(Hikoya)
Avji yoz. tuşlik qiliş uçun uyga qaytdim. Jazirama qirq daraja. Badan qoraygan. Har çorak soatda suvsiraymiz. Behol bölib mudrayotgan şahardan uyga keldim. Içkariga kirganim hamon tuşlikka ötirdim. Sovuqqina göjani paqqos tuşirib, salqinda birpas mizğib olişga yotganimda, bexos eşik taqqillab qoldi. Oçsam, qöşnim Sarvar turibdi ostonada. Ön yilini kirakaşlikka fido etgan oğaynim. Men-ku majburlikdan yoki çorasizlikdan kira qilaman, u esa şu sohaning ustasi.
– Qalaysan, jöra? Uxlab yotganmiding?
– Yöq, kelaver.
– Moşinam moykada edi, ozroq yordaming kerak. Bir-ikki söm berib tur, jöra. Ikki-uç kunda qaytaraman.
– Qança kerak?
Avvallari ham oldi-berdi qilib, vaqtida qaytarişga odatlanganimiz uçun xonamga olib kirib, aytgan pulini berdim. Xonamga birinçi kirişi, şekilli, Sarvarning oğzi oçilib qoldi.
– Öh-hö, şunça kitob, qoyil! Kitoblaring bunça köp?
– Ha, köp. Nega hayron bölasan?
– Ey, şunça kitob nimaga kerak? Hammasini öqiganmisan?
– Yöq hali. Uşla, mana pul, – deb sanab berdim.
Sarvarning umrida bunça köp kitob körmagani men uçun yangilik emas, lekin baribir savollaridan ğaşim keldi. Tezda xonadan çiqib, birga maşinamga ötirdik. Endi uxlaşga vaqt ham, istak ham qolmagandi. Uydagilarga ketayotganimni bildirib signal çaldim va yölga çiqdim. Birpasdan söng Sarvar sukutni buzdi:
– Jasur, institutda qaysi fakultetda öqiganding?
– Tarixda.
– Iş yöqmi tarixçilarga?
– Bor, lekin maktabda işlagim kelmaydi. Militsiyaga kiray desam, armiyaga bormaganman.
– Taniş-biliş qilib körgin.
– Yöq, keragi yöq. Sen bilan kirakaşlikda yuraveraman. Har kuni yaxşi topamiz-ku, Xudoga şukur.
– E, ha. Nima deymiz… Kitoblaring endi kerak bölmaydimi unda?
– Nega endi? Kerak! Oyim öqituvçi-ku, kelin ham öqituvçi. Özim ham öqiyman…
Xullas, Sarvarni aytgan joyiga taşlab, kirakaşlikni davom ettirdim. Şahar töla haydovçi. Hamma nuqtalar egallab olingan. Birovning nuqtasiga borib tursang, darrov ğöddayadi. “Bu menim joyim”, deb ödağaylab, quvib soladi. Ötgan-ketganni asabiga tegib “Taksi kerakmi?” deb savolga tutiş kundalik odat bizga. Hatto maşinasi bor odamlarga ham “Taksimi, jöra?” deydigan kirakaşlar bor. Qança asabbuzarlik böladi. Odamlar ham asabiy, darrov piçing qiladi yoki bepisand boş çayqaydi. Har kuni issiqda qaqrab, zörğa mijoz topamiz-u, pulni gaz quyişga, baʼzida esa jarimaga sarflaymiz. Hamma joyda fotoradar…
Lekin men aytmoqçi bölgan gap bu emas. Ertasi kuni Sarvarga yana yöliqdim. Maşinasini ustadan olibdi. Meni huştak çalib çaqirarkan, rulda pul sanayotganini kördim. Yoniga ötirişim bilan keçagi qarzini uzatdi. Sanasam, köp çiqdi.
– Jöra, köp beribsan.
– Foizi bilan, – dedi.
– Menga foizing kerakmas, men tillafuruşmasman. Bilasan-ku, foizga pul olmayman ham, bermayman ham.
– Ixtiyoring, bir eriy degandim-da.
Sarvar pulning ortiqçasini qaytarib maşinasining bölmaqutisiga taşladi. U yerda kutilmaganda şohmot taxtasiga közim tuşdi. Sarvar buni sezib, şohmot taxtasini olib maqtana ketdi.
– Qalay?
– Zör-ku. Qayerdan olding buni? – dedim, qölimga noyob narsani olgandek avaylab.
– Özim yasadim.
Şu payt bir oq qoğoz hajmidagi karton qutini orqa tarafiga ögirgandim, közlarim jimirlab ketdi. Avval közimga körindi deb öylagandim. Yöq, haqiqatan ham kartonning orqasida menga Lev Nikolayeviç Tolstoy tikilib turardi!
– Sarvar, qayoqdan olding buni? – deb söradim hayratlanib.
