Ildizdan yulduzgacha…

0
77
marta ko‘rilgan.

Assalomu alaykum, Nasrullo!

Sizga salom berdimu, bir sayyoradan ikkinchisiga maxfiy xabar eltayotgan fazoviy mavjudot haqidagi roman yodimga tushdi. Xullas, odam trillion yildan beri o‘zga sayyora tomon uchayotgan xabarchining nomasini o‘qishga erishadi. Maktubda mittigina nuqta bo‘lib, uning tarjimasiSalomdegani ekan

Tushunyapsizmi, “Salomdegani. Demakki, bu kalomda insonni mudom quvvatlantirib turuvchi ilohiy kuch bor.

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 11-sonida chiqqan “Qaro sochlaringa bitdim oq she’rlar” sarlavhasi ostidagi turkum she’rlaringizni o‘qib, men bilgan o‘n yil oldingi Nasrullo yodimga tushdi.

O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti qoshidagi “Hilol” adabiy to‘garagi yodingizdadir. Qancha shoiru nosirlarning po‘stagi qoqiladigan nafis majlis. O‘shandagi tanbehu ta’zirlardan necha toliblar yozishni tashlab ketmadi deysiz.

Xullas, she’r sabab yaqin bo‘lib ketdik.

Respublika rassomlik kollejida o‘qiganingiz xo‘p bilinadi. O‘zingiz ham tashidan shoirdan ko‘ra rassomga o‘xshab ketasiz. Asarlarida qahramonlarining ko‘zlarini chizmaydigan Modelyani borku, o‘shanga. Bildikki, u inson qalbini anglasagina ko‘zlarini chizar ekan.

Do‘stim, endi aytsa ham bo‘lar, ko‘pchilik sizni o‘ziga bino qo‘ygan, dimog‘dor deb biladi. Bo‘lsa bordir. Ammo “Yulduz va ildiz” nomli she’ringiz barcha fazilatlaringizdan-da mashhurroq edi:

YULDUZ VA ILDIZ

O, naqadar yaqin qofiya

Sen va men kabi

Yulduz va ildiz

O, naqdar olis masofa

Sen va men kabi.

 

Rassom chizgan she’r

 

Bisotingizdagi she’r va suratlarning kamligi o‘zingizga talabning yuqoriligidan bo‘lsa ajabmas. Ilk mashqlaringizdanoq qofiyaga hafsalangiz yo‘qligi seziladi. Balki bu sizga so‘zlarni ortiqcha bo‘ysundirish kabi ko‘rinar. Ochig‘i, o‘nlab tengdoshlar an’anaviy tarzda yozayotgan bir pallada sizdagi shakliy o‘zgarishlar mening zavqimni keltirgani rost. O‘sha kezlardagi she’rlarni eslang…

 

SENING KO‘ZLARINGDA
men o‘zimni qo‘ydim yo‘qotib.
Endi menga og‘ir juda ham –
ko‘zlaringdan izlab yashamoq
cho‘kib ketgan muhabbatimni…

 

Yoki:

 

QUYOSH BORU, SOVUQ QOTDIM MEN;
Yonib kulga aylandim biram.

 

Ijodda bir-birimizni ayasak, xatolarimizga yon bersak kelajak do‘stlarimiz bizdan-da gina qilar. She’rga o‘quvchi nazarichalik toza va xolis baho kerak, menimcha. Maktubdagi fikrlarni shu pog‘onada deb biling. Bugun bu she’rlar menga sizni emas, Rauf Parfining otash satrlarini eslatdi.

Sizdagi “Cho‘kib ketgan muhab­bat” shoirdagi “Suvga cho‘kib ketgan bolam, yoshligim…” bilan hamohangdek. “Quyosh bor-u, sovuq qotdim men” esa “Otashin muzlarga isinmoq” kabidir:

 

Uyg‘on , ey, malagim, tur o‘rningdan, tur,

Otashin muzlarda isinaylik, yur.

