306 marta körilgan

Ruhni poklagaydir orifona şeʼr…

Akmal Toş

Şoir Akmal Toşga umr vafo qilganida şu yil u öttiz sakkiz yoşni qarşi olardi. Ammo taqdir yaqinlariga unga bölgan dildagi  ezgu tilaklarini yana bir bor aytiş imkonini bermadi. Akmal bu dunyoni gul faslida, eng gullagan yoşlik çoğida  (2023-yil 8-mart) tark etganiga hamon işongimiz kelmaydi.

U 1985-yilning 6-aprelida Qaşqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqtoş qişloğida tuğilgan. Özbekiston Milliy universitetida Jurnalistika fakultetini tamomlagan. Akmal talabalik yillaridayoq eʼtirof etilgan kam sonli şoirlardan biri edi. Ammo u, munaqqid Rahimjon Rahmat taʼbiri bilan aytganda, “şoirligidan iymanar” edi.

Adaşmasam, 2008-yili “Turkiston” (hozirgi “Yoşlar ovozi”) gazetasida Özbekiston xalq şoiri Sirojiddin Sayyidning “Yoşlik. Bahor. Muhabbat” nomli suhbati eʼlon qilingan. Unda ustoz suhbatdoşining yoş şoirlar haqidagi savoliga “Şodmonqul Salom, Behzod Fazliddin, Akmal Toş yaxşi ijod qilyapti. Ulardan adabiy jamoatçilikning umidi katta…” degan maʼnoda javob bergandi. Bu eʼtirofdan Akmal Toşning qançalar xursand bölganiga guvoh bölganman. Közlari lov-lov yonib, jilmaygança: “meni ham aytibdi-ya” degan sokin ovozda. Akmal turli adabiy keçalarda, tadbir-u bayramlarda köpam köriniş bermasdi. U bir çekkada şovqinli bu dunyoda sokinlik axtarib şeʼrini yozdi – “Mohiyat lahzalari” va “Fariştali kunlar” nomli şeʼriy töplamlarini çop ettirdi. Bir söz bilan aytganda, Akmal Toş – fariştali yigit edi.

Jurnalda naşr etilgan uşbu turkum uning sönggi ijod namunalaridan. Öylaymanki, bu şeʼrlar şoir haqidagi taassurotlaringizni yanada boyitadi.

Nurilla ÇORI, yozuvçi

 

 

Navoiy


1.

Bir ummon mavjlanar – sarhadsiz, asov,

Qalqib turar dunyo – oq-qora, döst-yov.

Azaliy talotöp: fikrlar jangi,

Ongda namoyondir hislar jarangi.

Tafakkur çatnaydi – tuyğular böron,

Hayratlar böy çözgan – adoqsiz örmon.

Barçasin jam etmiş uluğvor hikmat,

Gurkirab ulğaydi turkiy şeʼriyat.

Nazmiy maşvaratda qasri muhtaşam,

Zamonlar pisandmas – mağrur va körkam.

“Köngul durji içra guhar sözdurur”,

Haq yölga boşlovçi qamar sözdurur.

Aşʼori böston aro kabir Navoiy,

Har bayti manguga tatir Navoiy.

2.

Ne tong, Haqni topmoq – uzlatdan murod,

Işqni vasf etmoqlik – fitratdan murod.

Hayratlar ganjida tafakkur ayla,

Tilsimlar toqida moh zuhur ayla.

Yor zulfi sahroyi Majnunga sirtmoq,

Muhabbat kaftida diydorga muştoq.

Hijron toğlarini qulatgay, hayhot,

Visol çaşmasidan umidvor Farhod.

Zohiriy buyuklik, mol-dunyo heçdir,

Işq savdosi oğir, jununga eşdir.

Ilm-u hikmat ila devor bunyod et,

Dajjolning makridan özni ozod et.

Şoh “Xamsa” naqqoşi erur Navoiy,

Mohiyat nurfoşi erur Navoiy.