– Şu, uyda omborda yotgandi…
L.N. Tolstoy. “Voyna i mir”! Jöram rus adabiyotining klassikasi muqovasidan şohmot taxtaça yasabdi! Esim çiqib ketay dedi…
Qon bosimim oşayotgandek edi. Zörğa söradim:
– Sarvar, içi qani buning? Muqovasini bolalaring yirtib olganmi?
– Yöq, aytdim-ku, omborda yotgandi. Bir-ikkitasini olib, şohmot yasab berdim bolalarga. Zerikkanda öynaş uçun. Şaşka öynaganda…
– Omborda yotibdi, deysanmi?
– Ha. Esingda bölsa, ötgan oyda uy sotib olgandim. Şu uyning egasi öris yigit edi. Özi Moskvada yaşaydi. Köp qavatli uyda buvisi yaşardi. Şu kampir yaqinda vafot etganida nevarasi keldi-yu, içidagi hamma narsasi bilan uyini sotib ketdi. Borsak, bir xonada töla kitob! Bir şkafni töldirib qöyipti! Yana eski, qadimgi kitoblar. Sarğayib ketgan hammasi. Çang bosib ketipti. Şularni uyga olib kelib, omborga qöygandim…
Men uning hikoyasini jim eşitdim. Tilim aylanmay qoldi. Faqat quloğim işlab turardi. Yarim karaxt holda eşitib ötirdim.
– Ey, uç kun tinimsiz kitob taşidim. Xaltalab olib ketdim. Varaqlarini oçib ham kördik bolalar bilan. Pul-mul çiqarmikan, deb. Yöq, pul qayoqda, qaytaga bir töda qoğozçalar, xatlar çiqdi, örisça. Bu kampir umr böyi kitob öqigan, şekilli. Kitoblarning içidan rasmlar ham çiqdi, oynaxatlar, markalar… Hammasi örisça yana. Uyga olib borsam, oyim ham hayron böldi. “Qayerdan topding şunça kitobni?” deb. “Ey, makulatura deng! Yangi uydagi Marusya xolaniki”, dedim. Qisqasi, bir-ikki xaltasini non yopişganida tandirga qaladilar.
Oğir xörsinib atrofga qaradim. Sarvar esa beparvo pul sanab ötirdi. Oxiri asabdan titrab tilga kirdim:
– Hazillaşyapsanmi, oğayni? Tandirga qaladik, deyapsanmi?
– Ha-da, nima qilaman şunça qoğozni? Bolalarning allergiyasini qözğaydi-ku çanglari. Tandirga, öçoqqa işlatişdi. Yonişiyam qiyin ekan zanğarni. Tandirga taşlasang, faqat çetlari yonib, qorayib qolarkan. Amallab yoqdik-da. Bir-ikkisidan şohmot-şaşka yasadim. Zör çiqarkan, qara. Ma, kerak bölsa. Menda boşqasi bor uyda, – dedi Sarvar, özidan mamnun bölib.
Tolstoyning hurmati uçun “şohmot”ni oldim, lekin örtamizdagi örtoqlik, yaqinlikni şu yerga taşlab ketdim. Buni u sezmadi. Maşinasidan qanday tuşganimni bilmayman, uyga qaytib şu kuni işga çiqmadim.
Öşandan keyin Sarvarni körişni xohlamay qoldim, kirakaşlikdan ham hafsalam pir böldi. Undan özimni olib qoçib yurdim. Keyinroq bu gapni “KAMAZ” haydovçi Otabek oğaga aytib berganimda, boşini uşlab qoldi. “Voy, essizgina-ya, ahmoq!” deya jinni bölayozdi.
Hayriyatki, tez orada Sarvar Rossiyaga jönab ketdi-yu, undan qoçib yurişdan qutuldim. Lekin öşa kuni tuşimga Lev Tolstoy kiribdi. Olov içida menga qahrli közlari bilan tikilib turarmiş. Tuşimda qançalik özimni oqlaşga çiranmayin, ovozim çiqmasmiş. Tolstoyning ortida esa Turgenev, Dostoyevskiy, Çexov va Mopassan, yana boşqa adiblar yordam sörab nido qilişarmiş. Tolstoy esa menga sen aybdorsan degandek tikilar, ora-sira tanbeh ham berib qöyar emiş…
Temur TANGRIBERGANOV
1991-yili Xorazm viloyati Urganç şahrida tuğilgan. Özbekiston Milliy universitetining Tarix fakultetida tahsil olgan. “Mutolaadan söng”, “Yangi yil sovğasi”, “Adabiyot saltanati” nomli publitsistik töplamlari naşr etilgan. Asya Lavrinoviçning “Mening baxtimsan”, Jyul Vernning “Parij yigirmançi asrda”, Örxon Pomuqning “Oq qalʼa” romanlarini özbek tiliga ögirgan.
“Yoşlik” / 2025 / 8
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


