14 daqiqada öqiladi

5 marta körilgan

“Bizni keçiring!”

Pavel Georgiyeviç Safonov yirik zavodda boş loyihaçi bölib işlaydi, taniqli şaxslardan; bunday e’tibor, şon-şuhratga könikkan, hatto maşhurlikdan zerikkanlardan ham deyiş mumkin.

Qiş kunlaridagi mas’uliyatli mehnatdan toliqqan Safonov bu yil Qrimning janubiy sohilidagi sihatgohda dam oldi. Sihatgohda odam tez kunda serquyoş janubning közni qamaştirar darajadagi ötkir, quruq issiği, xiyobonlardagi ekzotik palmalar, plyajlarning çöğday qizigan qumlari, çömiliş va dengizning yodga boy yengil şabbodasida yotib olinadigan muolajalar, bekorçilikka möljallangan kun tartibi, yalqovlik, fikrlar falajlaşişidan qoçib, tezroq Moskvaga, kuzak yomğiri, nam asfalt, kölmakda aks etayotgan çiroq yoğdusi tomon oşiqardi.

Safonovni sihatgohdan olib qaytayotgan janubiy tezyurar po­yezd uni özi  tuğilib ösgan va ançadan buyon qadam bosmagan qadrdon maskani tomon yeldirib borardi.

Safonov kindik qoni tomgan maskanga kirib kelarkan, uni yöl çeti böylab ösgan keksa teraklar soya-salqini bilan kutib oldi. Bir boğda öziqaynarning kökimtir tutuni örlar, tösinlardan quyoşda qizigan olma şoxlari osilib turar edi. Safonov qölidagi çiviqça­sini silkitib borardi. Boğlarning muattar ifori, öziqaynarning kömir hidi anqib turgan mana şu tutuni, öşa teraklarning soyasi – bolaligini esga soldi; kaptarxona, “Çapayev” öyinlari, qöşni boqqa vayronakor hujum qiliş… Eh, qança suvlar oqib ötib ketibdi-ya!

Kun böyi şahar aylandi, juda özgarib ketipti, taniyolmadi. Şahar ham Safonovni umuman tanimadi. Çöl bağridagi bu şaharça butunlay yangitdan qurilganday edi. Dökonlarning haşamdor peşoynalari bezagan şahar markazi çorrahalari qayoqqadir şoşayotgan olomon bilan tölib-toşgan, quyoşdan kuygan yuzi şokolad tusiga kirgan, oppoq kitel kiygan mirşablar yod bölib ketgan harakatlar bilan tayoqlarini silkitib transportlarni tartibga solib turardi. Haroratdan behol bölib, terga botgan odamlar akaslarning olaçalpoq soyasidagi trolleybus bekatlarida turişar, har qadamda gazli suv sotilar edi.

U özi tuğilib ösgan, ilgari qator pastakkina, loyşuvoq uylar bölgan köçadan tört marta u yoqdan-bu yoqqa şoşilmasdan ötib-qaytdi. Qadrdon köçasida quyoşning nurlari tösilib, soya-salqinli va qum yölakli yangi xiyobon barpo etilibdi. Bu xiyobon Pavel Georgiyeviçning bolalik yillarini bilmaydi, umuman eslolmaydi, bu tabiiy, albatta, çunki yangi xiyobonga uning qadam izi tuşmagan.

Safonovning yuragida oğriq turdi, örindiqqa ötirib xiyobonga uzoq tikilib qoldi. Bu nimasi? Qadrdon narsalaridan, betakror bolaligidan heç qanday nişona qolmagan… Yuragini alamli va allaqanday tuşunarsiz his çulğadi, göyoki qandaydir yovuz kuç uni qasddan çalğitib, yolğiz özigagina tegişli bölgan qadrli narsalarini şafqatsizlarça tortib olgandek edi.

Hozir Vitka Snegirev qayerda ekan, Vera-çi? Vitka – yoşligidagi ilk dösti. Vera – nima deyilardi – öquv­çilik davrida yozilgan soğinç, ha­­yajon töla maktublar, mayin yoğayotgan oppoq qor, ilk bösaning lazzati bilan eslanadigan birinçi muhabbati.

Pavel Georgiyeviç bolalar aravaçalari, oppoq panama kiygan, qum orasida emaklayotgan kiçkintoylar, xiyobon yölaklarida qadam taşlayotgan, bilaklari quyoşdan qoraygan, kalta yeng köylakli yigitçalar, ermak qilib akas şoxçasini tişlab olgan qizlarga qaradi – ularning hammasi butunlay begona. Örnidan turib, horğinlik bilan kamzulini bilagiga taşladi. U negadir özini bu şaharga ilk daf’a taşrif buyurgan sayohatçiday his qildi.

