Hayot va xayol

0
32
marta ko‘rilgan.

Hayot va xayol… Bolalar uchun yozilgan asarda qiziqarli syujet, badiiy vositalar va ravon til shu ikki olam bilan uyg‘unlashsagina o‘quvchida shavq-zavq uyg‘otadi. Agar bu faoliyat fantastik asar yozishga qaratilgan bo‘lsa, unda yozuvchidan keng bilim – tibbiyot, fizika, astronomiya, biologiya, kimyo kabi sohalarni o‘rganish talab etiladi.
Fantastik asar reallik chegarasi ortidagi g‘ayrioddiy voqealar asosiga qurilib, o‘ziga xos yangi badiiy olam yaratsagina mukammal hisoblanadi. H. Shayxov, T.Malik va M.Yo‘ldosheva kabi fantastik yozuvchilar izdoshi Sa’dullo Quronovning “Galaktikada bir kun” nomli ilmiy-fantastik qissasi o‘quvchini cheksiz koinot kengliklari bo‘ylab sayohatga olib chiqadi. Uning qahramoni barcha kashfiyotchilarga xos bo‘lgan xususiyatga ega –xayolparast.
Muallif kitobxonni Ahmad bilan tanishtirar ekan, avvalo, tong manzarasi, so‘ng bolaning tush ko‘rish jarayonlarini tasvirlaydi. Tush ko‘pgina fantastik asarlarda reallik va ongda paydo bo‘lgan obrazlar orasida qahramon bilan sodir bo‘lajak voqealar haqida dalolat beruvchi vosita vazifasini bajaradi. Mazkur qissada ham tush asar syujeti­ning muqaddimasi sifatida taqdim etiladi. E’tibor qiling, qahramonning alahlashidagi quyidagi so‘zlar asarning keyingi voqealaridan darak beradi.
“Yer, meni eshityapsizmi? Kema Titanga qo‘nishga tayyor.
Qo‘nish 9, 8, 7, 6, 5….”.
Asar qahramoni Ahmad yosh ixtirochilar tanloviga o‘zi ixtiro sayyoralararo uchuvchi kema­sining chizmalarini taqdim etadi. Ushbu tanlovda tomoshabinlar orasida juda ozg‘in, pakana bir odam ham bo‘lib, aslida, u Salmir sayyorasidan kelgan Margol edi. Salmir sayyorasining yadrosi so‘nish arafasida. Shuning uchun sayyora iqlimi keskin o‘zgargan. Tez biror chora ko‘rilmasa, tabiiy ofat oqibatida butun salmir xalqi qirilib ketadi. Yadroni qayta jonlantirish uchun esa N2G kristali, ya’ni afsonaviy falsafa toshi kerak bo‘ladi. Bu kristall sayyora yadrosiga tashlansa, boshqa moddalar bilan reaksiyaga kirishib, uni jonlantirib yuborish xususiyatiga ega. Margol Quyosh tizimiga ayni shu toshni izlab keladi. Ammo koinot qaroqchilarining hujumiga uchrab kemasidan ayriladi. O‘z vazifasini ado etishi uchun unga kema juda zarur edi… Margol kutilmaganda Ahmadni uchratib qoladi. Boshqalar Ahmadni xayolparast deb kalaka qilsa-da, o‘zga sayyoralik bolakayning ixtirosiga ishonadi. Xullas, Ahmad va Margol “Ko‘kkezar” nomli yulduzlararo ucharkema qurishadi.
Asar tushdan tushgacha bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. Bu davr ichida u butun bir sayyorani jonlantiradi, ezgulikning g‘alaba qozonishiga erishadi. Do‘stlik va birlik qanchalik katta kuch ekanligini isbotlaydi.
Ahmad va Margolga droid Moki, qo‘mondon Dordon va boshqalar yordam berishadi. Koinotdagi yovuz kuchlar – qaroqchi gikslar esa doim ularni ta’qib qilib, qarshilik qilib keladi. Ammo “Ko‘kkezar”ning ekipaji o‘z maqsadiga erishadi. Salmir sayyorasi yana yashnab ketadi.
Asar o‘quvchi hukmiga nihoyatda qiziqarli ko‘rinishda taqdim qilinadi. Kitobxon asar qahramonlari bilan birga ko‘plab voqealarni boshidan kechiradi, qiyin vaziyatlarda ular bilan yelkama-yelka turadi. Qissada qahramonlarining etik kelib chiqishi rang-barang bo‘lib, bu fantastik asarga xosdir. Qissada insoniylik tushunchalarining ulug‘lanishi asar g‘oyasini shakllantirib bergan. O‘tgan davr mobaynida chiqarilgan xulosalar asarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiya yo‘na­lishidagi qiymatini oshirgan.
