Şoir Bobur ELMUROD bilan suhbat
– Boburjon, gurungimizni öqigan kişi loaqal sarf etgan vaqtiga açinmaydigan bölsa, qanday ham yaxşi. Ayniqsa, jurnalimiz talabçan yoşlar muhitiga xosligini inobatga olsak, aniq va lönda gapirişga töğri keladi-yov. Çunki qoni qaynoq yoşlar tabiati şunaqa-da. Donişmandlar hikmatidan anglaşimça, farzand tarbiyasi jarayonida unga boşqa birovning farzandini ibrat qilib körsatiş xato ekan. Şunga muvofiq aytadigan bölsak, kitobxonlik mavzusi yetarliça gapirilmoqda, hatto qanday kitoblar öqiş haqida tavsiyalar ham berib boriladi. Bu jarayon öz yöliga, men sizdan söramoqçi bölganim – kitob öqiş, alohida taʼkidlayman, har bir kitobxonga qanday manfaat yetkazadi? Albatta, bilamizki, ommaviy kitob naşrlarining paydo bölgani haqida gap ketsa, yaqin yuz yilliklar köz oldimizga keladi va dildan şunday öy keçadi – bundan bu yoğiga kitobxonlik qay tariqa davom etarkan?
– Talabingizni angladim, Xolmuhammad aka. Bobur Mirzoning “Hol ul edikim, hikoyat ettim,//Gah şukru gahi şikoyat ettim”, degan iqrori bor. Boriça, oçiq-oydin suhbatga nima yetsin.
Ha, hozir kitob öqiş şaxsan men uçun oğir işga aylangan. Endi qanday öqişgayam boğliq-da. Yaxşi kitobni töxtab-töxtab, tagiga çizib öqişday zavq yöq men uçun. Tajribadan ötgan, uç varoq mazali joyini öqib, ön ikki varoq maqola yozsa böladi. Ammo butun kitobni tugatib, ikki oğiz şaxsiy xulosa ham aytolmaslik mumkin. Şuyam öqiş hisoblansa agar.
Mutolaaning ijodkorga manfaati, öylaşimça, kitobdagi ğoya içingizdagi biror qönğiroqçani tebratib yuborsa bormi, bu xuddi, vulqonning tugmadek oğzini oçib yuborişday gap. Portlaysiz.
Katta şoirlarimiz ham yaxşi asarlar taʼsirida şeʼrlar yozgan. Masalan, “Maʼnaviy masnaviy”ning köp hikmatlarini Şavkat Rahmon rosmana sanʼat darajasida şeʼrga aylantirgan. Bu ijodkorning mahorati bilan boğliq, albatta.
Bugun kitob savdosi katta biznesga, mutolaa esa ozmi-köpmi ehtiyojga aylanmoqda. Uç-törttalab naşriyot oçib, yuzlab kitoblar çiqarayotgan noşirlar siz-u bizga taniş. Bu holni şaxsan olqişlayman. Çunki ötmişda uquvsizlik qatori kitobsizlikdan ham azob çekkanmiz. Ötgan yili “Mamlakatlar tanazzuli sabablari”ni öqiyotib, içimdagi ayrim savollarga javob topganday böldim. Bilasiz, 1445-yili Germaniyada Yohann Gutenberg kitob bosiş dastgohini işga tuşirdi. Endi qimmat va kamyob kitoblarni ham millionlab adadda çop etiş mumkin edi. Ovröpa şaharlarida bosmaxonalar keça-yu kunduz işlab turdi. Maʼnan töyinmagan xalq tafakkuriga kitoblar oqib kira boşladi.
Qiziğ-a, Alişer Navoiy tört yoşga kirganida Ğarbda kitoblar millionlab nusxada bosilayotgandi. Movarounnahrda esa xattotlar qöl mehnati bilan kitob nusxalar edi.
Usmonli davlati sultoni Boyazid Ikkinçi musulmonlarga arab yozuvida kitob bosişni taqiqlovçi farmon imzolaydi. Dastgoh olib kelinsa-da, senzura tufayli bir yilda bittagina kitob çop etilardi xolos. Tasavvur qilyapsizmi, ön tört yilda ön yettita kitob çiqarilgan ekan.
