“Inson qalbi bilan hazillashmang siz…”

0
39
marta ko‘rilgan.

Xalqimizning birdamligini ta’minlab kelayotgan asosiy kuch bo‘lgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim muhtasham Xalqaro kongress markazida o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni, butun xalqimizni ushbu tarixiy sana bilan tabrikladi.
Davlatimiz rahbarining: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatla­rini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar” degan gaplari kaminaning yoshlik yillarini, yaqin tariximiz, go‘zal va jonozig‘i bo‘lmish tilimiz bu yuksak maqomni olishida kechgan xotiralarni uyg‘otib yubordi.
O‘zbek tilining davlat tili deb e’lon qilinganiga o‘ttiz yildan oshdi. Garchi o‘n, yigirma yoshga kirganida ham sut tishi bilan qolgan Qonunning tug‘ilishini egni qisiq ziyolilar va omma ko‘z uzmay poylagan, dunyoga kelganini eshitib, bo‘ri chilla tushgan kelini bola topganday irg‘ishlagan edi. Ha-ha, o‘ttiz yil burun o‘zbekning chekkagir oti ko‘pkarida allag‘aytib bir zot ayrib edi, “uloq” ko‘ksov bo‘lib chiqdi: yetmish yillik qahraton suyak-suyakka o‘tib ketgan ekan!
Sodda qilib aytganda, o‘zbek degan jafokash xalq tarixda bir g‘oya atrofida rostdan birlashgan, maydon va ko‘chalarni to‘ldirib namoyish qilgan bo‘lsa – til sabab. Mana shuning o‘zi ko‘p haqiqatlardan darak beradi.
Matbuotda yozilishicha, 1988-yil 3-dekabr sanasida Talabalar shaharchasida yoshlar g‘ayrisho‘raviy izdihom – “O‘zbek tili bayrami”ga yig‘iladi. Yotoqxonalar oralig‘idagi qarovsiz futbol maydonida bir necha yuz talaba davra quradi. Aslida, yoshlar bu joyni noilojlikdan tanlaydi. Chunki tuman ijroiya qo‘mitasi bir oy burun rejalangan tadbirni universitet saroyi yoki maydonida o‘tkazishga ruxsat bermaydi. Lekin o‘zbekning o‘r bolalari bayram o‘tkazish ahdidan qaytmaydi. Kommunistlarni sarosimaga solgan tadbirni Toshkent shahar va viloyat firqa qo‘mitalaridan kelgan vakillar kuzatib turadi. Ayrimlari “Ona tilimiz yanada serjilo bo‘lsin!”, “Tilimiz va merosimiz qabristonga aylanmasin!”, “Yo‘qolsin turg‘unlik davri illatlari!” degan rang-barang shiorlarni ko‘tarib olgan davraga yaqin borib, gapirilayotgan gaplarga quloq ham soladi. Davra esa beparvo. Yoshlar o‘z havonida anjuman ila ovora. O‘rtaga shoirlar, yoshlar vakillari chiqib, ona yurt, xalq, til haqida she’rlar o‘qiydi, tilni asrash haqidagi fikrlarini aytadi. Shu mazmunda qo‘shiqlar yangraydi.
Tadbir yakunida “g‘ayriodatiy” hodisa yuz beradi – chaqiriq o‘qib eshittiriladi. Bayram rezolyutsiyasida boshqa oliy o‘quv yurtlarida ham o‘zbek tili bayramlarini o‘tkazish, Alisher Navoiy tug‘ilgan kunni O‘zbekistonda ona tili kuni sifatida ni­shonlash, texnika va tibbiyot oliy o‘quv yurtla­ridagi o‘zbek guruhlarida darslarni o‘zbek tilida olib borish taklifi o‘rtaga tashla­nib, barcha ona tilining sofligi uchun kurashishga da’vat etiladi. Anjuman “O‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Markazqo‘miga murojaatnoma qabul qiladi.
Mustabidlar bunday “shakkok” yoshlar intilishiga panja orasidan qararmidi. Be, sho‘ro siyosatiga ko‘ra, milliy til muammosining ko‘tarilishi – g‘irt ayirmachilik!
Yanch ilonning boshini ajdarho bo‘lmasdan burun!..
Mana sizga sovetning aqidasi.
Erkin Vohidov 1988-yilda e’lon qilgan “Hushyor bo‘l!” she’rida
“Safsataboz, nomard-u tili botir
Yoqangga tahqir muhri yorlig‘ini qadaydi.
Chet tilini o‘rgansang, seni kosmopolit der,
O‘z tilingda so‘zlasang, millatchi deb ataydi”, deya bejiz yozmagan.
