Polvon yig‘lagan tun

0
562
marta ko‘rilgan.

(Qissa)

 

Bugun chelaklik Qodirbek mergan to‘y boshlab yu­bordi. Qiru adirlardan oshib uzoq-uzoqlarga ta­ralgan karnay-surnay sadolari odamlarning xush-xandon qiy-chuviga ulanib ketdi. Bu yog‘i tog‘li qish­loqlardan, u yog‘i cho‘l taraf ovullardan gurros-gurros mehmonlar, polvonlar kela boshladilar.  

To‘yxona biqinidagi bedapoyadan tortib, o‘ydim- chuqur yo‘l chetlarigacha mashinalar tizim-tizim: mez­­­bonlar tomonidan tayinlangan kuzatuvchilar ular­ni ziyrak qo‘riqlashadi. Axir bir kunlik to‘y o‘tadi-ketadi, ammo keyin g‘iybat ko‘payishi mumkin. “Falon qishloqdagi falonchining to‘yiga borgan edik. Tomosha ayni qizigan payt, ulovimizning zarur narsasini shilib ketibdi! Dabdabaga berilguncha mehmonlarning izzatini qil, ko‘liklariga ko‘z-quloq bo‘l…” – qabilidagi gap-so‘zlardan ehtiyot bo‘lgan ma’qul.

Qodirbek mergan davra ko‘rgan odam. To‘y oldi yaqinlarini maslahat oshiga chaqirib, har kimning kayvonichiligiga qarab xizmatlarni taqsimlab bergan. “To‘y bir maniki emas, hammamizniki. Birga obro‘ olaylik”, degan odatdagidek jiddiy bir qiyofada.

Mana, eldan chiqmay, kimgadir yaxshi, kimgadir yomon ko‘rinsa-da, to‘y-ma’rakalarda bosh-qosh bo‘lib yurgan Qodirbek merganning o‘zi bugun el-ulus oldidan o‘tayapti. Mahallaning yoshu qarisi xizmatga “labbay” deb turibdi. Xizmatchilarning oyog‘i olti, qo‘li yetti. Har biri o‘z vazifasini binoyigina o‘tab, to‘ychining e’tiboriga tushish ishtiyoqida.

Ha, nimasini aytasiz, to‘yga nima yetsin?! O­dam­lar yuz-ko‘zlarida tabassum. Bir-birini bag‘riga bo­sishlar… Mehmonlarga tavoze bilan peshvoz chiqqan Qodirbek merganga kimdir oshkora, kimdir pinhona to‘yona qistirishga urinadi. Birov xizmatchi bolaga yetaklatib yuborgan qo‘ziga zimdan ishora qilsa, bosh­qasi salomlashish bahonasida to‘y sohibining kaftini mahkam qisadi.

 “E, shunday kelaversangiz ham bo‘lardi…” dey­di Qodirbek mergan xijolatomuz. To‘yonalarni mer­ganning bodi bir bojasi labiga sigaret qistirgan ko‘yi ko‘k daftariga qayd etib boradi.

Darvoza qarshisidagi ariq roshini qoplaridagi narsalarni ko‘z-ko‘zlayotgan pistafurushlar-u, attor­lar egallashgan…

Shodiyona shavqidan mast kishilar hash-pash degun­cha kech tushib qolganini-da payqashmadi.

Shom. Ko‘prikdan o‘tib, to‘yxona yaqiniga kelib to‘x­tagan “Raf” mashinasi atrofini qiy-chuv ko‘targan bo­la­lar o‘rab olishdi.

– Ur-ra! Sardor polvon keldi-i-i!

– Kurash tomoshasi rosa qiziydigan bo‘ldi-da.

– Sardor polvon akamning oshnasi, armiyada birga bo‘lgan…

– Bekor aytibsan, maqtanchoq, Sardor polvon akang bilan hech ham oshna emas! Ammo mening tog‘am bilan Toshkentdan bitta samolyotda kelgan, bildingmi?

– Buvam aytuvdila, Sardor polvonning bizga qa­rindoshligi borakan…

Mehmonlarni odatdagidek, nazardan qoldirmay “Xush ko‘rdik!” deya peshvoz qarshilayotgan Qodirbek mer­ganning ko‘zi chiroq yorug‘ida o‘zi tomon kelayotgan Sardor polvonga tushdi-yu, hovliqqanicha oldinga in­tildi.

– E-e… marhabo, mehmonlar, marhabo!

Sardor polvon merganni quchoqlab chaqqonlik bi­lan dast ko‘tardi:

– To‘ylar muborak, akaginam…

– Qulluq, qulluq

Qodirbek mergan barcha kelganlar bilan ham iliq ko‘rishib chiqdi-da, atrofga alang-jalang boqib, biqinidan shoshilib o‘tayotgan yigitni to‘xtatdi:

– Bahodir, Jarlik og‘aynilarimizga qaragin, xo‘p­mi, qo‘noq Roziq chavandoznikida, bildingmi?

Yigit “Xo‘p-xo‘p” degancha Sardor polvonga boshdan oyoq razm soldi-da, qo‘l uzatdi.

– Qani, yuringlar, akalar…

Jarlik mehmonlar yo‘lchi yigit izidan uzun-qis­qa bo‘lib ergashishdi.

Joy izlayotgan mashinalarning chirog‘i ko‘zlarni qa­mashtiradi. Ular mashinalarni oralab, torgina ko‘p­rikdan o‘tishdi. Yo‘lchi yigit muyulishdagi ikki ta­­baqali taxta darvoza oldida to‘xtadi. Qiya ochiq eshik­chadan bosh suqdi-da, tovush berdi:

– Kim bor?

Ichkaridan avval “Hozir…” degan sas eshitildi. So‘ng, ostonada beqasam to‘nini kiya-kiya o‘rta yoshli, miqti gavdali kishi paydo bo‘ldi.

– Salom alaykum, kelinglar, mehmonlar!

U tavoze qilgancha mehmonlar bilan ko‘rishib chiqdi.

So‘ng chaqqongina supa chetidagi oftobani olib, tordagi sochiqni yelkasiga tashladi-da, mehmonlarning qo‘llariga suv quydi. 

Mehmonlar taklif qilingan xona dahlizi bur­chagida mahsi-kalish va pechkaga suyab qo‘yilgan hassa ko‘zga tashlanadi. Mezbon xona eshigini ochib ichkariga mo‘raladi-da :

– Buva, qarang, mehmonlar keldi, – dedi.

– Assalom alaykum!

Mehmonlar xona to‘rida qo‘sh yostiqqa yonboshlab olgan, yoshi saksonlarni qoralagan, soqollari o‘ziga yarashib turgan chol bilan ko‘rishishga chog‘lanishdi. Chol o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi. Mehmonlar buvani ortiqcha urintirmaslik uchun:

– Qimirlamang, buva, – deya birin-ketin qo‘l olib ko‘rishishdi.

Hol-ahvol so‘rashib ulgurmaslaridanoq dasturxon keltirildi.

Chol dasturxonga qand-qurs, mayiz qo‘yayotgan ki­shiga:

– Choyni tezlatinglar! – dedi-da, mehmonlarga bir sira razm sola boshladi.

– Xo‘p yaxshi kebsizlar-da, kurash polvonlar bilan qiziydi-da… – Qariya gap orasida negadir Sardor polvonga bir necha bor tusmollab tikildi. – Sardor polvonman, deng. Jarlik ekanligingizni eshitgandim. Ammo kimning uli ekanligingizni bilmasdim…

Sardor endi og‘iz juftlagan edi, otaxon gapni uladi.

– Odamni bir ko‘rishda bilamiz. Siz, Jardagi obro‘li kishilarning avlodidansiz, to‘g‘rimi? Rah­matli otangizni bir-ikki marta ko‘rganman. Ham o‘qib, ham bannisada ishlardi chog‘i… Eh-he…

– Meni… boshqa birov bilan adashtirayapsiz chog‘i, buva, – dedi polvon qimtinibgina.

– Ol-a, adashtirib, o‘ldimmi, bir aniqlik bil­ma­sam tilimga kalima kelmaydi. Sinab ko‘r­moq­chi­siz­lar, shekilli. Xohlang-xohlamang, siz, Sar­­­dor­jon, – otaxon polvonga tikildi, – Jabbor do‘xtirning uli bo‘­lasiz. Ah-ha topdimmi? Qani, polvon, qo‘lni tashlang. Sumbatingiz, boringki, qosh-ko‘zlaringiz qu­yib qo‘ygandek otangizning o‘zi…

Polvon qulog‘igacha qizarib ketdi. Qariyaning pol­vonga uzatgan qo‘li havoda muallaq qoldi. Polvon kafti bilan paxta gulli piyolani to‘ntarib, aylantira boshladi. Davraga jimlik cho‘kdi. Otaxon “og‘zimdan nojo‘ya gap chiqmadimi ishqilib”, degan o‘yda esankirab qoldi. Bir muddat o‘tgach tahorat bahonasida sekingina o‘rnidan qo‘zg‘alib tashqariga chiqib ketdi.

Xonaga g‘alati bir sukunat cho‘mdi. Sardor pol­­vonning qosh-qabog‘i osildi-qoldi. Uni ko‘rib ham­qish­loqlar ham hayron. Ko‘p o‘tmay mezbon dasturxonga sho‘r­va tortdi. Mehmonlarga manzirat qildi.

– Ko‘p ovora bo‘lmang, aka, – deb qo‘ydi kimdir, istar-istamas og‘ziga bir burda non solarkan.

– Qani, polvonlar, sizlarni davraga chaqi­rishyapti.

Mezbon yigit shunday deya, mehmonlarning oyoq kiyimlarini o‘nglay boshladi. Polvonlar asta qo‘zg‘a­lishdi.

 

* * *

Borliqni qoplay boshlagan tun pardasining bir parchasi go‘yo Sardor polvonning ko‘krak qafasiga tush­gandek. Shu topda yuragiga qil ham sig‘maydi.

“Sen jarlik Jabbor do‘xtirga quyib quygandek o‘xshaysan degan sha’malarni bolaligimda ham e­shit­gan edim. Yoshim ulg‘aya borgach bu so‘zni boshqa qishloqlar odamlaridan ham ko‘p eshitadigan bo‘l­dim. Tovba. O‘z otam bo‘la turib meni qayoqdagi Jab­bor do‘xtirga mengzashadi-ya?! Yo… bunda biror sir bormikan? Naza­rimda, anovi chol ham behuda gap boshlab qolmadi-yov… Yer yorilmadi-yu, yerga kirmadim”.

Sardor polvon chuqur “uf” tortib osmonga boqdi. Samoda jimirlayotgan yulduzlar ko‘zlariga tig‘ yanglig‘ qadalardi.

Polvonning ra’yiga qaragan hamrohlar ham al­lanechuk sukut saqlab odimlashar, xuddi shu hol ham Sardorning shubhalarini battar oshirar edi. 

Eh-he! Kurash maydonida tumonat odam. Elektr chiroqlari tomoshatalablarning zich davrasini arang yoritib turibdi.