Asar davomida ixtirochi bolakayning boshidan kechirgan sarguzashtlari inson har qanday holatda ham o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadidan qaytmasligi lozimligini o‘rgatadi. Tasavvur qiling, agar Ahmad tanlov hay’atining natijasidan arazlab, chizmalarini yirtib yoki yoqib yuborganda nima bo‘lar edi? Yoki bo‘lmasa, turli to‘siqlar, tutqunlik, asirlik, ilojsizlik vaqtida tushkunlikka tushsa-chi? Ammo Ahmad va uning do‘stlariga o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch, ezgulik yo‘lida kurashish zavqi, turli fanlardan egallagan bilimlari yordam beradi.
Asarda bolalarga tanish bo‘lgan maishiy hayot manzaralari mo‘jizaviy holatlar bilan qorishiq holda tasvirlanadi. Ahmad Margolni oyisi pishirgan pirog bilan siylaydi, o‘zi bilan fazoga yong‘oq va turshaklar olib ketib do‘stlari yordamida bu tabiiy ne’matlarini o‘zga sayyoraliklarga sotadi. Kemada vaqt tuynugidan o‘tgan Margol Isaak Nyutonning qarilik va yoshlik davrini ko‘rsa, Ahmad Luvr­dan o‘g‘irlangan “Mona Liza” portretini o‘z egalari­ga topshirmoqchi bo‘ladi.
Ahmadning bilimdonligi qiyin vaziyatlarda fazogirlarga yordam beradi va bu Margol hamda Mokining hayratiga sabab bo‘ladi. Jumladan, Ahmadning fazodagi gravitatsion to‘lqinlarda “suzib” yuruvchi “Ko‘kkezar” kemasini ixtiro qilishi, Neytron yulduzi, Yondosh olam, Qumsoati tumanligi bilan bog‘liq muammolarga yechim topa olishi nafaqat qahramonning topqirligidan, balki muallifning astronomiya, fizika, kimyo, tarix fanlarini chuqur o‘rganganidan ham dalolatdir. Asosiysi, muallif bunday qiziqarli ilmiy ma’lumotlarni syujetga uyg‘unlashtira olgan.
Asar qahramonlari tabiiy, jonli tasvirlangan. Ularning nutqida ham o‘ziga xoslikni, har bir qahramon xarakterida individuallikni sezish mumkin. Masalan, qaroqchilar o‘zaro “qo‘ling qayrilmasin” deb salomlashishadi. Qahramon o‘ziga xos nutqi va mimikalari asarning qiziqarli chiqishida muhim rol o‘ynagan. Ahmadning bolalarga xos xursand bo‘lishi, do‘sti Droidni topolmay qolganda ko‘z yosh to‘kishi, Margolning biroz soddaligi, qaroqchi Obmaning juda mug‘ambirligi bunga misol bo‘ladi.
Qissadagi o‘xshatishlar ham oddiy, bolalarcha. Ahmad koinot muzeyini asalari uyasiga o‘xshatadi. Chindan, unga qo‘nib uchayotgan kemalar asalarilar kabi g‘uj-g‘uj edi. Margol ilk bor maxsus kiyimini yecha boshlaganida do‘sti uning oyoqlarini dengizdagi sakkizoyoq­ning oyoqlariga o‘xshatib yuboradi. Yoki Margolning generatori kubik-rubik o‘yinchog‘ini eslatadi, laboratoriya esa chodirga o‘xshatiladi, Maanen yulduzi yorug‘ emas, xuddi yerdagi shom pallasidagiday, kemani harakatga keltiruvchi kuch tarvuzday keladigan matohda, “Ko‘kkezar” neyron yulduzi atrofida yorug‘lik tezligida aylanganda vaqt va makon egri-bugri bo‘lib qiyshayib sariyog‘day erib ketadi, koinot qamoqxonasi juda baland, Toshkent teleminorasidek keladi, Miks harbiylari qahramonlarni juda katta majlislar zaliga olib borishadi, ulkan qubbali bu zal tepasi yopiq futbol maydoniga o‘xshaydi…
