Abduqayum YÖLDOŞEV,
yozuvçi
Baʼzan adabiy sukutimiz çözilib ketmasin degan xavotirdami, u-bu bitigimizni çop ettiramiz. Jasurboy ukamiz ham “Mana, ajoyib, taʼsirli bir voqea topdim, endi uni yozib taşlaş ham iş bölibdimi”, degan kayfiyatda – bu öz vaqtida köpçiligimizning boşimizdan ötgan va hozirgi kunlarda ham ötib turibdi – qöliga qalam olgandek.
Vaholanki, voqeaning taʼsirçanligi bu hali yaxlit asar degani emas. Attorlarning bir-biriga hayajonlanib sözlab beradigan “…undoq bölibdi!.. bundoq bölibdi!..” tafsilotlari hikoyaning suratini bezaşi mumkin, siyratini emas.
Nazarimda, “Tirik tovon” (darvoqe, sarlavha asarga mos emas) faqat aql kuçiga tayanib yozilgan. Şunga qaramasdan, ğalizliklar yetarli. Deylik, “Xudoning jonzoti-da buyam”, deya açinişga muşarraf bölgan muşuk bir neça satrdan söng boşqaça talqinga duçor böladi: “muşukça ham köziga ofat, ajina bölib körinyapti” va şundan keyin bu jondor butkul unutiladi (birinçi sahnada osilib turgan miltiq oxirgi sahnadayam otilmaydi). Qahramonning negadir aynan “öng qölini boşiga tirab” yotgani hikmatini, bunga adib nega urğu bergani boisini anglolmadim. Va yana: “tizillab yiğlayotgan xotin”, “ğayirlik qilgisi kelar”, “ota-onasining baqbaqa törasi bölib yurgan u arzandalar”…
Yana bir mulohazaki, Tilovday erkak, ikki öğilning otasi uyidagi dardini “bilgiç el-xalq”qa oşkor qilavermasa kerag-ov…
Hikoya yakunida, şifokorlarning adaşganiyu farzandning soğlom tuğilgani “alqissasi” muallifni yengil torttiradi, öquvçini emas. Inçunin, ozgina vijdon azobi, ötmiş xatosini anglaşga harakat oradan yillar ötgandan söng bosib kelgan ilohiy intiqomni yana ortga surdi, ehtimol, u sira qaytmas bölib izsiz yitdi, degan xulosaga kelasiz-da. Ha, ança arzon indulgensiya…
Albatta, Jasurning bu maşqi jurnal variant. Zero, paydar-pay çiqib turgan ijod numunalariga soliştirilganda ham “Tirik tovon”ning çöği balandroq. Ammo (birovga örgatişdan Xudo saqlasin-u) birgina tilagim bor ediki, muallif bu asarni qaytatdan, his-tuyğulariga butkul erk berib yozsa; özini qahramoni örnida körsa…
Ehtimol, ana şunda hikoyaga xunuk yamoqday yaraşmay turgan Nurmatning telefon qilişi voqeasi, ikkinçi söqir Behzod personaji olib taşlanib, haqiqiy yurak qöri bilan qoğozga tuşgan, inson qalbini larzaga soladigan Asar yaratilarmidi… Darvoqe, közi ojizlarning quloği juda ötkir böladi. Bunga işonç hosil qiliş uçun G.Uellsning “Körinmas odam”ini öqiş kifoya (asarda körinmas odamni faqat söqirgina sezadi). Muallifda bu detaldan juda örnida foydalaniş imkoniyati bor. Deylik, Tilov tuğilgan kun bazmidan söng yonida puli qolmagan örtoğiga “yöl kartoçkasi”ni sekingina oşirib yuboradi. Buni Qurbonjon eşitib-sezib qoladi… Qolganini tasavvur etiş unçalik qiyin emasdir…
Xullas, bu xususiy mulohazalarimiz tavsiya maqomida qoğozga tuşirildi. Inçunin, ularni qabul qiliş-qilmaslik muallifning ixtiyoridagi iş.
