Qulay. Hikoya

0
177
marta ko‘rilgan.

U hozir tirik bo‘lsa-yu, lekin ko‘zlari ko‘rmay qolgan, kimdir o‘qib berayotgan yoki qulog‘i eshitmayotgan-u, boshqa bir kimdir harakatlar bilan tushuntirayotgan yo hammasidan benasib – bu dunyodan o‘tib ketgan, tiriklik daryosi qurib, hayot bog‘i vayron bo‘lgan esa-da – baribir ich-ichimdan, u mendan xafa emasday, ha, yozdingmi, mixladingmi ishqilib, tagi teshikmasmi, deganday bo‘laveradi va shuning uchun ham uni sizga tanishtirishni istadim.

U o‘zining ismini bu shafqatsiz dunyoyu va unda yashayotgan tanballarga, ishyoqmaslarga, tekinxo‘ru pastkashlarga, boringki, bori odamzodga Qulay deb tanishtirdi. Qutlimurod, Qulmurod, Qulfiddin, hatto Qultoy ham demadi. Keyinchalik unga:

“Nega Qulay? Boshqa ism aytsang, sendan birov hujjat so‘rarmidi?!” deganimda, indamagan, xiyol qisilgan ko‘zlarida sho‘x tabassum o‘ynab, so‘ng qandaydir ma’yuslik, yo‘q, ma’sumlik akslangan va men, nachora, unga shu ism yoqsa kerak, degan xulosaga kelganman.

Qulay deganda dastlab ko‘z o‘ngimizda qop-qora yigit gavdalanardi. Bo‘yi Rahim kaltaning qulochi bilan o‘lchansa, bir yarim, Shodi darozning esa bir qulochiga ham yetmas edi. Har holda, yoshi kattalarning Qulay kalta deganini eslasam – u pakana edi. O‘lguday chayir, bilaklari zarang daraxtiday qattiq, hamisha bir xil ust-boshda yurar edi: qora, no‘xotday sochmalari o‘ziga yarashgan ko‘ylak, ikki tizzasiyu soni oqargan jinsi shim, ancha urinib qolgan katta patinka. Uning bor boyligi, Zulpin kampirning deyishicha, dunyosi – ustida edi. Darvoqe, chiroyli tumor va uni bo‘ynida tutib turgan zanjiri ham bor edi.

Momoning aytishicha, uning yoshi mendan katta, menga qaraganda besh-olti tut pishig‘ini ko‘p ko‘rgan ekan.

 

Qish ko‘rpa-yostig‘ini orqalab, olis-olislarga ketishga chog‘lanayotgan, yer to‘lg‘oq tutgan xotinday lopillayotgan, osmon yosh bolaning ko‘z yoshiday yoqimli yomg‘irini zaminga sochayotgan bir paytda Suvqaynarda paydo bo‘ldi u.

– Odam ham shuncha tussiz bo‘ladimi, – degan Nozim bobo keyinchalik ko‘p afsus qilib, – O‘zi qora bo‘lsayam, ichi oq ekan uni, – deya to‘y-ma’rakalarda gapirib yurganini hamma eshitgan.

– Qop-qora ekanmi? Kechasi yo‘lingdan chiqib qolsa, biror qoraqo‘ng‘iz deb bosib o‘tasan, yo yuraging tars yorilib o‘lasan, – degan ekan Amrillo taksi hiringlab. Taksichida namak bo‘ladimi, debdi kimdir bolaga rahmi kelib.

– Qorami, xunukmi, alvasti yo ajinami, u endi shu yerda – mening uyimda yashaydi. O‘tinimni olib keladi, bedamni o‘radi, olmamni teradi, – debdi Karim katta xuddi hozir kimdir ilib ketadiganday, biror nima va’da qilib aynitadiganday jahllanib.

Karim kattaning nonini birov yarimta qilmadi, bog‘iga kirib kelayotgan suvni urib qolmadi, bil’aks, yarim nonni butunga, bir ariq suvni to‘lib-toshishiga hissa qo‘shdi – Qulay umumiy mardikorga aylandi. Kimning uyida, bog‘ida, dalasida ishi bo‘lsa – o‘toqmi, o‘tinmi, yer ag‘darishmi, chakana qo‘y boqishmi – saratonni issiq demay, qahratonni sovuq demay, berilgan haqni Karim katta qanchalik og‘rinmay ishlatsa, Qulay hech xafa bo‘lmay, jilla qursin, bo‘yin tovlamay odamlarning ishini qilib yuraverdi. Ora-sira to‘y-hasham, bayram, hayit bo‘lib qolsa, unga xudo beradi – to‘yib ovqatlanadi, o‘ynaydi, ichadi va “Hech kimga ma’lum emas, holi parishonim mening”, deb qo‘shiq boshlab yuboradi. “I-ye, bu qip-qizil artist ekan-ku! Qani, bir qo‘shiq aytsin!” deya ba’zi hangomatalablar o‘rtakashga uch-to‘rt so‘m qistirib, navbat olib berishsa, tap tortmay mikrofonni oladi-da, o‘sha bir misra qo‘shiqni takror-takror aytadi. U yog‘idan o‘tsangiz ham, bu yog‘idan o‘tsangiz qo‘shig‘ini kuylayveradi, bitta so‘z qo‘shmaydiyam, tushirib ham qoldirmaydi. Tebranib turaveradi. Kurashlarda o‘n bor yiqilsa ham yana olishadi. Ko‘pkariga esa… biror marta bo‘lsin borgan emas. O‘sha tun, nega ko‘pkariga bir martayam bormaysan, deganimda, otlar tuyog‘i ostidagi uloqni ko‘rsam, titrab ketaman, degan edi.

Endi, yashirib nima qildim, avvallari u bilan salomlashishdan or qilganman – ijarg‘anishmi, mensimaslikmi yoki ha, uni o‘zimga teng ko‘rish u yoqda tursin, gapimga ham ravo ko‘rmaganman. Ota-onasining bag‘rida qorni to‘q, usti but, uchqur orzular og‘ushida ulg‘ayayotgan bizdek o‘smirlar qayoqda-yu, u qayoqda?! Lekin…

Lekin o‘zing istagan chiziqdan emas, avvaldan belgilab qo‘yilgan yo‘ldan yurishingni kim bilibdi, deysiz?

Qishning chillasi edi.

Onamning tobi qochib, kulchaday bo‘lib olgan, oh o‘laman, deydi to‘lg‘onib. Otam nima qilarini bilmay, nuqul peshonasining terini artar, singillarim chirqillab yig‘lardi. Men bo‘lsam, xuddi bo‘g‘ziga pichoq tortilayotgan qo‘zichoqday chorasiz – kimga, kimgadir najot nigohi bilan boqaman-u, ammo o‘sha nigohning ayni damda yo‘qligi vujudimni muzlatib yuborgandi. Shu chog‘ otam taraddudlanib:

– Bo‘ldi, bo‘ldi! Yig‘lamanglar, men hozir do‘xtirni opkelaman, – dedi.

Go‘yo hozir otam ketsa, onam o‘lib qoladigandek, faqat otamgina uni saqlab turayotgandek eshikka otildim:

– Siz o‘tira turing, men… o‘zim olib kelaman…

Otam, chamamda: qo‘rqmaysanmi, yo‘l-yo‘lakay Nodir o‘rtog‘ingni olib ket, dedi. Ammo men yolg‘iz o‘zim, katta ko‘chadan yugurib borardim.

Kasalxona qishloqning quyruq tomonida bo‘lib, uning keng hovlisi dashtga tutashib ketgan edi. Tun zim-ziyo. Maydalab qor yog‘ib turar edi. Ikki qadam narini ko‘rib bo‘lmas – ko‘p o‘tganim, yodimda o‘rnashib qolgani uchungina yo‘ldan qoqilmay odimlardim. Shifoxona bilan bizning mahalla o‘rtasini daryo ajratib turardi. Ko‘prikka yetganimda, bilmadim, negadir oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmay qoldi, sochlarimni tikka – xuddi jayraning sixiday bo‘layotganini ham sezdim-u, beixtiyor yuragim  “shig‘” etdi va bir muddat butun badanim muzlab ketganini his qildim.

Mendan ikki qadam narida – bir juft ko‘z yashil chiroqday yonib turar edi. Bo‘ri! Xayolimga kelgan birinchi so‘z shu bo‘ldi va endi meni tilka-pora qilishini o‘yladimmi, yo ko‘zimga ko‘rinib ketdimi, har holda, ado bo‘lgan edim. Go‘yo oyoq-qo‘lim qotib qolgan-u, faqat ko‘z oldimdan tasvirlargina lip-lip o‘tib turardi. Esimni taniganimdan to shu kungacha nima qilganim, hatto, nelarni o‘ylaganim ham menga kaftdagiday ko‘rinar va eshitganlarim: bo‘ri chillada mast bo‘lishi odamni hech ikkilanmay olishiyu bunday paytda kishining tili tanglayida qotib qolishi, bejizga jondorda Azroilning bir tuki bo‘lmaydi, deyishlarini kimdir qulog‘im ostida shivirlab gapirardi go‘yo.

O‘n olti yillik hayotim bor bo‘y-basti bilan qarshimda turar: kimni  ranjitganim, kimdan xafa bo‘lganim va endi shunday osongina – zim-ziyo tunda yo‘q bo‘lib ketishim, uyimizni, ota-onam, singillarimni hech qachon ko‘rolmasligim-u, mana shu tog‘, daryo, daraxtlar, yo‘llar, boringki, barcha jismlarni ushlolmasligim… Bir gap bilan aytganda, o‘lim qarshimda, mendan ikki qadam narida turar – hayotni judayam yaxshi ko‘rib ketgandim. Tamom, o‘ldim, sho‘rlik onam – onam ko‘z oldimda gavdalandi, mana, meni kutib otam tashqariga chiqib, ko‘chaga bir-ikki qaradi, nega bu kechikdi ekan, deya xavotirga tushib bir xayoli ortimdan kelmoqchiyam bo‘ldi, kep qolar, ora yaqin-ku, dedimi, yana uyga – onamning yoniga borib, “Kelayotgan bo‘lsa kerak, itlar hurayapti”, deganday bo‘ldi. Onam esa hozir doktor kelsa, joni orom topib, og‘riq bosilayotganday boshini biroz ko‘tarib, singillarimga qarab jilmaygani va ularning endi onam o‘lmaydi, tuzalib ketadi, degan xayolga borgani-yu, chehralari yorishib, doktorga joy tayyorlagani – ikki qavat ko‘rpacha solib, pechkaga olov yoqqani-yu, narigi uydan meva-cheva olib kelganigacha ko‘rib turardim. Yana onam meni kutadi, kutaveradi, oradan bir soat, ikki soat, uch soat vaqt o‘tar, keyin… meni izlab, otam chiqar hech joydan topolmay, uyga borishga yuragi betlamay – ko‘chani aylanib yurar, bir-ikki qo‘ni-qo‘shnini uyg‘otar, baribir tonggacha topisholmay, sahar esa ko‘prikning ustidagi qon izlarini ko‘rib, kiyimimning yirtig‘idan tanib, ana undan keyin qiyomat qoyim bo‘lishini – onam dod deb o‘zini har yonga urishi, otam boshi egik nuqul yuragini changallashi, singillarimning chirqillab yig‘lashlari, qishloqdoshlarimdan kim eshitsa, mahzun bo‘lib qolishi-yu, ko‘zlarida yosh g‘iltillashi, o‘n olti yosh-a, hali bola edi-ku, deyishlari – hamma-hammasini ko‘rib, eshitib turar edimki, endi gapning rosti, o‘limdan qo‘rqmayotgan edim. Men sabab onam tuzalganimi, bilmadim, nimadir menga xotirjamlik berayotgandi. Nima bo‘pti, tug‘ilish bu – o‘lish degani, bugunmi, ertami, qachon bo‘lmasin, baribir o‘lar ekanman, mayli, o‘sha kun hozir ekan, kela qolsin, degandirman-da. O‘zimni chalg‘itishmi yoki alahsirashmi, ehtimol, qattiq qo‘rqqanimdan sezgilarim zaiflashib, ayni o‘sha lahzalarda qaysi bir a’zolarim faoliyatdan to‘xtagan yo, umuman, o‘lim qo‘rquvdan ustun kelgan bo‘lsa kerak… Endi o‘ylab ko‘rsam, o‘shanda barcha o‘ylarim miyamga shunchalik tez kelib ketgan ekanki, qaniydi, bir umr shunday tez fikrlasam, deyman o‘zimga-o‘zim.

