* * *
Yomğirlardan seni söradim:
– Qayda yorim, qayda dilrabo?
Yomğir bölib yoğdi yuragim,
Bosib ötding behis, beparvo.
Oyoğingni öpdi bir tomçi,
Poşnang bilan ezding sarosar.
Sen bilmading, sezmading, afsus…
Öşa tomçi men edim, dilbar.
Bir baxtiyor tomçiman bu kun,
Visoling-la bezangan – başang!
Balki, qattiq sevganim uçun
Yumşoq bölib tuyuldi poşnang.
* * *
Har bir yaltiragan durdan darakmas,
Köksingizda turgan toşdir, yurakmas,
Sizga nima kerak, bilmadim, ammo
Sizdek dösti borga duşman kerakmas.
Yoşlik bilan xayrlaşuv
Keçagina tuğilgan edim –
Atrofimda tumonat odam.
Onasi bor edi onamning,
Öktam yigit edi otam ham.
Bilmas edim hasad ne erur,
Ğayirlik ne, xusumat nima…
Bilmas edim ayriliq nedur,
Qayğu nima, musibat nima…
Tört faslimda kezardi bahor,
Qor ham edi göyo çöğ, qaynoq…
Dunyo bilan nima işim bor,
Bor taşvişim – öyin, muzqaymoq.
Böyim ösdi umrim yozida,
Qizaloqlar böldi parirö…
Yoşlik soyaboni ostida
Ilk sevgiga keldim röbarö.
Keyin… yana aylandi boşim,
Mast-u sarxuş yuguribman-ey…
To yiğib olgunça es-huşim
Uylanişga ulguribman-ey!
Endi rözğor yuki yelkada,
Kamiga jujuqlar qiy-çuvi.
Şoirning şu bölsa kerak-da
Yoşlik bilan xayrlaşuvi.
Devona istak
Qani, bölsa dilga yaqin bir hamroh,
Öralaşib yurmay oh-u vohlarga,
Qalb tölganda poyi piyoda goh-goh,
“Hayo-hayt” deb ketsang azim toğlarga.
Talaşmasang ahli johillar bilan,
Kimgadir tuşmasa soyang, savlating.
Turolsang şon-şuhrat, mansabdan baland,
Keng dala-yu toğlar bölsa davlating.
Taşvişing bölmasa nafs degan balo,
Yuragingga siğsa sayr-u sayohat.
Sendan pastda qolib ketsa bu dunyo,
Aylasang özingni özing ziyorat.
Atrof töla daydi itlarga hayhot,
Bir qölimda qalam, birida suyak…
Özin toğ bilsalar, deging kelar dod,
Şolğom ekmoq uçun olingan jöyak.
Toğlar! Salobatga töla bağringiz,
Mudom qaddingiz tik, dimoğingiz çoğ!
Mendan şoirroqdir arçalaringiz,
Tikangullaringiz mendan baxtliroq.
Qani, bölsa dilga yaqin bir hamroh,
Öralaşib yurmay oh-u vohlarga.
Heç kimga hisobot bermayin – şundoq
“Hayo-hayt” deb ketsang azim toğlarga.
* * *
Bahor deb yurganim kuzdan xarobdir,
Har bosgan qadamim hisob-kitobdir.
Duşman döstimdan köp holimdan ogoh,
Döstimdan duşmanim olijanobdir.
Marsiya
Öşa kun, şumşayib… qaytdim bir özim,
Kördi-yu, sarğaydi yam-yaşil boğlar.
Tinglamay salomim, eşitmay sözim,
“Saidjon qani?”, deb söradi toğlar!
Momoqaldiroqdek ğudrandi yana:
“Qadam bosib kelding qaysi yuz bilan?”
Sadalar çayqalib qildilar taʼna,
Tars yorilib ketdi ming yillik xarsang.
Bu toğlar girdidan ötgan ne-ne mard,
Kim otin yeldirgan, kim yeldirmagan.
Toğlar jim kuzatgan, ammo bu qadar,
Qayğuga botganin heç bildirmagan.
Uvvos eşitilar olisdan elas,
U qandayin yiği, qanday ovozdir…
Bilaman, bu çölning şamoli emas,
Xorazm yöllari tortgan uvvosdir.
Tişlarim-la tişlab bardoşlarimni,
Ajdar xayollarga çömib turdim jim…
Közimga çiqarmay köz yoşlarimni,
Könglimning tubiga kömib turdim jim…
Jim turmasdim aslo imkonim bölsa,
Garçand Haqdan kelgan bu oliy hukm!
Ming jonim töşardim ming jonim bölsa,
Asrab qololsaydim hayotin bir zum…
Şaharga yöl oldim toğlardan öksib,
Şundoq ham dardlarim qirğoqdan toşgan.
Va lek battar ezib ezilgan köksim,
“Saidjon qani?”, deb söradi Toşkan.
Bilaman, tinçlanar toğlar baribir,
Uç kunda unutar toşşahar beğam.
Könikar yor, farzand, jigar… birma-bir,
Döstim deb şeʼr yozgan hattoki men ham.
Faqat könikmaydi, yuragi kuyib,
Faqat unutmaydi bir zot, yagona!
Sal oldin qizini tuproqqa qöyib,
Öğlining qabriga gul ekkan ona!
Zohidjon OLOV
1986-yili Toşkent viloyati Parkent tumanida tuğilgan.
Özbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.
“Olamvor orzular”, “Sevaman” va “Döstni ham borida qadrlang” nomli şeʼriy töplamlari çop etilgan.
2022/8
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida