Kitobsiz yashab bo‘lmaydi

0
52
marta ko‘rilgan.

Mustahkam qalqon

Bugun qaddimizni iqtisodiy jihatdan dadil tutib oldik. O‘zimizga to‘qmiz. O‘z-o‘zidan ma’naviy ehtiyojni qondirishga zarurat sezayapmiz. Bunda esa kitobdan samarali vosita yo‘q. Ammo tezkor, shiddatli davrimizda bizni kitobdan chalg‘ituvchi turli zamonaviy qulaylik va vositalar borki, ochig‘i, ular kattayu kichikni ma’nan dangasa qilib qo‘ymoqda. Bugun nigohlarimiz kitoblarga emas, ko‘proq boshqa ko‘ngilochar, vaqtimizni o‘g‘irlovchi dasturu loyihalarga qaratilayotgani sir emas. Bu faqat bizga xos xususiyat bo‘lmay, aytishlaricha, Yevropaning o‘zida ham Kafka yo Nitsshe ommaviy ravishda o‘qilmas ekan. Lekin bu dalil biz uchun taskin yo bahona bo‘lolmaydi. Kitobga Yaratganning buyuk mo‘jizasi sifatida qaragan xalq farzandlari sifatida biz ommaviy mutolaaga qaytishimiz shart. Chunki bugun biz cho‘chiyotgan, kurashayotgan barcha illatlarga qarshi eng mustahkam qalqon bu – kitobdir.

 

Kitob – ehtiyoj hosilasi

 

Tarixiy burilish pallalari, kishilar ongidagi evrilishlar o‘ziga xos  asarlarga ehtiyoj tug‘dirarkan. Birgina Lotin Amerikasini ko‘ring. Bu davlatlar adabiyotini dunyoga mashhur qilgan omillar, mushtaraklik nimada? Meksikalik Xuan Rulfoning “Pedro Paramo”, gvatemalalik Migel Anxel Asturiasning “Senor Prezident”, kolumbiyalik Gabriel Garsia Markesning “Buzrukning kuzi” (“Mustabid paymonasi”) kabi dunyoga mashhur asarlarini o‘qisangiz, barchasida g‘oya va maqsad birligini ko‘rasiz. Chunki Lotin Amerikasi jamiyatidagi adolatsizlik, zulm ana shunday kuchli asarlarga ehtiyojni yuzaga keltirdi va ular ommaviy tarzda o‘qildi.

Yoki o‘tgan asr 20 – 30-yillarini olaylik. Bir vaqtning o‘zida dunyoning turli qismida bir-biridan bexabar holda g‘oya va maqsadi bir xil bo‘lgan 3 ta asar: Angliyada Richard Oldingtonning “Qahramonning o‘limi”, Germaniyada Erix Mariya Remark qalamiga mansub “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” va Amerikada Ernest Hemingueyning “Alvido, qurol” kitoblari chop etildi. Qanday qilib? Sababi, dunyo xalqlari Birinchi jahon urushining mudhish oqibatlarini boshdan kechirgan, keyingi voqeliklar yaqin yillarda navbatdagi urushni keltirib chiqarishi aniq-ayon bo‘lib borayotgan edi. Bu kitoblar o‘ziga xos ogohlantirish bonglari edi. Va shu sabab ular mutolaasi keng yoyildi.

O‘sha oradagi Kafkaning “Jarayon”, Kamyuning “Begona”, Sartrning “Behuzurlik”, Muzilning “Qiyofasiz odam” kabi mazmunan o‘xshash asarlari ham davr ehtiyoji, e’tiqod, yashash ma’nisi va yuksak ideal, orzu ifodasi o‘laroq yuzaga kelgandi. Chunki ilm-fan rivojlanib, hayotga zamonaviy texnika va texnologiyalar kirib kelishiga qaramay, insonlar baribir baxtli bo‘lib qolmadilar. Qolaversa, bu yutuqlar farovon hayotni emas, millionlab qurbonlar keltirgan jahon urushlarini keltirib chiqardi.