Biroq o‘shanda hamma narsaga – axir qarshimda bo‘ri va u orqali meni bo‘g‘zimdan oladigan o‘lim bor edi, xolos – tayyor edim.

Bo‘riga mag‘rur qaradim. U bo‘lsa mendan ko‘zini uzmay, bir qadam bosdi-yu, ilkis ortga o‘girildi va odamning, ha, aynan odamzodning “O‘ldiraman seni”, degan ovozi eshitildi. Bo‘ri o‘zini daryoga otdi. Qarshimda ko‘zlari yonib Qulay turar edi. Ikkimiz ham bir-birimizga tikilib qoldik. So‘ng o‘zimga keldim-u, onam esimga tushdi, kasalxona tomon yugurib ketdim. U bo‘lsa ko‘prikning o‘rtasida qolaverdi…

Yana bahor keldi.

Osmonni to‘ldirib, qaldirg‘ochu turnalar, bulutlarga yelkadosh bo‘lib burgutlar uchdi.

Yerni yorib boychechaklar chiqdi. Qir-adirlarda alvon-alvon qizg‘aldoqlar ochildi. Kapalaklar momoqaymoqlarga qo‘nib-qo‘nib, tol shoxida qushlar g‘ujurlashdi, sirlashdi. Tilla qo‘ng‘izlar yalpizlardan tiriklik totini totdi.

Shamollar tog‘dan boqqa, bog‘dan adirlarga, daraxtlarni tebratib, uylarga gullarni sochib esaveradi. Terak barglari bo‘sa bergan o‘n yetti yoshli qizday titray boshladi.

Cho‘qqidagi qorlar jilg‘aga aylanib, ariqlarni, irmoqlarni to‘ldirib oqdi. Daraxtlar endi tili chiqqan bola singari barg yozdi, kurtak ochdi, meva tugdi… Daraxtlarning devorlardan oshib o‘tgan shoxlaridagi mevalar yo‘llarga to‘kildi.

Bog‘lardan qushlar ketmay qoldi. Gala-gala bo‘lib goh janubga, gohi sharqqa parvoz qilib, bog‘lardan bog‘larga salom yetkazdi ular.

Bu bahor uch marta xuddi mana shunday kelib ketdi.

O‘sha to‘rtinchi bahorda ham dillar yashillandi, tabiat mehmon kutayotganday taraddudlandi.

Tabiatda neki bor giyohdan tortib daraxtgacha, qumursqadan tortib yo‘lbargacha bahor kayfiyati yurakka ko‘chayotgan bir paytda, hamma o‘zgaruvchanlikni boshidan o‘tkazayotgan lahzalarda faqat Qulay o‘zgarmadi, u o‘zicha – o‘sha ust-boshu xizmatkorligicha qolaverdi. Aksincha, ishi ko‘paygandan ko‘payib tinim bilmas, bir kun uning bog‘iga borsa, boshqa safar toqqa otlanar, adirda, tomorqada ishlab yurardi. Suvqaynarda ustadan ko‘pi yo‘q. Lekin Qulay barini dog‘da qoldirdi: quyosh botadigan payt, hamma dalayu dashtidan horib-charchab keladigan mahal u paxsa urardi. Issiqda ursa yorilib ketarmish. Keyin, loy kamida o‘n ikki soat pishmasa, u uyning ertasi yo‘q emish. Shu, shu – bular Qulayning gaplari…

Lalmi yerlarda bog‘lar barpo qildi u. Bir kunlik yo‘ldan ariqlar qazib, suv boylab keldi. Ko‘chalarning o‘nqir-cho‘nqirini kichik toshlar bilan to‘ldirdi. It tindi, eshak tindi, qurbaqalarning sayrashiyam tindi – faqat Qulay tinay demasdi.