Pavel Georgiyeviç trolleybus bekatiga yaqinlaşdi, kamzulini kiydi, boşini kötardi, közi köça oxiridagi maktabiga tuşdi – tört qavatli, qora oynali maktabi ilgari qanday bölsa, hozir ham şunday turardi… Umuman özgarmagan.

Maktabning qorayib turgan kölagasidan bir neça daqiqa közini uzmay turib qoldi, keyin göyo kimdir turtib yuborgandek öziga keldi, qölini umidsizlik bilan siltab tun qöynidagi kimsasiz maktab boğiga qarab yurdi… Juda çarçagan bölsa ham qalbiga quvonç inib bir paytlar tanaffus vaqtlari fant öynagan joyi – keksa akas tagiga ötirdi. Bu kabi öyinlar köklamda, yerdan hali nam ketmagan paytlari öynalardi… U örindiqni paypasladi, köngli yorişdi, xuddi bolaligi birga ötgan, mehribon, vafodorini topgandek quvondi. Bir-birining sirlaridan xabardor, har bir nafasini his qiladigan haqiqiy döstini uçratib qolgandek, qadrdon akasning tanasini siypaladi.

Qaçonlardir şu maktab partasida ötirganmidi? Çindan ham öşa vaqtlarda, bahorgi imtihonlar vaqtida, döq-pöpisa qilgan ilk momaqaldiroqlar quloqni qomatga keltirib gumburlaganmidi, butun şahar mayning şarros yomğiri ostida şa­labbo bölganmidi? Asfalt ustida şiddat bilan şovullagan yomğir suvlari, daraxt şoxlaridan tökilayotgan va quvurlariga urilib qönğiroq çalayotganday tomçilar ovozi, tomlar uzra çaqmoqning yaraqlagan binafşarang nurla­rini tomoşa qilgani rostmidi?… Bahor kunlarida imtihondan qoçib, bolalar bilan birga yoqimli, iliq yomğir ostida yugurgisi, şimi­ning poça­sini qayirvolib, yorişgan osmon aks etgan bölişiga qaramay, hali ham pufakçalar öynayotgan, hovuri bosilmagan kölmaklarda oyoqlarini şaloplatişni istaganlari-çi?

“Ha, xuddi şunday bölgan!” Bu voqealar köz öngida aniq-tiniq namoyon böldi, hayajon va qiziquvçanlik bilan maktabning qorayib turgan binosiga takror nazar taşlarkan, şu vaqt öngda, qoronği boğning ziç akaslari şoxlari oralab ötayotgan qizğiş yoruğlikka közi tuşdi. Nahotki, Mariya Petrovna?.. Bu yerda matematika öqituvçisi Mariya Petrovna yaşardi. Nima uçun şu vaqtgaça u haqda öylab körmadi-ya, darrovgina xayoliga keltirmaganini qarang! U öqituvçisining erkatoyi edi, Mariya Petrovna unga aniq fanlar böyiça yorqin kelajagi borligini başorat qilardi…

Safonov örindiqdan sakrab turib, yölak böylab boğning içkarisiga yurdi. Daraxat ostidagi kiçkinagina uy yaqqol közga taşlandi, qizil darparda tutilgan derazadan xira tuşib turgan yoruğlikni körib nafas olişi oğirlaşdi. Neça yildirki, ular körişmagan edi! Hozir öqituvçisi şu uydamikan? Tirikmikan? Hayoti qanday ötdi ekan? “Mariya Petrov­­na” ismi bilan qançadan-qança xotiralari çambarças boğliq, axir.

Safonov nafasini rostlab ehtiyotkorlik bilan ayvonga kötarildi. Taqillatmoqçi bölib qöl uzatsa, eşik oçiq ekan, yermoyi hidi anqib turgan qoronği dahlizga kirdi. Xona eşigi tir­qişidan ingiçka yoruğlik tuşib turardi.

Safonov xona eşigini taqqillatdi. Javob bölmadi. Hayron bölib eşikni itardi, şunda­gina uyda heç kim yöqligini bildi. Hozirgi holatidan asabiy jilmaydi, bir muddat kimsasiz xonada eşitilib turgan radioning ovoziga quloq soldi, söngra qoronği yölakdan paypaslanib taşqariga çiqa boşladi. Yelkasi bilan nimani­dir turtib yubordi, yerga tuşgan çelak taraqladi. Xayoliga heç narsa kelmagan Pavel Georgiyeviç çelakni olmoqçi bölib tezgina engaşgandi, şlyapasi boşidan tuşdi, jahl bilan “Hah, yer yutgur-a!”, dedi asabiylaşib.

– Kim u? – kutilmaganda orqasidan ojizgina ovoz eşitildi.

Pavel Georgiyeviç qaddini rostlab, ortiga ögirildi. Yoruğlik tuşib turgan eşik oldida past böyli, jikkak bir ayolning qorasi körindi, Pavel Georgiyeviç uning yuzini aniq körmasidanoq tanidi.

– Mariya Petrovna, – dedi past va umidli ovozda, – meni taniyapsizmi?

– Kiring, – dedi ayol, “gaplaşib oliş uçun” çaqirtirilgan ota-onalar bilan böladigan oçiq suhbatdagi kabi öşa madaniyatli, ammo keskin ohangda.

Pavel Georgiyeviç içkariga kirdi. Uzoq­­ni körişga qiynalgani sabab közlarini qisib qarayotgan öqituvçisiga yaqinlaşib gapini takrorladi:

– Tanimayapsizmi, Mariya Petrovna, bu men…

Ayol bir neça soniya pastdan tepaga qaradi. Pavel Georgiyeviç uning kasalmand, oppoq, ança qarigan, qonsiz yuzini kördi va keksa ayolga rahmi keldi, öqituvçisi­ning ança özini oldirib qöygani, yanayam nozikroq, ojizroq bölib qolganini his qildi, faqat ustozining kalta qilib kesib turmaklangan oq soçlari oldingiday edi.

– Paşa Safonov… Paşa? – dedi hurkak ovozda muallima. Pavel Georgiyeviçga uning yuzi qaltirab ketganday tuyildi. – Marhamat, ötir… Uzr, uyim yoyilib yotgandi… Mana bu yoqqa ötira qol… örindiqqa… Meni yöqlab keldingmi?

– Ha, ha, hozir, men hozir! – Mariya Petrov­naning bittagina paltosi osilib turgan ilgiçga kamzuli va şlyapasini ilarkan quvnoq ovozda gapirdi Safonov. Kiyimlarini iliş jarayonida kap-katta, hurmat-e’tiborga loyiq odam, göyo maktab yillaridagi kabi qörqoq, uyatçan bolaçaga aylanib qolgandi, qalbida keçayotgan bu jarayonni özi ham anglolmasdi.

U Mariya Petrovnaning qölini qattiq siqib körişmoqçi böldi, biroq özini tutdi, xayolidan axir, ona bilan uçraşganda qöl berib körişilmaydi-ku, degan fikr ötişi hamonoq papiros qutisini çiqardi va xijolatli ovozda söradi:

– Maylimi?

Ular stol atrofida ötirişdi. Mariya Petrov­­na ehtiyotkorlik va işonçsizlik bilan unga kulimsirab qarab tezgina gapirdi:

– Mana, Paşa, nihoyat, kelding… Seni zörğa tanidim. Xizmat safariga keldingmi yoki biron yumuş bilanmi?

– Şu tomonlarga yölim tuşgandi, Mariya Petrovna, – javob berdi Safonov, janubda dam olganini aytmadi, hordiq çiqarib qaytayotgani haqida aytiş noqulay va bema’nilikday tuyildi.

– Hozir, biz sen bilan çoy… bir daqiqa, şoşma, hozir çoy içamiz… – dedi Mariya Petrovna va örnidan qözğaldi, ammo oyoği tolib, joyiga qayta ötirib qoldi, ingiçka qöllarini stolga tirab xijolatomuz tabassum qildi. – Ha, ha, Paşa… umuman kutmagandim. Öşa Paşa Safonov qarşimda turganini qara-ya…

– Mariya Petrovna, ovora bölmang, çoyga hojat yöq, – dedi Safonov, öqituvçisini bezovta qilib qöyganidan xijolat tortib. – Hozirgina ovqatlangandim.

Uning çindan ham çoy içişga xohişi yöq edi, Mariya Petrovna bilan suhbatlaşişni, savollariga javob olişni istardi… Biroq Mariya Petrovna uning qarşiligiga qaramay, çoynakni oldi. Muallimaning harakatlari juda sust edi.