Hamma hayajonda. Vaqtliroq kelib joy egal­lagan old qatordagilar chordona qurib olishgan. Hami­shagidek, kurash ishtiyoqmandlarining barchasi, bir-birini turtib-surib davraning old tarafiga o‘tib olishga intiladi. To‘dani yorib o‘tishning ilojini qilolmaganlar, sal imkon topildi deguncha ko‘z ili­nadigan joyga bosh tiqishadi. 

Bakovul mikrafondan polvonlarni chorlayapti.

– Tezroq, aziz mehmonlar. Polvonlar, joyla­ringizni egallang. Bugun Qodirbek mergan o‘zidan kechgan. Bor-budini halol olishgan, davrani qizitgan mard polvonlarga ulashaman, deya niyat qilgan. Shuning uchun bugun esda qolarli kurash bo‘ladi. Qani, davrani ustozlar boshlab berishsin.

Udumga ko‘ra yoshligida davra ko‘rgan ikki chol bel olishdi. Atrofda qiyqiriq kulgi…

– Yashang, polvonlar, kuchlaringiz teng ekan, – deya bakovul chollarni ajratib, solim o‘rnida yelkalariga to‘n tashladi.

Navbat, odatdagidek bolalarga! O‘z nomzodlarini hozirlayotganlar bakovulning qulog‘iga shipshib, polvon yigitchalarning ismini, qayerdanligini eslatishadi. Bakovul ularni yoniga chaqirib, davraga ta­nishtiradi. Bellashuvlarni kuzatib, polvonlarga solim tayin eta­di. Polvon yigitchalarning hara­katlari, hatto ba’­­­zilarining arazlashib, qizarishib qolishlari-da tomoshabinlarning zavqini qo‘zg‘aydi. Kurashning yozil­magan qonunlari bor. Polvonlar tarafma-ta­raf. Har qaysining o‘z muxlislari bor. G‘olib pol­vonni jo‘ralari quchoqlab qutlashgan, mag‘lub polvon tarafidagilar esa oriyat uchun “O‘sha polvoning endi menga chiqsin!” degandek davra aylanadilar. G‘olib polvon xohlasa-xohlamasa raqibining izdoshi bilan bellashadi… 

Ishqibozlar katta-nomdor polvonlarni, bosh sov­rin uchun bellashuvni sabrsizlik bilan kutishayapti. O‘zlaricha bugun kim polvon bo‘lishini-da bashorat qi­ladiganlar qancha!

Tun tevarakni tobora o‘z qora quchog‘iga tortib bo­rardi. Davradan ko‘tarilayotgan chang-g‘ubordan hatto yulduzlar ham ko‘rinmay qoldi. Sardor polvon hali-hanuz o‘z xayollari bilan andarmon.

 “Yo… onamning hayotida biror dog‘ bormikan?! – iztirob iskanjasida o‘ylardi u. – Odamlar shunchaki yuzimga aytolmay, pana-panada gap qilib yurishgandir?! Yo‘-o‘q, buning tagiga yetmasam bo‘lmaydi. Tokay bunaqa pismiqi qochirimlarni eshitib yuraman…”

Sardor polvon shunday ezgin xayollar bilan, hatto, kurash oxirlab qolganini ham sezmadi.

– Endi navbat tovoqlarga. Birinchi tovoq – bir ho‘k-kiz, bit-ta rangli televizor. Kimning yuragi chopsa marhamat…

Bakovulning tantanavor hayqirig‘idan u nogoh o‘zi­ga keldi. Cho‘chib avval tevaragiga, so‘ng maydonga ko‘z tashladi.

Bakovul davra o‘rtasiga tovoq keltirib qo‘ydi. Sardor polvonning ezgin kayfiyatidan hamrohlari ham ezilgan. Bir gapirib o‘n kuladigan Sardor polvonni ular ilgari bu qadar tushkun ahvolda ko‘rishmagan…

– Qani, polvon, tovoqni oling!

Quloqlari ostida to‘satdan jaranglagan bu so‘z polvonni hushyor torttirdi. Atrofga nazar soldi, hammaning nigohi unga qadalgan. 

Polvon bir silkinib o‘rnidan turdi. Jarliklar yuziga tabassum qalqidi. Bir-biriga mamnun-masrur ko‘z tashlab olishdi. Sardor davraga tushib tovoqqa qo‘l tegizdi. Udumga ko‘ra tovoq ustiga qo‘yilgan patirdan sindirib og‘ziga soldi. Davra tuyqus suv quygandek sokin tortdi.

Bakovul ovozi yangradi:

– Birinchi tovoqni olgan jarlik Sardor polvonga talabgor bormi? – u bir muddat davraga ko‘z yugurtirdi, hech kimdan sado chiqmadi. – Bo‘lmasa sovrin Sardor polvonga beriladi. Buning qizig‘i yo‘q-da, axir. El-ulusga tomosha bo‘lsin-da. Qani, polvonlar, zotga egalik qilinglar.

Bir payt dong‘i ketgan, hozir qartayib qolgan Najim polvon chelaklik polvonlarga zarda qildi:

– E, o‘rgildim gerdayib yurishlaringdan. Bizning yoshligimizda chelakliklar hamma sovringa egalik qilishardi. Bu qanday sharmandalik?! O‘z ovulingda yurak yutib davraga chiqolmasang. Qani, Hoshim, chiq!

U nevarasi Hoshim polvonga yuzlandi:

– Bizning urug‘dan bo‘lsang davraga tush. Zo‘r bo‘l­sa yiqitar. Yiqilganni yer ko‘taradi. Boshqa yerlik polvonlarga talabgor bo‘lmasanglar Chelakning bolasi emassanlar…

Bu so‘zlar chelaklik polvonlarning oriyatini qo‘z­g‘adi.

– Qani, Hoshim polvon, nima bo‘lsa ham chiqing.

Bultur yozda Dehqonoboddagi bir to‘yda mana shu Sardor polvon bilan bellashgani Hoshimning xayolidan o‘tdi. O‘shanda u Hoshimni bir qafaslik kurashdan o‘tkazmagan. Qo‘llari chayir, xuddi temir, buning ustiga balodek chaqqon. Gavdayam, gavda-da!

– Hoshim, chiqasanmi? Yo o‘zim chiqaymi? – Najim polvon betoqatlanib choponini  yecha boshladi.

– Qo‘ying, buva, o‘zim chiqaman.

Najim polvon betoqatlangancha davraga qadam bosdi. Bakovulni imladi…

Bakovul Sardor polvonga Hoshim polvon talabgor ekanligini davraga eshittirdi. Atrofda qiyqiriq, qarsak qo‘pdi. Orziqib kutilgani sayin polvonlarning davraga chiqishi cho‘zilgandek bo‘laveradi.

Nihoyat, Sardor polvon davraga tushdi. O‘z jamoasi tomonga qarab tavof qildi va odamlardan fotiha oldi. Ko‘zlarini yerdan uzmay, qo‘llarini kindigiga bosganicha sekin davra aylandi. Hammaning nigohi Sardor polvonga qaratilgan.

Hoshim polvon jomakorining u yoq-bu yog‘ini to‘g‘­rilagan bo‘lib g‘oz yurish bilan davraga qadam bosdi. Bir muddat davra aylangan polvonlar qo‘l olishdi.

Kurash boshlandi.

Tomoshabinlarning nafasi ichiga tushgan. Ular pol­vonlarning har bir harakatini nigohlaridan qo­chirmaslikka harakat qilishadi. Sardor polvon bir joyda depsinib, raqibini o‘ziga yaqin kelishga chor­laydi. Hoshim polvon esa uning tevaragida sakrab-sakrab, barmoqlarini havoda o‘ynatganicha shoshtirishga urinadi. Nihoyat, Sardor polvon bir shaxd bilan raqibining belbog‘idan tutdi. Oyog‘ini Hoshimning butidan oshirib, uning boldiriga mahkam ildirdi. Ko‘kragi bilan orqaga sura ketdi. Hoshim polvonning oyog‘i toya boshladi. Gurs! Hoshim polvon chaqqonlik bilan yonboshga ag‘darildi.

– Hisob emas, chappa!

Hoshim polvon tura solib, raqibining yoqasiga yopishdi. Bakovul uning qo‘lini Sardor polvonning yoqasidan ajratar ekan:

– Yaxshimas, Hoshim polvon, buni kurash deydilar, mard bo‘lish kerak. Hozir tag‘in bel olishasizlar. Chappa dedik-ku, axir, biroz dam olinglar, – dedi.

Ko‘zlari kosasidan chiqqudek turgan Hoshim polvon orqaga burilar ekan:

– Sardor, o‘zi kimning bolasi ekanligingni bi­lasanmi? – dedi-yu gavdasini ikki yonga sallona tashlab chelaklik polvonlar tomon ketdi.

– Nima deding?! – Sardor polvonning so‘zi og‘zida qoldi.

Sardor polvonning peshonasida qaynab chiqayot­gandek terlar jimirladi. Shogirdlari o‘tirg‘izib yelkasiga chakmon tashlab, choy tutishdi. Polvonning g‘azabi qaynadi. Miyasida gumonlar g‘ujg‘on: 

“Jabbor deganlari kim o‘zi?! Buncha asabimga tegishmasa. Manovi Hoshim tirriqning pichingi ham-masidan oshib tushdi. Agar shu gaplar rost bo‘lsa, unda bu davra menga begona. Polvon ota-onasining, keyin elning farzandi bo‘lishi kerak!”

Sardor polvon labini tishlagancha mushtlarini qisdi. Uning vajohatini ko‘rgan kishi yurak  yutib bir so‘z demasdi.

Sardor polvonning xayolini bakovulning so‘zlari bo‘lib yubordi:

– Qani, polvonlar, davra sovib qoldi. Dam olish ham shunchalik-da.

Sardor polvon qo‘llarini yerga tirab o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uning vajohatini, sher kabi hamlaga hozir ekanligini ko‘rib, Hoshim esankirab qoldi. Bellashmay desa, uyat. Ertaga ovuldoshlarining yuziga qanday qilib qaraydi? Bellashay desa, Sardor polvon shu tobda uni majaqlab tashlashdan ham toymaydi.

– Hoshim, chiqasanmi yo joning uzildimi? – Najim polvon uning boshida darg‘azab bo‘lib turardi.

Hoshim polvon noiloj davraga tushdi. Raqibiga ro‘baro‘ keldi. Sardor polvon bir hamla bilan ra­qibining yoqasidan tutib o‘ziga tortdi. Ko‘zlar to‘q­nash­di.

– Nima deding? – Sardor polvonning panjalari Hoshimning badanini teshgudek botib borardi. – Bi­lib qo‘y. Senga o‘xshab davrani harom qilganim yo‘q! Jomakorimni, belbog‘imni,bosib yurgan tuprog‘imni harom qilganim yo‘q… Yo pirim!!!

Sardor polvonning o‘kirigidan davra bir qalqib tushdi.

– Halol, halol!

Oyoqqa turgan ishqibozlar Sardor polvonni g‘alaba bilan olqishlashardi. Hoshim polvon anchagacha o‘ziga kelolmay yotdi. Uni jo‘ralari o‘rab olishgan. Yuziga suv sepish bilan ovora. Sardor polvon olqishlarga ham parvo qilmadi. Yelkasiga chakmonini tashlab, sovringa ham qaramasdan asta davradan sirg‘alib chiqdi.

