Taniqli yozuvçi Uluğbek HAMDAM bilan suhbat
– Asarlaringizda falsafiylik börtib turadi. Har bir narsaning mağzi adabiyotmi, ilhommi yoki hayotni teran anglaşmi?
– Bilmadim, aytganlaringizning baridan kam-kamdan bordir. Voqea-hodisalarni tepadan kuzatmasangiz, ularga falsafiy nigoh taşlamasangiz, mohiyatini anglaş qiyin keçadimi, deb öylayman. Çunki baribir, adabiyotni jon tomirlaridan bittasi – dunyoni falsafiy idrok etiş, deb bilaman.
Ilhom masalasiga kelsak, ilhomga mening qaraşim sal boşqaçaroqqa öxşaydi. Köpçilik uni ilohiy bir hodisa bilan, kuç bilan boğlaşga harakat qiladi. Men bu narsaga psixologik jarayon deb qarayman. Ilhom, mening nazarimda, yengillikni, parvozni, his qilib zavqlanişdir. Sababi inson hayotidagi kiçkina bir turtki bilan dardlari vulqondek taşqariga otiladi va şu tarzda inson favqulodda bir yengillikni his qiladi, parvoz qilayotgandek böladi. Ana şuni ilhom onlari deymiz. Inson ruhiyati sir-sinoatlarini yetarli örganmagan ijodkor “menga osmonlardan şunday bir ilohiy ilhom keldiki!..” deya hayajonga tuşadi. Aslida esa, bu ruhiy jarayon uning – insonning botinida keçadi.
– Yaxşi asar yozilişi uçun köp öqiş kerakmi?
– Ijodkor uçun boş kitob bu – hayot. Köpçilik – “kitob öqib yozuvçi böliş mumkinmi?” yoki “Siz asarlaringizni qaysi kitoblarni öqib, qaysi asarlardan taʼsirlanib yozgansiz?” kabi savollar ham berib qolişadi. Kitob öqib asar yozadigan yozuvçi-şoirlar ham bor, albatta. Lekin men bu savolga savol bilan javob bermoqçiman: “Qaysi kitob Allohning kitobi bölmiş hayotdan çuqurroq, teranroq va keng maʼnoliroq, serqatlamroq – körsating menga?” Dunyoda birorta badiiy kitob yöqki, hayot degan kitobdan muhimroq, mukammalroq bölsa. Öşa maʼnoda asosiy ilhom manbai men uçun hayot, hayot va yana bir marta hayotdir! Lekin, albatta, yaxşi kitoblarni topib öqiş kerak. Hatto şart! Agar siz adabiyotçi bölsangiz, özingizgaça bölgan eng sara asarlarni öqib çiqişingiz juda ham asqatadi. Zero, hayot haqida, inson haqida muşohada yuritib, qalam tebratayotgan bir siz emassiz. “Özingni er bilsang, boşqani şer bil”, deydi elimiz. Sizga öxşab xuddi şunday hayot maydoniga tuşgan ijodkorlar ham köp. Ular özlarini qanday tutadi, qanday uslubda yozadi, nimani yozadi, nimalarga eʼtibor beradi, degan savollarni yaxşilab örganib, özlaştiriş kerak. Buning olam-jahon foydasi bor.
– Ijodiy taʼsirlaniş haqida fikr bildirsangiz.
– Köpinça endi tetapoya qila boşlagan yozuvçi, şoir, dramaturg, hatto olimlar ham özidan kattaroq yozuvçi, şoir, olimlarning taʼsiriga tuşib qoladi. Bu – bor gap. Eslayman: 14-15 yoşlarda yozib yurgan maşqlarimni akam öqib, “bu maşqlardan Abdulla Oripovning hidi kelyapti” degandi. Buni tuşunmaganman öşa paytda, çunki yoşlikda Abdulla Oripov şeʼrlarini öqiyverib, uning közlari bilan dunyoga qaray boşlaganimni sezmaganman. Undan keyin Rauf Parfi va boşqa şoirlarga ham ergaşganimni bilaman. Yoşim 20-21 dan oşgandan keyin bir şeʼrda şunday daʼvo bilan çiqqanman: “Izlab çiqdim men öz yölimni!” Körayapsizmi, men yigirma yoşdan keyin öz yölimni topişga harakat qilganman, lekin ungaça köplab ustozlar menga pillapoya bölişgan. “Pillapoya böldim senga, azizim, Sen ham gal kelganda pillapoya böl”, deydi yana bir ustozimiz Erkin Vohidov. Har birimiz özimizdan keyingilarga yoki davrdoşlarimizga pillapoyamiz. Ayni paytda, bizdan yoşlar ham biz uçun pillapoya bölişi mumkin. Hatto tokçada, tuvakda turgan bir gul ham insonga ustoz böla oladi. Agar siz unga öquvçi, şogird közi bilan qaray olsangiz, albatta. Şu maʼnoda biz hammamiz bir-birimizga ustoz-u şogirdlarmiz.