– Paşa, men hozir… Seni şunday atayotganim uçun uzr sörayman. Axir, sen hozir…

Keksa muallima gapini tugatmasdan oş­xonaga çiqdi. Yolğiz qolgan Pavel Georgiyeviç sal öziga keldi, yengil xörsinib, qölini peşonasiga qöygança atrofga nazar soldi. Mariya Petrovna haliyam xuddi uruşdan oldingi davrdagidek bittagina derazasi boğga qaragan şu kiçkina xonada yolğiz yaşardi. Hamma narsa öşa-öşa: stol, karavot, devorga ilingan gulli gilam, naqşinkor javonça, kitob bilan liq töla katta, keng-möl javon, stolning örtasida siyohdon, daftarlar töplami, yon tomonda hafsala bilan uçi oçilgan qizil qalam. Safonov bu xujraga bor-yöği bir martagina kirgan edi. Keçagiday esida, uni Mariya Petrovna çaqirtirgan, qovoğini uyib qattiq-qattiq gaplaşgandi: öşanda, adaşmasa, Paşa sakraydigan siyohdon yasab, nemis tili öqituvçisining stoliga qöygandi. Öşa şumtaka Paşka bilan şu daqiqalarda stolda xijolat tortib ötirgan maşhur boş loyihaçi Pavel Georgiyeviç orasida osmon bilan yerça farq borligiga özi­ning ham işongisi kelmasdi.

Çoynak kötarib kirib kelgan Mariya Pet­rov­­na quvnoq ovozda, tez-tez gapira boşladi:

– Mana, çoy ham tayyor! Qani, endi Paşa özing haqingda gapir-çi. Işlaring qalay? Aslida, sen haqingda juda köp narsalardan xabardorman. Gazetalardan sen töğringdagi yangiliklarni kuzatib boraman, kitoblaringniyam öqidim. Uylandingmi?

– Uylanganman, Mariya Petrovna, – deb javob berdi Safonov.

Muallima unga mehr bilan sinovçan tikildi.

– Baxtlimisan?

– Şukr, Mariya Petrovna. Bitta öğlim bor.

Mariya Petrovna javobni eşitmagandek, şu zahoti qöşimça qildi:

– Juda yaxşi! Işlaring qalay? Nimalar bilan maşğulsan?

– Yangi loyiha ustida işlayapman, Mariya Petrovna.

– Qalay? Öxşayaptimi?

– Bilmadim, hozirça aniqmas. Ularni qöying, Mariya Petrovna, keling, ötgan davrlar, maktabimiz haqida gaplaşaylik.

Mariya Petrovna boşini silkidi, sal öyga tolib gapini davom ettirdi:

– Sizlarning sinfingizni yaxşi eslayman. Uruşdan oldingi öquvçilarim. Töpalonçi bölsalaring ham, qobiliyatli bolalar edilaring. Vitya Snegirev bilan yaqin döstligingiz haliyam yodimda.

– Mariya Petrovna, menga algebradan “ikki” qöyganingiz esingizdami? Yettinçi sinfda edi, şekilli…

– Ha, sen köpinça öqituvçini çalğitib bahomni olvolaman, degan xayolda uy vazifalarni bajarmasding. Matematikani özlaşti­rişga qobiliyating yuqori edi. Lekin dangasalik qilarding.

– Mariya Petrovna, şpargalka tizimini öylab topganimni eslaysizmi?.

– Bu öşa kaşfiyoting-da – ip bilan boğlangan qoğozlar partalar orasida uçarmidi?

– Ha, – deb kuldi Pavel Georgiyeviç. – Sakraydigan siyohdon-çi? Hozirgi yoşimda bunaqa xazillarni öylab topolmasdim-ov. Ha­liyam yodimda, keçasi bilan ötirib, boşimni açitib prujinaning kuçini hisoblaganman, möljalimga köra aynan öqituvçi ruçkani botirgan zahoti siyohdon sakraşi kerak edi.

Mariya Petrovna, kulgisini bazör uşlab turgandek, közlarini xiyolgina qisdi.

– Men esa, Paşa, boşqa holatni: aynan şu stol oldida qanday turganingni yaxşi eslayman…

Muallima gapini tugatmasdan dölçaga çoy quydi, qoşiqçani olib, bir muddat öylanib qoldi va:

– Mişa Şexter yodingdami? – deb söradi.

– Albatta! Unga hasad qilardim! U yozgan “Tatyananing obrazi”, “Aqllilik balosi” kabi inşolar sinfda ovoz çiqarib öqilardi. Men esa bu borada ança nönoq edim.

