Kitob ko‘targan ayol

0
18
марта кўрилган.

Xalqimiz azaldan kitobni sevadigan, mutolaani kanda qilmaydigan xalq. Ota-bobola­rimiz davra qurib, xalq dostonlari-yu mumtoz shoirlarimiz g‘azallarini o‘qib, tong ottirishgan, ona-buvilarimiz o‘z dilbandlariga ertak, afsona-yu rivoyatlar aytib, bolalarining ko‘ngli va shuurini shu’lalatishgan. Kitobsiz uyni fayzsiz deb bilgan o‘zbek borki, farzandlariga kitob yig‘gan, uyli bo‘lsa hadya qilib yuborgan…

Norxol xola yetmish yetti yoshda. O‘g‘ildan-o‘g‘il, qizlaridan-qizi ko‘paygan piru badavlat onaxon. Xolaning suyagi mehnatda qotgan, o‘n ikki yoshidan to nafaqaga chiqqunicha kolxozda ishladi, ketmon chopdi, g‘alla o‘rdi, paxta terdi, pilla ham boqdi. Saharmardonda dalaga ketib, shomda qaytdi. Ammo o‘tgan umridan nolimaydi, bariga shukr qiladi.

Xolaning boshqa qishloq ayollariga o‘xshamaydigan bir jihati bor. U ham bo‘lsa, kitobga, ilmga o‘chligi va yangiliklardan boxabarligidir. Xolaning o‘zi ta’biri bilan aytganda, “ichi dardga to‘lib ketgan”, dardini kimgadir yorgisi keladi, ammo tinglaydiganlar kam, hozirgi yoshlar esa o‘zingizga ma’lum, “xo‘p-xo‘p” deyishadi-yu, yana bilganlaridan qolishmaydi.

Ubaydulla muallim mashinada to‘ydan qaytar ekan, orqa o‘rindiqdagi onasi Norxol xolaga qarab dedi:

– Ha, ena, to‘y yoqmadimi, kayfiyatingiz yo‘qroq?

– Yo‘q, bolam, to‘y yaxshi bo‘ldi, hammasi binoyiday ekan-u, ammo…

– Ammosi nima, ena?

– O‘g‘lim, oshnang yaxshi odam emas ekan!

Ubaydulla muallim onasining gapiga hayron bo‘ldi.

– Nega, ena? Oshnam tumanning zo‘ri-ku, uyini, mehmonlarni ko‘rdingizmi? Bir emas, naq uchta “Neksiya”si bor-a?!

– Bo‘lsa bordir… Lekin onasi, xotini, singillari – hammasi faqat kiyim-kechakdan, tilla taqinchoq­dan gurung qilisharkan. Uyining barcha xonalarini ko‘rib chiqdim, to‘lib ketgan ekan, biroq bitta narsa yo‘q-da…

– Nima yo‘q ekan, ena?

– Kitoblari yo‘q ekan, kitob o‘qimas ekan ular. Kitob tugul birorta gazeta-jurnal ham ko‘rmadim. Kitob o‘qimaydigan, kitob o‘qishni xushlamaydigan odam esa mehrsiz, oqibatsiz, mol-dunyo­ning quliga aylanadi, bolam.

Norxol xola shu so‘zlarni aytdi-yu, o‘g‘liga oshnasi haqida qattiq gapirib yubormadimmikan, – deb o‘ylab qoldi va o‘zining bolaligini yodga oldi.

Onasi rahmatli vafot etganda u o‘n yoshda, ukasi Eshpo‘latjon esa olti yoshda edi. Otasi Rahmatilla maxsum qishloqning mullasi, zamonasi­ning ziyolisi bo‘lib, uylaridan mehmon arimas, mis samovari doim qaynab turardi.

Qamashidan Abdulla qori Gulshaniy, Qamaydan mulla Bozor baxshi, Ahmad maxsum, mulla Ibrohim, Boymurod raislar kelib suhbat qurishar, Navoiy, Mashrab, Yassaviy, So‘fi Olloyorning devonlarini o‘qib, muhokama qilishardi. Otasi esa dutor chertib, ashula aytardi.

O‘shanda Norxol o‘choq boshida turib ularning suhbatlariga quloq tutar, ukasi esa g‘izillab choy tashirdi. Kitobga, so‘z sehriga oshnolik o‘sha yillarda uyg‘ondimikin?..

Olti yoshida savodi chiqqan bo‘lsa-da, o‘sha paytlarda chekka qishloqda yashagan qizlarga shaharga borib o‘qimoq ayb sanalardi. Zamon shunday edi. So‘ngra otasining fatvosi bilan ota-onasi yoshligida o‘lib ketgan – sag‘ir yigitga turmushga chiqdi. Yaratganga shukr, yomon yashashmadi. Erining bir yaxshi tomoni nihoyatda mehnatsevar va sodda edi. Hatto pul sanashni ham bilmasdi. Ko‘pincha bozor-o‘charni Norxolning o‘zi qilar, yoshlikdagi odati qolmay dasta-dasta kitob olib kelardi.

Norxol xola uy to‘ridagi kattakon sandiqni ochib, “boyligi” bo‘lgan kitoblarni chiqardi. Ko‘pchiligi xalqimizning bebaho merosi sanalmish dostonlar, roman va qissalar, hatto kamina qancha oydan beri izlab topolmay yurgan Sadriddin Ayniy­ning 1952-yili nashr etilgan “Qullar” romani ham bor ekan. Xola “Alpomish”ni qo‘lga olib varaqladi-da, so‘ngra ko‘zlarini yumdi va ohista ayta boshladi:

Qurru-yo qur, hayt-a, to‘ramning oti!

Oq to‘shim-yayloving, sochim shipirtki.

Xola aytaverdi, biz bolishga yonboshlab eshitaverdik. So‘zlarning sehrli sadosi uyda shamol yanglig‘ aylanaverdi. Nihoyat Norxol xola to‘xtadi. Ko‘zlaridan oqqan yoshlarni yengi bilan artdi. O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kdi. Yurak yutib xolaga so‘z qotdim:

– “Alpomish”ni yod bilar ekansiz, bunga qanday erishdingiz?

– Atay yod olganim yo‘q, o‘qiyverganimdan yod bo‘lib ketgan, ba’zan urchuq yigirganimda yoki nevaramning beshigini tebratganimda esimga kelsa aytaman. Tag‘in Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Momoxol Elmurodovalar­ning she’rlarini yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, ularning qishloq ayollariga atab yozganlarini, barisi sodda, yurakdan chiqqan, yolg‘oni yo‘q.

U turmushga chiqqach ham bir qo‘lida beshik, bir qo‘lida kitob bilan yashadi, mehnat qildi.

Darvoqe, xolamiz uyda ko‘p o‘tirmaydi. Ko‘ngli chopsa pensiya pulini cho‘ntakka solib kelinining poson qopchig‘ini qo‘lga oladi-da Toshkent, Xo­razm, Farg‘ona taraflarga tomoshaga ketaveradi. Endigi niyati Naqshband hazratlarini ziyorat qilish uchun qadim Buxoroga…

Xolamiz, albatta, shahardan quruq kelmaydi. Yangi chiqqan kitoblardan olib, o‘g‘il-qizlariga, kelinlariga, nabirala­riga ulashadi.

Keyin boshqa tashvishlari ham ko‘p. Qishloq­chilik deganday, to‘y bor, ma’raka bor…

O‘rolboy QOBIL

 

 

 

 

МУЛОҲАЗА БИЛДИРИШ

Мулоҳаза киритилмади!
Исми шарифингизни киритинг.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.