… Cheksiz adir. U beixtiyor boshi oqqan tomonga keta boshladi. Ancha yurib maysalar ustiga cho‘kkaladi. Zavqqa to‘la davradagi olqishlar, baqir-chaqirlar elas-elas quloqqa chalinadi… Yuragi to‘lib ketdi. Qo‘llarini yuziga bosib, yig‘lab yubordi. Esini taniganidan beri ilk bora yig‘lashi edi. Qancha o‘tirganini bilmaydi. Sovuqdan junjikib o‘ziga keldi. To‘y ovozlari tingan. Ahyon-ahyonda uzoqlardan itlarning akillashi demasa, atrof jim-jit…

 * * *

Rohila xola yarim tunda darvoza taqillashidan qo‘rqib ketdi.

– Kim bo‘ldiykin ? Tuf-tuf… Yaxshilikka bo‘lsin-da.

Zulfini tushirgach, ostonada jiyani Sardor pol­vonni ko‘rib ichiga g‘ulg‘ula tushdi. “Tinchlikmikan, ish­qilib?”

– Assalomu alaykum, xola.

– Vaalaykum. Qani-qani, Sardorjon, ichkariga kir.

Hol-ahvol so‘rashishgach, Rohila xola qiziq­sindi:

– Qanday shamollar uchirdi, Sardorjon, o‘takamni yording-ku. Namuncha yarim kechasi bezovtalanib yu­­rib­san?! – u chiroq yorug‘ida jiyanining buzuq avzoyini ko‘rib dong qotgan edi.

– O‘zim, – dedi polvon og‘ir xo‘rsinib, – tinchlik, xola. Kelganimdan maqsad, – u muddaoga o‘tdi, – bir gumon gapni aniqlamoqchiman. Faqat to‘g‘risini ayting. Onamning, sizning opangizning hayotida biror iflos sir bormi? Jabbor deganlari kim?! Nega meni hamma o‘shanga o‘xshatishadi?

Xola jiyanini tinchlantirishga urindi:

– Bolaginam, “Astag‘furulloh” de, tavba qil.

– Gapni aylantirmang! – g‘azab bilan devorni mushtladi polvon. – Menga ochiq, ro‘y-rost ayting. Men kimning farzandiman o‘zi?!

– Bolam, qanday kunlarga qoldik-a. Bu kundan ko‘ra, onangdan oldinroq men o‘lib ketsam bo‘lmasmidi.

Xola ko‘z yoshlarini ro‘molining uchiga artdi. Lab­lari pirpirab, gapini yo‘qotib qo‘ydi.

– Gapiring, iltimos.

– Bilasanmi, Sardor… – ayol devorga qoqilgan so‘zanaga tikilib sukutga cho‘mdi. Xayol uni olis-olis­larga uchirib ketdi.

 

* * *

Tut ayni hil-hil pishib turgan paytlar edi.

– Qizim, Zaynab biyingni bi-i-r siylaylik. Hov­limizdagi tutni xosiyatli deganlari degan. Duogo‘y kampir… – dedi Momoxol kashtachi qiziga.

Bu taklifdan Gulasal sevinib ketdi. U Zaynab momoni yaxshi ko‘radi. Yoshligida muallimalik qil­gan Zay­nab momoning gurunglari biram ajoyibki, tinglagan sayin tinglaging keladi. Oqila ayol. Butun qishloqning hurmatini qozongan. Ko‘chada ko‘rib qolgan yoshmi-kek­sami, uning oldidan tavozesiz o‘tmaydi. Tut yo‘qlash bahonasida Zaynab momoning qiziqarli suhbatlarini tinglashga oshiqayotgan Gulasal o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan zumrad tutlardan atayin saralab terdi.

Bahor avji pallasiga chiqqan payt. Chor-atrof yam-yashil. Samolarni to‘ldirib qaldirg‘ochlar charx urishadi. Oftob tafti kishiga allanechuk xush yoqadi.

Qiz hovliga kirar-kirmas to‘lqinlanib sas ber­di:

– Zaynab biyi!

– Biza buyoqqa, aylanay, – degan mayin ovoz eshitildi ayvon tarafdan.

Gulasalning ko‘zi shundagina o‘sha yerdagi xontaxta yonida o‘tirgan Zaynab momo bilan notanish yigitga tushdi.

– Assalomu alaykum.

– Vaalaykum, kelaqoling, aylanay.

Zaynab momo qo‘llarini tizzalariga bosgancha o‘rnidan tura boshladi. Momoni urintirib qo‘ymaslik uchun Gulasal qadamini tezlatdi.

Ular quyuq ko‘rishishdi. Gulasal atlas girdixonada chordona qurib o‘tirgan, kiyinishidan, o‘zini tutishidan shaharda o‘qiydiganlarga o‘xshab ketadigan yigit to­monga ham sekingina bosh irg‘ab qo‘ydi.

– Yaxshimisiz? – dedi qimtinibgina notanish yi­git ham.

Gulasal qo‘lidagi chinni kosani dasturxon chetiga qo‘ydi.

– Onam berib yubordilar.

– Voy, baraka topinglar, aylanaylar! Ishqilib Momoxol mani esdan chiqarmaydi, Momoxol kashtachi asl ayol-da – deya qo‘shnilarini alqab momo yigitga ishora qildi. – Qani, Jabborjon, tutlardan ol. Sha­harda to‘yib tut ham yeyaolmasanglar kerak. Bu tut boshqacha…

Jabbor beixtiyor qiz tomon tikilib qolardi: “Egnidagi alvon gulli ko‘ylagi o‘ziga yarashgan, ikki o‘rim sochi taqimida talashgan, tortinchoqligi, ibo-hayosi o‘ziga yarashgan bu hurliqo kim bo‘ldiykin?!”

Gulasal ham zimdan yigitga ko‘z tashladi. Bexos ko‘zlar to‘qnashdilar. Ular sarosimalanib bir-bi­ridan nigohlarini olib qochishdi. 

– Jabborjon do‘xtirlikka o‘qiydi. Har gal qish­loqqa kelsa birrov ko‘rib ketadi, baraka topsin, – deya jiyaniga mehr bilan tikildi momo.

Jabbor o‘ng‘aysizlandi.

Qimtinibgina o‘tirgan Gulasal ijozat so‘radi:

– Endi boraqolay.

Jabborning ichida bir nima uzilgandek bo‘ldi. U yalt etib qizga qaradi. “O‘tiring” demoqchi bo‘ldi-yu, tilini tishladi. So‘ng momo tomon iltijoli ko‘z tash­ladi:” Ammam nima derkinlar,ishqilib qizning turishiga ijozat bermasinlar-da.”

– Gulasal qizim, ozib-yozib bir kelasan-u, olovga o‘tirgandek darrov turamanga tushasan-a? – dedi kul­giga olib kampir ham xuddi jiyanining ko‘nglini uqqanday.

Gulasal qistayvergach Zaynab momo duoga qo‘l ochdi. Turshak solingan idishga likopchadagi parvardalarni ag‘dardi-da, dasturxon bari bilan likopchani artib kosadagi yarimlab qolgan tutlarni soldi. “Quruq bo‘l­masin” deya  bo‘shagan kosa ustiga non qo‘ydi. Gulasal uyalganidan qizarib ketdi.

– Qo‘ying, hech narsa kerakmas.

– Udum shunaqa, aylanay, Xudoyim bog‘laringga baraka bersin, Momoxolga salom aytib qo‘y, bundoq chiqib tursin, – deya momo qo‘yarda-qo‘ymay kosa bilan nonni Gulasalning qo‘yniga qistirdi. Va kuzatish uchun taraddudlandi.

– O‘tiruvring, Zaynab biyi. Mehmonmidim kuzatib qo‘y­­sangiz, – deya Gulasal chaqqonlik bilan supadan tushdi.

Jabbor qizning ortidan termulib qoldi:

“Hademay imtihonlardan o‘tib olgach, ta’tilda qishloqda bo‘laman. O‘shanda Gulasalni topib olaman. Balki, maktabni endi tugatayotgandir. O‘qishga borsa qani edi!”

Yursa ham, o‘tirsa ham Jabborning xayolida shu nav­nihol qiz charaqlab chiqib kelaveradigan bo‘lib qoldi.

 

* * *

Yozgi ta’tilga kelgan nabirasini yuz-ko‘zlaridan to‘yib-to‘yib o‘par ekan, Bodom momo sevinchini sig‘­dirolmay, nuqul “Xudoga shukur, xudoga shukur!” deya o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Otasi Rahmatillo mirob:

– Imtihonlar qiynab qo‘yganga o‘xshaydi, o‘g‘lim, – deya Jabborga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirdi.

O‘choq boshida kuymalanayotgan onaizori o‘g‘liga razm solar ekan: “Bolaginamga go‘dakligidagi xastaligi baribir ta’sirini ko‘rsatdi. Tengqurlaridan ko‘­ra nimjonroq bo‘lib qoldi. Harqalay kitobga be­rildi. A’lo baholarda o‘qib do‘xtirlikka kirdi. Qish­loqdoshlarning kasalxonaga ishi tushsa shaharda Jabborjonni izlashadi. Aytishlaricha, qo‘lidan kel­­­­­gan yordamini, vaqtini ayamay do‘xtirma-do‘xtir tekshirtirarkan. Davo topib kelganlarning duosini olayapti. Xudo xohlasa zo‘r do‘xtir bo‘lib keladi…”  deya yutinib qo‘ydi-da, ovqat suzishga hozirlik ko‘ra boshladi.

Jabbor tovoqdagi shirguruchni ishtaha bilan ta­no­­vul qilarkan:

– Qishloqda tag‘in yangiliklar bormi? – deya momosini gapga soldi.

– Nimayam yangilik bo‘lardi, bolam…

– To‘y-po‘ylar deganday…

– Ha-ya, esimdan chiqay debdi, – deya gapga aralashdi onaizori, – Gulas bor-ku, Momoxol kashtachining qizi, o‘sha bechoraga qiyin bo‘ldi…

– Nega?!

– Bir ahmoqqa unashtirishgan ekan.

– Nima-a? Kimga?!

– Kimga bo‘lardi, anovi qirning naryog‘idagi Pir­mat birgadning o‘g‘liga. Otiyam nimaydi-ya…

Jabborning qo‘lidagi qoshiq dasturxonga tushdi.

– Keyin-chi, nima bo‘ldi?

– Bechora Momoxol kashtachi qishloqda bosh ko‘ta­rolmay qoldi. Ma’rakalarda ham ko‘rin­maydi boyo­qish…

Jabborning yuzlari qizarib, yerga tikilib qol­ganini sezgan otasi bezovtalandi:

– Ol, ovqatingni ye. Ishtahang yo‘q. Yo, sanam sha­hardan birortasini topib olganmisan?..

O‘g‘lining gapini Bodom momoning hazin tovushi buzdi.

