma”, demagan. Hayratlanarli jihati, adabiyotçimizmi, iqtisod yoki tibbiyot sohasi mutaxassisimizmi, har qanday sohadagi savollarimizga qanoatlanarli javob olardik. Oilamizdagi boşqa soha mutaxassisi bölganlar ham, şeʼriyatni çuqur his etib, teran anglay oladiki, bu – adabiyot olamida ulğayganimiz şarofati. Mumtoz adabiyotni köproq öqişimizni maslahat berardi. Masalan, ilohiyot haqida gap ketganda, faqatgina öz dinimiz – islom maʼrifatiga doir fikrlar bilan çeklanmay, balki özga dinlar borasida bergan savollarimizga ham tölaqonli javob olardik.

Oiladagi olti farzand bilan har birimizning aqliy darajamizni hisobga olib suhbatlaşardi. Barçamiz “otamning eng yaxşi körgan farzandi menman” deb xayol qilar, tabiiyki, bundan baxtiyor edik. “Mağzi töla boşoqning egilişin kör” kabi maʼnoga töla hikmatlari bilan bizga kamtarlik xislatini singdirdi. Bu borada bizga va öylaymanki, barçaga şaxsan ibrat körsatdi. Manmansiraş, körolmaslik, hasad, nafrat kabi illatlardan yiroq bölişga çaqirdi.

 

Qismatni nariroq surib bölmaydi,

Bilmaysan, yölingni qay vaqt tösişin.

Köz bilan heç qaçon körib bölmaydi,

Daraxt va tirnoqning qanday ösişin.

 

Nafrat ham ulğayar sekin, qatma-qat,

Ezgu hislaringga bermay qöyar erk.

Bolam, sen uni ham etgil nazorat,

Daraxt va tirnoqni qayçilagandek.

Çin maʼnoda donişmand inson edi. Har bir aytgan nasihatlari, saboqlari bizning hayot yölimizda yölçi yulduz bölib, poğonama-poğona ösişimizga turtki böldi. Yodimda, kunlarning birida suhbatlaşib turganimizda, otam: “Tolstoyning “Voskresene”, E.Voyniçning “Söna” asarlarini öqiganmisan?” deb söradi. “Yöq”, degan javobimni eşitgaç: “Öqib, keyin oldimga kelasan”, deb topşiriq berdi. Bu asarlarni, rosti, yiğlab öqiganman. Asardagi qahramonlar taqdiri misolida ifodalangan xalq va millat qayğusidan qalbim titragan. Psixoterapevt şifokor opam Zarifa: “Otamning bizga bergan tarbiyasi uluğ donişmandlar taʼlimiga mos keladi. Hozirgi faoliyatimda, odamlarga öz yölini topişda kömak berişimda otamning ögitlari ayni muddao bölayapti. Buning uçun Transsendet ilmi, Blovatskaya, Rerixlar, Oşo, Konfutsiy kabi olimlarning asarlarini, Buyuk Vedalarni, Yoga Vasiştxa kabi jahon tan olgan ulamolarni örganişimiz lozimligini va, albatta, ular qoldirgan bilimlar borasida otam bilan soatlab suhbat qurgan damlarimiz hayot yölimda menga eng yuksak dars bölgan”, deydi.

Zamonamizning uluğ şoiri Abdulla Oripov biz uçun nafaqat ota, balki benazir ustoz ham edi. Şunday insonning farzandi bölib tuğiliş Yaratganning biz uçun eng katta inʼomidir.

 

Ruxsora ORIPOVA

 

1986-yili tuğilgan.

Özbekiston Milliy universitetining özbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Lirikada psixobiografik asos va uning badiiy talqini (Abdulla Oripoa ijodi misolida)” mavzusida ilmiy izlaniş olib boryapti.

Adabiy-tanqidiy maqolalari matbuotida eʼlon qilingan.

2021/3

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (84)