Aytmoqçi bölganim, ön töqqizinçi asr boşida Usmonli saltanati fuqarolarining taxminan ikki-uç foizi savodli bölsa, Angliyada erkaklarning oltmiş foizi, ayollarning qirq foizi öqiş va yozişni bilgan. Bu statistika.
Kitob mutolaasi bilan boğliq asriy uzilişlar ommaning bilim darajasini qay ahvolga solganini çamalab köravering.
Bugun yuzlab kitob bosiş dastgohlari işlab turgan yurtimizda kitob öqişga har qança rağbat körsatilayotgani qöllovga loyiq. Allomalarimiz aytganidek, çivinga yaqin bölsak, çiqindiga ham yaqinlaşaveramiz. Kitobga yaqinlaşayotganimiz, hatto yengil-yelpidek körinsa-da, baribir yaxşilikka…
– Gurungimizning ruhiyatiga mos keladigan xalq hikmatlaridan birini esladim. Öğling bölsa, mulloga qöy, mullo topmasang, davraga qöy, degan naql bor. Şu haqda nimalar öqigansiz yoki eşitgansiz?
– Xayolimda öğil farzand tarbiyasini mullaga işon, kamolotga yetadi, topolmasang, davralar (köça) ham sinovlari bilan közini oçadi, degan boşlanğiç tasavvur uyğondi. Ötgan ikki-uç yil ilmiy izlanişlarim sabab xalq oğzaki ijodi namunalari, ayniqsa, jangnoma dostonlar bilan yaqindan tanişdim. Aksar dostonlarimizda qahramonlar yetti yoşgaça taʼlim-tarbiya va diniy ilmlar bilan maşğul bölişgan. Yaʼni suyagi qotgunça öqitilgan. Savolingizni eşitdim-u, “Yusuf bilan Ahmad” jangnomasidagi parça esimga tuşdi.
Dostonda Bözöğlon podşohning közi maktabdan kelayotgan ikki xonzodga tuşadi. Ularning kimligini bilgaç:
“Barakalla sizlarga, bularni bunça öqitibsizlar mulla bölsin deb, yo bir masjidga, yo xonaqoga xatib qilamizmi? Bizlar sipohi kişimiz. Şunça suvrat, xati bölsa, sipohlarga böladi-da, özi xat bitsa, birov xat bitsa, öqisa, sipohning mulla bölgani şu böladi. Endi bularga sipohilik örgatinglar: ot çopmoq, öq otmoq, sipar tortmoq, qiliç çopmoq, ham nayzadastlik, kirbastlik, surişbozliq, köpkaritozlik. Endi şu mullaliği böladi”, – deb ötib ketadi.
Eʼtibor beryapsizmi? “Şu mullaliği böladi”, deyapti. Öşa davrning udumi öğil bolani haqiqiy jangçi qilib tarbiyalaş edi. Bu qaraş, aslida, bugunga ham mos tuşadi. “Mullalik”kaça bölgan bilimlar va xalqqa foyda keltiradigan dunyoviy kasblarni egallaş zarurat deb hisoblayman.
Dostonda aka-ukalar öşa gaplardan söng boşqa yigitlar qatori uruş-savaş bilan maşğul böladi. Çunki yetti yoşda maktabga borib, savodi çiqqan bolaning harb işidan bexabarligi, avvalo, otalarni nomusga qöysa, bolalarni teng-töşlari içida uyatga qoldirar edi. Qadriyatning gözalligini qarang…
Naqlning “davraga qöy” qismini “köchani körsin” maʼnosida tuşundim. Köça ham köp narsani örgatişi bor gap. Eng muhimi, kişining öziga bölgan işonçini oşiradi. “Yusuf bilan Ahmad”da tutqunlikka tuşgan Yusufning bir gapi bor.
“…qirqingiz qiliç bilan keling, bizlar qölimiz bilan, bir tomoşani köring…”
“Alibek bilan Bolibek” dostonida ham polvonlar davra aylanib, şunday deydi:
“Polvon bölsang, ering kelgin,
Juda zördan zöring kelgin.
Harif bölsang, kel-ho, kel-ho,
Agar qörqsang, baring kelgin”.
– Yuksak badiiy asarlar haqida gap ketganda, “dunyo adabiyotida”, “jahon adabiyotida” deb aytiladi aksaran va asosan, ötgan asrlarda yozilgan asarlar haqida fikr yuritiladi. Bugun esa Feysbuk va boşqa köplab ijtimoiy tarmoqlarda har kuni millionlab matnlar çop qilinadi. Söz aytmoqqa minbar köp. Hali insoniyat tarixida bunça köp matn yozilgani yöq. Aksari ön yillar ötib saqlanib qolmasligi aniq. Beixtiyor “aslida, yozuvçi va şoirga jamiyatning ehtiyoji bormi”, degan savol paydo böladi.
– Öylaşimça, taxta va daraxt pöstloqlariga yozişga örgangan odamlar qoğoz kaşf qilingandan keyin hayratga tuşgan bölişsa kerak. Hozir axborot olişning, xususan, mutolaaning ham ming bir körinişi bor. Bir ustozimiz “bilim faqat kitobda” degan hayqiriqlardan çarçab, “Yoşlar qanday usulda bölsayam öqisa böldi-da, öqimaslik fojia”, degan edi. Endi hammani kitobga mixlaşning iloji yöq. Zamonaviylaşiş ham katta bilimlarni tezroq egallaşga yöl oçadi. Masalan, “Zakovat” öyinlari liga bosqiçlarida badiiy asarlardan tuşgan savollarni bir zumda topadigan döstlarim bor. Işoning, ularning kitob uşlamaganiga yillar bölgan. Yölda, köçada, metro va avtobusda audiokitoblar eşitişadi. Hatto tunov kuni kirakaşlik qiladigan bir akamiz yuzdan ortiq audiokitobni tinglab bölganini çamalab aytdi. Demak, şakl özgarişi ham mohiyatdan çalğitolmaydi.
Yozuvçi va şoirning asari axborot olamidagi eng taʼsirçan qurol, aslida. Körib turibmiz, şoir döstlarimizning ötkir, gohida biroz aççiqroq şeʼrlari ijtimoiy tarmoqlar orqali şov-şuv bölib ketyapti. Katta auditoriya, katta donişmandlik qarşisida dadil çiqiş bir lahzada obrö keltirsa, bir zumda şarmanda ham qila oladi. Çunki Feysbuk sahifasining özida bir nimalar yozayotganlar ham yöq emas. Iqtidori, ilhomi yetsa – buyam soz iş. Teskarisi bölsa, qoğoz ham uvol. Ammo aksar asardan asar yöq yozişmalar virtual olamda tuğilib, öşa yerda ölayotgani oddiy hol bölib qoldi.
Endi çin adabiyotning kuçi haqida. Nazarimda, adabiy asarlar köpinça hissiy ehtiyojlarimizga xizmat qilayotganday. Qalamning aççiği ham borki, negadir “Muştum” va ayrim ijtimoiy sahifalardagina közga taşlanadi.
Maktab davrlarimda Zavqiyning “Ahli rasta hajvi” şeʼridan hayratga tuşganman. Şoir qirq olti kişini nomma-nom tilga olib, ularning har biri feʼl-atvorini, xasisligini aççiq hajv qiladi. Bu ham yetmaganidek, öşa röyxatni Qöqonning eng gavjum Möymarak saylgohidagi baland terakka osib qöyadi.
Bosim ostidagi şoirni hokim ham tergab, uni Sibirga surgun qiliş bilan qörqitadi (hozir ön beş sutkaga qamoq bilan qörqitiş urfda).
Şoir va yozuvçilarning moddiy tarafdan zaiflaşuvi ularning ijodiy salohiyatiga ham yaxşigina taʼsir qildi. Bahonaday tuyilişi mumkin, ammo ertadan keçgaça quvvatini işga sarflab, uyiga horib qaytayotgan ijodkordan katta asarlar emas, katta armonlar kutsa böladi.
– Bobur, mana, siz umrning bir pallasiga yaqinlaşmoqdasizki, bu pallada ortga nazar taşlab, oldga intiliş lozim böladi. Binobarin, ijod borasida ham ikki qadam ortga, bir qadam olğa yurişga töğri keladi. Bobur, ayting-çi, yozuvçi-şoirlikning, umuman olganda, qölga qalam olmoqlikning matlabi ne?
– Bir narsadan doim ranjiyman. Şoir va yozuvçilikning maqomi muttasil bir nimalar yozib turiş bilan ölçanib qoldi-yov. Har kuni şeʼr yozayotgan odamning çin şoir ekaniga biror isbot bölsa edi. Konçi danakday oltin topiş uçun botmonlab tuproq-qumni taşqariga öymalab taşlaydi. Oltin çiqmasa – tuproq bir pul. Öşa tuproqniyam oltinga mengzab qolişimiz juda ayançli. Şoir Amir Xudoyberdi bir şeʼrida “Bulbulning közidek gavhar qiymati//Poda-poda hökiz bahosiga teng”, deb yozgandi. Baʼzida tarmoqlardagi “ölik” yozişmalarga ham yuzlab odamlar “layk” va “ofarin”larini körib qolaman. Havaskor-ku, mayli, tuppa-tuzuk odamlarning ham dunyoqaraşi va dididan şubhalanib qolaman. Şeʼriyatdagi yuzxotirlikdan, soxta mulozamatlardan faqat adabiyot va çin öquvçi yutqazadi, deb qörqaman.
Bunday qölga qalam olmoqdan heç bir muddao körinmaydi. Ustozimiz Anvar Obidjonning taʼbiri bilan aytganda: “U dunyoda şilsalar gar teringni,//Demak, öqişgandir biror şeʼringni…”
Endi, Xolmuhammad aka, özimiz ham ança dangasa bölib qoldik-da. Özimdan ham biror iloh yasamay qöyaqolay. Yaqinda ilmiy iş yoqladim. Şuning maşaqqatidan aytamanki, yengilning tagidan, oğirning ustidan yurişga örganib bölibmiz. Öqiyman desak, kitob möl-köl. Haşamatli kutubxonalar, eski arxivlar lang oçiq. Ötirib işlaşga hafsala, sabr-toqatimiz çindan oqsab qoldi.
Qölga qalam olmoqning maʼnosi kamina uçun biror şeʼrda yaşab qolişga umiddir, ehtimol. Şeʼr hozirgaça suyab kelyapti. Aytsam bölaverar, universitetda öqib yurganimda şartnoma pulini tölaşda bir taşkilotning vaʼdasiga işonib qolgandim. Xullas, muammo çiqib, tölab berişmadi. Eʼlonlar taxtasida öqişdan çetlatilganimni ham kördim. Qöl siltab ketar çoğimda öşa paytlar, kimsan, falsafa fakulteti dekaniga turtilib ketganman. Ozgina daşnom, uzr-maʼzurlardan söng domla menga tikilib: “Tunov kuni madaniyat saroyida şeʼr öqigan bolamasmisan? – deb qoldilar. – Şeʼring begona öt haqida edi-ya? Aniq öşa senmi?”
Bir-ikki qator öqib, eslatişimga ham töğri kelgan. Keyin birga rektorning oldiga kirdik. Domla bir nimalarni asoslab-asoslab tuşuntirdi. Öşanda rektor “Şeʼring hurmati stolimdagi hujjatni uç-tört kunlar uşlab turaman, tez töla. Boşqa imkon berilmaydi”, degandi. Amallab töladik ham. Şeʼr bilan oşna-oğaynigarçiligimiz öşanda yanayam kuçayib ketdi. Ijoddan manfaat yöqday körinadi, ammo u bizni umrimiz davomida siylab yurganini keyin anglaymiz.
– Bugun sizdan “bitta köylak kam yirtgan” avlod ijodkorlari ançayin faolday. “Izlam”, “Aks”, “Birinçi kitobim”, “Çiğanoq”, “Ikkinçi kitobim” singari ruknlarda eʼlon qilingan kitoblar ança-munça pişiq-puxta. Siz va sizdan uç-tört yoş katta ijodkorlar, nazarimizda, xiyla sustlaşganday. Nima böldi, tirikçilik deb atalmiş yuhoga qarşi kuraşga şönğidingizmi yoxud ijodiy turğunlik davri boşlandimi?