– Og‘zingdagini shamol uchirsin-yey, bolam, unday dema, nevaraginam biza topgan qizni oladi. To‘g‘rimi, Jabborjon… 

 

* * *

Pirmat birgad “Qizingni o‘g‘limga bersang ham berasan, bermasang ham berasan!” deb oyoq tirab olganidan Momoxol kashtachining boshi qotgan. Uka­lari ham sho‘rlik ayolni o‘rtaga olishib “Pirmat birgad o‘zimizniki, jiyanimiz kelin bo‘lsa shunday boyot-shoyot ro‘zg‘orga kelin bo‘ladi-da, o‘g‘li Shomirza institutda o‘qisa, buning ustiga toparmon-tutarmon bo‘lsa, Gulas noz qilmay rozi bo‘laversin” deyishgani-deyishgan.

Gulasalning Pirmat birgadning o‘g‘liga ko‘ngli yo‘q­ligini birovga aytib bo‘ladimi? Sovchilar kelib-ketdi deguncha bechora qiz yig‘lagani-yig‘lagan:

– O‘zim tanimagan, ko‘rmagan kishiga qanday te­ga­man?

Momoxol kashtachi qizining gaplarini soddalikka yo‘yadi.

“Yosh-da, nimani ham tushunardi. O‘zim ham umrimda ko‘rmagan yigitga tekkanman. Xudoga shukur, kam bo‘l­madim. Yoshlar asta-sekin bir-birini tushunadi. O‘sha sevgi-da!”

Momoxol kashtachi ko‘p o‘yladi. Oxiri rozi bo‘ldi. “Ishqilib baxtli, taxtli bo‘lishsin-da!”

Xolayu ammalar, dugonalar Gulasalga “Hayotning pas­tu-balandi”ni bilganlaricha uqtirishdi. Gulasal onasini o‘yladi. Keyingi paytlarda kasalmand bo‘­lib qolgan Momoxol kashtachining orzu-havasi bor. Farzandlarini baxtli bo‘lishini ich-ichidan istaydi. Gulasal onaizorini ortiqcha qiynamaslik uchun noiloj “Peshonamga shu yozilgan ekan-da”, deya taqdirga tan berdi.

Gulasal bilan Shomirzani imi-jimida unash­tirib qo‘yishdi. Pirmat birgad bilan Momoxol kashta­chining quda bo‘layotgani qishloqqa yoyildi.

Udumga ko‘ra har yakshanba “kelin uchun” holva olib kelayotgan quda tomon xotinlari Shomirzani og‘iz­laridan bol tomib maqtashardi.

– Ishi boshidan oshib yotibdi. Qishloqqa kelishga hecham vaqti yetmaskan. Kelinni to‘y kuni ko‘raveraman debdi uyalib, iloyo, umridan baraka topsin…

Gulasal Shomirzani xayolida tasvirlashga harakat qiladi-yu, ammo negadir hadeb ko‘z o‘ngida Jabbor jonlanaveradi. Bundan qiz xijolatga tushadi.

Kutilmaganda sovchi to‘yni tezlashtirishni ko‘nda­lang qo‘ydi.

Momoxol kashtachi hovliqqanicha to‘y tadorigini ko‘­ra boshladi. Quda tomondan kelgan mahmadona ju­von Gulasalni tuman markaziga olib borib bozor-u, do‘konlarni rosa aylantirib, bosh-oyoq kiyimlardan olib berdi…

Gulasalning kundan-kun ochilib borayotgani, at­rof­­dagilar bilan xushmuomalada bo‘layotgani Mo­mo­xol kashtachining ko‘nglini ko‘taradi.

 “Aytuvdim-ku, hali yosh, bora-bora tushunadi, iloyo, ko‘z tegmasin, kuyovim bilan qo‘sha qarishsin…” deya ich-ichida yaxshi niyatlar tilaydi.

Indin to‘y. Bu xonadondan bir haftadirki , xeshu aqrabo, qo‘ni-qo‘shnining oyog‘i uzilmaydi. Odamlar cheh­rasidagi quvonchni aytmaysizmi…

Gulasalning ko‘zlariga uyqu ilinmaydi: bir su­luv kelinchak bo‘lsinki, hammaning havasi kelsin. U oq harir libosda samolarda suzadi, oppoq, momiq bulutlarni quchadi… Kelin bo‘lib tushayotgan xonadonni fayzga to‘ldirgisi keladi. Qaynona-qaynotasining hur­­matini shunaqangi joyiga qo‘ysinki, mahalla ke­linlari hayron qolishsin. Uyqudan uyg‘ongan qay­nilari, ovsinlari chinnidek supurilgan hovliga na­zar tashlab “Kelinimiz qachon ulgurdiykin?” deya yoqa ushlashsin. Xo‘jayini – Shomirzani ohori to‘kilmagan liboslarda ishga kuzatib, kechqurunlari lazzatli taomlar bilan siylashi… Eh-he…

Shom payti negadir besaronjom kirib kel­gan sovchi har galgidek hazil-huzulga o‘tmasdan, bezov­talanib Momoxolni so‘radi.

– Voy-bo‘, bir qizim bo‘lsa olib ketasilar-da, – deya xurramona kayfiyatda ichkaridan shoshib chiqqan kashtachi sovchining o‘ng‘aysiz holatini ko‘rib “Tinchlikmikan ishqilib” deya to‘xtab qoldi.

Sovchi chekkaroqqa o‘tdi.

– Momoxol opa, o‘zingizga aytadigan gap chiqib qoldi.

Momoxol kashtachi hangu mang. Sovchi atrofga o­­la-­­­­­­­­zarak boqdi. Hamma o‘z yumushi bilan bandligiga ishonch hosil qilgach, yerga boqqanicha bo‘g‘iq ovozda gap boshladi: 

– Elchiga o‘lim yo‘q, deydilar. Qaydanam boshim aylanib sovchilikka rozi bo‘libman-a, opajon. Hozir o‘zimdan o‘tganni o‘zim bilaman !

– Yotig‘i bilan tushuntiring, nima gap o‘zi?

– Har gap bo‘lsayam chidash mumkin, bunisiga chidab bo‘lmaydi. Shomirza ko‘rnamak, bir og‘aynisidan “Manga uydagilar topgan qiz kerakmas, shaharda xotinim bor. To‘y-po‘yga bormayman”, debdi. Pirmat amakining uyida to‘y emas, aza boshlandi.

Momoxol kashtachining ko‘zlari xiralashib, qu­loq­lari tom bitdi. Qo‘l-oyoqlarida mador qolmadi.

Qishloqda gap yotmaydi. Mish-mish bolalaydi. Mish-mishlarning tagiga yetganlar yoqa ushlashdi. Inim degani kuyundi, g‘anim degani suyundi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, Gulasal tiriklayin o‘ldi.

Oq yuvib, oq taralgan, iz tushmagan qor kabi bo­kira qizga og‘iz ochib, elga ovoza aylab lafzidan qaytish, nozi bor bo‘ston ichra g‘unchani toptash azaldan mard­ning yuzi ham, so‘zi ham emas. Beti bilan keti birdan hech birov yolchimagan…

To‘y qaytdi. Beg‘ubor tuyg‘ular chilparchin bo‘ldi. Baxtga chang solindi. Quvonchlar yulindi.

 

* * *

Jabborning ichiga go‘yo cho‘g‘ tushgandek. Bu cho‘g‘ uning ko‘nglini zarracha yoritmas, aksincha azoblardi.

“Nahotki, Gulasalni badnom qilishgan?!”

Yuragini ilk bor “jiz” etkizgan betakror manzara xayolida aylangani aylangan…

Bodom momo shu kunlarda negadir o‘ychan, gap­­-­­­­­­­­­so‘zlarga zarracha hushi yo‘q, odamovi bo‘lib qolgan neva­rasidan xavotirda. “Nima balo, bolaginamga ko‘z tegdimi? Yomon ko‘zlardan Xudoning o‘zi asrasin-da ishqilib…” degan so‘zni pichirlab takrorlagani-takrorlagan.

“Momoxol opa bunchalar sodda, go‘l bo‘lmasa-ya?! Yo‘q, aslida o‘zim ham pesh emas. Xayrli ishga shoshilish kerak deyishadi, men esa bo‘shanglik qildim! Ko‘ng­limdagi gapni Gulasalga ochiq aytishga jur’atim yetmadi o‘shanda, demak, hammasiga o‘zim, o‘zimning landovurligim sabab!..”

Shunday alg‘ov-dalg‘ov xayollar qurshovida Jabbor uzoq-uzoq turib qolardi. O‘ylay-o‘ylay bir ko‘ngli Gulasalning o‘ziga uchrab uni sevishini, bir umr baxtli qila olishi uchun kurashishini dangal aytmoqchi ham bo‘ldi… Ming bir savol, ularga javoban fikrlar xayolida g‘ujg‘on o‘ynaydi.

 

* * *

Jabbor siqilib ketdi. U hovurini biroz bo‘lsa-da tushirish va xayollarini chalg‘itish ilinjida muzdek oqar suvda cho‘milishni tusab qoldi. Shu bahonada ko‘nglini ovutib, vujudini sovutib oladi… U soyning qishloq chekkasidagi sharsharadan pastroqda sokin oqar joyini mo‘ljallab yo‘lga tushdi.

Badanlari saraton oftobida qoraygan sho‘x-shad­dod bolalar qiyqirishib suvga sakrashadi. Bir-bir­larini bo‘ktirishib yayrashadi. Qay birlari esa qirg‘oqdagi qumlarga belanishgan… Beg‘ubor yoshlarning xatti-harakatlari Jabborning zavqini qo‘zg‘adi. Ularga havasi keldi. Shu bolalardek paytlarida tengqurlari bilan yozda rosa miriqib cho‘milishgani yodiga tushdi… Eh-he! Kechagi damlar bugun ertakka o‘xshaydi. Jabbor beixtiyor cho‘milish niyatidan qaytdi. Uning ko‘ngli biroz tin oldi. Sayxonlikdagi tepalikka qarab yurdi. Bolaligidan bilgan qadim tut soyasida muk tushib atrofga nazar tashladi. Chor-atrof naqadar go‘zal! Oqsoch tog‘lar qo‘l yetar yerda savlat to‘kib turgandek. Tarqoq bog‘lar va dalalar olisdan go‘yo bir joyda jamlangandek ko‘rinadi. Past-baland imoratlarning tomlari tutashib ketganligidan qishloqlarni bir-biridan ajratish qiyin… Tabiat go‘zalligini o‘zligicha tasvirlab bera oladigan musavvir bormikin?!

Yuzlarini siypalab o‘tgan mayin shabada Jab­borning xayolini buzdi. U soatiga qaradi. O‘rnidan qo‘zg‘alib shimlarini qoqdi-da, sekin pastga tushib, soy yoqalab qadamini tezlatdi.

Huv, anovi ko‘rinib turgan yog‘och ko‘prikka chiqib olsa u yog‘i dala yo‘li. Bir pasda uyiga yetib oladi.

– Voy, voy, shuncha o‘t turib, nihollarni chaynashiga o‘laymi, po‘sht!

