Izlanish pallasi

0
32
marta ko‘rilgan.

Qissa voqeasi markazida tog‘ etagida joylashgan ovulda ikki-uch avlod yumalab o‘sgan eski imorat – otaning uyi turadi. Bu uy beega.  Uy egasi Shodmonboy  bir paytlar ocharchilik yillarida butun qishloq ahlini asrab qolgan. Asarda bu voqea  kichik bir epizodda bayon etilgan. 

Asarning butun mojarosi  tomiri bir ota-onaga borib taqaladigan ovuldosh­larning mana shu buzilay deb turgan uyga egalik qilish yo‘lidagi sa’y-­harakatlari, tortishuv va kelishuvlari, ming xil tovlanib-turlanishlarida namoyon bo‘ladi.

“Uy” ma’lum ma’noda ramziy mazmunga ega. Xonadon vorisi Suyar hardamxayol. Asarda  uning nomiga ikki marta xat bitiladi. Dastlabkisi asar boshida zimdan uyga egalik qilishni istayotgan O‘ljaboyning oltinchi sinf o‘quvchisi, hikoya bayonchisi Murodjonga aytib yozdirgan xati. Xatda Suyarga jumagacha kelib uyga egalik qilsang qilding, bo‘lmasa uying buziladi, degan mazmun bitilgan. Suyarjon keladi, biroq kechikib, uy buzilgandan keyin, aniqrog‘i, buzishib, xomtalash qilishayotganda keladi. U qish-qirovli kunlarda buzilgan uyni tiklashga, yaqindagina to‘yi bo‘lgan kelinchagi bilan ota uyida yashashga harakat qilib ko‘radi, biroq qishloqdoshlarning loqaydligi, bee’tiborligi, ehtimolki,  uyiga egalik qilish niyatida yurganlarning sa’y-harakatlari bois shaharga qaytib ketadi.

Keyingi xat qissa so‘ngida uyning qarindoshlar tomonidan  talon-toroj bo‘lishini xohlamagan Murodning onasi istagi bilan yana O‘ljaboy nomidan  bitilgan bo‘lib, mazmuniga ko‘ra hammasi kengashib, uyni Murodga xatlab beradigan bo‘lishgani aytilib, uning  roziligi so‘ralgan edi. Qissaning xotima qismlarida Murodning ulg‘ayib, uyga egalik qilishi-yu, ba’zan Suyarning uy da’vosidan xavotirlanishlari bayon etiladi.

Mazkur qissa hajman kichik. Bor-yo‘g‘i 20 qog‘oz. Uni mini-qissa deyish ham mumkin.  Asar kichik-kichik sahnali epizodlardan tashkil topgan. Oxirgi bobni ham qo‘shib hisoblaganda jami to‘qqiz bob.  Har bir bobda yulduzchalar bilan ajratilgan kichik-kichik epizodlar bor. Epizodlarning har birida alohida bir ko‘rinish – manzara. Asar mana shunday kichik-kichik epizod – sahna ko‘rinishlardan tashkil topgan. Ayrim epizodlar dialog asosiga qurilgan,  ayrimlari esa hikoya qahramonining kuzatuvlari orqali  yoritiladi. Asar strukturasining   bunday qurilishi voqelikning juda siqiq holda tasvirlanishiga olib kelgan. Bu yozuvchining yutug‘i sifatida baholanishga loyiq.

Asarning ko‘zga yaqqol tashlanadigan kamchiliklaridan biri asosiy qahramonlarning birortasida ham individuallashgan qiyofasi yo‘qligidir. Qissada O‘ljaboy akisning ham,  Suyar va boshqa qahramonlarning ham na portreti chiziladi, na nutqida o‘zgachalik seziladi. Boshqalardan farq qilib turuvchi jihatlari ham ko‘rsatilmaydi. Ikkinchi katta kamchiligi, insonlarning bir-biriga oqibatsizligining ortiq darajada bo‘rttirilishidir. O‘tmishda bunday oqibatli edi, hozirda bunday oqibatsiz, degan g‘oyaning yetakchilik qilishi haddan ziyod mubolag‘a bo‘lib, hayot haqiqatiga mos emas. Bu hol ijodkorning izlanish pallasida ekanidan dalolat beradi.

Qurdosh Qahramonov

adabiyotshunos

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.