Yoki umrining katta qismini hukmdor bilan baqamti o‘tkazgan hazrat Navoiy “Saddi Iskandariy”dagi adolatli shoh siymosini nega yaratgan deb o‘ylaysiz? Husayn Boyqaroni adolatli podshoga aylantirish orzusida ma’rifatparvar hukmdor obrazini asarlariga singdirmaganmi?

Xullas, kitoblar va mutolaa aniq bir zarurat va ehtiyoj hosilasi o‘laroq yuzaga kelarkan.

Bugungi tinch-farovon kunlarda davlatimiz rahbarining kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan tashabbusi esa iqtisodiy taraqqiyotimiz, turmush obodligiga hamohang tarzda jamiyatda ma’nan yetuk, komil insonlarni voyaga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 

Kitob o‘qimay ham boyish mumkin, biroq…

 

Negadir bizda shunday qarash shakllangan: kitob o‘qib boy bo‘lish mumkin emas! Balki bunga aksariyat puldorlar kitobning hidini ham bilmasligi, kitobga oshnolarning kamtarroq yashashi sababdir?!

Endi bir o‘ylab ko‘raylik. Xo‘sh, qo‘lidan kitob tushmasdan, ammo shu bilan birga birovning qo‘liga qarab yashayotgan odam aslida ham chin kitobxonmi? U kerakli, foydali bilim beradigan kitoblarni o‘qiganmi, o‘qiyaptimi yo kitob deya dastiga ilinganidan bosh ko‘tarmaydimi?

Odatda ana shunday “kitobxon”lar bilan suhbatlashsangiz, ular oldi-qochdi, yengil-yelpi, kishiga foydadan ko‘ra ziyon yetkazishi aniq bitiklarni faqat vaqt o‘tkazish, qilarga tayinli ishi yo‘qligi bois biror narsa bilan ovunib turish maqsadida o‘qishiga amin bo‘lasiz. Shunday ekan, u qanday qilib boyisin? Qolaversa, kitobga vaqt o‘tkazish, bekorchilikda ermak deb qaraydigan odam ham bundan umid qilmasa bo‘ladi. Yo‘lda kitob o‘qima, hayotga turtilib ketasan, naqli shundaylarga atab aytilgan bo‘lsa ehtimol.

Haqiqiy kitob saviyani yuksaltiradi, dunyoqarashni kengaytiradi. Kishiga hayot yo‘llaridan qanday yurishni o‘rgatadi, kerak bo‘lsa pul topishni ham. O‘qimaydigan boylarga kelsak, kitobsizlik – ularning fojiasi. Bir o‘ylab ko‘ring: hayotda omadi chopmay, kasodga uchragan, inqiroz yoqasiga kelib qolgan va undan chiqish yo‘llarini bilmay joni halak bo‘lgan boylar kimlar? Ming mashaqqat bilan topganlarini noqobil farzandlari harom-harishga sarflab yuborganlar-chi?

 

Yaxshi kitob yomon odamga o‘zini o‘qitmaydi

 

Kitob o‘qisa, uyqusi keladiganlar haqida ham eshitganmiz. Talabalik yillarimizda yotoqxonadagi hamxonam uyqusi kelavermasa, mendan biror kitob berib turishimni so‘rardi. Yarim bet o‘qir-o‘qimas mudray boshlardi. Eng yomoni, u kitobga uxlatuvchi vosita sifatida qarardi. Kitobga chin ma’noda uyg‘otuvchi, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi, nainki yo‘lni yorituvchi, balki nurafshon etuvchi vosita sifatida qaralgan va asrlar osha shunday bo‘lib kelgan bir chog‘da uning kitobga munosabati juda achinarli edi.

Yaxshi kitoblarni saralab, rosa ta’rifu tavsifini qilib ham ko‘rdim, baribir bo‘lmadi – u kitob o‘qimadi (uning talaba ekaniga ham e’tibor bering). O‘sha vaqtlarda bunga hayron qolardim. Qanday qilib shunday durdona asarlarni o‘qimaslik, bilmaslik mumkin?!