Karim kattaning qorni chiqib, to‘lishib qoldi, bolalari kunora kiyim oladi, mashinasini babaplatib ko‘chalarni changitadi, Qulay bo‘lsa hamon o‘sha – hammaga “mashhur” ust-boshida yurar edi. Biroq bo‘ynidagi tumori xuddi chakana navbatiday goh kimningdir oti, goh eshagi, qo‘zisiyu itining bo‘ynida bo‘lardi.

O‘sha tungi voqeadan keyin unga nima de­­yishni bilmas edim. Goh g‘ururim baland kelib qishloqdan haydatib yuborsammi desam, goh hayotimni saqlab qolgani uchun do‘stlashsammi, deya o‘ylar edim. Biroq ikkisini-da qila olmas, bilmadim, nimalardir bunga yo‘l qo‘ymas, lekin xavotirim ham bor ediki, masalan, kimgadir menga yordam berganini aytib qo‘ysa-yu, keyin odamlar mazax qilishsa, nima bo‘ladi? Biroq u o‘sha tunni unutdi, birovga-da og‘iz ochmadi. Ko‘cha-ko‘yda duch kelib qolganimizda, xuddi avvaligiday ko‘rishadi-yu, indamay yo‘lida ketaveradi. Keyinchalik o‘yladimki, ha, u meni tanimagan, bilmagan, agar tanisa bormi, hammaga doston qilardi – yengil tortdim.

Kunlar esa o‘tib borardi…

Bir tun. Aprel oyi edi.

Kun bo‘yi tinmagan yomg‘ir kechasi yanada shiddat bilan yog‘ar, tog‘lardagi qorlar erib, soylik­lardan sel kelar – oqshom ko‘rganimizda daryo judayam ayqirib oqardi, Kenja bobo – oltmish oltinchi yil shunaqa katta sel kelgandi, o‘sha yili ko‘p to‘polonlar bo‘luvdi, deganini eshitgandik.

Tun yarmidan o‘tganda kimdir darvozamizni qattiq taqillata boshladi. Uyimizda hech kim uxlamagan, otam: yotib qolmanglar, bir falokatning isi kelayapti, degan, biz tayyorlanib, agar sel kelguday bo‘lsa, katta tog‘amning uyiga qochmoqchi bo‘lib turuvdik. Ularning uyi biznikidan ancha balandlikda, daryodan uzoqroqda edi.

Darvoza yana avvalgidan qattiqroq taqillagach, otam chiqdilar. Biroz muddat o‘tib qaytdi-da, menga qarab:

– Seni chaqiryapti – dedi.

– Kim ekan? – degan onamning savoliga otamning javobini eshitmay, ko‘chaga qarab yugurdim. Bilar edim, taxmin qilib borardim, bugun ko‘chada men bilan ko‘rashayotganida, qo‘limni qisgan edi, o‘sha bo‘lsa kerak, deb ko‘chaga chiqqanimda adashmagan ekanman.

Yomg‘ir tinimsiz yog‘ardi. Uni darvoza yonidagi bostirmaga boshladim.

– Jamol boboning uyi daryo labida-ya, – dedi bostirmaga kirgach biroz sukutdan so‘ng va mendan tasdiq ma’nosini olgach: – bugun o‘shaning uyida ishlagandim. Yomg‘irda beda eksa yaxshi bo‘larkan – tez unadi, xuddi suv ichganday bo‘ladi, deb qo‘yarda-qo‘ymay yomg‘ir ostida kun bo‘yi ishlatdi. Lekin qiziq bobo ekan: goh xotinini narigi qishloqdan opqochib kelganini aytsa, goh birga tushgan rasmini maqtab qoladi. O‘sha eski rasmni o‘n marta ko‘rsatdi, o‘ziyam.  Uyga qaytayotganimda qo‘zichog‘iga ko‘zim tushdi.