 

Rauf Parfining ko‘pgina she’riy kashfiyotlarini o‘zingizda sinashga tirishasiz. Masalan, birinchi satrlarning bosh harf bilan yozilishi va she’rga sarlavha bo‘lib kelishi, to‘rtliklarning kutilmaganda uchlikka aylanishi… 

Buni o‘g‘irlik emas, ustoz shoirga nisbatan azbaroyi ixlos hosilasi degim keladi. Chunki so‘z o‘marish darajasidagi ojiz odam emassiz.

Bir narsa so‘rasam: Bugun yozilgan she’rlaringizni qayerda saqlaysiz? Ijtimoiy tarmoqlardami yoki biror ro‘znoma sahifalarida? Balki ular daftaringizda oylab yotar.

Ko‘pincha virtual tarmoqlarda “yangi uzilgan she’r”larni ko‘raman. Yozilish va sahifaga qo‘yilish orasidagi qisqa vaqt meni esankiratib qo‘yadi. Go‘yo shoir o‘sha yerning o‘zida “ijod” qilgan. Og‘riqli tomoni, uni ko‘klarga ko‘tarilishiga o‘zimiz yo‘l qo‘yamiz. Indamasligimiz, keskin fikrlar bildira olmasligimiz unga ko‘proq hayot beradi.

Asl shoir uchun she’r bir umrlik ishlanadigan, tahrir qilinadigan jarayon. Hatto Rauf Parfi ham ko‘p ming nusxada chop etib bo‘lingan kitobidagi she’rlarni tuzatib o‘tirishi haqida eshitganim bor. Buni mukammalikka bo‘lgan mukammal intilish deydilar.

Hozir ham qo‘limda o‘n yillar avvalgi she’rlaringiz turibdi. Ularni yaqin-yaqinda bitganlaringizga taqqoslash imkoni bor. Ehtimol, bugun ayrim she’rlaringizni o‘zingizda qabul qilmassiz:

 

Oqshom –
qizning oppoq siynasi.
Derazaga osilar ko‘zim.

Tunning qora sochi tashlanar keyin…

 

Misralarda yigitlikning g‘o‘r xayollari ufurib tursa-da, bu ruhiyat sizga qaydan yuqqanini bilishga urinaman. Parcha keltirib o‘tirmay, Shavkat Rahmonning Lorkadan tarjimalarida ham shunday bebosh kechmishlar borligini bilasiz. O‘n bahor o‘tib o‘sha ruhiyatingiz qanchalik tozarganini “Metroda uxlab ketayotgan yolg‘iz ayolga” nomli she’ringizda ko‘raman. Unda shunday tashbehlar bor:

 

Nafis kiprigida shabnam mudraydi,
To‘lgan-u, to‘kilmay turganday ko‘zyosh.
Hozir tashqarida osmon uxlaydi,
Yerostiga kirib ketganday quyosh.

 

Siz o‘tgan yilarni besamar o‘tkazmadingiz, bugungacha yaxshigina she’rlar yaraldi. Har holda, ularda o‘zingiz his qilgan tuyg‘ular bor. Ammo hamon sizni oshiq va ma’shuq iztiroblari egallab olgani g‘alati tuyuladi. “Muhabbat!? – So‘roqqa aylangan undov qismati”, “Yosh oqar ko‘zimdan yoqutrang…”, “Tark etganda sevgilim meni”, “Men sizni sevmayman!.. Sevmayman, deb aldayman o‘zimni”…

Bugungi bitganlaringiz ham shu yo‘sinda boradi: “Qo‘llarida anor ushlagan ayol”, “Qo‘lingga qalbimni qo‘yib yig‘ladim”, “Yomg‘ir va qor yog‘ar bitta-bittalab, ko‘z yog‘ar, qosh yog‘ar, bitta-bitta lab…”

Ochig‘i, o‘ttiz yoshdagi yurak iztiroblaringizda boshqa tuyg‘ularning hamon kamnamoligi meni o‘ylantiradi. Gohida har satrda ishqsizlikdan ozor chekayotganingizga ishonmay qolaman. Nega bu shoirning qalbi o‘zga jarayonlarni his qilmayapti ekan, degan savol tug‘iladi.

