Sanjar Tursunovning “Qulay” hikoyasini o‘qib…

0
75
marta ko‘rilgan.

Isajon Sulton,

yozuvchi:  – Sanjar o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt tabiatini, hodisalarini, kishilar xarakterini teran kuzatadi. Tog‘u toshlar bag‘ridagi kishilar hayotini qalamga olar ekan, xalqiga qo‘lidan kelganicha xizmat qilib ketgan xokisor bola obrazini tasvirlaydi. Musibat, yetimlik, mehrdan judolik qismati pirovardida uni el xizmatkoriga aylantiradi. Haqiqatan ham shunday bo‘lishi mumkinmi? Ha, bunga Sanjarning iste’dodi tufayli ishonamiz. Tabiatga, jonzotlarga o‘zbekona munis munosabat o‘z ichimizda ham borligi uchun o‘sha soflik qalbimizga bemalol kirib keladi, Qulay degan bolakayni anchadan beri taniydiganday bo‘lamiz. Hikoyaning yana bir jihatini aytib o‘tmoqchiman. Qulay “o‘zimizning bola” bo‘lgani, bizlar bilgan-tanigan odamlar orasida umr kechirgani uchun ham odatiy o‘smir kabi taassurot qoldiradi. Ammo tasavvurga erk beraylik-da, voqeani boshqa hudud­­ga, boshqa kishilar orasiga, aytaylik, Yevropaga “ko‘chirib” ko‘raylik. Haqiqatan, g‘alati hodisa yuz beradi. O‘z muhitida Qulay oddiygina o‘ksik bola edi, o‘zga kishilar orasida esa deyarli qahramonga, dunyo tobora unutib borayotgan ezgulik farishtasiga aylanadi. Adabiyotshunoslarimiz bu hodisani umummilliy ruhiyat ilmidan kelib chiqib izohlashsa ajabmas. Balki dunyo ilg‘or adabiyotida o‘tgan asrlarda urf bo‘lgan “bilinmagan odam” hodisasi o‘zbek adabiyotida “yashay olmagani”ning sabablarini ko‘rsatib berishar? Chunki, gap “o‘zbek fenomeni” haqida ketmoqda. Xalqimizda “bilinmagan”, ya’ni qalbiga nazar tashlanmagan, shaxsiyati, javhari noma’lum odam yo‘q hisob. Hamma hammaning ko‘z o‘ngida, el kimning qanday yashashi, fe’l-atvori, tutumiyu odatidan yaxshi xabardor. E’tirozga kelsak, voqealar oqimida to‘satdan paydo bo‘lgan bo‘ri epizodi tugallanmagandek, nazarimda. Asar qonuniyatiga ko‘ra, hikoya davomida bo‘riga duch keldikmi, demak, keyinroq yana uchratishimiz kerak. Sanjar mana shu o‘rinda “timsol” unsuri zarurligini sezib, bo‘ri voqeasini kiritgan. Ammo mantiqiy davom etmagani uchun oddiy epizodligicha qolavergan, vaholanki, aynan mana shu o‘rinda timsolga aylanib ketishi kerak edi. Hayot uni turli ko‘rinishlarda odamlarga ro‘para qilishi, goh qismatga aylanib Qulayni tortqilashi, goh tahdidga aylanib hikoya qahramoniga yana duch kelishi, ziddiyatni kuchaytirishi, goh yovuzlik, goh xatar, goh hayotning o‘zi kabi, kimlarnidir, qaylardadir… o‘ljaga aylantirishi kabi, hikoyani quvvatlantiradigan ancha-muncha imkoniyatlar ko‘rinib turgani holda, adib uni chetlab o‘tib ketgan. Ilk taassurot shunday. Qolganini mutaxassislar aytishar.

 

Abdulla Ulug‘ov,

adabiyotshunos: – E’tiborni tortadigan ushbu hikoya yosh ijodkorlarga xos ehtiros va hayajon bilan bitilgani seziladi. Sanjar Tursunov ohorli syujet va qahramoniga o‘ziga xos nom topa olganidan zavqlanib, qalam tebratgani aniq bilinadi. Jo‘shqin ehtiros hissi hikoyaning  ilk jumlasidan boshlanib, so‘nggi gapgacha avji pasaymasdan davom etadi. Muallif hikoyada yaxlit ohang hosil qilishga intilganidan adabiy til me’yoriga ham amal qilmaydi. Chunki  har qanday qolip ehtirosli kechinmalar, jo‘shqin his-tuyg‘ularga torlik qiladi. Shuning uchun “Qulay”dagi ifoda uslubi  an’anaviy asarlarnikiga uncha o‘xshamaydi. Unda jumlalar ko‘p o‘rinda uzundan-uzun cho‘zilib, qavat-qavat bo‘lib keladi. Fikr ergashgan qo‘shma gapning murakkab shakllarida ifodalanadi. Gap ichiga bir nechta mayda gap tiqishtiriladi. Ega, kesim va ikkinchi darajali bo‘laklarning joylashuvi ko‘pchilik ko‘nikkan gap qurilishidan birmuncha farq qiladi.  Noan’anaviy qurilgan ayni gaplarda  ijodda o‘z yo‘li, uslubini topishga intilayotgan yosh qalamkashning ichki kechinmalari, his-hayajoni va ehtiroslari jo‘sh urib mavjlanadi. Sanjar qahramoniga mehrini to‘lib-toshib izhor etish orqali o‘quvchida ham Qulayga nisbatan iliq munosabat – achinish hissini uyg‘otmoqchi bo‘ladi. Ta’kidlash joiz, u bu niyatiga muayyan darajada erishadi.