Tanish ovoz Jabborni hushyor torttirdi. U shosha-pisha ovoz kelgan tomonga yuzlandi. Biror kimsa ko‘­rinmaydi. Soy bilan tutzorni ajratib turuvchi do‘ng­­likka chiqdi. Shundoqqina tutzor yoqalab sigir va buzog‘ini haydab ketayotgan qizga ko‘zi tushdi. Gulli chit ko‘ylagi o‘ziga yarashib turgan, sochlari belidan oshgan hurliqo qo‘lidagi xivichni  havoga silkitgancha govmish va buzoqni oldinga yurishga undardi. Jabbor ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bu – Gulasal edi. Jabborning vujudi olovlandi. U beixtiyor qiz ortidan ergashdi. Qanchalik tez odimlashga harakat qilmasin, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmasdi. Bo‘yniga og‘ir tosh osilgandek zo‘rg‘a qadam tashlardi.

 U qizni o‘zidan yiroqlashtirib qo‘yishdan cho‘­chirdi. Qani edi hoziroq uzo-o-oqlarga, odamlarga ko‘­rinmaydigan olis manzillarga birga ketishsa… quyosh sira-sira botmasa. Nur o‘rnini soya egallamasa…

 Ortida odam sharpasini payqagan Gulasal yo‘lov­chi tezroq o‘tib ketsin degan niyatda govmish va buzoqni suvlatish bahonasida ularni soy tomon burdi. Ammo orqadan kimningdir kuzatib, izma-iz kelayotganidan ichiga g‘ulg‘ula tushdi. Qo‘rqa-pisa ortga qaradi.

“Jabbor! U bu yoqlarda nima qilib yuribdi ekan?!”

– Assalom, – Gulasal gardi ro‘molining uchini labiga qistirgancha yerga boqdi.

– Salom, Gulasal! – Jabborning ovozi o‘ziga-da g‘alati eshitildi. – Yaxshimisiz?

U botinolmaygina Gulasalga bosh-oyoq razm sol­di. O‘rtaga noqulay jimlik indi.

– Bu yoqlarga qanday shamol uchirdi? – dedi Gul­a­sal mayin bir ovozda.

Bu so‘zlar Jabborning qalbini yoritib yubordi.

– O‘zim. Bir aylanib deganday. Qishlog‘imizni rosa sog‘ingan ekanman.

– O‘qishlar tugadimi?

– Hozir ta’tildaman…

Gulasal bilan bo‘lgan tasodifiy uchrashuv Jabborni esankiratib qo‘ydi. Uning paydar-pay so‘z­lari, Gulasalning atrofga olazarak boqishlari, yarim-yorti savollariyu, qisqa javoblar yomg‘irdan ol­din yashin chaqnagandek bir lahzada o‘tdi.

– Uyimizga yaqinlashdik. Bog‘ko‘cha tomondan ketaman.

Gulasalning gapi, “Ortimdan ergashmang, naq baloga qolaman-a!” degan ma’noni anglatdi. Jabborning i­chida nimadir uzilgandek bo‘ldi. U darhol o‘zini qo‘lga oldi.

– Gulasal, bir gap aytsam, maylimi?

Gulasal dovdirab qadamini tezlatdi.

– Gulasal!

– Jabbor aka, iltimos, meni tinch qo‘ying.

– Gulasal, ertaga ham sigirlarni o‘tlatgani olib chiqasizmi ?

Gulasal “ha” degandek bosh irg‘adi.

– Bo‘lmasa, ertaga, xuddi shu paytda yoningizga boraman…

Jabborning gapi og‘zida qoldi. Gulasal tez-tez yurib pastqam devorlar ortiga o‘tib ketdi. Yigit undan sira ko‘z uzmasdi.

* * *

Ha, ertasi kuni uchrashdilar. Asta-sekin gap-gapga ulanib. ular o‘rtasida iliqlik paydo bo‘ldi. Ular tez-tez uchrashadigan bo‘lib qolishdi…

Sersoya gujum ostidagi so‘rida mizg‘ib olgan Jabbor ko‘zlarini ishqalab atrofga boqdi. Quyosh qibla tarafga oqqan. U hovli o‘rtasidan o‘tgan ariqchada jildirab oqayotgan suvga yuzlarini chaydi. Muzdek suv karaxtligini tarqatdi. Nimadir esiga tushdi. Shosha-pisha oyog‘iga shippakni ildirdi-da, darvoza tomon yo‘naldi.

Onasining:

– Qayoqqa shoshilasan? Har kuni ham shu ahvol bo‘larmi? – degan savoli javobsiz qoldi.

 

* * *

“Qiziq, Nega Jabborga o‘rganib qoldim. Qani edi uzoq gaplashib o‘tirsak. Birov xalaqit bermasa. So‘zlari biram ma’noliki… Oldinlari nega bilmagan ekanman? Yo, asl sevgi deganlari shumikan? Yo‘g‘-e… Unday bo‘lsa nega ko‘rgim kelaveradi?”

– Gulasal, kechikmadimmi, ishqilib.

Bexosdan quloqlari ostida jaranglagan tanish ovoz Gulasalning xayollarini to‘zitib yubordi. U yonoqlaridagi yosh tomchilarini kafti bilan sidirdi. Qarshisida Jabbor tabassum bilan tikilib turardi. Jabborning qiyofasi jiddiy tus oldi.

– Yig‘ladingizmi? Nimadan xafasiz? – deya tashvishlanib atrofga nazar tashladi Jabbor.

– Shunchaki, o‘zim… – dedi Gulasal yuzini chetga burib.

U qo‘lidagi xivichni serpab govmish va buzoqni yo‘l tomon hayday boshladi.

Hamishagidek tutzor yoqalab ohista yura boshlashdi. Orada jimlik hukmron.

– Gulasal, hadeb siqilavermang. Bunaqada sog‘­lig‘ingizdan ajralib qolasiz-ku…

– E, nima bo‘lsa bo‘lar. Men uchun… hayotning qizig‘i qolmadi hisob.

– Unday demang, hali hammasi yaxshi bo‘ladi. Odam orzular bilan yashashi kerak, deyishadi-ku…

– Qanaqa orzu?! Mening orzularim suvlarga cho‘kib ketgandek…

– Gulasal, yaxshi gaplardan gaplashaylik. Ta’tilim ham tugay deb qoldi…

Gulasal boshidan sovuq suv quyilgandek ses­ka­­nib ketdi. Noyob narsasini yo‘qotib qo‘yishdan hadik­sirayotgandek beixtiyor Jabborning qo‘lidan tutdi.

– Rostdanmi? Nega buncha tez…

– Oldinlari ta’til rosa cho‘zilgandek bo‘lardi. Endi esa…

– O‘qishga ketsangiz… men… yolg‘iz… qolarkanman-da.

– Yolg‘iz qolmaysiz.

– Nega, nega bunday deyapsiz?

Orada yana jimlik.

– Uyimizga yaqinlashdik.

 Qiz har galgidek uchrashuv onlari yakuniga yetganligini eslatdi.

– Gulasal, menga qarang…

Qarshisidagi nozik vujudning lov-lov yonoq­lariyu ma’yus ko‘zlariga tikilib qolgan Jabbor tu­tila-tu­tila:

– Bir gap aytsam, maylimi? – dedi yalingansimon ohangda.

– Mayli, Jabbor aka, mayli.

– Nima deb o‘ylasangiz o‘ylang. Gapning dangali, sizni sevaman. Agar…

– Yo‘q! – qiz tisarilib, boshini sarak-sarak qildi. – Bu gaplarni qo‘ying, sizga to‘g‘ri kelmayman.

– Rozi bo‘lsangiz, sizga uylanmoqchiman…

– Nima?! – Gulasal dovdirab qoldi. – O‘ylamay gapirmang, iltimos.

– O‘ylab ko‘rdim, Gulasal, siz mening baxtimsiz! Faqat birga turmush qurishimizga ko‘nsangiz bo‘l­gani…

– Axir, men, men…

– Nima men?

– Men, – Gulasal uf tortgancha yuzini kaftlari orasiga oldi. – Men nomi bulg‘angan, betiga qora chap­langan badbaxtman…

– Unday demang. Ismingizni qarang: GULASAL.

– Gulasal! – Qiz yig‘lamoqdan o‘zini tiyib, o‘pkasi to‘lgan holda boshini xam qildi. – Ismimni qo‘yishganda adashishganmi, deyman. Gulasal emish. Erta xazon bo‘lgan gul, og‘uga aylangan asal kimga ham kerak?

– Unday demang, Siz gullarning sarasi, asa­lisiz…

– Keyin-chi?!

– Keyin… Baxtli bo‘lishga haqlisiz.

 

* * *

Ota-onasi gapni bir joyga qo‘yishgan shekilli, erta-indin shaharga jo‘nashga hozirlik ko‘rayotgan Jabborni o‘rtaga olishdi.

– O‘g‘lim, keyingi paytda sani topib bo‘lmayapti. Bi-ir gaplashib olishimiz kerak.

– Nimani?

– Ana xolos, nimani bo‘lardi, bittasi, o‘zim aytishga uyalaman, otam indamasa dardimni kimga aytay, degan ekan. Sanam ichimdagini top deb yura­verasanmi?

– Tushuntiribroq gapiring, ota…

– Nimani tushunmaysan, bolaginam, – ko‘rpa qavib o‘tirgan onaizor gapga aralashdi, – Endi bolaliging qolmadi. Hademay o‘qishni ham bitirasan. San ten­gilarning ko‘pchiligi bola-chaqali ham bo‘lishdi.

– Endi tushungandirsan, o‘g‘lim. – Jabborga yuz­landi Rahmatilla mirob – Kuchimiz borida boshingni ikkita qilib qo‘yaqolaylik deymiz-da.

Jabbor qizardi.

– Hali yoshman, – dedi ovozi chiqar-chiqmas.

– Yosh emishlar, – kesatdi Rahmatilla mirob. –  O‘g‘limiz xayol surishlaridan shahardan birorta kul­tirniysini topganga o‘xshaydilar…

– Namuncha bolaginamni ezasizlar. – Bodom momo nevarasining yonini olishga o‘tdi. – Nasib qilgani bo‘­ladi-da.

Dasturxon atrofida to‘planildi deguncha ahvol shu. Mavzu bitta: Jabborning boshini qovushtirish.

Bugun ham kechki ovqat tanovul qilinar-qilinmas otasi gapni aylantirib, tag‘in Jabborni uylantirish mavzusiga ko‘chdi.

– Endi nozlanmay aytarsan. Ko‘z ostingda olib yurganing bormi yo o‘zimizga ma’quliga non sindirib qo‘yaqolaylikmi?

Jabbor so‘z aytishga botinolmaydi. Yer chizgancha jim.

– Og‘zingga talqon solganmisan. Gapir. Bo‘lmasa aytganimizga ko‘nasan! – Gapni ko‘ndalang qo‘ydi Rah­matilla mirob.

– Mayli, aytaman.

Jabborning “tili chiqqanidan” quvongan ota-ona zimdan ko‘z urishtirib olishdi.

– Xo‘sh, kim ekan o‘sha… nomzod ?

Ota-onasining ko‘zlaridan ko‘zlarini olib qochib yerga boqqancha o‘yga botgan Jabbor noiloj yorildi:

– Gulasal.