– Yuqorida aytganimday, “aybginamiz” yöq emas. Tirikçilik bilan ijodning kelişmovçiligi ön beş-yigirma yillar burun ham bor edi.
Nomma-nom aytişga biroz andişa bor-u, ammo qalami butun ijodkorlar bilan birga işlab, ularni tirikçilik, rözğor sabab özlarini boy berayotganini kördim. Kasblarini “ijod mardikori” deya ataydigan bizdan katta avlodni özingiz ham yaxşi taniysiz. Eng qiziği, ularning talabi ham, daʼvosi ham baland edi. Unça-munça tahlilçidan behroq adabiy tahlillar, hikoyalar bita olardi. Hali kuçli yozuvçi, şoir bölamiz, degan katta daʼvo bor edi.
Yana öşa tirikçilik, poytaxtda yaşaş badali ança qimmat keldi. Insof bilan aytsak, isteʼdodini faqat öziga, yuksalişiga sarflagan odamni hozir sanab berolmasam kerak. Sotiladigan yagona narsa – isteʼdodni maydalab xarjlaş edi-da.
Endi özim tengi jöralar ham ança-munçamiz. Bari tongdan tungaça band böladigan taşkilotlar xizmatida. Xullas, ijoddan ortib işlaş bizga emas ekan. Işdan ortib ijod qiliş esa amrimahol… Özim ham şu köyga tuşdimmi-yöqmi, bilmayman. Baribir hali imkon borday tuyilaveradi.
Keyin turli imtiyozlar, moddiy rağbatlarga intiliş hissi ham bizni har maqomga soldi. Yozuvçilar uyuşmasiga aʼzo böliş yoki biror mukofotga ega çiqiş uçun şeʼr yozişni boşlagan öğil-qizlarni körganmisiz? Men körganman.
Yozuvçilar uyuşmasining “Xalqlar döstligi”dagi eski binosini yaxşi eslaysiz. Keçagiday esimda, “Yoşlar bölimi”da işlardim. Ustoz Iqbol Mirzo bilan “Birinçi kitob”larni muhokama qilayotgandik. Xonaga nuroniy kişi qizi bilan kirib keldi. Salom-alikdan söng, muddaoga ötdi: “Iqboljon, qizimni “Zulfiya”ga topşirtirmoqçi edim. Şunga biz nima qilişimiz kerak?” Ustoz samimiy tuşuntirdilar: “Qizim ijodkor deyapsiz, avval şeʼrlarini kitob qilsin, muşoiralarga kirsin, oz-moz tilga tuşsin…” Nuroniy kişi astoydil söradi: “Neçtalar şeʼr bölsa, kitob çiqarsa böladi?” Ustoz: “Boşlanişiga qirqtalar şeʼri bölsa, kiçikroq kitobçaga yetib qolar”. Nuroniy kişi: “Iqboljon, mayli, şu qizim qirqtaça şeʼr yozadi, kitob ham çiqaramiz. Agar “Zulfiya”ni ololmay qolsak, xarajatlarimizga kuyib qolmaymizmi?”
Ustoz yarq etib menga qaradilar. Keyin köp ötmay haligi nuroniy kişi ham tarvuzi qöltiğidan tuşganday xonadan çiqib ketdi.
Bunaqa taqdirlarga köp guvoh böldim. Tirikçilik zarurati katta oqimni ham töğonday tösib qöyadi, nazarimda. Undan sizib, qisilib çiqqan köloblarni köramiz. Bu jarayon eskidan bor, çoği. Negadir Kuntuğmişning Xolbeka va ikki farzandi uçun yegulik va suv qidirib, karvonboşiga yalingani sahnalari yodimga tuşdi. Non va suv uçun Kuntuğmiş hatto yovuz ajdar bilan olişib, uni bölaklarga bölib taşlagan edi. Bugungi körinmay qolgan avlod ham tirikçilik devlari bilan olişgan, yutgani ham bordir, ammo yutqizgani köproq, çamamda.
Suhbatdoş: Xolmuhammad KARIMIY
2025 / 1
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