Xullas, bir qur jununvash yoshlar tug‘yonini o‘zbek jamiyatida yetilib kelayotgan ulkan bir po‘rtananing sadosi deyish mumkin. O‘sha yili “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi Mirza Kenjaboyevning “Dildoshlik” maqola­sini e’lon qiladi. Xalq tarixi – til tarixi, degan tamoyilni esga olgan shoir bir tilni oyoq osti qilish evaziga ikkinchi tilni ulug‘lash yoki bir tilni ulug‘lash uchun ikkinchi tilni oyoq osti etish siyosiy johillik, deb hisoblaydi. Murosasiz ijodkorning “Turg‘unlik, shaxsga sig‘inish davrlarida ba’zan shunday shaxslar, “olimlar” yetishdiki, ular martabaga erishmoq uchun o‘z ona tillarini yerga urdilar va ona tilini yerga urgani sari o‘zlari ko‘klarga ko‘tarildilar” degan qarashi eskirdi, deya olamizmi?!
Partiyaviy hushyorlik va sergaklikni mudom namoyish etib kelgan Markazqo‘m 1988-yil­ning 19-martida respublika ijodkor ziyolilari va ilmiy-pedagogik jamoalar oldida turgan vazifalarga bag‘ishlangan anjuman chaqiradi. Yig‘ilishda O‘zkompartiya rahbari ma’ruza qilib, O‘zbekistonda ikkitillilikni rivojlantirish masalasiga alohida urg‘u beradi. Tomosha­ning zo‘ri shundan keyin boshlanadi. Kattaning gapidan ilhomlangan ayrim nomdor adiblar ikkitillilikni zo‘r berib targ‘ib etar ekan, uyat-shoyadni yig‘ishtirib qo‘yib, mumtoz ada­biyotimiz va ilmdagi zullisonaynlik an’anasini misol qilib keltiradi. Holbuki, birgina respublika Fanlar akademiyasidagi lisoniy vaziyat juda ham nochor edi. Akademiya prezidiumining yetakchi mutaxassisi Qo‘zivoy Qoraboyev akademiya muhitini quyidagicha tasvirlaydi.
Ko‘chirma:
“O‘tgan 31 yil mobaynida (men bu dargohda 1958-yildan buyon xizmat qilib kelaman) Akademiyamizda uyushtirilgan katta-katta anjumanlar, majlislar, ilmiy kengashlar, hatto taniqli o‘zbek olimlarini so‘nggi yo‘lga kuzatish mitinglarida ham o‘z ona tili – o‘zbekchada nutq so‘zlaganlar juda oz bo‘lga­niga guvohman. Bu mo‘tabar dargohning tashkil etilganiga 65 yildan oshibdiki, uning biror bir farmoni, qarori, murojaati o‘zbek tilida chop etilgani yo‘q. Bu ahvolni to‘g‘irlashning birdan-bir yo‘li o‘zbek tiliga davlat tili statusi berilishidir, deb o‘ylayman”.
Afkor ommani chalg‘itgan, o‘zbek tilining davlat tili maqomini olishiga zimdan qarshi bo‘lgan ziyolilar Fanlar akademiyasidan quvvat olib turardi. Nafsilamrini aytganda, xalqning ertangi kuni uchun qayg‘urayotganlarni “og‘ziga kuchi yetmagan qalamkashlar” deyish rasman urfga kirgan edi. O‘zga til va madaniyat namo­yondasi sifatida tanilgan olim va adiblarimizni “dog‘da” qoldirgan akademikla­rimiz matbuotdagi chi­qishlarida milliylik va til muam­mosini “shunchaki o‘tkinchi muammolar” sifatida baholar, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish bilan bog‘liq jarayonlarni “g‘ayrishuuriy ravishda qizishib ketgan paytlar” deb atashdan o‘zini tiya olmasdi. O‘tgan davr ayrimlar hamon imperiyacha tafakkur changalidan qutulmaganini, qirq yil qurg‘oqchilikda qobig‘iga o‘ralib, namni sezib bosh ko‘taradigan urug‘ misol, istaklari amalga oshishini bilgan zahoti oq bayroq ko‘tarishini ko‘rsatdi.
Yo‘qsullar dohiysi davlat tiliga qarshi bo‘lgandan keyin, shu ta’limot ruhida tarbiya topganlar jon taslim qilsa qiladiki, aslo ona tilim qismati nima bo‘ladi, deb so‘ramaydi. Bu toifaning “Mabodo qardosh respublikadan xonado­ningizga mehmon kelib qolgudek bo‘lsa, mening tilimda gaplashamiz, chunki bu bizning davlat tilimiz, deb bo‘ladimi? Bu bizning axloqiy normalarimizga, barcha xalqlarning mehmondo‘stlik an’analariga zid emasmi?” degan savoliga javoban “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi 1989-yil 24-fevral sonida Mirza Kenjaboyevning “Til erki – el erki” maqolasini chop etadi. Taniqli publitsist ikkitillilik g‘oyasiga qarshi ekanini, O‘zbekistonda rus tilini ikkinchi davlat tili deb e’lon qilishning hojati yo‘qligini aytish bilan birga, ikkitillilikni yoqlayotganlar har xil yo‘llardan borib, turlicha vajlar ko‘rsatayotganini, matbuot, asosan, televideniye mana shunday fikr egalarining minbari bo‘lib qolganini ta’kidlaydi.
Xalq dardi bilan yongan shoir turg‘unlik yillarida o‘zbek tili g‘oyat cheklanib qolgani, ayniqsa, idoraviy til sifatida iste’moldan chiqa boshlagani, rasmiy yig‘inlar, pochta-telegraf ishi, mehmonxonalar, vokzal va aeroport kassalari, omonat kassalarda hujjatlar faqat ruscha rasmiylashtirilayotganidan bong uradi. Bu haqli talabni mustabid malaylaridan farqli o‘laroq, musulmon va o‘zbek bo‘lmagan ko‘pgina yurtdoshlarimiz, taniqli ziyolilar qo‘llab-quvvatlab chiqqanini aytib o‘tish lozim. Ulardan biri, Sovet Ittifoqi Qahramoni, asosan urush mavzusida asarlar yozgan adib Vladimir Karpov. Yozuvchi urushgacha O‘zbekistonda yashagan. Aytishlaricha, u kishining o‘zbek tilidagi og‘zaki va yozma nutqi juda ravon bo‘lgan. Rus adibi “Bir kun tuz yegan joyga qirq kun salom” naqliga amal qilib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi­ning 1989-yilgi 11-sonida “Til – xalq ruhi” maqolasi bilan chiqadi va o‘zbek adiblari o‘zbek tili hayotimizda bosh, yetakchi o‘rinni egallashi kerak, deb hisoblayotgan ekanlar, men shaxsan bu istakda hech qanday millatchilik harakatlarini ko‘rmayman, deydi.
Hukumatga til muammo­sini qo‘yayotganlar “shovinist”, “millatchi” atalayotgan bir paytda, kimsan SSSR Yozuvchilar uyushmasi birinchi kotibining “O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon yashab kelayotgan kishilar, albatta, o‘zbek tilini o‘rganishlari zarur” degan keskin ta’kidi hazilakam gap emas edi.
Yana biri Aleksandr Faynberg. Rusiyzabon darvesh shoirni goh Abdulla Oripov, goh Shukur Xolmirzayev davrasida uchratish mumkin edi. O‘zbek adiblarining chin ma’nodagi inisi Aleksandr og‘a o‘zbek tili uchun kurashchilar safida peshqadam bo‘lganini eslash juda maroqli. Ijodkor­ning “O‘zAS” haftanomasida chop etilgan “Kelajakni o‘ylab” maqolasidagi barcha maktablarda hamma uchun o‘zbek tili ham, Alisher Navoiy davridan to Oybek­kacha bo‘lgan o‘zbek adabiyoti ham to‘la o‘qitilishi shart, degan qat’iy fikri, yoki bo‘lmasam, “O‘zbek yozuvchilari gardanida Karamzinning “Rossiya davlati tarixi” asari singari “O‘zbek xalqining tarixi”ni yaratish majburiyati ham bor” degan taklifi bugun ham dolzarb-ku!
O‘zbek tili boshlab bergan o‘ziga xos Milliy Uyg‘onishni respublika rasmiylari zarracha qo‘llab-quvvatlamaydi, aksincha, harakatni bo‘g‘ish, tarqatib yuborish, talabgorlarni jazolash orqali tahdid soladi. Bu ham yetmaganday, kompartiyaning alohida mehriga sazovor bo‘lgan, Ittifoq miq­yosidagi kazo-kazo pensionerlar xalqqa tez-tez murojaatnomalar yo‘llab, yoshlarga muammolarni hal etishda partiyaga tayanish, katta avlodning boy tajribasidan foydala­nish, aql-idrok bilan ish tutib, ezgulik va adolat prinsiplari asosida harakat qilishni uqtiradi.
Prezidentimiz “har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim” deb ta’kidladilar. Bu so‘zlar endi, o‘tgan o‘ttiz yildagi xatolarimizni takrorlamay, yangi tahrirda qabul qilinadigan “Davlat tili haqida”gi qonun va yaqinda imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ijrosiga har birimiz kirishishimiz kerakligini bildiradi. Ana shunda “Milliy tikla­nishdan – milliy yuksalish sari” degan g‘oya asosida yurtimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga dadil qadam qo‘yadi.
Mavridi keldi, aytmoq joiz: til – millat qalbi, degan gap juda topib aytilgan. Ustoz Abdulla Oripovning sarlavhaga chiqarilgan satri, aslida, ogohlikka chorlov ekanini unutmasak, bas.

Olim TOShBOYEV,
filologiya fanlari nomzodi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.