Milliy ruh – millat hujjati

0
92
marta ko‘rilgan.
  1. Globallashuv davrida dunyo xalqlarining madaniyati, san’ati va falsafasi qorishib, tobora yaxlit qiyofa kasb etib bormoqda. Jozibali ko‘ringani bilan bu jarayon umummadaniyatga singib ketishining oqibatida yaxshilik yo‘q. Zero, globallashuvning jilovi bizning qo‘limizda emas, balki uning shakllanishiga ko‘proq hissa qo‘shganlar qo‘lida. Shunday ekan, bugun nasrimizda milliy ruhni ifoda etish muhim ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, bu borada nasrimizda qanday izlanishlar mavjud? Siz milliy ruhni tasvirlashda ijodkor nimalarga e’tibor qaratishi zarur deb hisoblaysiz?

 

  1. Adabiyot – ijtimoiy hodisa. Har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yu­zini ko‘radi. Uzoqqa bormaylik, 80-yillardagi “Javob”, “Galatepaga qaytish”, “Yozning yolg‘iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylik­ning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo‘luvchi omillari yuksak badiiy mahorat bilan ifoda etilgan. Yoki 90-yillarda “o‘tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy-ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztiroblari “Bozor”, “Muvozanat” kabi asarlarda o‘z aksini topgan. Xo‘sh, bugun-chi, o‘zbek nasrida zamon ruhini o‘zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

 

  1. Zamonaviy qahramonlarni yaratish faqat adabiyotning emas, balki ijtimoiy hayotimizning zaruratiga aylanib ulgurgani sir emas. Nosir sifatida zamonaviy qahramonni qanday tasavvur qilasiz? Uning qiyofa­sini yaratishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

 

Baxtiyor Abdug‘afur

 

  1. Bir vaqtlar “XXI-asr­da Islom: Postmodern dunyoda Qiblani topish” kitobini o‘qiganimda asar muallifi Abdulhakim Murod (Timoti J.Uinter) “Homo occidentalis” – “G‘arb odami” degan atamani qo‘llagan edi. Bu atama ko‘proq ommaviy madaniyatning o‘ylab topilgan, zo‘r berib ommaning ongiga singdirishga urini­layotgan soxta “qadriyatlar” ruhida tarbiyalanayotgan odamga mos keladi. Umumbashariy qadriyatlar bu odamga begona. Globallashuvning bir salbiy jihati, aynan shu narsa­larni dunyoning turli burchaklariga eksport qilayotganidir. Bu hodisa, ming afsuski, bizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Bunga qarshi kurashuvchanlik immuniteti, ishonchim komil, xalqimiz va millatimizning asr­lar davomida kamol topgan yuksak e’tiqodi, ko‘hna qadriyatlari asosida shakllanadi. Fanda bir gap bor – tabiat bo‘shliqni yomon ko‘radi. Ijtimoiy hayotda ham shunday. Mafkuraviy tomondan himoyalanmaslik millat o‘zligini yo‘qotishiga olib keladi. Shunday ekan, o‘zini hurmat qilgan, kelajagini o‘ylagan xalq bunga qarshi o‘z so‘zini aytmog‘i shart. Zamonaviy nasrimizda bu borada izlanishlar ko‘zga tashlanmoqda. Milliy ruhni tasvirlashda ijodkor, yuqorida aytganimdek, asrlar davomida shakllangan e’tiqodimiz, ko‘hna qad­riyatlarimiz va milliy zehniyatimizga tayanmog‘i lozim. Agar ijodkor shaxsiyatida bu narsalar bo‘lmas ekan, asarlari milliy o‘zlikdan uzilishi, unga begona bo‘lishi tabiiy holdir.
  2. Bu savolingizga javob berish uchun yana “Postmodern dunyoda Qiblani topish” asaridagi bir fikrga murojaat qilaman. Muallifning fikri taxminan shunday: “Odamlar sayyoramizdagi so‘nggi kisloroddan nafas olayotgan bir fursatda masjidlarimizda hamon soqolni qancha uzunlikda qo‘yish haqida bahslashamiz…” Bugungi kun o‘zbek nasrida yozuvchilar juda ko‘p. Roman, qissa yoki hikoyalar e’lon qilayotgan ijodkorlar safi tobora kengayib bormoqda. Lekin hayotni to‘laqonli yoritib bera oladigan asarlar juda kam. Bu, avvalo, ijodkorning saviyasi, dunyoqarashi va estetik didi bilan bog‘liq. Yil yakunlari bo‘yicha u yoki bu asarni maqtashgani, maxsus tadqiqotlar qilinganiga ko‘zimiz tushib qoladi. Lekin o‘sha asarni o‘qisangiz, nimadir kamga o‘xshayveradi. Asardan estetik zavq ololmaysiz. Zamonaviy dunyo adabiyotiga bir nazar tashlasangiz, undagi janrlar, e’lon qilinayotgan yangi-yangi asarlardan boshingiz aylanadi, qay birini o‘qishni bilmay qolasiz. Jahon adabiyotidagi ham shaklan, ham mazmunan yangilanayotgan asarlardagi ijodiy metodlarni milliy nasrimizga ham olib kira olsak, o‘ylaymanki, jahon adabiyoti bilan bemalol raqobatlasha olamiz. Agar yaxshi asar yozilsa, qaysi tilda bo‘lmasin, uni, albatta, ingliz, nemis yoki fransuz tiliga tarjima qilishadi. Bizda esa xorij nashriyotlari o‘zlari talab qilib tarjima qilingan asarlar bormi-yo‘qmi – bilmayman. Bilganim, mualliflarning o‘zlari dunyo tillariga tarjima qilishib e’lon qilishmoqda.

 

  1. Shu narsani ko‘p o‘ylaganman. Po‘lat Alemdar bosh qahramoni bo‘lgan “Qashqirlar makoni” serialini ko‘rganimdan keyin zamonaviy milliy qahramonni yoritish ishtiyoqi uyg‘ondi. Shundan ilhomlanib “Oltinchi yo‘lak” asarini yozgandim. Unda tasavvurimdagi zamonaviy qahramonni tasvirlashga harakat qilganman. Zamonaviy qahramonni gavdalantirishda ijodkorning o‘zi undan kam bo‘lmasligi kerak. Xohlaymizmi-yo‘qmi, ijodkor o‘zidan oshirib yozolmaydi, fikrlay olmaydi. Agar yozuvchi fikrda orqada bo‘lsa, unda bu narsaga qo‘l urmagani ma’qul. Fikrimcha, zamonaviy qahramon milliy o‘zlikni o‘zida saqlagan, shu bilan birga, aqlli, uddaburon, dunyo ilmidan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Tasavvurimdagi zamon qahramonini o‘sha asarimdagi bosh qahramon misolida tasvirlaydigan bo‘lsam, u maxsus xiz­matlar xodimi, universitetda ijtimoiy-gumanitar fanlarni chuqur o‘zlashtirgan, milliy tariximizni puxta biladigan, ayni vaqtda, geopolitika bo‘yicha benazir mutaxassis. Uning ilmiy-tahliliy maqolalari xorijiy veb-saytlarda e’lon qilib boriladi. Uning boshlig‘i esa bir suhbatda uni maqtaydi: “maqolalaringni o‘qib bir mazza qilaman, shunaqa gaplarni qayerdan topasan, a?” Asarda u boshlig‘i polkovnik bilan shaxmat o‘yinida bugungi kun geosiyosati va undagi o‘yinlarni nozik tahlil qiladi va har bir yurishida hozirgi zamonaviy o‘yinchilar haqida mantiqli fikrlar bildiradi. Boshqa tomondan, u maxsus xizmatlar xodimi – harbiy. SVD-7.55 vintovkasida ishlaydigan mohir snayper, bir qancha amaliyotlar-loyihalarda qatnashib nomi tillarga tushgan keskin nishonchi. Oddiy o‘quv­chilarda savol tug‘ilishi mumkin: bunda xarakter mantig‘i buzilmaganmi? Bir kishi ham siyosatchi, ham snayper. Ustiga-ustak, ilmiy maqolalar yozadi. Hozirgi kundagi odamlarni kuzatar ekanman, bu narsa oddiy holatga ishonish mumkin deb bilaman. Bekorga ruslar “Talantlivыy chelovek talantlivыy vo vsem”, demaydi. Demak, xalqimizda bunday kishilar bo‘lishi tabiiy, qolaversa, tariximiz o‘zi guvoh. Bobur – ham shoir, ham sarkarda, ham olim-u yozuvchi. Uning avlodlari ham shunday bo‘lishiga shubha yo‘q. Ana shunday xislatli qahramonlarni badiiy gavdalantirishni o‘ylagandim. Qanchadan-qancha mutaxassisla­rimiz xorijiy kompaniya va tadqiqot muassasalarida ishlashmoqda, izlanishlar olib borishmoqda. Shunday ekan, zamonaviy qahramon obrazini yaratishda istiholaga berilmaslik kerak degan fikrdaman.

Bu bilan bizda zamon ruhini aks ettiradigan asarlar ham yo‘q deyolmayman. Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asarida transgenezning ayrim falsafiy muammolarini qalamga oladi. Bu asar ham adabiyotimizda ancha shov-shuv ko‘tardi.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.