Biram chiroyliki, mahkam quchoqlab hech qo‘yvorging kelmaydi. Mehrim iyib tumorimni o‘shanga taqib qo‘ygandim… – u biroz o‘ylanib turdi-da, – hozir og‘iliga kirsam, mabodo uxlamagan bo‘lsa, meni tutib olsa, o‘g‘ri deb qamatib yuboradimi, – dedi.

Bilmasam, deganday ming‘irlagan bo‘ldim. Keyin… ha, keyin miyamga bir fikr keldi: qani, so‘ray-chi, o‘sha kecha meni taniganmi-yo‘qmi, agar tanigan bo‘lsa, bor, kiraver deyman, u odam uyquchi, qotib uxlaydi, deb aldab-suldab kirgizaman-da, uni tutib, sharmanda qilib, qishloqdan haydab yuborishini tomosha qilaman, degan xayolga bordim. Rost-da, qo‘rqqanimni hammaga aytsa, sharmanda bo‘laman-ku…

U o‘sha kecha meni taniganmiding, deganimni eshitib, ko‘zimga tikilib turdi-da:

– Sen qahramon ekansan. Men Denovning Vaxshivoridanman. Biz tomonlardayam bo‘rilar bor. Chillada bemalol qishloq oralaydi. Otam ovchi edi. Uning aytishicha, har qanday hayvon avval hamla qilmaydi. Baqirsang yoki biror harakat qilsang, so‘ng tashlanadi. Sen o‘sha tun, unga tikilib turganding, u sendan hayiqayotgan edi…

Men jimib qoldim. U esa sekin-sekin keta boshladi.

– To‘xta, – dedim yelkasidan tortib. – Nega isming Qulay? Nega ko‘pkarini yomon ko‘rasan? Nega meni qo‘rqqanimni hech kimga aytmading? – va mening negalarim shunchalik ko‘p ediki, u bir muddat dovdiradi hatto. Ehtimol, ota-onasini, qishlog‘ini eslagandir.

– Ko‘pkarida onam ot ostida qolib ketgan. To‘g‘rirog‘i, meni qutqaraman deb. Seni nima deyman? Qahramonligingni aytaymi? Bilasanmi, bunaqa gaplar aytilavermaydi…  Men Jamol boboning uyiga ketdim. Bo‘pti, yaxshi qol…

U darvozadan chiqdi. Ortidan yugurdim.

– Qulay, u yoqqa borma.  Kampiri o‘lganidan keyin chol uyqusiz bo‘lib qolgan. Ayniqsa, bunaqa yomg‘irli kechalarda o‘lsayam uxlamaydi. Borma, u yoqqa.

Unga yetib olganimda nafasim tomog‘imga tiqilib, tinmay hansirardim. U… U meni quchoqlab oldi…

– Men… Men Suvqaynardan bugun ketishim kerak edi… Erta onamning o‘lganiga yigirma yil bo‘ladi… Shunga bir-ikki so‘m Karim akaga bermay yig‘ib qo‘yuvdim… U ancha vaqt jimib turdi so‘ng: – Onam… o‘layotganda bo‘ynidagi tumorni yecharkan: “Birorta do‘st topsang, shuni sovg‘a qil. Sen yolg‘izsan… Yakka – yolg‘izsan. Otang endi qaytmaydi. Men kecha tush ko‘rdim, otang bir chuqurlikka tushib ketdi. Men unga ko‘p aytdim, tashla shu ovchilikni, deb – tashlamadi, menga quloq osmadi, mana oqibati. U o‘lgan… Ha, o‘g‘lim endi sen yetimsan. Lekin sen bundan o‘ksima, mana shu tumor senga yo‘ldosh. Agar bu beshafqat dunyoda bitta do‘st topsang, shuni taqib qo‘y… – deya bir necha bor takrorlab o‘lgan edi. O‘sha tumorni… senga bermoqchiydim…

“Odamlar, qochinglar, sel kelayapti!..” degan shovqin butun qishloq bo‘ylab tarqalib, akssado bera boshlaganda, men bir zum o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, hushimga kelganimda esa.. yonimda Qulay yo‘q edi.