– Mişa taniqli jurnalist bölib yetişdi, – dedi Mariya Petrovna asta. – Butun mamlakat böylab kezib çiqadi, hatto, çet ellarga boradi, maqolalarini öqib boraman. Uni tez-tez eslab turaman…

– Şexter sizni yöqlab keldimi?

– Yöq.

– Ha-a, – dedi Safonov. – Hammamiz har tarafga soçilib ketdik… Vitka Snegirevni Öroldagi zavodda direktor ekan deb eşitdim. Öylamagandim! Ignatsev Senka – boş boşqarmada boşliq ekan, eşitganmidingiz? U bilan Moskvada uçraşgandim. Salobatli kişi bölib ketgan, taniş qiyin. Heç bölmasa, Senka xabar olgandir?

– Nima? – deya Mariya Petrovna pastga qarab boş irğadi. – Çoyga qara, Paşa…

– Mariya Petrovna, sinfdoşlarimizdan kimlardir sizni yöqlab keldimi, kimlar bilan körişdingiz? – deya hayajonda söradi Safonov. – Grişa Samoylovni kördingizmi? U haqiqiy artist. Eslaysizmi, yuzini bujmaytirib har xil qiliqlar qilganida, uning iste’dodli ekanini aytardingiz. Öziyam juda qiziqçi yigit edi.

– Men uni faqat kinolarda köraman, Paşa.

– Men ham. Nahotki, biron marta kelmagan bölsa?

Mariya Petrovna javob bermadi, boşini quyi solib qoşiqça bilan çoyni aralaştira boşladi. Safonovning közlari muallimaning barmoğidagi yuvilmay qolgan siyoh doğiga tuşdi, söngra kampirning toliqqan yuziga köz taşladi, içi açidi, lablari atrofidagi ajinlar, ingiçka, zaif böyni, kalta qilib qirqilgan oppoq soçlariga mehr bilan qararkan, Pavel Georgiyeviçning köksida qandaydir iztirob, oğriq turdi. “Agar men kelgunimça ölib qolganida, bunaqa ayançli holatini körmasmidim”, deb öyladi.

– Mariya Petrovna, – deya Safonov zörğa eşitilarli ovozda takrorladi, – Vitya Snegirev, demak, siznikiga kelmagan? Uni bultur bu yerlarga kelganmiş, deb eşitdim…

Muallima hamon boyagiday, boşini quyi egib ötirar, finjon içidagi qoşiqçani sekingina qimirlatib turardi, xolos.

– Yöq, kelmadi…

– Heç kim kelmadimi?

– Nima? Iltimos, çoyingni iç. Hozir sovib qoladi.

– Mariya Petrovna, içim qizib ketyapti, ayta qoling, aqalli kimdir sizga xat yozib turadimi? Volodya Boykov, Nina Vinokurovalar bor edi, eslaysizmi? Borya Gmiryani-çi? Ular haqida eşitganingiz bormi?

– Yöq, Paşa, – dedi Mariya Petrovna. – Yonimga Kolya Sibirsev kelib turadi. U şaxtada işlaydi. Hayotda omadi çopmadi. Birgina şu Kolya eşigimni tez-tez qoqadi.

Safonov Kolya Sibirsevni arang esladi. Kolya yuvoş, qörqoq, borligi bilinmaydigan, qobiliyati ham haminqadar, bir çetda yuradigan yigit edi. Pavel Georgiyeviç uning yuzini bazör köz oldiga keltirdi.

– Unça eslolmayman, – dedi u, yelkasini qisib. – Unutibman!

– Yaxşi emas, – dedi Mariya Petrovna tabassum aralaş istehzo bilan.

Jim qolişdi. Ammo oxirgi “yaxşi emas” degan jumlaning nimkosasi Safonovning yu­ragi­ni zirillatdi. Önğaysizlandi, hukm surayotgan sukunatni buzolmay dölçani qanddonga yaqinlaştirib, qöl çözdi, kitob javoniga uzoq termilib nimanidir qidirayotgan Mariya Petrov­naga qaradi. Javonga köz taşlab birinçi qatorda turgan samolyotsozlik töğrisidagi sönggi kitobining taniş muqovasini kördi.

– Mariya Petrovna? – dedi Safonov savol ohangida.

– Nima, Paşa?

– Mariya Petrovna, sizda mening kitobim bormi? – deb söradi yarim ovozda va şu zahotiyoq jim böldi, aniq biladi, bu kitobni muallimaga özi atab yubormagandi.

– Ha… öqib çiqdim.