– Qaysi Gulasal?

– Kimning qizi ekan?

– Bor-ku, anovi, Momoxol kashtachining…

O‘rtada og‘ir jimlik cho‘kdi.

– Yana qaytar, qaysi Gulasal?! – Rahmatilla mirob ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib o‘g‘liga tikildi.

– Yo tovba! Momoxol kashtachining qizi?! – ovozi qaltiragan onaizori ajablanib bir o‘g‘liga, bir eriga yuzlandi

– Astag‘furulloh, de bolam, – xasta ovozda pichirlagan Bodom momo battar mung‘ayib qoldi.

Rahmatilla mirob “shap” etkazib xontaxtani ur­di-da, xotiniga yuzlandi:

– Ana san tarbiya bergan arzanda! U qulog‘i bilan ham, bu qulog‘i bilan ham eshitib qo‘ysin, biz unaqa oti chiqqan qizni kelin qilolmaymiz.

U o‘rnidan dast turib so‘ridan tushar ekan, munkib ketdi. Jabborning onasi yig‘iga zo‘r berdi:

– O‘ylab gapirdingmi, bolam. Bunaqada bizlarni sharmisor qilasan-ku?!

Hovlida sukunat cho‘kdi. Ko‘ngilsizliklarni yashir­moqchi bo‘lgandek qalin tun pardasi borliqni qoplay boshladi.

 

* * *

O‘qishlar boshlandi. Yozda huvillab qolgan institut hududi ta’tildan qaytgan talaba yigit-qizlarning sho‘x-shodon kulgilari, hazil-mutoyibalariga to‘ldi.

Jabborga hech narsa tatimaydi. Gap-so‘zlarga hushi yo‘q. Mashg‘ulotlarga noilojdan, yoqar-yoqmas qatnaydi. Uning parishonxotirligi, qovog‘i soliqligiga ilk marta duch kelgan kursdoshlari taajjubda. Yaqin jo‘ralari xavotirda: “Oilasida tinchlikmikin?! Biror kor-hol bo‘ldimi yo tobi qochganmi?!“ Savollar javob iz­laydi. Aytarli gap topilmaydi…

Xayollar cho‘lg‘ongan shu kezda kasalxonada amaliyot o‘tash muddati yetib keldi.

Jabbor oldinlari ta’tildagina uyiga oshi­qar­di, endi esa dam olish kunlarini mo‘ljallab qishloqqa otlanadi. Payt topdi deguncha Gulasal bi­lan uchrashishga shoshiladi…

 

* * *

Gap shamol tezligida qishloqqa yoyildi: Momoxol kashtachining katta qizi qochibdi!

– Qayoqqa qochibdi?! Kim bilan qochibdi?!

Hech kim anig‘ini aytolmaydi.

– Rahmatilla mirobning do‘xtirlikka o‘qiydigan o‘g‘li olib qochgan bo‘lsa kerag-ov… – deydi kimdir shivirlab.

– Nega aynan o‘shandan gumon qilishayapti?

– Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Yozda ikkovi gaplashib turganini ko‘rganlar bor.

Elning og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Mehmon­dor­chi­likda, sartaroshxonada, tegirmonda, choyxonada… Uch-­to‘rt kishi to‘plandi deguncha shu gurung: “Gulasal qochibdi!”.

 

* * *

Paxta terimidan har kuni vaqtliroq uyiga qay­tishga odatlangan Gulasal bugun negadir hayalladi. Qorong‘u aralash hovliga kirgan Rohila onasining yuzidagi xavotirni sezib:

– Opam haliyam kelmadimi, hammadan oldin paxtasini topshirib uyga jo‘nagandi-ku, – deya xona­larni, bog‘ tarafni ko‘zdan kechira boshladi. – Hech qayerda yo‘q.

– Tobi qochmaganmidi, ishqilib. San qiz bundoq opam bor deb o‘ylamaysanam. Birga borib, birga kel­sanglar bo‘lmasmidi, – deya ko‘ylagi bari bilan ko‘z yoshlarini artdi Momoxol kashtachi.

“Ana kelar, mana kelar” deya ona-bola Gulasalni kuta-kuta tong ottirishdi. Rohila azonda qo‘ni-qo‘sh­nilarnikiga, qarindoshlarnikiga chiqib keldi. Hech yerda qorasi ko‘rinmaydi! Rohilaning darvozadan mung‘ayib ko‘zida yosh bilan kirib kelishi Momoxol kashtachining ichiga g‘ulg‘ula soldi. Bir joyda o‘tirol­maydi. Olov ichida qolgandek jizg‘anak bo‘ladi. U ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoldi.

– Peshonamga bu isnod ham yozilganmidi?! – deya oq yuvib, oq taragan qizini, uni yo‘ldan urganlarni qar­g‘agani-qarg‘agan.

– Unday demang, egachi. Hozir sevgani bilan qochish ayb bo‘lmay qoldi. Hali yarashib ham olasizlar. Tovba deng-da, qizingizga baxt tilang, – deya Momoxol kashtachini yupatishadi ba’zi bir ko‘ngilchan ayollar.

Momoxol kashtachining Gulasalga tog‘a bo‘lmish aka-ukalari g‘azabga to‘lishdi. Nailoj! Osmon yiroq, yer qattiq. Shaytonga hay berishdi. Ichdagi gapni tilga chiqarishmadi. Jigarlarini ayashdi.

 

* * *

Va’dalashib, gapni bir joyga qo‘ygan Jabbor Gulasalni kuttirib qo‘ymadi. Kelishilgan vaqtda qish­loq chetidagi keksalarning aytishicha bir paytlari tegirmon bo‘lgan nuray-nuray deb turgan chor devor yonida uchrashishdi. Reja naqadar qaltis ekanligini his etishsa-da, shundan bo‘lak o‘zga chora ikki yoshni birlashtira olmasligidan hayiqishardi. Bundan bosh­­­­­qa imkon izlash kaftingda qo‘nay-qo‘nay deb turgan baxt qushini uchirib yuborish va umrbod unga duch kelmaslikdan boshqa narsa emas…

Jabbor kira qilgan yengil mashina o‘ydim-chuqur yo‘llardan chiqib olgach, keng asfaltda shamoldek yeldi.

 

* * *

– Kelganimizga ham bir haftadan oshdi. Endi ishga chiqsam…

– Meni hech narsaga aqli yetmaydi, deb o‘ylaysizmi? Sizni o‘qiydi desam o‘qishga bormayapsiz, tag‘in ishga chiqsam deysiz, – Jabborning gapini bo‘ldi Gulasal.

Juftining soddaligidan Jabborning kulgisi qistadi.

– Hozir amaliyotdamiz. Viloyat kasalxonasida tajriba oshirayapmiz. Ustozdan bir haftaga ruxsat olgan edim.

– Shunday demaysizmi? O‘qimagan bo‘lsam, qayoq­danam tushunaman.

Uyqu aralash ko‘zlarini arang ochgan Jabbor erinibgina o‘rnidan turdi. Yuvinib olgach shosha-pisha nonushta qilishga ulgurdi-da, hovliga chiqib xonadon bekasi, ko‘rinishidan oltmishlardan oshgan, shohi ro‘moli o‘ziga yarashib turgan, istarasi issiq onaxonni boshlab xonasiga boshladi.

– Xolajon, endi keliningizga ko‘z-quloq bo‘lib turasiz. Tag‘in qochib ketmasin, – deya gapni hazilga burdi Jabbor.

– Mayli, o‘g‘lim, o‘qishdan qolma. Kelinim bilan chaqchaqlashib o‘tiramiz. Qorong‘uda qolib yurma, ertaroq kel, kuttirib qo‘yma.

– Xo‘p, yaxshi qolinglar.

Jabbor ostona hatladi.

Ular ijarada turadigan bolaxonali hovli tor bo‘lsa-da, qandaydir fayzli, hammayoq orasta. Darvozadan kiraverishdagi o‘ng tomondagi keng xona ularga berilgan.

“Shaharliklarga mazza,. Chiroq o‘chmasa, gaz balonni o‘ylashmasa, ichimlik suvini aytmasa ham bo‘ladi” – o‘yladi ichida Gulasal.

– Xolajon, biror yumush bo‘lsa tortinmasdan aytavering.

– Voy kelinjon-yey, bu yerda nima ham ish bo‘lardi. Jabborjon keladigan paytda ovqatga unnamasak boshqa qiladigan yumushimiz yo‘q hisobi.

Gulasal Jabbor uyda bo‘lmagan paytlarda xo­nalarni, hovlini tartibga keltiradi-da, xola bi­lan suhbatlashishga o‘tiradi. Bu farishtadekkina ona­xonning ichi to‘la gap.

 

* * *

Kichik chilla ortda qolgan bo‘lsa-da, kuyov-kelin xavotirda.

– Shu ishimiz to‘g‘rimi, Jabbor aka.?

– Meni ham shu savol qiynaydi, – Gulasalning so‘zini kesdi Jabbor, – o‘ylab o‘yimga yetolmayman. Bundan boshqa choramiz yo‘q edi-da. Endi bu gaplarni qo‘ying. Hammasini xayoldan chiqaraylik. Yaqinda qish­loqqa boramiz. Ota-onamizdan uzr so‘raymiz. Ularga tushuntiramiz, ko‘ndiramiz.

– Odamlarning gap-so‘zlari-chi?

– Ularga parvo qilmang. Buni qismat deydilar…

 

* * *

Jabborning qorong‘u tushmasdanoq hovliqqanicha darvozadan kirib kelishiga o‘rganib qolgan Gulasal xavotirda. Bugun negadir Jabbor hayallab qoldi. Ko‘cha eshikka tikilaverib Gulasalning ko‘zlari toliqdi. Xolaning qalbini xavotirlik egallagan bo‘lsa-da, Gulasalni yupatishga urinadi.

– Hoynahoy, birorta kasalning aperasiyasiga qat­nashayotgandir Jabborjon. Qo‘li yengil do‘xtir-da, bolaginam. Hali zamon kelib qoladi. Televizor ko‘rib o‘tiraylik, kelinjon.

Ekranda nima ko‘rinayapti, nima haqida so‘z bo­rayapti, sezilmaydi. Yurak g‘ashligidan ko‘zlar ko‘r, quloqlar kar.

Jabborni kuta-kuta Gulasalning ko‘zi ilindi.

Bu nima, tushmi yo…

Ust-boshi oppoq matoga o‘ralgan Jabbor yon atrofi sharshara daryo ustida zambilga o‘xshash yog‘och ko‘prik ustida turibdi. Chehrasi shunday yorishib ketganki…

– Men uyimga ketama-a-an! – deya baqiradi qu­lochlarini yoyib…

Qo‘llarini silkitgancha o‘zi tomon yugurgan Gul­a­salga “Yaqinlashma” deya imo qiladi va qo‘llari bilan to‘g‘rini ko‘rsatadi. Gulasal Jabbor ko‘rsatgan tarafga boqadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, shundoqqina oyoqlari ostida qishlog‘i yastanib yotibdi. Qishloq chetidagi bir paytlari eski tegirmon o‘rnatilgan, nuray-nuray deb turgan chor devorga suyanganicha onaizori – Momoxol kashtachi qizini imlayapti. Gulasal “Onamning oldiga boraymi?” – degandek Jabborga yuzlanmoqchi bo‘lib ortga o‘giriladi. Jabbor joyida yo‘q. Gulasal atrofga boqadi. Jabbor oppoq bulutlar og‘ushida samoga suzib borardi…

– A-a-a!! – Gulasal cho‘chib uyg‘ondi. Ko‘rgan tushidan qo‘rqib qaltiray boshladi.

– Kelinjon, alahsiramang, qo‘rqmang.

Xola Gul­asalni tinchlantira boshladi.

– Jabbor aka!

Gulasal ho‘ngrab yubordi. Tong otishi shunchalar cho‘­­­­zildiki… “Nega bunday tush ko‘rdim, yo Jabbor akam­ni o‘ylab yotganim uchunmi?”

Xola bilan Gulasal mijja qoqishmadi. Mashi­na­larning chinqirig‘i shaharni uyg‘otib yubordi. Choshgoh bo‘ldi hamki Jabbordan darak yo‘q. Gulasalning yura­giga qil sig‘maydi. Yomon xayollar uni qaylarga olib bormadi…

Qo‘ng‘iroq ovozini eshitishi bilan Gulasal ko‘cha eshikka otildi.

– Eshik bekik qolganmidi?

Xolaning gapi og‘zida qoldi. Ostonada mundirli yigitni ko‘rib oyog‘idan darmon ketdi. Gulasal ham hang-mang, taxtaday qotib qoldi.

– Jabbor Rahmatillayev shu yerda turarkan, to‘g‘­rimi, xolajon. O‘zingiz tushunasiz, taqdirdan qo­chib qu­tulib bo‘lmaydi. Umri qisqa ekan…

Xola shilq etib o‘tirib qoldi. Ko‘zlari nursizlana bordi. Mundirli xodim uzoqlasha bordi.

 

* * *

Shumxabar tezda tarqaldi. Jabborning bevaqt o‘li­mini eshitganlar bir qalqib tushishdi. Ishonish qiyin!

– Axir kechagina biz bilan operatsiyaga qat­nash­gandi-ya ?!

– Yaqindagina diplom ishimni o‘qib maslahatlarini bergan edi-ku?!

– Kechqurun cho‘milishga borgan emish…

– O‘zini suvga tashlaganmish…

Jabborni yaqindan bilganlar uning odamiyligi, samimiy va sadoqatli do‘st ekanligini bir-birlariga so‘zlaydilar.

Nihoyat, markaziy gazetalardan birida chop etilgan “Xaloskor“ sarlavhali maqola mish-mishlarga yakun yasadi:

“…Tabiatan odamlarga ezgulik ulashish niyatida bo‘lgan, shu bois shifokorlik kasbini tanlagan Jabbor Rahmatillayev viloyat kasalxonasida ama­liyotni o‘tab, ishdan so‘ng anhor bo‘ylab uyiga yo‘l oldi. Bexosdan uning qulog‘iga ayol kishining “Bolam cho‘kayapti, yordam bering­lar!” degan baqirig‘i eshitildi. Jabbor vaqtni boy bermasdan yordamga yugurdi. Suv yuzida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay qalqib borayotgan bolakayni ko‘rib hech ikkilanmay ust-boshi bilan o‘zini anhorga tashladi. Suvga sho‘ng‘ib epchillik bilan bolakayni yelkasiga oldi. Qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, qirg‘oqqacha suzib keldi. Ayol bolakayni qo‘llaridan tortib qirg‘oqqa oldi. Jon holatda Jabborga yordam bermoqchi bo‘ldi. Afsuski, buning iloji bo‘lmadi. Jabbor suv ostida ko‘rinmay qoldi. Aniqlanishicha Jabborning to‘pig‘i suv ostida yotgan simga ilashib qolgan ekan. Xaloskor inson Jabbor Rahmatillayev umrining so‘nggi lahzasida ham odamlarga yaxshilik qilish maqsadida jasorat ko‘rsatdi…”

 

* * *

Qiyin bo‘ldi, Gulasalga qiyin bo‘ldi. Bechoraning boshiga osmon quladi.

Mudhish xabarni eshitgan Gulasalning tog‘alari jiyanini qidirishga tushishdi. Talabalardan so‘rab-surishtirib u yashab turgan uyni topishdi.

Shunday ham o‘limiga rozi bo‘lib turgan xolaga ham, sochlari to‘zg‘ib telbavor bo‘lib qolgan Gulasalga ham lom-mim deyishmadi.

Gulasal itoatkorona mashinaga o‘tirdi. Qishloqqa qaytishdi. Momoxol kashtachining hovlisi zimistonni eslatardi. Hech kimning kayfiyati yo‘q.

– Kun bitgandan keyin bir sabab bo‘larkan-da. Jabborning o‘limiga hech kim aybdor emas…

– Endi o‘zingni qo‘lga ol, onangni ham o‘yla. Umridan qancha kun bor-yo‘qligini Xudo biladi.

Xeshu aqrabolar o‘zaro kengashib Momoxol kash­tachining ko‘zi ochiqligida Gulasalni turmushga berish uchun gapni bir joyga qo‘yishdi. Gulasal qarshilik ko‘rsatmadi. Biladi. Endi bu dunyoda uning qalb so‘zlariga quloq tutadigan mard qolmadi.

 

* * *

O‘n gulidan bir guli ochilmagan Gulasalning peshonasiga yoshi o‘tinqiragan bo‘lsa-da, qishloqning to‘y-hashamlarida hammollik qilib yuradigan Mardiqul bilan turmush qurish qismati yozilgan ekan.

Mardiqul deganlari amakisining mollarini bo­qib voyaga yetdi. Maktabni yonidan ham o‘tmagan savodsiz, odamovi, mehnatdan bo‘yin tovlamaydigan, beozor kishi. Oldingi turmushidan ajralishiga far­zandsizlik sabab bo‘lgan, deyishadi.

Gulasal Mardiqulning hurmatini joyiga qo‘ydi. Ust-boshi vaqtida yuvib tozalangan, istagan paytida choy-ovqati muhayyo. Mardiqul “Boriga shukr!” deb qo‘yadi har zamonda. Gulasalning qistovi bilan u har kimning eshigiga yugurdaklik qilavermasdan dala qorovulligiga o‘tdi. To‘riq qashqani minib g‘allazorlarni aylangani- aylangan. Qorovullik orqasidan ro‘zg‘or birnavi o‘tib turibdi. O‘roq xurjundan tushmaydi. Mollarning yemishi daladan.

 

* * *

– Mardiboy o‘g‘illi bo‘libdi!

Mardiboyning og‘zi qulog‘ida. Xurjunni qand-qurs, meva-chevaga to‘ldirib, qo‘ltig‘iga “obi zam-zam” dan qistirib, tanish brigadirlaru, miroblarga rosa haq berdi o‘ziyam.

Farzandli bo‘lsa-da, Gulasalning ko‘ngli yorish­madi. Mardiboyning g‘ururlanib yurishini ko‘rib, unga rahmi keladi. “Bechora, qaydan bilsin, hali yotig‘i bilan tushuntirarman”, o‘z-o‘ziga pichirladi Gulasal.

 

* * *

Gulasalning o‘g‘li Sardor tetapoya bo‘la boshlagach yuz-ko‘zlari, qoshlari Jabbor do‘xtirni eslatardi. Unga qarab Gulasal na quvonishni, na o‘kinishni bilardi. Ich-ichidan eziladi. Uni kim ham tushunardi?!

– He, enag‘ar! Bola mendan deb yursam…

Shu paytgacha Gulasalga ovozini balandlatib so‘z qot­magan Mardiqul uzangidan oyog‘ini olar-olmas so‘­ki­na boshladi. U oyoqda zo‘rg‘a turardi. Gulasal Mar­di­qulning ahvolini tushunadi. Ursayam, so‘ksayam Mar­diqul haq.

Supadagi ko‘rpachada uxlab qolgan Mardiqul xurrak ota boshladi. Gulasal uni sekin yonboshga ag‘dardi.

– Tura qoling, shomda uxlasa yomon bo‘ladi de­yishadi, hali zamon ovqatni suzaman.

Mardiqul anchagacha turishga erindi. Boshi g‘u­villaydi. Chakagiga kaftlarini bosdi.

– Boshim larsillab og‘riyapti.

– Aroq o‘lgurni ichgandan keyin shu-da. Kimning shoxi chiqibdi. Shu savilni ichmayman desangiz og‘­zin­gizdan quyishmas.

– Ha, endi jo‘ralarni bilasan-ku.

– Jo‘ralaringiz jo‘ra emas, dushman. Sizga aroq ichirishib kalaka qiladigan maynavozlar.

Mardiqul o‘yga toldi. Xotini haq. To‘g‘ri-da, qachon qarasam ichirib gapga solishadi. “O‘g‘ling o‘zingga tortganmi” deya asabiga tegishadi.

“Gulasalning bir oyga yaqin Jabbor bilan yasha­ganini qishloqda ko‘pchilik biladi-ku. O‘zim ham bilib turib unga uylandim. Sardor tug‘ilgach, keyinroq Gulasal ochig‘ini aytdi-ku?! Farzandimizni birga voyaga yetkazamiz. Kim nima desa desin, og‘ziga kuchi yetmaganlarning gapiga achchiqlanmang. Xohlamasangiz bolamni olib, bosh olib ketaman, dedi-ku?!“

O‘shanda Gulasalning yig‘lamsirab, to‘lib-toshib aytgan so‘zlari Mardiqulning yurak-bag‘rini ezib yuborgandi.

– Mayli, xotin, sen aytgancha bo‘la qolsin, faqat ketma. Sardorni o‘z bolamdek ko‘raman, ishon.

Ular bu mavzuda boshqa og‘iz ochmaslikka axd qilishgandi.

Bugun esa…

Kechki ovqatdan so‘ng Gulasal:

– Darvozadan so‘kinib kirdingiz, – deya diydiyoga o‘tdi.

Mardiqul so‘kinganini eslab ko‘zlarini olib qochdi.

– Shunga xafa bo‘lasanmi, hammasi aroqning gar­danida.

– Men bolamni o‘ksitib qo‘ymayman degandim-ku.

– Obbo, yana diydiyomi?

– Diydiyomas, chin so‘zim.

Oraga jimlik cho‘kdi.

– Sizni o‘sha jo‘ralaringizdan kuchli deb bilardim. Achchig‘ingizni aroqdan olmang-da. Totuv yashaylik de­sangiz ichkilikni yig‘ishtiring. Sardor sizni otam deyapti. Agar otasi yo‘qligini bilsa bola eziladi, bildingizmi?! Men buni aslo istamayman. Kezi kelsa esini tanigach, hammasini aytib berarman…

Mardiqul talmovsirab qoldi. Oy yorug‘ida Sar­dorning ko‘zlariga tikildi,

– Barvaqt uxlab qolibdi-ku, tuzukroq ovqat­lan­­ganmidi ishqilib. Hali ko‘rasan, Sardor polvon bo‘­ladi.