– Qayoqdasan, bo‘lsang-chi? O‘g‘ling qani? Qara, top tez! – degan otamning ovozini eshitdim-u, tezda bu yerdan qochishga – Qulayning ortidan borishga oshiqdim. U Jamol boboning uyiga ketganini ich-ichimdan sezardim. Yugurib ketdim. Yomg‘ir ayovsiz, shiddat bilan yog‘ardi. Daryo bo‘yiga borganimda Jamol bobo oppoq kiyinib olgan, uni odamlar mahkam quchar, u bo‘lsa o‘zini daryoga otmoqchi bo‘lardi.

– Xonavayron bo‘ldim, uyim kuydi, musulmonlar… ana, qaranglar sel uyimni olib ketdi. Endi nima qilaman, qayerda yashayman, he, yashab nima qildim, endi mening o‘lim-m qayerdan chiqadi?!

Qutirgan daryo boboning uyini olib ketgandi…

Chaqmoq chaqib, atrof bir yorishdi-yu, yana qorong‘ilik komida qoldi. Shu lahzalik nur ichida men daryoda kimningdir boshini ko‘rib qoldim. U oqimga qarab suzishga intilar, kuchli to‘lqin uni ortga siltar va u ko‘rinmay ketardi.

– Qulay… Qulay… cho‘kayapti…

Daryo tomon yurmoqchi bo‘lgandim, kimdir bilagimdan mahkam tutdi.

– Esingni yig‘, ey bola…

Bu Karim katta edi…

Yana chaqmoq chaqdi. Men yana uni ko‘rdim – qirg‘oqqa yaqin kelib qolgan edi.

– Arqon, arqon kerak, uni tortib olamiz… – deya baqirardim. Biroq Karim kattaning qo‘lidan chiqib ketolmasdim.

– Ma, o‘g‘lingni ushla, sal bo‘lmasa o‘zini daryoga otar edi. Qayoqdagi Qulayni qutqaraman deydi buning…

Otam yuzimga bir tarsaki tushirdi. Ko‘z oldim yanada qorong‘ilashib ketdi.

– Axmoq…

Chaqmoq ketma-ket chaqar, borliq yorishar, daryo battar pishqirar, endi gurs-gurs toshlarning ham ovozi eshitilardi.

– I-ye, bu nima… – deb Karim katta yerga egildi va bir narsani ko‘tardi. – Qulayning tumorimi?

Otamning qo‘lidan yulqinib chiqdim-da, tumorga tashlandim. Yana chaqmoq chaqqanida Qulayning boshi ko‘rindi: uning ko‘zidagi sho‘x tabassumni ham ilg‘aganday bo‘ldim.

– Bitta arqon topsanglar-chi?… – deya baqirdim. Qulog‘im tagiga kelib tushgan tarsakidan gursillab yerga yiqildim…

 

Oradan o‘n to‘rt qishu shuncha bahor o‘tdi. Toqqa yana qor qalin tushdi. Daryo yana quturdi.

Birodarlar, koinotda odam yashaydigan nechta sayyora bor?

Dunyoda mamlakatlar ko‘p, biroq vatanimiz bitta-ya?

Yurtimizda tuman, shahar ham talaygina, shunday emasmi?

Qishloqlar-chi?

Bog‘lar-chi?

Yo‘llar-chi?

Hali odam yashaydigan boshqa sayyora kashf etilib, kishilar o‘sha yoqlarga ko‘chib ketganicha yo‘q – hamma Yerda yashayapti! To‘g‘rimasmi?

Hamon vatanimiz bitta, buyam rost.

Tumanlarimiz, shaharlarimiz ham joyida-ku.