Ekzyuperi yozuvchi bo‘lsa ham shoirlar “oh-voh”iga chiday olmabdi. Uning iqrorini keltiray:

“Uch yuz yil muqaddam insonlar shunday seva olganlarki, hatto muhabbatni deb bir umr tarki­dunyo qilishgan. Bizning davrimizda ba’zilar o‘z joniga suiqasd qilmoqda. Lekin ularning iztiroblarini qattiq tish og‘rig‘i bilan qiyoslash mumkin, xolos. Zero, bu iztirobning muhabbat bilan hech qanday aloqasi yo‘q…”

Do‘stim, men yozganlaringizning muhabbatga aloqasi bo‘lishini istayman. Chunki bu qo‘lingizdan keladi. Xayriyatki, vaqt sizni yozolmaslik kabi ayanchli qismatga duchor qilmadi. Hamon qarashlaringiz musavvirona, joningizga burov solib turibsiz. Buning uchun rahmat!

 

Ruxsat etilgan xatolik doirasida

Do‘stim, tunov kuni bozorda nazoratchi-tarozibonni ko‘rdim. Tosh-tarozu halolligini tekshirib yurgan ekan. Tarozining 5 grammdan 10 grammgacha adashishiga ruxsat etilgan xatolik doirasida deb qaralar ekan. Qarang, “Ruxsat etilgan xatolik doirasida”.

Nahotki xatoliklarga ham ruxsat etilsa. Axir, misqollar ham hisob-kitob qilinadigan lahzalar bor.

O‘ylab ko‘rsam, bizning ham  ruxsat etilgan xatolik doirasidagi xatolarimiz borga o‘xshaydi: ozgina befarqlik, ozgina dangasalik, ozgina xiyonat, ozgina tuyg‘usizlik…

Bilasizmi, odamni, ayniqsa shoirni yo‘q qilish uchun ozgina befarqlik kifoya ekaniga ishonib boryapman. Masalan, shoirning kamera qarshisida she’r o‘qishi nozik jarayon. Chunki she’r – ruhiyat, holat. Unga tushilmasa, tomoshabinga-da yuqmaydi. Avvalo jurnalistda she’rga muhabbat bo‘lsa, shoirni ting­laydi, nigohini undan uzmay, she’rning haroratini borligacha tasmaga muhrlashga harakat qiladi.

Afsus, bundaylar juda kam. Siz, kerak bo‘lsa, o‘n martalab she’r o‘qiysiz. Gohida ovozingiz yozilmay qoladi, goh tasvirchi tayyor bo‘lmaydi, ba’zan mikrofonni qimirlatmay ushlab turgani uchun maosh oladigan “jurnalist” tamoman sizga befarq bo‘ladi…   

Ijodiy ko‘rsatuvlar taqdiri esa ijoddan yiroq jurnalistlar va vaqti ziq texnik xodimlar qo‘lida qolib ketganday. Qisqasi, she’rga befarqlar ichra she’r o‘qish naqadar baxtsizlik ekanini tuyasan. 

Bir yozuvchi aytganidek, ommaviy ishlab chiqarish natijasida son-sanoqsiz ajoyib musiqa asboblariga ega bo‘lishimiz mumkin. Lekin ularda kuy ijro etuvchi sozandalarni qayerdan olamiz?..

Do‘stim, men shoirning ro‘znomalarda o‘z she’rlarini targ‘ib qilib yurishini hech tushunmayman. She’rlarimni falon nashr chop etmay keladi, degichlar ham oramizda talaygina. Shunday ijodkorlar she’rning qadrini ham sariq chaqadan arzon qilib yuboradi. O‘zining xom-xatala yozishmalarini buyuk asar deb biladi. Aslida shunday kishilar o‘quvchilarning hafsalasini pir qilgan.

Shukrki, Sa’diy Sheroziyning hammamiz uchun bir umrlik saboq bo‘la oladigan baytlari borki, shuning o‘zi butun boshli maktubimdan ham qimmatliroq ko‘rindi. Misralarni xatimning so‘nggi xulosasi deb qabul qilgaysiz:

Agar senda mushk yo‘q, jim o‘tir, axir,

Agar bo‘lsa hidning o‘zi aytadir…

 

Bobur Elmurod

 

1989 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universtetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

2012 yili “Birinchi kitobim” loyihasida “Ko‘zlarimdagi dunyo” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.