69 marta körilgan

Toğ boşidan “hayt” degan ovoz keldi, yor-yor…

Suhrob Ziyo

Renessans

Bir avlod kerakdir –

osmonga boqib,

yulduzlar tarhini çizguvçi avlod,

közidan ming yillik anduhlar oqib,

dunyoni bor rangda körguvçi avlod.

Bir avlod kerakdir,

bilmasin aslo

haq sözni aytmasdan turib ölişni.

Döstga qurbonlikni boplasin, ammo

eplolmasin yovga qulluq qilişni.

Bir avlod kerakdir –

umurtqasi çöng,

böyin sunmaydigan, egilmaydigan.

Tizzasi tizzadan çopilmagunça,

tizza bukmaydigan, yiqilmaydigan.

Bir avlod kerakdir –

irfonga taşna,

ilmning mağzini şimgan fitrati.

Piçirlab yaşaşni bilmasin, sözi

osmon-u zaminni yursin titratib.

Bir avlod kerakdir – javonmard, bilga:

yurt söraş çekiga tuşsa mabodo,

böğzidan burda non ötmasin, elda

bir ğarib haqqini etmayin ado.

Bu avlod keladi olamni tutib,

uyğonar qonlarda mudroq zafarlar…

Faqat halolmikan onalar suti?!

Faqat tozamikan puşti kamarlar?!

 

“Yoy-yoy”

Ustoz Şomirza Turdimovga

Alpomiş çohda qoldi. Ultontoz taxtga mindi. Keliboq Barçinga oğiz soldi. Bodom bikaç ögliga töy boşladi. Qönğirot elini “yoy-yoy” aytib töyga çorladi. Bodom bikaçning tili çuçuk. U “r”ni “y” deb talaffuz qilardi…

Bu qanday töy, elim-ov?

Davra tegdi möltonga.

Alpomişning Barçini

Uzatilar Ultonga.

Tili bor-u, ori yöq

Ulus endi qaytadi?

Bugun töyda “yor-yor”ni

Bodom bikaç aytadi:

“Ölan aytgan xöb qoyim

Tilim boydi, yoy-yoy.

Yut egasi bek Ulton

Ulim boydi, yoy-yoy…” *

Ölan haqdan nişona,

Baxşi aytar bilganni.

Ölan-ölan, deydi-yu,

Tiriltirar ölganni.

Noqisga ergaşgan el

Kimga aytsin ginasin?!

Minğirlaydi baralla

Elning soqov “ena”si…

Suruv-suruv şon ketdi,

Qiy qoldimi, “yoy-yoy”?

Alplar ölib, bir bezot

Biy qoldimi, “yoy-yoy”?

Şoir – elning tilagi,

Sözi çertsin tomirni.

Böğizlanglar öz elin

Uyğotmagan şoirni.

Ming yillik şon yuz burib

Kirib ketdi saroyga.

Özbakning bir şoiri

Jör böladi “yoy-yoy”ga:

“Qulluq, bizga yopdingiz

Şoyi kiyim, yoy-yoy.

Tursin dunyo turgunça

Ulton biyim, yoy-yoy…”

Haqdan qaytgan nomardlar

Berkinadi panaga.

El ergaşar “yoy-yoy”lab

Tili çuçuk “ena”ga.

“R”ni “y” deb tursa ham

Elning tili ölmaydi.

Biroq “ERK”, “OR”, “YURT” sözin

“R”siz aytib bölmaydi.

Tiğ tutmas qöl tutgani

Kosov bölar, “yoy-yoy”.

Öz tilidan tonganlar

Soqov bölar, “yoy-yoy”.

Zamon şunday aylanar,

Köpni körar sabrli.

Beklik bekka munosib,

Fuqaroga – faqirlik.

Bekligini bilmagan

Elning şöri quriydi,

Avval zari quriydi,

Keyin zöri quriydi.

Ultonlarga boş egib

Qolay dema omonda.

Alpomişing ölmagan,

Alpomişing zindonda.

