* * *
O, yuztuban yotgan birodar –
Dunyolarga orqa ögirib.
Har nafasi jonga barobar,
Har jonidan ming bor örgilib –
Har lahzaning hisobin olgan,
Har lahzani qilgan tavoblar.
Har lahzadan bir umid qolgan,
Har lahzada minglab savoblar –
Köz öngidan ötgan misli zar,
O, yuztuban yotgan birodar.
Agar bundan omon çiqsam, bas,
Odamdayin yaşayman, Tangrim,
Olamdayin yaşayman, Tangrim.
Közlarida zarraça kir yöq
Bolamdayin yaşayman, Tangrim
O, yuztuban yotgan, birodar,
Közyoşlaring tomadi çak-çak.
Böğzingga havolar qadalar.
O, yuztuban yotgan, birodar,
Soğayganing bölsin muborak,
Unutilmasa bas vaʼdalar!
Seni sevmay turib öldirma, yorab!
Xudoyim, tuşimda öqidim sano,
Közyoşga yuz çayib, qildim tahorat.
Bir qavm eʼzozladi – rahmati fano,
Mendayin osiyga bu ne saxovat?!
Bu tuş taʼbirida ne hikmat, Egam,
Axir qalbim moğor, aqlim xarob-ku?
Sening yöriğingga boşimni egmam,
Nozaninlar hamdam, döstim şarob-ku?!
Axir bir maxluqman xudbin, xudparast,
Havoyi hayotim boşin silayman.
Bir bor çözmay turib özgalarga dast,
Özgadan sadoqat, sevgi tilayman.
Uloqib yuribman – oyoqlarim kir,
Baʼzan yomon, baʼzan xöbroqman, Tangrim.
Gunohkor bandangman keçirgin, keçir,
Poyingda bir çimdim tuproqman, Tangrim!
Ketişim kelganim kabi ayondir,
Uyğonib, yiğladim ortimga qarab.
Işqing olovida azobla – yondir,
Seni sevmay turib öldirma, Yorab!
* * *
Şotutlar şovullaydi –
Tanasiga qon tomgan.
Momom oftobasidan
Tomiriga jon tomgan.
Şalabbo şamollardan
Barglariga yuqqan gard.
Ostiga tökilgani
Şoquvonç emas – şodard.
Yillarning yildirimi
Adl qaddin dol etar.
Şotut oftoba tutgan
Momomga öxşab ketar.
Şotut ham momom kabi
Öttiz yilning bevasi.
U ham momomdek yolğiz –
Bargidan köp mevasi.
Beş yil avval keç kuzak,
Beş çokim sökilgandi.
Momom sönggi yaproqdek
Tuproqqa tökilgandi…
Qirq yilki duo qilar,
Momom duosi – irmoq.
“Öğillaring ötov qil,
Qizlaringni qil qişloq”.
Samarqandga soğingan
Sordek bözlab uçaman.
Goho borib momomni
Goh şotutni quçaman.
Biri tuşimda yöqlar,
Birin duo dastida.
Yer ustida bir momom,
Bir momom yer ostida.
* * *
Neki bepul bölsa beqadr.
Neki arzon, demakki, beşon.
Sotiladi tap-taqir adir,
Pullanadi bir parça nişon.
Narxi bordir kerakli toşning,
Tekin narsa tovonsizdir – tul.
Bir çaqaga olmay quyoşni,
Xalajoyga tölaydilar pul.
Şafaq bepul – qadrsiz, demak,
Oyga mengzab aldarlar yorni.
Sotiladi bir tişlam yemak,
Sotadilar hovuçlab orni.
Şamol tekin, bepuldir yellar,
Arzonbaho gullar ifori.
Beqadrdir ötyotgan yillar,
Beqadrdir quşlar izhori.
Şeʼr beqadr, şoirlik şonmas,
Lek bahosi baland navoning.
Sotiladi, desa işonmas,
Narxi çiqarilgan havoning.
* * *
Mening közyoşlarim qayga quyildi,
Singdimi Sirdaryo kabi qumtoşga?
Ming igna sançdilar – qonim suyuldi,
Tomirlarim töldi közyoşga.
Ovozim qayerga yöqoldi, qani –
Bir bora ingraşga yetmaydi kuçim?
Xasta tovuşlarim özimga ğanim,
“Ota” degan dodga töladir içim.
Töladim eng oğir badal hayotga,
Böğzimda turgan vaqt unsiz şoşirdi.
Mening nafasimni qaytargan Zotga
Otam nafasini topşirdi.
Vohid LUQMON
1974-yili tuğilgan. Samarqand davlat universitetining jurnalistika yönalişini tamomlagan. Bir neça şeʼriy töplamlari çop etilgan. Ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy mavzudagi publitsistik maqolalari bilan matbuotda qatnaşib keladi.
2021/8
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida