Tilimni kuydirdi otashin izhor…

0
24
marta ko‘rilgan.

* * *

So‘zga ta’zimdaman toki jon tanda,

Unga baxshidadir hayotim, mehrim.

Xudo umr bersin, hech bo‘lmaganda,

Yakuniga yetsin boshlagan she’rim.

 

Garchi yo‘lim uzun, maqsad tog‘dek cho‘ng,

Tangrim, ilhom selin yog‘dir beayov.

Axir o‘zbeklarda Abdullodan so‘ng

Shoir chiqmadi, deb quvonmasin yov.

 

Va mahzun tortmasin do‘stlar ham aslo,

Quchoq ochay sharaf istiqboliga.

Uyaltirib qo‘yma meni, yo Olloh,

Solib yuragi yo‘q toshlar holiga…

 

Elning mulki bo‘lsin aytgan har so‘zim,

Har so‘zki, cho‘qqidek ulug‘, muazzam.

She’rimga munosib bo‘layin o‘zim,

O‘zimga yarashib tursin she’rim ham.

 

Menga qaymog‘in ber oliy hislarning,

Har baytim oshiqda uyg‘otsin g‘ayrat.

She’rim o‘qib, uxlab qolgan qizlarning

Tushlariga kirsin Navoiy Hazrat.

 

 

TAASSUF

 

Xalqim, olislardan izlama yovni,

Ular o‘zingdadur, ichingda ular!

Cho‘lponni so‘ndirgan, Usmonni sotgan,

Qodiriyni otgan kazzoblar shular!

Taxt yarashar senga,

Axir bek nasling!

Boshingga toj kiysang – uzukka ko‘zdek!

Sotqin chiqmay tursa, loaqal bir kun,

Dunyoni egallab olarding, O‘zbek!

Jaloliddin mening o‘g‘lim bo‘lsaydi!”,

Dushman ko‘ksin yoqqan shu o‘tli havas.

Ot bilan daryoga sakratgan asli

Do‘stlar xiyonati! Chingizxon emas.

Temur desa, zir-zir titrardi olam,

Ona yer ko‘rmagan u kabi fotih!

Qay tabib xiyonat qildi-yu, biroq

“Sovuqda o‘ldi” deb yozildi tarix!

Buxoriy, Forobiy, Zamaxshariylar

Yot ellarda topdi shuhrat ila shon.

Hech bir yov quvmagan bolalaringni,

Quvgan ichingdagi johil olomon!

O‘limga ham davo topdi-yu, ammo

Dardin ichga yutib ketdi sinolar.

O‘z o‘q-u yoyidan yiqildi yerga

Mirzo Ulug‘bekdek ulug‘ mirzolar.

Boburni haydagan, Mashrabni osgan,

O‘z ichingdan chiqqan balolaringdir.

She’rim xasaratlaring sening, jon elim,

Ko‘nglim to‘la mungli navolaringdir.

Kim aytar sotqinlar tug‘ilmas endi,

Kim aytar o‘tmishing bo‘lmaydi takror?!

Sen kimni kechirsang, kechir va lekin

Kechirma, kechirma xoinni zinhor!

 

 

SHU TILDA

 

O‘rxun Enasoyni yig‘latgan bitik,

Navoiy nazmini etgan shodimon…

Mening ham nafasim, har odimim u

Men shu tilning baxtli zurriyodiman,

Taqdirim, borlig‘im – unda ifoda!

 

Ilk bora shu tilda ota deganman,

Ilk bora ona deb aytganim shu til.

Tilingdan aylanay, degan baxt-quvonch,

Boshimni silagan mehribon juft qo‘l

Ilg‘atdi bu tilning qaynoq taftini.

 

Shirin alla bo‘lib singdi qalbimga,

So‘ngra shuurimga chizdi dunyoni.

Yashil tabiatning dilbarliklari:

Kapalak, qaldirg‘och, yomg‘ir zaboni

Va gullar shiviri – shu tilda go‘zal!

 

Sulton Jaloliddin, Temur Ko‘ragon,

Shu tilda amr etgan, so‘zlagan o‘ktam.

Men ham Yurt oldida ona tilimda

Bayrog‘imiz o‘pib, ichganman qasam.

Qasamki – hayotdan aziz, bebaho!

 

Sevgi shu’lasidan qamashdi ko‘zim,

Tilimni kuydirdi otashin izhor.

Shu tilda xat bitdim uning nomiga

Shu tilda yo‘lladim sog‘inchdan ash’or,

Har so‘z ul go‘zalning vaslidan baland!

 

Momo, deb yig‘ladim vidolashuv on,

Bobo, deb shu tilda qo‘ydim kuzatib…

Shu tilda so‘zlashar farzandlarim ham

Yorug‘ istiqbolga qo‘lin uzatib.

Moziy va kelajak ko‘prigi – shu til!

 

Mangu ravon bo‘lsin, oq bo‘lsin yo‘li,

O‘zbekning tili bu – o‘zbekning dili!

 

 

 

* * *

Ilhom seldek toshib kelar ba’zida,

O‘pirib ketadi yurak qirg‘og‘in.

Aslo qayg‘urmayman, bilsang, aslida

She’r bilan charaqlar ko‘ngil chirog‘i.

 

She’rsozlar ko‘p bugun chigirtka kabi,

Nazm gulzorini aylamish vayron.

Ajab, tili burro, nozikdur ta’bi,

O‘zin kapalak deb o‘ylashi yomon…

 

Ular elni aldar yolg‘onchi, beyuz,

Shoirman, deb og‘zin to‘ldirayapti.

Menmi, senmi, umi? Va yoki iblis,

Ayt o‘zing, she’rni kim o‘ldirayapti?

 

Ba’zan peshonamdan chiqar reza ter,

Bormi ishq dardida o‘sgan ko‘ngillar?

Bormi sof tuyg‘ular, bormi mard shoir,

Bormikin she’r tinglab titrovchi dillar?

 

Nega yozish kerak? Har bitta she’ring

Elning aytar so‘zi bo‘lib ketmasa?

Shu mushfiq vatanning, shu ona Yerning

To‘rt tomoni she’rga to‘lib ketmasa?

 

She’r – hikmat,

She’r – isyon,

She’r – buyuk epkin,

Bosh egamas kekkaygan tog‘larga aslo.

Haykalingni qo‘ysa, qo‘ysinlar lekin,

Aylanib qolmagin haykalga ammo.

 

Shoir jim!

G‘animlar tutinar jo‘ra,

El ham jaholatga botar tobora.

Vazirlar, noiblar, bek, xon-u to‘ra,

Shohni aldash bilan bo‘lar ovora.

 

Shoir, sen jim turma, iymanib turma,

Millat uzuk bo‘lsa, sen unga qosh bo‘l.

Zulmatdek oyoqlar ostida yurma,

Elni uyg‘otguvchi tong bo‘l, quyosh bo‘l.

 

Kel, shoir, qo‘lingni ochgil duoga

Toki posbon bo‘lib yodingda tursin.

Kim so‘zni xo‘rlasa, sochsa havoga,

Hazrat Navoiyning arvohi ursin.

 

 

 

Zohidjon Olov

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.