– Yoş ijodkorlar biror narsa yozsa, kimgadir körsatib, uning fikrini olişga ehtiyoj sezadi. Bu jarayon sizda qanday keçgan va qaçon ijodkor öz ijodiga baho bera oladi?
– Turfa xil keçgan, keçadi. Deylik, menda şu paytgaça heç joyda eʼlon qilinmagan, heç kimga körsatmagan maşq daftarlarim bor. Yuzlab mana şunday maşqlar yozilişi kerak, deb öylayman. Toki vaqti kelib, avvalo, özingga, söng öquvçiga maʼqul böladigan tört qator şeʼr yoza olaylik. Taxminan 22-23 yoşdan keyin inson ança pişa boşlaydi. Çunki biologik yoşning ham öz foydalari borligini keyinroq tuşunib yetganman. Qatʼi nazar, kimdadir uç-tört yil oldinroq, kimdadir keyinroq keladi ulğayiş fasli. Şuningdek, umuman heç qanday faslga – manzilga yetib kelmay ötib ketadigan qalamkaşlar ham bor. Ular hamişa kimgadir ergaşib, kimgadir taqlid qilib umr ötkazadi. Bu muhitga, atrofingizda sizni kim örab turganiga, kimni öqiyotganingizga, kim bilan muloqot qilayotganingizga ham boğliq. “Sen menga döstlaringni körsat, men senga kimligingni aytib beraman” deyişadi-ku, xuddi şunday. Qaysi muhitda ösişiga qarab turib, yillar yo çöziladi, yo qisqaradi.
Ijodkorning botinida bir tanqidçi yaşaydi. Agar u öz ijodiga ham özganing ijodiga qaray olgandek qaraşni eplay olsa, demak, ana şu tanqidçi unga köp foyda keltiradi. Yöqsa, öziga mahliyolikdan qutula olmaydi. Katta ijodkorlarning tanqidçisi hamişa öz içida yaşaydi.
– Biror bir asar yozsangiz, birinçi bölib körsatadigan insoningiz kim?
– Bitiklarni doimiy körsatib turadigan insonim yöq. Aslida, bunga munosib insonlar yonimda talay. Faqat köpinça ularning vaqtlarini, közlarini ayayman, işlari bordir, deyman. Şu sabab onda-sonda nimadir jönataman. Baʼzi bitiklarni umuman körsatmasdan ham eʼlon qilib yuboradigan yomon odatim bor. Lekin “Muvozanat”ni yozganimda nimani yozganimni, qanday yozganimni bilmaganman. Çunki qalbimda turib qolgan dardni işsiz, maoşsiz, maqsadsiz qolgan vaqtim qoğozga tökib solganman. Uyda yotvolib yozganman, hatto stol-stullarim ham yöq edi. Keyinçalik öqisak, Qodiriy ham köksini yerga berib, yostiqqa berib yozgan ekan. Xuddi öşanday şaklda içimdagi dardlar qoğozga tuşgan. U yozib bölingandan keyin adabiyotşunos olim Dilmurod Quronovga körsatganman. “Bir narsa yozdim, aka, lekin nimaligini bilmayman. Öqib berasizmi?” deganman. “Mayli” degan va qölyozmani Andijonga olib ketgan. U vaqtda qöl telefonlari yöq edi. Uyimda ham telefon ötmagan edi. Olti oydan keyin yana boşkentga kelganida “nima ekan, nima yozibman?” desam, “Uluğbek, bu roman, roman bölganda ham janr talablariga töliq javob beradigan roman” deganlarida, “yöğe!” deya hayratlanganim esimda. Öşanda roman yozganimni bilmaganman. Xuddi şunday, hozir ham kattaroq narsa yozsam, albatta, biron mutaxassisga körsatib, fikrini olişga harakat qilaman.
– Ijodkor uçun asarlari doimo aziz sanalgan. Şu maʼnoda siz ijod namunalarini köngil farzandlari deyilişiga qanday qaraysiz?