Asarda o‘ta murakkab hodi­salar ham bolalarga sodda tilda tushuntiriladi. Jumladan, “yadroni tushunish uchun eng oddiy misol tuxum sarig‘idir. Agar qaynatilgan tuxumni o‘rtasidan kessa, markazida tuxum sarig‘i turganini ko‘ramiz. Yerni ham o‘rtasidan kesish mumkin bo‘lganda, odamlar markazdagi yadroni ko‘ra olgan bo‘lardilar”, “fazo kemasining osmonga ko‘tarilishi uchun juda ko‘p energiya sarf qilinadi. Axir, og‘irligi 200 tonna keladigan po‘lat qushni osmonga ko‘tarish oson ish emas. O‘zingiz taqqoslab ko‘ring, masalan, avtomobilning quvvati o‘rtacha 100 ot kuchiga ega bo‘lsa, zamonaviy raketa dvigateli 200 000 000 ot kuchiga ega. Bunday raketaning fazoga ko‘tari­lishi uchun sarflangan energiya bilan butun O‘zbekistonni bir kun davomida elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin”, “Suv to‘ldirilgan hovuzda hosil bo‘lgan girdobni ko‘rganmisiz? Bu girdob suvga qo‘shib undagi hamma narsani yutib ketishi mumkin. Bilasizmi, koinotda ham ana shunday “girdob”lar mavjud. Olimlar bu ularni Qora tuynuk deb atashadi. Qora tuynuk olam­dagi eng sirli, eng g‘aroyib jism hisoblanadi. U tim qora ko‘rinishda bo‘lib, ulkan yulduzning portlashidan so‘ng hosil bo‘lgan. Qora tuynuk koinotdagi yulduzlarni, sayyoralarni, hatto yorug‘lik­ni ham so‘rib oladi” kabi ma’lumotlarni bolalar oson tushunadi va o‘zlashtiradi.
Shuningdek, yozuvchi bugungi kun yoshlari, umuman, insoniyat uchun dolzarb va tez orada yechilishi, hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarni, ekologik muammolarni Mars misolida, sayyoraning qadimgi va hozirgi holatini taqqoslash orqali kitobxonga havola qiladi.
Mars juda so‘lim sayyora bo‘lgan. Undagi ummonlar, dengizlar va o‘rmonlarda turli hayvonot va nabototlar yashagan. Sayyora aholisi esa juda baxtli kun kechirgan.
Ammo yillar o‘tib, marsliklarning taraqqiyoti sayyora ekologiyasiga jiddiy ta’sir qila boshladi. Marsliklar ekologiyaga bepisandlik qilib, uni tinimsiz turli chiqindilar bilan zaharlay boshlaydilar. Zavod va fabrikalardan chiqqan zaharli tutun atmosferani yemirdi. Aholini kasallantirdi. Sayyora isib, dengiz va okeanlardagi suv bug‘lanib ketadi. Oxir-oqibat, sayyora yadrosi ham so‘nadi – Mars iqlimi soviy boshlaydi. Mars aholisi esa ulkan yerosti shaharlarini qurib, ularda yashay boshlashadi. Ammo bu ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Yer ostida yashash turli kasalliklarni, noqulayliklarni keltirib chiqara boshlaydi. Marsliklar bu shaharlarga sig‘may qoldi. Natijada, o‘zaro nizolar kuchayadi. Urushlar boshlanadi. Xullas, falokatdan bir necha yuz yil o‘tib, tirik qolgan marsliklar sayyorani tashlab, yangi makon izlab uchib ketishadi…
Albatta, bu holat ezgu qalbli qahramonlarni o‘ylantirmay qolmaydi. Shu ma’noda asarning markazida turuvchi N2G kristali ham ramziy ma’noga ega. Bu tosh ertaklarda hikmatning ramzi sifatida keltiriladi. Demak, har bir narsani oltinga aylantiruvchi, ya’ni uni bebaho qiluvchi narsa hikmat, bilim, birlik, ezgu maqsad va ezgu amaldir.
Asar garchi fantastika janriga asoslansa-da, unda davr ruhi nihoyatda yorqin aks etgan. Shu bois asar o‘z vatani, ota-onasi hamda do‘stlarini sevadigan, yurtini taraqqiy ettirishga va ertangi kunni yana-da go‘zal qilishga intiladigan ilmli, o‘zida eng yaxshi insoniy fazilatlarni jamlagan, ammo hali bolalik gashtini, zavqini yo‘qotmagan yosh avlod haqida deyish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, zamonamiz qahramonlarini tarbiyalashda muhim omil hisoblanadi.

Kavsar Turdiyeva,
ToshPTI o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi, bolalar shoiri

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.