3.

Demişlar, bu olam aldamçi, sarob,

Ruhni ulğaytirar nekbin iztirob.

Kibr-u manmanlikning jazosi tuproq,

Nafsiga osilgay yetdim degan çoğ.

Haqdan yuz burganlar adaşgay har gal,

Haqqa yuz tutganlar yoruğ yuz azal.

Ruhni poklagaydir orifona şeʼr,

Komillik vasfidan bir nişona şeʼr.

“Çor devon” qatida porlagay quyoş,

Tuyğular çaşmasi hamonki, taloş.

Mutolaa zavqidan qaytma bir nafas,

Har lahza ğanimat, qaytib berilmas.

Har bosgan qadami ğazal Navoiy,

Badiiyat boğida tugal Navoiy.

4.

Barçamiz bir quşmiz – manzil izlagan,

Kimdir arosatda, kimdir bözlagan.

Şaksiz, yöllar turfa, niyat qayondir?

Amal-u öyimiz Haqqa ayondir!

Nafsga tortsa-da havoyi vujud,

Nurga çorlayverar botinda Hudhud.

Sinovlar daştida hayrona turdim,

Çalkaş yöllar aro sarsona turdim.

Şu topda saroblar sandiğin yopdim,

Maʼrifatga intiq bir qismat topdim.

Ruhingni poklagil – surat qafasdir,

Ezgulik sarbaland, yovuzlik pastdir.

Hilolga boşlovçi karvon Navoiy,

Oşiqlik bobida sarbon Navoiy.

5.

Past-baland hayotda tayanç bölur döst,

Yiqilsang, toğdayin suyanç bölur döst.

Şoh-şoir döstligi afsona böldi,

Sadoqat bobida durdona böldi.

Ne ajab, bir yonda qiliç-u qalqon,

Fozillik mayoği porlaydi bir yon.

Oq tulpor jilovin tutmiş Boyqaro,

Egarda Alişer – yuksaldi ziyo.

Gohida adovat, fitna çang solgay,

Lek oxir ğaddorlar ğaflatda qolgay.

Allohning sinovli hikmati uluğ,

Haqiqiy döstlikning qadami qutluğ.

Hamon avlodlarga ibrat Navoiy,

Orzuga aylangan fitrat Navoiy.

6.

Savobga qasd qilgay himmatli kişi,

Raiyat boşini silamoq işi.

Saxiylik bobida tarixda qolmiş,

Miskin-u musofir duosin olmiş.

Ilm-u fan rivoji ayni muddao,

Izzat-u ikromda ahli şuaro.

Borini baxş etdi ezgulik uçun,

Bunday fidolikni körganmi oçun?

Başar ardoğida uluğlar saf-saf,

Mudom qadrlangay ezgulik taraf.

Kimki yaxşilikdan halovat topgay,

Ikki dunyo içra barokat topgay.

Ajab, saxovatda tengsiz Navoiy,

Himmatga boşlagan pirsiz, Navoiy.

7.

Ne-ne sitamlarni körmiş turkiylar,

Ne-ne saltanatlar qurmiş turkiylar.

Adolat qiliçin tutganlar goho,

Gohida söz ila ğoziydir, daho.

Asrlar qaʼridan çorlaydi bir nur,

Bizni ulğaytirar ajib bir surur.

Qayda ibtido-yu, qayda intiho?..

Ilhom ummon erur – tengsiz, bebaho.

Ne tong, köngillarda barhayot kalom,

Yetuklik mehrobi – uluğvor tamom.

Ulkan zahmatlarda toblangan ziyo

Munosib bölmoqlik burçimiz, illo…

Çeksiz tafakkurga isbot Navoiy,

Jami turkigöyga ustod Navoiy!

Akmal TOŞ

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (325)

Ayol

Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan çekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
Ön töqqiz yoşida beva qoldi u.