– Endi bu bir sifatlov, obrazli qilib aytiş. Albatta, uning tagida jon bor. Abdulla akaning bir şeʼrida şunaqa misralar bor: “Mening qölim yetmagan yulduz, Tuşlarimda seni körgayman”. Agar yulduzga qöl yetganda edi, tuşlariga kirarmidi şoirning?.. bular ijod mohiyatini oçib bergiç gözal misralar. Demak, ijod, köpinça, bizning ideallarimizdan, orzu-istaklarimizdan tuğiladi. “Insonni orzusiga yetkazib jazolaş kerak”, degan gap ham bor. Har bitta yulduzga qölimizni uzataversak, har uzatganimizda esa, öşa yulduzni uzib tuşaversak, insonning köngli böm-böş bölib qoladi. Şuning uçun baʼzan öylab qolasan, orzuimga yetganim yaxşi böladimi yoki yetmaganim?.. Köpinça adabiyot insonning orzu-istaklaridan paydo böladi. Uning arzanda farzanddek ardoqlanişi şundan. Qadimdan ideal jamiyat haqida ham orzu qilişgan. Çunki insonlar turli jamiyatlarda yaşab, jamiyatdagi kamçiliklarni körişgan va yaxşisini orzu qilişgan. Mana buni bunday qilsa – yaxşi böladi, uni unday qilsa – juda ham yaxşi böladi, deyişgan va natijada ideallar tuğilgan, ideal jamiyat haqidagi orzular paydo bölgan. Katta ijodkorlarni ideallar hamişa öz ortidan ergaştirib yuradi. Şu maʼnoda ideallar, ayniqsa, ijodkorlarga, yozuvçilarga, şoirlarga kerak. Çunki oddiy öquvçilar katta ideallar bilan yaşaydigan yozuvçi, şoirlarning izidan boradi. Agar fikrlovçi öquvçi bölsa, albatta. Fikrlovçi öquvçi bölmasa, maişiy maʼnodagi adabiyotlarga köngil beradi. buni “köça adabiyoti” yoki “ommaviy adabiyot” deb ham ataymiz. Bu yerda adabiyot bir ermak vazifasini ötaydi. Hayotimizda ermaklar qança, misol uçun, kinoga kirayotganda ayrim tomoşabinlar popkorn yoki pista olib kiradi. Ham kino köradi, ham popkornni çaynaydi yoki pista çaqadi. Şunday “asarlar” borki, xuddi öşa pista yoki popkornga öxşaydi. Fikrlamaydigan insonlarning maʼnaviy ozuqasi şu böladi. Xohlaymizmi-xohlamaymizmi, mana şunday köngiloçar, ermak ham bor. Qöştirnoq içiga olamizmi uni, olmaymizmi, şunday asarlarni yöq deya olmaymiz, töğrimi?.. Lekin ayni damda öquvçini fikrlaşga, özining mavjud poğonasidan yuqoriroq çiqişga undaydigan adabiyot, mening nazarimda, – katta adabiyot va mana şunday adabiyot juda muhim, deb öylayman. Şunday adabiyotga intiliş kerak. Şunday adabiyot aziz bölişi kerak. Lekin qora qönğiz ham bolasini oppoğim deganidek, yomon asarning muallifi ham asarini yaxşi deb biladi. Paradoksni qarangki, axloqqa zid mavzulardagi köpgina asarlarning oşiği olçi böladi. Ular köp nusxalarda çop etiladi. Qaysi asar köp nusxada çop etilsa, uning öquvçisi köp bölsa, öşa yozuvçi, şoir yoki dramaturg zör hisoblanadi jamiyatda. Asarni naşr adadiga köra zör yoki ğör sanaş ançayin xom hisob-kitob, aslida. Fikrlovçi insonlar şunçalar köpmi, – bir öylab köring! Yöq, köp emas ular. Fikrlaş – juda katta iş, mehnat, masʼuliyat! Fikrlay oliş darajasidagi inson, bu – juda katta inson! Endi mana şu fikrlaydigan insonlarga qarang-çi, qöllarida öşa şiğirlar bormikan?.. Yöq. Ularning qölidagi adabiyot fikrlaşga undaydigan adabiyot. Şuning uçun adabiyotdan “adabiyot”ni farqlaş kerak. Hozir sörovnoma ötkazsangiz, hali ham bir xil romanlar, bir xil adabiy siymolar röyxatning oldini egallaydi. Ularning içida yaxşilari ham bor, albatta, lekin aksari, mening nazarimda, öz davrida vazifasini bajarib bölgan. Ming afsuski, köpçilik öquvçilarimizning saviyasi öşa davr saviyasi bilan qotib qolgan. Bizning darajamiz qanday bölsa, şu darajadagi adabiyotni “eng zör” adabiyot deb bilamiz. Mana bu endi badiiy-estetik tafakkur bobidagi fojiamiz hisoblanadi. Çunki haqiqiy adabiyot çopib, turlanib, özgarib, rivojlanib borayotgan dunyo bilan hamqadam yurişi kerak. Undan ortda qolmasligi şart. Özimiz ortda qolayotganimiz bois ham hali-hanuz bir xil adabiyotlar taʼsiridan çiqib ketolmayapmiz.
– Hozirgi şakllangan kitobxonlik madaniyati sizni qoniqtiradimi?
– Orada kitobxonlik darajasi bir tuşib ketdi. Keyin biroz jonlandi. Bu narsani naşriyotlarning yozuvçilar bilan işlaş, ularga qiziqiş, ijod ahliga qönğiroq qilib hamkorlikka çorlaşlaridan ham seziş mumkin edi. Lekin pandemiya şaroiti kitobxonlikni yana yaxşigina susaytirdi. Qatʼi nazar, kitob öqiş turli şakllarda, masalan, virtual tarzda ham davom etyapti. Yoşlarimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boraman: ularning oralarida u yoki bu kitobni öqib, bir-birlari bilan muhokama qilib, tarjima qilib yuradiganlari talay. Lekin bular kam. Juda ham kam. Özbekistonliklarning qança foizi kitob öqiydi? Boşqa xalqlar bilan bir soliştirib köraylik-a! Agar şu nuqtayi nazardan qaraydigan bölsak, masalan, ruslar bizdan ança köp kitob öqiydi, turklar ham. Nazarimda, bizda bir hovuçgina kitob öqiyotgan öquvçilar şakllanayapti, xolos. Katta auditoriya öqiyotgani yöq, butun millat öqiyotgani yöq. Eslayman, 90-yillarning boşlaridan yurtimizga çet elliklar kela boşlagandi. Mening öşa paytlarda xorijlik iş odamlari, tadbirkorlar bilan hamkorlik qilgan paytlarim bölgan. Şunda ular Moskvadagi bir holatni hayrat bilan tez-tez eslab turişardi. Moskvada ilk bora “Makdonalds” dökoni oçilganda şaharliklar gamburger-u xot-doglarga navbatda turgan, natijada navbat ikki yarim kilometrga çözilib ketgan. Lekin şu uzundan uzun navbatdagi odamlarning har bittasining qölida kitob bölgan, eʼtibor bering, har bir moskvalikda kitob!.. Hozir ham Moskvaga borib keladigan örtoqlarim kitob dökonlarida kitobxonlar köp deydi. Bir vaqtda bizda ham 1018 ta kutubxona bölgan. 90-yillarning oxiriga kelganda öttiz sakkiztaga tuşib qolgan. Bu fojia emasmi?! Hozir tumanlarda, şahar markazlarida kutubxonalar qurilayapti, lekin 1018 taga qaçon yetadi? Şuning uçun kitobxonlik darajasini miqdor bilan ölçaydigan bölsak, ahvolimiz havas qilgulik emas. Xullas, yurtimizdagi kitobxonlikdan qoniqmayman. Bitta zör yozuvçining kitobi uç ming nusxada, beş ming nusxada çiqişi bu – fojia. Öttiz beş million aholidan öttiztasidan bittasi öqisa, kamida bir million nusxada çiqişi kerak edi. Şuning uçun bu yerda muammo bor, deb öylayman. Jiddiy muammo. Kitob öqigan inson, maʼrifatli inson, öz sohasining yetuk mutaxassisi jamiyatning töriga çiqa olmadi. Men yoşlarga kitob öqisang bölmaydimi, deya xitob qilib turaman. Mening qölimdan işimni olsang bölmaydimi, deya farzandlarimga ham aytaman. “E, nimalar deyapsiz, dada!” deya işni hazilga olişadi. Sababi – hozirgi yoşlar hayotga real qaraydi. Kitob öqiyotgan, özining ustida tinmay işlayotgan maʼrifatli insonning jamiyatdagi örni qanday? Yaxşimi yoki aksi, yomonmi? Mana, qanday mezonlar bilan qaraydi masalaga hozirgi yoşlar. Agar siz ming maʼrifatli böling, dunyo ilmlarini özingizda jamlagan böling, jamiyatda qadr topmagan, topmayotgan bölsangiz, ikki dunyoda ham hozirgi yoşlar sizning ortingizdan bormaydi. Ularda ham köz bor, axir! Körib turadi barini. Mana şu narsani juda jiddiy bir tarzda muşohada-yu, muhokama qilişimiz kerak. Kitob öqiyotgan odam jamiyatda özining munosib örniga ega bölsa, öz-özidan yoşlar unga ergaşadi. Quruq qoşiq oğiz yirtganidek, quruq nasihat ham şunday taʼsir kuçiga ega. Şuning uçun biz öqimişli, maʼrifatli, zamon bilan hamnafas bölgan insonlarimizni jamiyatning töriga çiqarişimiz kerak. Poygakda – bösağada qolib ketmasligi kerak ular. Şunda haqiqiy körgazmali qurol böladi, namuna böladi. Yoşlar öz-özidan ana şunday inson bölişga intiladi.
– Siz zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz?
– Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” degan asari bor. U öz davri qahramonining suvratini çizadi. Xuddi şunday, har bitta zamonning öz qahramonlari böladi. Kundaligimga yozib qöygan edim bir vaqtlar: “Özidan ortib özgaga yordam qölini çöza oladigan inson bugunning qahramonidir”. Çunki köpçilik xudbinlik dardiga mubtalo bölib, faqat özi haqida öylay boşlagandi öşa kezlar. Demak, har bitta davr qahramonligini belgilaydigan alohida mezonlari böladi. Aytaylik, bugun Çölpon bölişning hojati yöq. Çunki biz erkinmiz. Erkinlikning qanday neʼmat ekanligini köpçilik tuşunmaydi hali.
– Davr ijtimoiy-siyosiy voqealar ijodkorning şakllanişiga taʼsir körsatadimi?
– Ijtimoiy-siyosiy voqealar nafaqat taʼsir körsatadi, köpgina hollarda ijodkorning hayoti va ijodini belgilab ham beradi. “Muhit kuçli ekan, egdim böynimni”, – deydi buyuk Çölpon. Ungaça Çölpon va u kabi barça maʼrifatparvar bobolarimiz jadidçilik ğoyalarini jamiyatga yoydi, şunçaki yoymadi, adabiyotni vosita qilib yoydi. Adabiyotni pirovard maqsad deb emas, balki xalqni östiriş, ruhlantiriş vositasi, quroli deb bildi. Maʼlum bir paytda şunday böldi, keyinçalik adabiyotning sanʼatga aylanişi XX asrning 20-yillaridan boşlandi. 30-yillardan esa siyosiy-ijtimoy muhit şunday siqib keldiki, natijada öşa “Köngil” kabi şeʼrlarni yozgan çölponlar boşqaça şeʼrlar yoza boşladi. Bugun öqib bölmaydigan şeʼrlar yozdi, şunga majbur böldi. Çunki muhit kuçli edi, böynini egdi. Abdulla Qodiriydek buyuk yozuvçimiz “Obid ketmon”ni yozdi. “Ötgan kunlar” qayda-yu, “Obid ketmon” qayda, bir qiyoslab köring-a!.. Nimaga? Çunki siyosiy-ijtimoiy vaziyat yozuvçilarni burçakka tiqdi. Natijada ularning ijodida keskin özgarişlar yuz berdi, bora-bora esa hatto hayotlariga nuqta qöydi. Öşa maʼnoda siyosiy-ijtimoiy voqelik, muhit, nainki ijodkorning, balki barça insonlarning taqdirini belgilab beradi. Biz köpinça yuzaki kayfiyatga berilib: “muhit heç narsani belgilab bermaydi. Adabiyotning ijtimoiy voqealarga aloqasi yöq. U köngildagi voqeliknigina qoğozga tuşiradi”, deya adabiy oliftalik qilamiz. Bilmaymizki, taşqariga çiqqanimizda közimiz tuşgan çiroyli bir gul tarannum etilgan tört qator şeʼrning tagzaminida ham ijtimoiylik yotadi. Çunki aynan ijtimoiy hayotingiz öşa çeçak gözalligi va iforini sizga his qiliş imkonini beradi. Agar şu imkonni bermasa, gul u yoqda tursin, butun boşli böstonni olib kelib qöysin, uni körmaysiz, his qilmaysiz. Şuning uçun ijtimoiy-siyosiy voqelik aksariyat holda bizning taqdirimizni ham, vazifalarimizni ham belgilab beradi.
– Öquvçilaringizga adabiyotni yetkazib berişda asosiy qurolingiz nima? Şu maʼnoda tilimizga özingizning bahongizni bersangiz.
– Yozuvçining asosiy quroli til, uning ifoda xilma– xilligi, tovlanişlari…
Kuni keça ijtimoiy tarmoqda hatto olmonlar uçun olmon tili tobora özining qimmatini yöqotib borayotgani haqidagi maqolani öqib qoldim. Olmoniyada ham ingliz tili tobora katta mavqe kasb etayotgani-yu olimlar olmon tilida emas, köproq ingliz tilida ilmiy işlar yozayotganini bilib kayfiyatim buzildi. Xuddi şunday, bizda ham ilmiy til tobora oqsab bormoqda. Sözlaşuv tili bor, ilmiy til bor. Ming afsuski, özbek ilmiy tilining ahvoli sözlaşuv tilinikidan-da xarob. Tobora mana bunday talablar bölar ekan, yaʼni olimlar maqolalarini ingliz tilida yozişga majbur bölar ekan, özbek ilmiy tilining şakllanişi ham çözilib ketaveradi. Mana, til haqida qayğurar ekanmiz, yana nimalarga eʼtibor berişimiz kerak!
Dunyo rang-baranglikdan iborat. Boğ-u böston ham rang-barang çeçaklar bilan çunon gözaldir. Bir xil gullardan iborat boğ u darajada gözal emas, buni hamma biladi. Şugina oddiy mantiqdan kelib çiqadigan bölsak, dunyodagi barça tillarni saqlab qoliş ana öşa tabiiy gözallikni saqlab qolişdir. zero, tillar insoniyatning muştarak maʼnaviy boyligi hisoblanadi. Jumladan, biz ham öz ona tilimizni barça mavjud imkonlarni işga solgan holda kamol toptirişimiz şart. Bu birinçi navbatda Yaratganning oldidagi muqaddas vazifamiz, burçimizdir. Çunki har bir insonning barmoği va tilining uçidagi iz takrorlanmasdir. Muhr bizning tanamizga bosilgan. Muhrki, senda alohidalik, öziga xoslik bor, bil va saqla degan. Demak, har bitta millatning urf-odatidan tortib tiligaça, ruhiyatigaça bu – alohida hodisa. Bitta millat yöqolib ketar ekan, u bilan birga juda köplab maʼnaviy meros ham yöqolişi muqarrarligini tuşunib yetişimiz kerak. Millatning yöqolişi esa tilining yöqolişidan keladi. Boşqa bir olmon olimi Amerikaga borgani va u yerda ingliz tilida ijod qilişga majbur bölganini aytib, “men ingliz tilida ham ijod qila olaman, lekin özimning ona tilim, olmon tilim şunday til ediki, undagi juda köp ifodalarni, nozikliklarni ingliz tilida bera olmayapman, juda köp narsalar yöqolib ketmoqda” deya dardini tökib solibdi. “Birni körib fikr qil!” deganlaridek, olmonning holiga qarab turib degim keladi: tilimizni har qanday çora-tadbirlarni qöllab saqlab qolişimiz va rivojlantirişimiz kerak. Maqola böladimi, boşqaça xarakterdagi matn böladimi, oldin özbek tilidagi variantini yozib, söng xohlagança boşqa tillardagi variantlarini yarataylik. bu tilni qöriş, kamol toptiriş uçun kerak iş. Dunyo şiddat bilan ilgarilab bormoqda, biz nima qilsak, ana şu çopib ketayotgan dunyo bilan birga, hamqadam boramiz – kengaşaylik. Nima qilsak, tilimiz yana beş yuz, ming yildan keyin ham yer yuzida yaşab qoladi – öylaylik, çora topaylik! Toki kelajak avlodlarga uluğ Navoiy tilini eson-omon yetkazaylik.
– Yutuqlaringizning siri nimada, deb öylaysiz?
– Bu yerda sir yöq. Siz yutuq degan narsangiz aslida hayotimdagi muvaffaqiyatsizligimning teskari tomonidir, balki. Umuman, sir degan narsalarimizni tuşunişga harakat qilsak, uning öziga yaraşa qonuniyatlari borligini köramiz. Ijod muhiti bolalik uyimda – otamning uyida şakllangan. Butun sir şu yerda mujassamdir, ehtimol. Men Toşkentga ham faqat bitta maqsad bilan – yozuvçi bölaman degan öy bilan kelganman. Boşqa heç qanday maqsad yöq edi. Yaşayman, desam tuğilib ösgan joyimda ham hamma narsa bor edi. Lekin aytişadi-ku: “Şoirlar qişloqlarda tuğilişadi, şaharda – Parijda vafot etişadi” deya. Aslida, men ham yölni öşa Parijga qarab olgandim. Fransuz tilini maktabda juda yaxşi bilardim. Lekin yetib kelgan joyimiz Toşkent böldi. Şukur! Fransiyani orzu qilişimning sababi, adabiyotdagi juda katta özgarişlar, realizm, naturalizm, modernizm, va hokazo köplab adabiy yönalişlarning vatani Fransiya böladi. Demak, yangi badiiy fikrning ilk kurtaklari köpinça ana şu yerda oçilgan. Şuning uçun men Fransiya muhitiga insoniyat badiiy tafakkurining bir çöqqisi sifatida qaraganman öşa paytlar. Modomiki, adabiyot odami bölmoqçi ekanman, ana şu muhitda bir neça yil yaşab, eng yangi, eng ilğor adabiy muhitni his qilişim kerak, deb öylaganman. Bizga qaysi asarlarni yaxşi körasan desa, şunday asarlarni sanaymizki, u asarlarning davri, dolzarbligi bir neça yuz yil oldin ötib ketgan böladi. Haligaça şunday, sababi öquvçilik saviyamiz öziga yaraşa. Agar saviya baland bölganda edi, bugungi muammoli masalalar aks ettirilgan asarlarni öqigan, uqqan va öşalarga ovoz berayotgan bölardik. Şu maʼnoda öquvçi saviyasi haqida alohida turkum maqolalar yoziş kerak. “Isyon va itoat” degan roman 2005-yilda rus tiliga tarjima qilingan hamda rus öquvçilari tomonidan yaxşi kutib olingan. Kunlardan bir kun uyimni taʼmir qilayotgan rus millatiga mansub usta (Mixail edi oti) mening yozuvçi ekanimni bilib, öqigani asar söradi. “Isyon va itoat”ni berdim. Bir kunda öqib kelib, sahardan-keçgaça men bilan asarda kötarilgan muammolar töğrisida tortişdi, fikrlaşdi. “Laʼnatlangan savollar” degan tuşunça bor jahon adabiyotida, roman qahramonlari aynan şu savollar atrofida aylanişadi. Bilasizmi, öşa oddiy kafel teruvçi usta şu narsalarni juda yaxşi bilar ekan. Bizda hatto adabiyot öqituvçilari, professorlari ham köpinça mana şu laʼnatlangan masalalarning nima ekanligini bilmaydi. Şuning uçun öquvçi saviyasi baland bölsa, adabiyot ham baland böladi, deyman men. Tolstoy, Dostoyevskiy, Çexovlarning saviyasini öşa rus öquvçisi paydo qilgan. Iqtisodda ham bor-ku, talabga qarab taklif böladi, degan gap. Şuning uçun öquvçi saviyasida gap köp. “Şarq yulduzi” jurnalida işlab yurgan kezlarim, uçta-törtta talaba yigit oldimga kelib, men bilan adabiyot haqida gurung qilişdi. Suhbatlaşib ötirib, “keça filologiya fakultetiga Erkin Vohidov keldi. Lekin Erkin Vohidov bilan uçraşuvga talabalarning töqson foizi bir şiğir yozuvçi-şoirning kitobini qöltiqlab kirişdi” deb qolişdi. Endi filologiya fakulteti talabalarining ahvoli şu bölsa, boşqalardan nimani kutiş mumkin. Erkin Vohidov – millatning baland şoiri. Şuning uçun şoirning öquvçisi soni bilan adabiyot darajasini belgilamagan bölardim. Uyğoq odamlar uxlab yotgan jamiyatlarda hamişa oz böladi va men hurmat qilgan adabiyot öziga murojaat qilgan insonni, jamiyatni uyğotadi, özi yetib kelgan darajadan yuksakroq bir darajaga kötaradi. Ana şunday adabiyotnigina hurmat qilaman. Bosib ötilgan yöllar, qiziqarli voqealar – bular men uçun hali adabiyot emas. Hozir faqat qiziqarli narsalarni yozib, adabiyot deb öylaydiganlar köpayib ketgan. Bunday adabiyot ham bor, lekin uning darajasi ança quyida. Yuksak adabiyot insonni muşohada qiliş negizida öz yuksakligi tomon çorlaydi.
– Yozuvçi, olim sifatida özbek adabiyoti nasrining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
– Oqqan daryo oqaveradi, ehtiyoj bor ekan, yangi va yaxşi adabiyot yaratilaveradi. Baʼzi davrlarda yorqinroq namoyon böladi bu hol, baʼzi davrlarda esa aksinça – xiraroq. Davrlarning ham alohida xususiyatlari böladi. Eslang: parçalanib ketgan sobiq sovetlar davrida örtamiyona şoir yoki yozuvçining obröyi bugungi kunning manaman degan şoir-u yozuvçisining obröyidan ançayin baland bölgan. Sababi sovet hukumati adabiyotni öziga yugurdak qilib olgan edi. Öz mafkurasini tarğib qiliş uçun adabiyotni vosita qilgandi va juda katta qalam haqi tölagandi. Qolaversa, internet-u bugungi imkonlar yöq edi. Adabiyot, kino, teatr… asosiy zavq oladigan maydonlar edi. Din ham maʼn qilingan edi. Diniy tuyğularni öquvçilar asosan adabiyotdan, badiiy matnlardan qidirardi. Natijada adabiyot “ilohiylaşib” ketgandi. Şuning uçun u paytdagi ijodkorning obröyi vazirnikidan aslo kam emasdi. Şuning uçun Toşkentda çop etilgan tört qator şeʼr Uzoq Şarqda aks-sado berardi. Hammasi siyosat bilan, siyosatning adabiyotga bergan eʼtibori bilan boğliq edi. Mamlakatda yakranglik mavjud edi. Yaʼni öşa davrda yaşagan odamlar deyarli bir xil hol va kayfiyatda yaşaganlar. Bu degani, ularning ehtiyojlari ham, talablari ham bir-biriga juda-juda yaqin bölgan. Demak, u yoki bu asarda davr ruhi aks etib qolsa, birdaniga hammaga taalluqli bölaverganidan öşa hamma uni asalaridek örab olgan, öqigan, boşiga kötargan… Bugun-çi? Bugun jamiyat önlab, yuzlab qatlamlarga bölinib ketgan va har bitta qatlamning öz ehtiyoji bor. bugun hatto Navoiy, Şekspir, Tolstoy kabi daholar tuğilib kelsa ham birdaniga barça öquvçilar