Gulnoz SATTOROVA,
adabiyotşunos
Hikoya janri boşqa janrlarga nisbatan ixçam va sodda ifoda usuli bilan farq qiladi. Har bir hikoya öziga xos ğoyat murakkab va xilma-xil fikrlarga boy bölib, turliça tasvir yönalişlarini öz içiga olgani kabi, Jasur Kengboyning “Tirik tovon” hikoyasi ham ğoya, syujet bilan eʼtiborlidir. Qolaversa, janr talablariga javob bera oladi.
Muallif tili va voqealarning bayonidan “Tirik tovon” hikoyasida voha odamlari hayotining bir körinişi tasvirlangani seziladi. Bu köproq uning söz qöllaşidan maʼlum. “Bekor qildim-ov”, “xudoning jonzoti-da buyam” kabi jumlalar fikrimizni dalillaydi. Hikoya Tilovning keçinmalari asosiga qurilgan. Voqealar ketma-ketligi, syujet yaxlitligi, çiroyli badiiy yeçim hikoya muvaffaqiyatini taʼminlagan. Hikoyani öqigan öquvçi Tilov bilan birga yaşaydi. Uning farzandi soğlom tuğilişini istaydi. Jasur asariga savob va gunoh, yaxşilikning yaxşilik bilan qaytişi, döstga sadoqat kabi ezgu ğoyalarni singdirişga harakat qilingan.
Ammo ana şu ğoyalarni közlab qöliga qalam olgan muallif biroz tajribasizlikka yöl qöyadi. Badiiy ijoddagi yetakçi tamoyillardan biri badiiy til masalasidir. Jasur Kengboy asarda şu muhim xususiyatga eʼtiborni susaytirib, baʼzi bir holatlarni uzoq tasvirlaydi. Masalan: “Muşukning çoponning şuvuriga öyğonişi…” kabi. Baʼzi örinlarda esa sözlarni noörin qöllaydi. “Közi oçiq tuğilsa ekan, tik boqib, haqiqatni aytsang… Özingning aybdor emasligingni tuşuntirsang”. Tilov tomonidan aytilgan bu monolog ham asardagi asosiy fikrga zid. Axir bolasi közi oçiq tuğilsa, ota qaysi aybini tuşuntiradi? Qolaversa, bola aytsa eşitadi-ku!
Öylaymanki, muallif baʼzi nazardan qoçirilgan jihatlarga eʼtiborliroq bölsa, kelgusida yanada yaxşi asarlar yozadi. Uning mazkur hikoyasi kişida şunday işonç paydo qiladi.
Ibrohim SAIDOV,
tadqiqotçi
Adabiyot qalb ölimi tufayli yuz beradigan insoniy fojealarning oldini olişga, “maʼnaviy tuğiliş”ga xizmat qiladi. “Tirik tovon”ni ana şu yöldagi talpinişlardan biri deyiş mumkin.
Muallif asarga tanlagan voqea – dunyoning akssado ekanligi, heç bir amal, heç bir harakatning javobsiz qolmasligi azaliy va abadiy mavzulardan. Hikoya syujeti şu buyuk haqiqat atrofida şakllanadi.
“Baʼzan döxtir ham adaşadi”. Öquvçida esa döxtir adaşmaganday, taşxis apparatlari xato qilmaganday taassurot qoladi. Ona qornidagi gödak çindan ham kör bölgan-u, Tilovning tavbasi, qalb közi oçilişi tufayli zurriyodining ham sönggi lahzalarda közlari oçilib ketgandek tuyuladi göyo. Bir söz bilan aytganda, hikoyadagi voqea – insonning öz qalbiga va bosayotgan qadamlariga nazar taşlaşga undaydigan közgu.
Bu gaplar muallifning maqsad-muddaosi, hikoya ğoyasiga tegişli. Endi ijro borasida ikki oğiz mulohaza.