 

* * *

Sardor polvon tuni bilan to‘lg‘onib chiqdi. Xolasining o‘zi istamagan holda Gulasal opasining ayanchli qismatini o‘ksib-o‘ksib aytgan so‘zlari kinotasmalaridek xayolidan takror va takror o‘tar ekan, chap ko‘ksi sanchilardi.

U ayqash-uyqash o‘ylar girdobida qoldi:

“Nahotki nikohsiz tug‘ilgan bolaman?! Axir, bu bir umrlik isnod-ku?! Quloqqa haqoratdan-da og‘ir eshitiladi… Odamzot ko‘tara olmaydi bu tavqi la’natni! Eh, Sardor, Sardor… Peshonang buncha sho‘r bo‘lmasa?! ULARning aybi boshingga malomatlar yog‘dirdi-ya? Aslida ULAR ham aybdor emasdek… O‘zlari qil ustida turganda nikoh eslariga tusharmidi? NIKOH… Bunchalar qadrli, bunchalar poklikka da’vatkor bo‘lmasa bu kalom…”

Xayollarini chalg‘itib nonushta qilmoqchi bo‘ldi. Kayfiyati yo‘qligidan tomog‘idan suv ham o‘tmadi.

Tunov kungi Chelakda bo‘lgan to‘ydagi kurash, notanish chol va Hoshimning haqorati Sardor polvonga tinchlik bermasdi. Vujudi g‘azabga to‘lgan.

Har kuni xo‘roz qichqirar-qichqirmas ko‘chaga chiqib, ming bir yumush bilan kunni kech qilib uyga qaytadigan Sardor polvon bugun ostona hatlamadi. Hech kim bilan ko‘rishgisi kelmasdi. O‘z xayollari bilan band…

Kun peshindan oqqanda darvoza ustma-ust taqil­ladi. Yostiqni quchoqlab bir nuqtaga tikilganicha o‘yga botgan polvon istar-istamas o‘rnidan qo‘zg‘oldi.

– Hozir.

Polvon darvoza zulfini tushirdi. Ostonada yoshi elliklarni qoralagan, yaktagi o‘ziga yarashgan, iroqi do‘ppisi urinib qolgan kishi turardi. Ko‘zlarining uyqusizlikdan charchaganligi, chehrasi mahzunligi shundoqqina seziladi.

Salom-alik qisqa bo‘ldi.

– Tinchlikmi, aka?

Polvonning salobati bosdimi, mehmon tutila-tutila muddaoga o‘tdi.

– Tinchlikka-tinchlikku-ya. Sizni otam so‘rayaptilar. Hoziroq bormasak bo‘lmaydi, – deya yo‘l chetidagi ko‘k “Moskvich” ga ishora qildi.

– Sizni tanimayroq turibman?

– Men haligi chelaklik mulla Abduroziqning o‘r­tancha o‘g‘liman.

Polvonning xayolidan “Mulla Abduroziq haqida eshitganman, ammo biror marta gurunglashmaganman. Menda qanday gapi bo‘lishi mumkin?!” degan gap o‘tdi.

– Kechadan beri so‘raydilar, – polvonning ichidagi gapni sezgandek so‘zida davom etdi mehmon. – Tunda kurash to‘yiga borib ham surishtirdik. Odamlar bu gal ham Sardor polvonlik qildi, degan gapdan nariga o‘tishmadi. Sizning qayerdaligingizni aniq aytishmadi. Hozir so‘rab-surishtirib kelayotganim. .

– Borishim zarilmi?

– Zarilam gapmi? Otam… – mehmonning bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. – Otam… o‘lim bilan olishayaptilar. Har zamon o‘zlariga kelganda “Jarlik Sardor polvonni topinglar, unga aytadigan gapim bor” deb yolvorganlari-yolvorgan.

Sardor polvon “hozir” deganicha ichkari kirdi. Zum o‘tmay  kiyimlarini almashtirib chiqdi.

Mehmon “Moskvich”ni o‘t oldirdi.

O‘n besh-yigirma daqiqalar chamasi vaqt o‘tgach mashina naqshinkor darvoza oldida to‘xtadi. Ular uzun-qisqa bo‘lib ichkariga yo‘nalishdi.

Xona gavjum. Mulla Abduroziqning yaqinlari bo‘lsa kerak, bemor atrofida jimgina o‘tirishibdi. Erkaklar yuzida xavotir, ayollar esa ro‘mollari uchi bilan ko‘z yoshlarini sidirishgan…

– Ota, Sardor polvon keldi.

Xonadagilar o‘rinlaridan qo‘zg‘ala boshlashdi. Sardor polvon mulla bobo yotgan divanga yaqinlashdi.

– Assalom alaykum, mulla bobo, tuzukmisiz…

– Sardorjon, keldingmi, bo‘tam.

Bemor ovoz kelgan tomonga arang burilib Sardor polvonga tikildi. Bemorning bosh tarafida yerdan boshini ko‘tara olmay bujmayib turgan yigit Sardor polvonning diqqatini tortdi. Yaxshilab tikildi, ne ko‘z bilan ko‘rsinki – bu Hoshim edi.

– Sardorjon, seni ko‘rdim, endi bearmon ketadigan bo‘ldim! – Bemorning hazin ovozi polvonni sergak­lantirdi. – Sen… sen… balki bilarsan, balki eshitmagandirsan. Sen Jabbor do‘xtirning o‘g‘lisan…

 

* * *

Mulla Abduroziq g‘ira-shira ko‘zlarini ochdi. Ko‘kimtir osmonmi? Yo‘g‘-e, shift-ku. Nega jimlik. Qayerda yotibman?

– Xayriyat-e, otajon, tuzukmisiz endi?

– Qayerdamiz?

– Kasalxonada. Hammamizni qo‘rqitib yubordingiz-ku. Yaxshiyam do‘xtirlar borakan.

– Baraka topishsin.

Mulla Abduroziqni o‘g‘li o‘ng tomonga ag‘dardi. Labiga piyola tutdi. Mulla bobo palataga razm soldi. Oq choyshabli ikkita karavot va tumbochka. Odam bo‘yi keladigan kiyim ilgichga o‘xshash qandaydir moslamaga shisha idish ulangan. Palata to‘ridagi keng derazadan sarg‘aygan barglari siyraklasha boshlagan daraxtlar ko‘zga tashlanadi…

– Mumkinmi, assalomu alaykum, mulla bobo. Sog‘­liqlar qalay endi?

Oq xalatli, oriqqina yosh do‘xtir stulga o‘tirgach, bobo bilan quyuq so‘rashdi.

– Do‘xtir o‘zimizdan ekan, ota, – tanishtira boshladi o‘g‘li. – Jarlik. Bu ukamning xizmati katta bo‘ldi. Jabbor do‘xtir desa hamma tanirkan.

Jabbor mulla Abduroziqning ko‘ngliga o‘tirdi. Navbatchilikda qolgan kunlari boboni zeriktirib qo‘ymaslik uchun u tez-tez palataga kirib hol-ahvol so‘rar, shifokorlar yozib bergan dorilarni topib kelardi.

 

* * *

Palataga kirib kelgan Jabborning bezovtaligini sezgan bobo xavotirlanib sekin so‘radi:

– Bir nima bo‘ldimi, Jabborjon?

Jabbor oldilarida hech kim bo‘lmasa-da, atrofga olazarak boqdi. Mulla boboga engashibroq o‘tirdi.

– Buva, bir iltimos bilan keldim. Men uchun yo‘q demang, – deya yalingansimon ohangda so‘z boshladi.

 Mulla bobo ”Tushuntiribroq gapiring” demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edi, Jabbor hayajonlanib gapini davom ettirdi.

– Bir qizni olib qochdim, buva… Bir-birimizni yaxshi ko‘rardik. Men aybdorman. Nailoj… Nima bo‘lsa bo‘lar…

– Qiz olib qochdim?! O‘ylab ish qildingizmi?! Birovning farzandini-ya?!

– Hozir bir boshidan aytib beraman, – bir muddat xayollarini jamlab olgan Jabbor yutinib oldi-da, boshidan o‘tkazgan voqealarni bayon qildi. Jabborning xijolatomuz aytayotgan gaplarini oxirigacha ting­lagan Mulla bobo barmoqlari bilan taragan bo‘lib soqollarini siladi va salmoqlanib Jabbor kutmagan fikrni aytdi:

– Barakalla, yaxshi ish qilibsiz, bo‘tam. Mardona, tantilarcha ish tutibsiz, bu har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi… Endi buyog‘iga mahkam bo‘ling!

– Endi ortga qaytish yo‘q, – dadillandi Jabbor, – Gulasal bilan turmush quray desam uyimizdagilar ko‘nmasa. Uning onasi ham baribir rozi bo‘lmaydi. O‘ylay-o‘ylay shu qarorga keldik. Sezyapman, shu qiz bilan baxtli umr kechiramiz…

– Xudo xohlasa, deng, bolam,Xudo xohlasa…

Jabbor do‘xtir bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.

Peshonasidagi ajinlar tirishib, o‘ychan qiyofa aks etgan Mulla bobo:

– Bir-biringizga ko‘ngil qo‘yibsizlar, qiz rozi ekan… Baribir yoshliklaringga boribsizlar-da, – deya eshitilar-eshitilmas ming‘irladi.

– Ha, xuddi shunday, qiz rozi, faqat shar’iy nikohdan o‘tishimiz zarur. Shuning uchun oldingizga keldim, o‘tinib so‘rayman, mulla bobo, gapimni yerda qoldirmang. Bu haqda zinhor-bazinhor hech kimga og‘iz ochmayman. Kiyinib oling, pastda mashina kutib turibdi…

Jabborning holatini anglagan, bu qalbi pok, samimiy yigitning suxanini rad etishni o‘ziga ep bilmagan mulla Abduroziq noiloj ko‘ndi.

 

* * *

Mulla bobo nursiz ko‘zlarini polvonga tikkancha biroz sukutga cho‘mdi. Imo-ishora aralash bazo‘r gapini poyoniga yetkazishga urindi.

– Sardor, Jabbor do‘x… tirning zur… riyodisan. Adashma… ota-onangning nikohini o‘zim o‘qiganman.

Bemorning ko‘zlari shiftga qadaldi.

– Mendan rozi bo‘linglar!

Xonada piq-piq yig‘i ovozi eshitila boshladi. Kimdir Sardor polvonni yelkasidan mahkam quchdi. Qarasa Hoshim. U Sardor polvonning ko‘ziga tik qaray olmasa-da, labi-labiga tegmay bidirlardi:

– Meni… meni kechi-iring. Ahmoq ekanman. Kecha jahl ustida… Men noshud, bobojonim o‘qigan nikohga loy chaplabman-a!

Sardor polvon Hoshimni o‘zidan nari siltadi va eshikka yuzlandi. O‘pkasi to‘lib ketdi. Shu lahzada ilk daf’a ota-onasini – Jabbor do‘xtir bilan onasini qo‘msadi. Ularni juda-juda sog‘inib ketdi…

 

Abdulla AYIZOV

 

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil 4-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.