Safonov örnidan turdi, javondan “Samol­yotlar konstruksiyasi” deb nomlangan kitobini qöliga olib varaqlay boşladi, uyatdan yuziga qon tepdi va har qanday koyişga tayyor holda xijolat tortib gap boşladi:

– Mariya Petrovna, dastxat yozib bersam böladimi? Ruxsat etasizmi?..

Şu payt kitobning orasidan kiçkinagina qoğoz polga tuşib ketdi, qoğozni tezgina yerdan oldi: gazeta sahifasidan qirqib olingan özining surati. Safonov Mariya Petrovnaga hayrat bilan boqdi.

Haliyam qoşiqçani aylantirib ötirgan muallima şoşilibgina izoh berdi:

– Yaxşi kitob… Maroq bilan öqidim. Rasmni esa “Pravda” gazetasidan kesib olganman, Paşa. Suratingni körib senga şoşi­linçnoma yuborgandim.

Safonov uyatga qöyadigan yoqimsiz matohni yaşirmoqçi bölgandek, qoğozni kitob içiga tezgina qayta tiqib qöydi. Öz-özidan nafratlanib, qilgan işidan yuzi qizardi. Ikki yil oldin bir töda tabriklar orasidagi şoşilinçnomani aniq-ravşan esladi, köpiga munosabat bildirgandi, biroq aynan muallimasining yozgani javobsiz qolgandi…

Nima deb dastxat yozgani Safonovning esida qolmadi, lekin qanday xayrlaşgani miyasiga umrbod muhrlandi, u keksa muallimaning uniqib ketgan paltosi yonida ilinib turgan haşamdor kamzulini olarkan, qalbini uyat hissi çulğadi, boşini aybdorona egib ta’zim qilganday böldi. Mariya Petrovna dahlizdagi çiroqni yoqdi, öquvçisini kuzatib qöyiş uçun ortidan çiqdi.

Safonov mum tişlagan. Mariya Petrovna ham jim. Kutilmaganda muallima Safonovni xafa qilib qöyişdan hadiksiradi, şe­killi, pastgina ovozda savol berdi:

– Ayt-çi, Paşa, sening yutuqlaringda, bir tomçi bölsa-da, hissam bormi? Arzimagan, qanaqadir…

– Nimalar deyapsiz, Mariya Petrovna? – deya bazör ğöldiradi Safonov. – Agar siz bölmaganingizda biz heç narsaga erişolmasdik!

Muallima uning közlariga qaradi va titroq ovoz bilan şunday dedi:

– Meni quvonmadi deb öylama. Uyimga şunday mehmon keladi-yu, suyunmaymanmi?! Bu taşrif haqida ertaga öquvçilarimga qança faxrlanib sözlaşimni tasavvur qilolasanmi? Bor, Paşa, bora qol, omadingni bersin. Baxtli böl…

Xayrlaşdilar. Safonov tun qöynidagi boğning yölagidan yurib ketdi. Uç-tört qadamdayoq sabri çidamay ortiga ögirildi. Dahliz eşigi katta oçilgan, qoronği boqqa çiroq sarğiş yoğdu soçardi. Mariya Petrovna hamon ostonada turar, tik, ozğin qomati eşik oldida qorayib körinar edi.

Safonov Moskvaga yetib borguniça tinçlanolmadi, uyat, şarmandalik iç-etini kemirardi. Uzoq yillar birga öqigan Vitka Snegirev, Şexter, Samoylov va boşqalar haqida öyladi, ularga aççiq-tiziq gaplar bilan xatlar yozgisi keldi. Ammo heç biri­ning manzilini bilmasdi. Söngra Mariya Petrovnaga uzundan-uzoq uzrnoma yozişni köngliga tuydi, ammo uning uy raqamini bilmasligi vahima aralaş umidsizlik bilan miyasiga urildi.

Köngli alğov-dalğov bölgan Safonov katta stansiyada vagondan tuşdi. Poçta bölimiga kirib birpas ikkilanib turdi-da, maktab manziliga, öqituvçisi Mariya Petrovna nomiga şoşilinçnoma jönatdi. Şoşilinçnomada bor-yöği mana şu ikkita söz yozilgandi: “Bizni keçiring”.

 

Yuriy BONDAREV (1924–2020)

Atoqli rus adibi. “Issiq qor”, “Sukunat”, “Sohil”, “Saylov”, “Öyin” kabi asarlari maşhur.

 

“Yoşlik” jurnali 2025-yil 10-son

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (166)