Sal qoldi “Qizil kitob” Bag‘riga olishiga

0
298
marta ko‘rilgan.

Opa-singil tortishuvi

 

– Iya, mening ayiqcham,

Izlab yurgandim uni.

Yana so‘ramay olsang,

Aniq uraman seni.

 

O‘tgan kun ham yo‘qoldi,

Shunda ham sen olganding.

– Urma, kecha tushimda,

O‘zing sovg‘a qilganding.

 

 

Ulg‘ayish

 

Opasining tuflisin

Kiyib Hanifa shodon.

Onasi der: – Darhol yech,

Yo‘qsa o‘zingga yomon.

 

– Jonga tegdi hammaning

Kichkinasan deyishi.

Hadeganda bahona

Topib, tinmay koyishi.

 

Shu boisdan opamning

Tuflisini kiyganman.

Endi koyiyvermaysiz,

Qarang, katta bo‘lganman.

 

 

 

 

 

 

Nochorlik

 

Bo‘ri yotar och-nahor,

Oldida o‘ynar quyon.

Bu holni ko‘rib tulki.

Sababin so‘rab hayron.

 

– Ha, oshna nima bo‘ldi,

Yo, og‘riyabtimi tish?

– Daydib qolibsan makkor,

Uyingda yo‘qmidi ish?

 

– Tinchlikmi, holing yomon,

– Haliyam qoldim omon.

Agar nafsni tiymasam,

Ovchilar qilar tamom.

 

Endi qo‘y bo‘g‘izlasam,

Mergan qaytar ishiga.

Sal qoldi “Qizil kitob”

Bag‘riga olishiga.

 

 

To‘qqiz raqami

 

– To‘qqiz katta son emish,

Aslida u qarigan.

– Nega unday deysan, Xol,

Uni ko‘plar tanigan.

 

– Yozsam, doim katakda

Bir chekkaga suyanib

O‘zi zo‘rg‘a turadi,

Hassasiga tayanib.

 

Naima Anvarova

1998-yili tug‘ilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  tomonidan “Birinchi kitobim” ruknida “Makka va hakka”  nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.