Alpdan yodgor ullaring

Yurmasinlar panalab,

Enasini körsinlar

Tili çuçuk enalar.

Sözim tinglab köksingga

Qasos keldi, yor-yor.

Toğ boşidan “hayt” degan

Ovoz keldi, yor-yor.

 

Toşkent jangi. 1865.

Birlaşmadi gumroh şohlarim,

Vatan deya neça jon ketdi.

Ğanim bir-bir kesdi ohlarim:

Çimkent ketdi, Turkiston ketdi.

Bir er tizdi mardlarni jangga,

Bu zaminda yöqmi boşqa ul?

Titroq kirdi yoğiy badanga,

Söngra…  öqqa uçdi Alimqul.

Biz tiraşdik, toki bir xoin

Duşman poyin öpmoq tiladi.

Nido qildi öq tekkan joyim:

“Buxorodan madad keladi”.

Ha, ojizmiz. Ha, oç-nahormiz.

Miltiqlarga qarşi – ha, muştum.

Biroq bizlar bir sarbadormiz,

Biroq bizlar emasmiz tuşkun.

Biz ölamiz, kim ham qoladi?

Biroq bizim bölar qutluğ jang.

Buxorodan madad keladi,

Sarbozlarim, ungaça çidang!

Bardoş qança bölsa – erk şunça!

Qöldan bermang aslo alarni.

Buxorodan madad kelgunça

Oçmasak bas darvozalarni.

Böğzingizdan ötgan har qultum

Suv ğanimga şaylasin yaroq.

Hayqirmoqqa kuçingiz bölsin

Buxorodan madad kelgan çoğ.

Boqib közi nigoronlarga,

Bir aççiq öt yoqdi jonimni.

Va öyladim qörqoq xonlarga

Kuni qolgan Turkistonimni.

Afsus, yana nafs erkdan ğolib:

Toptab ğoziy mayitlarini,

Yov qöliga tutdilar oxir

Şoşning oltin kalitlarini.

Boş egmasdan ölmoq ham şaraf,

Yov tiğ urdi titrab möylari.

Buxoroning yöliga qarab,

Sönggi bora erkni öyladim:

“Buxorodan madad keladi…”

“Buxorodan madad keladi…” 

Abdumalik töra*

Ketdim…

Kaufmanga boş eggandi xon.

Ketdim…

Otam edi öşa xon, hayhot!

Ketdim…

Hisor, Ğuzor… barbod Turkiston.

Qullikda töralik isnoddir, isnod.

Ketdim…

Samarqand ham ketgandi qöldan,

Quladi Şayboniy, Temur tuğlari.

Ming yillik çiroqlar bulğandi kulga,

Yuvuqsiz izlardan tuproq yiğladi.

Ketdim…

Xon örisga izimni sotdi,

Yo ota! Buxoro tiz çökdi, kammi?

Men qanday sultoni bölardim axir

Ğanimga qulluqlab turgan Vatanning?!

Ketdim…

Bu osmonning yarmi tilingan,

Minora Kalonga tegdi tizlari.

Töqson ikki bovli Özbak elimdan

Bir beli boğlangan askar  izladim.

Yo Vatan!

Men ölib ketarman şundoq,

Ruhim burğulari baland, çöng kelar.

Men qöşinsiz qolgan töraman, biroq

Yovqur jangçilarim mendan söng kelar!

Ketdim…

*Amir Muzaffarxonning katta öğli. Amirning Rossiyaga taslim bölgani va şarmandali şartlarga rozilik berganidan norozi bölib, Qaşqadaryo vohasida isyon kötaradi.

Suhrob ZIYO

 

1996-yilda tuğilgan. Özbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini va Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti univetsiteti Oliy adabiyot kursi magistraturasini tamomlagan. “Ay suygulim”, “Köngil yelkani” şeʼriy kitoblari muallifi. Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.

2024/6

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (325)

Ayol

Yigitlar maktubin bitganda qondan,
Kelinlar firoqdan çekkanda yohu,
Uning ham panohi qaytmadi jangdan,
Ön töqqiz yoşida beva qoldi u.