Erkin A’zam: Adabiyot – inson sirlari haqidagi fan

0
212
marta ko‘rilgan.

*

… chinakam adabiy munaqqid hasad-u baxillik dardiga mubtalo, muayyan asar muallifining belini sindirmoqqa qasd qilgan boltabardor emas, adibning yaqin maslahatgo‘yi, homiysi, adabiyot gulshanining xolis, hassos bir gulchini bo‘lmog‘i darkor.

 

*

Teranlik o‘rniga – shaklbozlik, mahorat da’vosi, chiroyli yozish, originallikka intilish. Bular ham kerak, lekin katta dard, og‘riq bo‘lmasa, hammasi bir pul!

 

*

Jo‘nlik, sxematizm, fikr qashshoqligi – menimcha, adabiyotimizning ko‘ngildagidek dovruq qozonolmayotganiga sabab shu illatlar. Bu kasallik kitobxonlarimizgagina, ba’zi tanqidchilarimizning ham miyasiga shu qadar singib ketganki, sal “chetga chiqish”ni ko‘rsa, hayron bo‘ladi.

 

*

Romanga uringan yosh qalamkashlar masalasiga kelsak, qo‘ying, yozaversin, birortasi tuzuk chiqib qolar, balki. Lekin maqsad roman yozish emas, birinchi navbatda, yaxshi asar yozish bo‘lmog‘i darkor.

 

*

…yozuvchi odam har kuni yozishi kerakdir-u, ammo har kuni kitobxonning oldiga chiqavermasligi kerak. Negaki, arzigulik fikr har kuni, har oy, har yil ham tug‘ilavermaydi. Uning tug‘ilishini, yetilishini, pishishini kutish, sabr-toqat bilan kutish lozim. Yozish san’at bo‘lgani kabi, sukut saqlash, jim turish ham bir san’atdir.

 

*

Ba’zan hikoyaning san’at asari ekanini unutib, gap aytishga, gazetadagi oddiy tanqidiy xabardagi faktlarni problema qilib ko‘tarishga berilib ketamiz. Menimcha, har bir hikoya, birinchi galda, avtorning o‘zi uchun yangilik, oldingilariga o‘xshamagan, qalamga olingan xarakter bilanmi, situatsiya bilanmi, yozilishi, kompozitsiyasi bilanmi – ma’lum darajada kashfiyot bo‘lishi kerak.

 

*

Hikoya yozmoq uchun nima kerak deysizmi? Insoniy did va iste’dod kerak!

 

*

Gohida yaxshi hamsuhbat uchrab qolsa, jag‘im ochilib ketadi. Lekin ba’zi izdihom, anjumanlarda miq etmasligim mumkin. Yozishga kelsak, sergaplikka – “so‘z bo‘tqasi”ga mutlaqo qarshiman. O‘quvchining ham vaqtini hisobga olish kerak. Umrim bino bo‘lib, ezmalik menga yoqadi, degan odamni uchratmadim. Yozuvchi dangal, bo‘lar gapni aytgani ma’qul.

 

*

…yozuvchi kichik hikoya yozadimi, kattaroq qissa-romanmi, albatta, yangi gap aytishi kerak. Aslida, yozish – ko‘ngil mayli. Yozuvchi-shoirdan uni yoz, buni yoz deb talab qilish – ijod erkinligining muqaddas tamoyiliga zid. Ijod ahliga faqat bitta talab qo‘yilishi mumkin: nimani yozsang yoz, ammo toza va haqqoniy yoz!

 

*

…adabiyot insonni garchi har taraflama teran tadqiq etishi lozim ko‘rilsa-da, iloji boricha uning ijobiy jihatlarini, olijanob xislatlarini qalamga olgan ma’qul ekan. Bunda, albatta, yozuvchi do‘stim aytganidek, qanday yozish, ya’ni o‘xshatib ifodalash muhim.

 

*

Adabiyot – inson haqida, davr haqida toza gap aytish san’ati.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.