qatlami ehtiyojini qoniqtiradigan asar yoza olmaydi. Bu nazariy jihatdan ham mumkin emasdek tuyuladi menga. Yoki öta muşkul bir iş. Şuning uçun ijod namunasiga baho berayotganda davrdan kelib çiqiş kerak böladi. “Nima uçun bugun katta yozuvçilarimiz, katta şoirlarimiz yöq?”, degandek yozğiriqlarni eşitib qolamiz. Bugungi kun adiblari nasrini ötgan asrlarning uluğ deb tan olingan adiblari ijodi bilan soliştirib köring a, köp sirlar oşkor böladi-qoladi. Asar yaratiş texnikasi, badiiy mahorat bobida hatto ilğorroq körinadi hozirgi nosirlar. Faqat baribir ularga nimadir yetişmayotgandek bölaveradi. Nima öşa? Taʼkidlanganidek, jamiyatning turli qatlamlarga bölinib, badiiy estetik ehtiyojning ham parçalanib ketişi natijasida insonning bugun boşqa, ertaga boşqa, indin yana boşqa holatlarga tuşib çiqayotganidir. Agar u bir xil holda kamida 10 yil yaşay olganda edi, şu hol gözal şaklda aks etgan roman yoki şeʼrga qattiq mehr boğlagan bölardi. Yuzlab qatlamlarga mansub minglab hollarni könglidan keçirayotgan zamondoş öquvçining muayyan asarga köngil berişi endi qiyin. Bir paytlar ayrim jamiyatlarda yozuvçilar salkam payğambardek uluğlangan. Çunonçi, zamondoşlari Lev Tolstoyni avliyo darajasida körişgan. Bugun aslo unday emas. Dunyoni, hayotni yaxlit idrok etib, uni bir butun şaklda aks ettiriş imkonining yöqolgani ijodkorning mavqeini ham tuşirib yubordi. Yaqin ötmişdan şunday voqeani eslayman: ustoz şoir Abdulla Oripov bilan liftda çiqdik, deng. Endi qözğalamiz deganda, şoşib bir yigit kirib keldi-da, bizga bir qarab olgaç, teskari ögirilib lift tugmaçasini bosdi. Holbuki, u “Onajonim şeʼriyat” deb atalgan tögarakka kelayotgan ekan. “Onajonim şeʼriyat” degan taʼrif Abdulla Oripov şeʼrlaridan olingan. Adabiyotga qiziqadigan, özi ham şeʼrlar maşq qiladigan yoş yigit kimsan – Abdulla Oripovdek şoirni tanimayapti va salom ham bermasdan ögirilib olyapti. Demak, yana öşa gap: hammasi davr, uning öziga xos feʼli-xöyi bilan boğliq gaplar bular.
Bugun özbek nasri hayotni badiiy estetik idrok etişda ança ilgarilab ketdi. Bir paytlar bu iş şeʼriyatning zimmasida edi. Endi bayroq nasrda. Şu maʼnoda men özbek nasri kelajagiga juda katta umid bilan qarayman. Uning hali qiladigan işi köp va katta. Jumladan, adabiyot kemasi çökib borayotgan dunyoni qutqarişda ozgina bölsin öz hissasini qöşmoği kerak. Taassufki, bugungi dunyo adabiyotdan tobora uzoqlaşib boryapti. Ikki-uç yil oldin Yaponiya vaziri Yaponiya universitetlaridan ijtimoiy-gumanitar fanlarni olib taşlaş haqida farmon çiqardi. Yuzlab universitet rektorlaridan faqatgina törttasi bunga qarşi ovoz berdi, qolganlari maʼqulladi. Nima emiş – ijtimoiy-gumanitar fanlar işlab çiqarişga foyda bermasmiş, ular moddiy boylik yaratmasmiş. Hozir u yerda vaziyat qanday – bilmayman. Lekin ijtimoiy-gumanitar fanlarni örganmasak, bu hayotning maʼnosini, umrning qisqaligini, savob va gunohning nima ekanini kim örgatadi?.. Masalaga faqat pragmatik köz bilan yondaşilsa, hamma narsada moddiy foyda ketidan quvilaversa, oxiri başariyat yölida kutib turgan çohga qulamaymizmi? Çohning borligi aniq. bu çoh foyda ketidan quvişdan paydo bölgan. Yana şunday davom etaversak, oqibati nima böladi?!.. Ana şuning uçun ham ijodkorlar belni mahkam boğlab, oldda turgan çohning xavfidan badiiy xabar beraverişi kerak. Men intilgan, men bilgan, men tan olgan katta adabiyot ana şu maqsadga xizmat qiladi.
– Ustoz, maroqli suhbatingiz uçun katta rahmat! Xudo xohlasa, bunday suhbatlarni yana davom ettiramiz. Vaqt ajratganingiz uçun rahmat!
– Sizga ham rahmat, döstim! Irqidan, dinidan, mavqeyidan qatʼi nazar, barçani birlaştiradigan yuksak adabiyotning yöli oçiq bölsin!
Döstbek SULAYMONOV suhbatlaşdi.
2021/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