Xayolimizdan kitob yuksaltirgan buyuk daholar, kitobsevar zotlar qiyofasi birin-ketin o‘ta boshlaydi. Dunyoni kutubxona deb bilgan, har bir asarida kitob yo kutubxonaga albatta murojaat etgan, umr bo‘yi mutolaadan to‘xtamagan, umrining ikkinchi yarmini ko‘zi ojizlikda o‘tkazib, boshqalarga o‘qittirib, olamni yanada teranroq anglashga uringan argentinalik adib Xorxe Luis Borxes. Bo‘yi barobar kitob yozgan, ayni paytda boshqa asarlarni ham o‘qib chiqishga ulgurgan Lev Tolstoy. Dard sabab oyog‘i kesib tashlanganini eshitib, hol so‘rovchilar borganda, kitob o‘qib yotgan o‘zimizning Ozod Sharafiddinov. Yana uning “Narigi dunyoda kitob o‘qib bo‘lmas ekan, shuning uchun bu dunyoda o‘qib ketay…” degan gapi. Savodi dunyoni tutmagan bo‘lsa-da, joni xatarda qolishini bila turib, ming yillik kitoblarni devor orasiga suvab yashirib, bizgacha yetkazgan qishlog‘imiz bobolari.

Ular nega kitobni bunchalik yaxshi ko‘rib, ardoqlashgan, ko‘zga surtishgan? Bir kitobni deb jonni xavfga qo‘yishga-da rozi bo‘lishgan? Shunchalar ulug‘, qadrli ekan-da u!..

Besh-olti yil avval. Yana o‘sha talabalik yillari. Yangi yil bayrami oldidan uyga qaytayap­miz. Qish-qirovli kun emasmi, og‘ir ust-bosh yetmaganiday, qo‘lda zilday og‘ir, ichi to‘la kitob bo‘lgan ikkita qop. Stipendiyani yig‘ib-tejab, filologiya fakultetidagi quv odamdan savdolasha-savdolasha olingan, “Farhod” bozoridagi kishi bilmas kitob do‘konlarida chekka-chekkada qolib ketgan adabiyotlar. Chilonzorda kilolab sotilgan jahon adabiyoti durdonalari.

Xullas, taksiga o‘tirarkanman, haydovchi avval yukning og‘irligidan bir norozi bo‘lgan bo‘lsa, keyin “zamondan orqada qolib”, haliyam kitob ko‘tarib yurgan menday kishilarga achinib qarashini ayon qildi. So‘ng  tushuntira ketdi:

– Kecha televizorda ko‘rsatishdi. Chet elda mana bunaqa kitoblarni yoqib, yo‘q qilib yuborishayapti. Hozir hamma kitob “elektronniy”­­ga o‘tib ketdi. Nima qilib ko‘tarib yuribsan bularni?

Yo‘l-yo‘lakay suhbatdan shu narsa anglashildiki, haydovchining o‘zi kitobning na bosmasini, na elektron shakldagisini o‘qiydi. O‘qiyman, deganga esa mana bunday “dono” maslahatlar beradi. Aslida shunday odamlar sabab ham kitobga, kitobxonlikka rag‘bat susayib boradi…

Shularni o‘ylab, xunob bo‘lib yurganimda, televizorda rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev haqida ko‘rsatuv berib qoldi va ko‘rsatuv qahramoni tilidan aytilgan gap mening bu boradagi qarashlarimni o‘zgartirdi. Rejissyor aytdiki, yaxshi kitob yomon odamga o‘zini o‘qitmaydi. Ya’ni bekorchilikdanmi yo shunga o‘xshash boshqa sabab bilan qo‘lga olingan kitobning harflari yo‘qolib qoladi. Ha, yo‘qolib qoladi.

“E, aytgan kitobing bo‘lmas ekan, na mazmuni bor, nima deyilayotganini tushunib ham bo‘lmaydi” degan gaplarni mutolaaga ishtiyoqi yo‘q ayrim odamlardan eshitib o‘rganganmiz-ku, kitob ana shunday kishilar qo‘liga tushsa, o‘zining bor sir-asrorini mutlaqo ochmas ekan. Har qancha urinmasin, kitobdagi g‘oyani, mazmunni tushunish dargumon bo‘lib qolaverarkan. Boyagi “mutolaago‘y” esa qiziq emas ekan, deb kitobdan yuz o‘giradi va uni tashlab qo‘yadi. Xullas, kitob o‘zini ana shu tarzda o‘qitmaydi.

 

Qay ko‘rinishda bo‘lsin, o‘qilgani foyda

Kitobni elektron shaklda o‘qigan ma’qulmi yo bosma? Qay biri afzal? To‘g‘ri, elektron kitob birmuncha qulayliklarga ega. Masalan, biror ma’lumot kerak bo‘lib qolsa, uni zumda topa olasiz. “Qidiruv” buyrug‘i sizga kerakli har qanday so‘z, raqam yoki dalilni topib beradi. Bosma kitobda esa bunday imkoniyat yo‘q. Agar o‘qilmagan kitob bo‘lsa, ba’zan soatlab varaqlashga to‘g‘ri keladi.

Xuddi mana shu joyda muammo tug‘iladi. Ya’ni agar siz bosma kitobni o‘qigan bo‘lsangiz, uni varaqlab o‘tirmaysiz. Chamalab kerakli betni topib olasiz. Elektron kitobda esa kerakli so‘zga “Izlab top!” buyrug‘i berilsa kifoya, darhol chiqib keladi. O‘z-o‘zidan elektron kitobni o‘qimasa ham bo‘ladi. Chunki nima zarur bo‘lsa, topib berayapti-da.

Demak, elektron kitob o‘zining asl vazifasini yo‘qotib, biz uni o‘qimasak ham bo‘ladigan, kerakli narsani topib beradigan ma’lumotlar bazasiga aylanib qolayapti. Shuning uchun ham kishilar o‘qish uchun bosma kitobdan, kerak payt­­da zarur axborotni topishda elektron kitobdan foydalanayapti. Azalgi kitobxonlar elektron kitobni “his qilib” bo‘lmasligini, uning “sovuq”ligini aytishsa, zamonaga mos mutolaago‘ylar tez orada bosma kitoblarning muomaladan chiqishini aytishadi. Bunday bo‘lmasligini esa hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Aslini olganda, qanday shaklda bo‘lmasin, kitobning o‘qilgani foyda. Shunisi muhim. Shunisi kerak. Bu boradagi tortishuvlar esa faqat vaqt sarfiga olib keladi. Buning o‘rniga mayli elektron, mayli bosma, biror kitob o‘qib chiqsak, yutganimiz shu bo‘ladi.

 

Ko‘p gapirdik, endi kitob o‘qiylik

 

Kitob targ‘iboti deganda odatda uning ahamiyati haqidagi uzundan-uzoq ma’ruzalarni tushunamiz. O‘ylaymanki, mutolaaning ahamiyatini ko‘pchilik yaxshi biladi. Yana bu haqda gapirishga hojat yo‘q. Endi bu boradagi tadbirlarni aniq amaliy ishlarga aylantirish kerak.

Ota-ona bolasiga kitob o‘qi, deya qayta-qayta ta’kidlash, dakki berish o‘rniga o‘zi yaxshi bir kitobni o‘qib chiqib, farzandlariga o‘rnak ko‘rsatsa. Targ‘ibotchi ham umumiy gaplardan qochsa, o‘qigan kitobini targ‘ib etsa. Xotin-qizlar tashkiloti “Har bir kelin sarposida kitob bo‘lishiga erishaylik” degan tashabbusini faqat so‘zda emas, amalda samarali ko‘rsatib bersa. Kitobxon oilalarni rag‘batlantirish tizimli yo‘lga qo‘yilsa. Har bir qishloqning o‘z kutubxonasi bo‘lsa, ularda istalgan adabiyot topilsa. Ziyo ahli, ayniqsa, o‘qituvchilarga oyida kamida to‘rtta badiiy kitob o‘qib chiqish vazifasi yuklansa. Korxona-tashkilotlarda eng yaxshi kitobxon tanlovlari o‘tkazilsa, shu asosda tanlovning viloyat, respublika bosqichlari bo‘lsa. Shunda xalqni yana kitobxonlikka qaytarib, mutolaaga oshno etish mumkin bo‘ladi. Suv, havo, non kabi kitobsiz ham yashab bo‘lmasligini kattayu kichik birday his qilishi lozim.

 

Bekzod O‘KTAM

1988 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining tarix fakultetini tamomlagan. Adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolalari bilan respublika nashrlarida qatnashib keladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.