Yozuvchilikda malakasi oshib, ko‘zi ochilib kelayotgan izlanuvchan ijodkorning ushbu hikoyasida talay kemtik jihatlar ham ko‘rinadi. Birinchidan, unda ayrim o‘rinlarda gap “… paydo bo‘ldi u”, “… rahmi kelib”, “… aynitadiganday jahllanib” tarzida tugallanadi. Bu esa uslubmi, izlanishmi, nimaligidan qat’i nazar, g‘alati tuyuladi. Ikkinchidan, “er to‘lg‘oq tutgan xotinday lopillayotgan”, “bir ariq suvni to‘lib-toshishiga hissa qo‘shdi”, “gapimga ham ravo ko‘rmaganman”, “Onam­ning tobi qochib, kulchaday bo‘lib olgan, oh o‘laman, deydi to‘lg‘onib”, “Bog‘lar ko‘paygani to‘g‘ri” kabi o‘rinlar o‘quvchini g‘ashlantiradi.

Hikoyadagi o‘spirinning birdan-bir boyligi – bo‘ynidagi tumori ekani, uni onasi olamdan o‘tayotganida vasiyat qilib qoldirgani, otasi ovga ketib qaytmagani ma’lum qilinadi. Umrida qishlog‘idan chetga chiqib ko‘rmagan onaning o‘g‘liga vasiyati esa siyosiy rahbar xodimning nutqiga o‘xshab ketadi. Hikoyada muallif nutqi bilan qahramon nutqi bir xil bo‘lib qolgani aniq seziladi. Ayniqsa, dunyodan ko‘z yumayotgan onaning bolasiga: “Agar bu beshafqat dunyoda bitta do‘st topsang, shuni taqib qo‘y” deyishi juda chuchmal. Onasi bo‘yniga taqib yurgan va unga qoldirgan tumorni qaysi o‘g‘il kimningdir oti, eshagi, qo‘zisiyu itining bo‘yniga taqadi? Bu onaning ruhiga hurmatsizlik emasmi?..

“Qulay” yana ancha mulohaza bildirishga imkon beradi. Bu Sanjar Tursunovning  mashaqqatli yo‘lda hech narsadan cho‘chimasdan, ikkilanmasdan dadillik bilan izlanayotganini bildiradi.

 

Abdulla Chimirzayev,

yosh yozuvchi:  – Tengdoshlarimizdan Sanjar Tursunov adabiy jamoatchilikka samimiy hikoya­lari bilan yaxshi tanish. Uning yozganlarini baholi qudrat kuzatib kelaman. Xususan, “Oq ovulning ozodasi”, “Seni yaxshi ko‘raman” hikoyalarida o‘smirlar hayotidagi muhabbat kurtaklari rangdor, jonli va xarakterli tarzda o‘z ifodasini topgan. Uning  “Qulay” hikoyasini o‘qiganimda Xudo yuqtirgan iste’dod bilan birga qalami ham vaqt sayin charxlanib borayotganday tuyuldi. “Qulay” didaktik hikoya bo‘lsa-da, bir muncha o‘ziga xos topildiqlar bilan ko‘zga tashlanadi. Qahramonlar xarakteri ishonarli tarzda chizilgan. Muhimi, hikoyani o‘qigan o‘quvchi begonalar qayg‘u-hasratiga ozmi-ko‘pmi hamdardlik qilish bilan qalbida tozarish hissini tuyadi. Bu, albatta, tengdoshimning yutug‘i.

Biroq dag‘alroq bo‘lsa-da, bir-ikki mulohazalar ham bor. Yozuvi, shoir bo‘ladimi, umuman, ijodkorni taom tayyorlayotgan oshpazga qiyoslash mumkin: oshpaz mahoratli bo‘lib, tuzu ziravorlarni joy-joyida qo‘llasa, qanday haroratda, qancha vaqt ushlab turishni bilsa, u taom chindan xushta’m va mazali bo‘ladi. Agar aksi bo‘lsa-chi? Fahmimcha, “Qulay” hikoyasida tashbehlar va izohlar biroz me’yoridan oshgandek. Bu Sanjarning ayni so‘z qo‘llashi, gap qurishida ko‘rinadi. Juz’iy kamchiliklar vaqt o‘tishi bilan o‘z o‘rniga tushib ketadi. Albatta, izlansa, uslubim shu, deb yozayotgan yo‘lini ko‘rsata olsa. Nazarimda, tengqur ijodkorlarning aksar asarlari tili, obrazlar va etnik tasavvurga ko‘ra bir qishloqning odamlariga o‘xshaydi. Rostini aytganda, barchamiz bir qobiqqa o‘ralib qolgandekmiz.

Eng asosiysi, Sanjarni yaxshi hikoya bilan tabriklasa bo‘ladi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.