Hikoya avvalidagi muşukning harakatlari juda tabiiy tasvirlangan bölsa-da, Tilovning kayfiyati bilan taniştiruvçi bu voqea ortiqçaday tasavvur uyğotadi. Nazarimda, hikoyani “Dilsiyohlik ortgandan ortib bormoqda edi”, degan joydan boşlasa ham, heç qanday yutqiziq bölmaydi.
Hikoyada mantiqan parokanda ayrim jumlalar ham yöq emas. Masalan muşuk voqeasidan keyin “Tilovga nima jin urdi – öziyam bilmaydi”, degan jumla keladi. Hozirça öquvçi bilmasligi mumkin, ammo “nima jin urganini” Tilovning özi yaxşi biladi-ku. Tilov öziga özi savol berayotganda: “Közi oçiq tuğilsa ekan, tik boqib haqiqatni aytsang… Özingni aybdor emasligingni tuşuntirsang”, deydi. Hali Tilovning yodiga öz qilmişlari tuşgani yöq, qaysi “haqiqat” haqida bu gap? Modomiki, “közi oçiq tuğilsa”, Tilov qaysi aybiga iqror bölmoqçi? Şu holat davomida Tilov özini yiğlaşga daʼvat qiladi: “Heç bölmasa, hozir, yolğiz paytingda yiğlab ol”. Söngra “Nimadir içidan quyilib keldi. Böğzi açişdi” jumlalarini öqib, avval odam öziga buyruq berib, söngra yiğlamaydi-ku, degan fikrga borasan kişi. Xullas, hikoyada muallif yana bir karra körib çiqişi lozim bölgan örinlar bor.
Endi asosiy masala. Tilov kim? Uning “kipriklari ohista ulanişi” bilan köz öngida namoyon bölgan “bir manzara” bu savolga javob böladi – yaʼni, birovning tuğilgan kunida ötirganda köçada pulsiz qolgan dösti Nurmat bilan telefon orqali sözlaşuvida aytgan gaplari. Mana, Tilovning haqiqiy qiyofasi, içki dunyosi. U unça-munça tuban va pastkaş odam ham öziga ep körmaydigan yölni tutgan, nogironlarga “tirik tovon”likdan or qilmaydigan, surati boşqa, siyrati boşqa, mayda manfaatga döstlik va insoniylikni mohirlik bilan niqob qilişga qodir, ayyor kas. Bunday odamlar öz qilmişlarini yaşaş usuli deb biladilar, özlarini taftiş qilmaydilar va har qanday harakatlarini tabiiy deb öylaydilar, “Içingni oğritadimi tekin ulov?” tarzida fikr yuritadilar. Tilov ham “yaqin ötmiş”da şunday odam edi. Şunday ekan, Tilovning xayolida “bir manzara çaqinday çaqnab ketişi” va döstlaridan xayolan keçirim söraşi, afsus çekişi mumkinmi, işonarlimi, degan savol keladi. Kimdir “Kutilayotgan fojea-çi?” deb eʼtiroz bildirişi mumkin. Hayotda bunday odamlar öz fojealarining sabablarini atrofidagilardan izlaydilar. Menimça, Tilovning öşa voqealarni eslaşi öz-özidan, “közi yumilişi” bilan emas, biror bir turtki bilan yuz bersa, balki tabiiyroq bölardi. Masalan, öşa Qurbonjon va Behzodning ayni şu paytda yöqlab kelişimi, umuman, şunga öxşaş. Boşqa odamga aylaniş oson emas. Çunki odamzod bilan birga paydo bölgan eng muşkul muammo – inson qalbining, tabiatining özgarişi, tavba qilişidir.
Umuman olganda, nasrimizda Jasur Kengboy degan nomning paydo bölgani va uning hikoyadan hikoyaga, asardan asarga ösib borayotgani quvonarlidir.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida

