O‘zimizning gaplar…

0
73
marta ko‘rilgan.

Olimjonning ushbu asarini o‘qiyotib, xayolimdan yaqin yigirma-yigirma besh yilning avvalida mahallamizda sodir bo‘lgan ayrim voqealar esimga tushdi.

O‘sha paytlar mamlakatimiz endigina istiqlolga erishgan, sobiq tuzumdan qolgan barcha tutumlar o‘zgargan kezlar edi. Eski “sovxoz”, “kolxoz” degan tizimlar tamomila tugatilib, o‘rnini yangicha boshqaruv usuli egallayotgandi. Aslida ham mustaqil bo‘lgach, ma’muriy boshqaruv batamom o‘zgacha usulga o‘tishi tarixiy zarurat edi.

Ammo meni boshqa holat o‘ylantiradi.

O‘sha paytlar o‘ta tezlashgan o‘tish davri bo‘lgan ekanmi, bilmadim, eski “sovxoz”lar bilan birga davlatning mulki hisoblangan uyur-uyur yilqilar, poda-poda qoramollar, sanog‘i yo‘q otarlar bir-ikki yilning ichida yerga singdimi, ko‘kka uchdimi, yo‘q bo‘ldi. Hatto to‘rt ming-besh ming tuyoq sig‘adigan molxonayu qo‘yxonalar, tovuqxonalar, ulkan mashina-traktor parklari, garajlar buzilib, g‘ishtlarigacha “abjir ishbilarmonlar” tomonidan tashib ketildi. Har kim qo‘liga ilinganini, eplaganini o‘zlashtirdi. Oxirgi damlarda “sovxoz”ning so‘nggi raisi kutubxona va klubning o‘rnini odamlarga uy qilib sotdi…

Endi esa davr o‘zgargan. Odamlar o‘shanday molxonayu qo‘yxona qurib tuyoq sonini ko‘paytirish, gavjum joylarda klub yoki tomoshaxonalar qurib, iqtisodiy naf olish uchun harakat qilayapti.

Olim Jumaboyevning qissasida xuddi shunday ijtimoiy jarayon, faqat “o‘zim bo‘lsam” degan toifaning tuban xatti-harakatlari badiiy ifodasini topgan. Umumiy voqelik uzoq bir qishloqdagi eski va tashlandiq hovli ustida boradi. Asarda o‘quvchini o‘yga toldiradigan o‘tkir syujet yoki real voqelikning to‘liq tahlili yo‘q hisobi. Muallif qovurchini qotmagan bolakay tilidan tashlandiq hovli, egasi va uning ikki farzandi (qizi va o‘g‘li) taqdiridan ayrim parchalar keltiradi. Va shu jarayonda qishloqdosh­larining eski imoratga bo‘lgan munosabatlari orqali umumiy syujetni shakllantirib boradi. Ana shu shakllanuv jarayonida personajlarning fe’l-atvori yuzaga chiqaveradi. Boshqacha aytganda, kimsasiz va beega hovliga hamma ko‘z tikib turgani, ba’zi g‘irromchilar til biriktirib o‘zaro bo‘lishib olgani ma’lum bo‘ladi. Qishloqdoshlar ko‘plashib uyni buzadi. Har kim qo‘liga ilinganini oladi. Qishloqning eng insoflisi sifatida gavdalangan personajlardan biri – usta Nizom o‘g‘riligini yashirish uchun uy egasi Suyarga qarata:

– O‘zimiz – usta, amallab ko‘tarib berardik. Oxiri quladi. Qarovsiz yotgandan keyin shu-da! Omonating bizda. Devor ostida yo‘qolib ketadi. Uying bitganda qaytaramiz. El shunday dedi, ­­­– deya o‘zini oqlamoqchi bo‘ladi.

Yoki xurjuniga ko‘p narsani tiqib ketayotgan personaj (Qadam aka) o‘g‘rilikdagi sheriklaridan biri – Nizom ustani quvvatlab:

– Eski-tuski nima kerak o‘zi, to‘g‘rimi, Suyarjon? Hemiriga yangisidan beradi-a? Eskini tuzatguncha esing ketadi, – deb hamyurtlarining “bo‘l-bo‘l”chiligi va tashmachiligini xaspo‘shlaydi.

Qissaning umumiy syujetiga sinchiklab nazar solgan o‘quvchi qishloqdoshlarning bir zamonlar elni ochlikdan saqlab qolgan Shodmonboy otani yuzxotir qilmaganiga, har kim “o‘zim bo‘lay” degan aqidaga mukkasidan ketganiga, faqatgina asosiy qahramon ahyon-ahyonda eslab turganiga guvoh bo‘ladi. Aniqroq aytganda, arzimas xoda, bo‘yra yoki bir parcha yerga ega chiqish uchun bir-birlari bilan “sen-men”ga borganini ko‘radi.

Ta’kidlash kerak, asarning umumiy ruhi inson deb atalmish muborak zotning boylik ilinjidagi pastkashliklarini fosh etgani bilan ahamiyatli. Shu ma’noda “Uy”dagi umumiy syujet va yuqorida keltirilgan mahallamizdagi voqealar o‘rtasida o‘xshashlik borday tuyuldi menga.   

Ha-ya, qissani o‘qiyotib, badiiy tilining o‘zgachaligi – baxmalliklarga xos muomala tilining sayqal berilgan shaklda asarga ko‘chganligi e’tiborimni tortdi. To‘g‘ri, ba’zi joylarda shevachilikka berilib ketgan, voqealar bir-biriga g‘aliz ulangan, oqibatda o‘quvchi ifodani tushunishi qiyin kechgan o‘rinlar bor. Bular muttasil davom etadigan mashqlar natijasida barham topadigan nuqsonlardan. Lekin personajlarning ijtimoiy holati va qiyofasini ifodalashda yoki ularning ruhiyati tasvirida: “Ro‘zg‘ori bitta ko‘k sigirning yeliniga qaragan-u dag‘dag‘asi olamni buzadi-ya!”, “Yeganimiz o‘zimizga yuqmay yuribmiz”, “Bir-ikki so‘m bersang, orqasi o‘choqdek bo‘lib qoladi”, “It talashmay ishi bitmas”, “Sening beting bilan keting bir”, “Qaynatsa qoni qo‘shilmaydi”, “Ruhi tushganning oti ham yurmaydi”, “Qo‘l uchida kun ko‘radiganning egni qisiq bo‘ladi”, “Otasiz o‘sgan uysiz o‘sgandan yomon”, “Kampiri chimildiq ko‘rpasi titilmay beva qoluvdi”, “Ota moli qo‘shilmasa, bola boyimas” kabi shevadan o‘tgan jumlalar ishlatilishi asarga zeb bergan.

Aslini olganda, bularning bari o‘zimizning gaplar. Har kuni yoki kunora bilib-bilmay, sezib-sezmay ishlatadigan jumlalarimiz. “Uy”da bu kabi ohorli, hali badiiy adabiyotda ishlatilmagan so‘z va iboralar serob. Ularning adabiy muomalaga kirishini, shubhasiz, muallifning sinchkovligi, so‘z ustida yaxshi ishlaganligi bilan bog‘lash kerak.

 Bilishimcha, ushbu qissa Olimjonning dastlabki yirik asari. Keyingi bitiklarida ham ana shunday real voqeliklar ustida qalam tebratishiga, kitobxonni dunyoni keng mushohada etishga chorlovchi asarlar bitishiga, shu bilan birga, bizdan oldingi avlodlarning og‘zida qolib ketayotgan kamyob so‘z va iboralarni adabiy taomilga olib kirishiga tilakdoshman.

Anvar SUYUN

yozuvchi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.