Qishloqlar ham.

Bog‘lar ko‘paygani to‘g‘ri.

Lekin…

Lekin… Bu dunyoda endi Qulay yo‘q.

U barpo qilgan bog‘lardan odamlar tonnalab olmalar oladi. U urgan devorlardan o‘g‘rilar oshib tusholmaydi. U qazgan ariqlarda hamon suvlar to‘lib-toshib oqadi. U tekislagan yo‘llarda mashinalar serqatnov. Karim kattaning o‘g‘liyam mashinada o‘tadi. Katta qancha to‘ylar qildi. Tanish, notanish oshini yedi, tuzini ichdi, lekin Qulay yo‘q edi bu to‘ylarda.

Suvqaynarda biror narsa yo‘qki, uni eslatmasa. Boqqa qarang, devorlarga, ko‘chalarga, daryoga, dalalargayu qo‘y-qo‘zilarga, otlarga, itlarga qarang, u shunday ko‘z o‘ngingizda paydo bo‘ladi. O‘sha sho‘x tabassumu biroz ma’sumlik bilan jonlanadi u.

Qulay jo‘ra, qayerlardasan? O‘sha voqeadan biroz o‘tib kimdir gap topib keldi. Seni Sherobodning qirlarida ko‘rgan emish. Ko‘zlaring ko‘r ekan, o‘sha qo‘shig‘ingni aytib mol boqib yurgan emishsan…

Yana kimdir To‘polondaryoning bo‘yida ko‘rgan emish. Quloqlaring kar, shuncha gapirsayam eshitmabsan? Shular rostmi, Qulay jo‘ra?

Bilaman, ular seni ko‘rmagan, o‘zi aslida hech qachon ko‘rgan emas ular. O‘sha – Suvqaynarda kelgan vaqtingdayoq seni ko‘rmagan edi. Shunchaki qop-qora bola, xizmatchi, mardikorni ko‘rishgan, xolos.

Daryodayam seni ko‘rishgani yo‘q. Yana shunchaki, ichib mast bo‘lib yiqilib tushgan axmoq deb o‘ylashgan-da.

Men bilaman – sen daryoga tumor uchun tushgansan. Ha, qo‘zichoqni qutqaraman deb tushgansan. Jamol boboning xotini bilan tushgan suratini olib chiqaman deb daryoga sakragansan. Meni ko‘rib odamlar ham tushar, boboning biror bisotini saqlab qolarmiz, deb daryoga o‘zingni otgansan, jo‘ra. Ular esa – seni ko‘rishmadi, ko‘risholmadi. Ularning ko‘zlari bor edi-ku, meni ko‘rib turishgandi-ku, deysanmi? Hex, hex, hex…

Qulay jo‘ra, sen meni kechir… Shuning uchun kechirki, o‘zim ham bilmayman, lekin sendan kechirim so‘rayman, jo‘ra… Sendan ijarg‘anganim uchun, mensimaganim uchun, baridan yomoni – tumoringni saqlab yurmaganim uchun sen kechir, jo‘ra… Garchand o‘zimni o‘zim kechirmasam-da, sen meni kechirgin, jo‘rajon…

Ko‘p jo‘ra orttirdim, do‘stlashdim ko‘plar bilan. Lekin hech kim ismini senchalik samimiy aytgani yo‘q. Familiyasini, otasining ismini ham qo‘shib aytganlar bo‘ldi, jo‘ra. Sendek toza do‘st topmadim, jo‘ra…

Suvqaynarga borsam, seni izlayman: hamma narsadan…

Sen kim eding? Odammiding yoki farishta…

Ana eshityapsanmi, “jo‘ra” demay, bir og‘izgina do‘st desam, o‘larmanmi, jo‘ra…

Yana…

Nimadir, nimalardir yo‘l qo‘ymasa, tilim xuddi o‘sha tundagidek qotib qolsa, nima qilay, Qulay jo‘ra…

O‘zing ayt, men nima qilay, jo‘rajon?!..

 

Sanjar TURSUNOV

1986 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at institutining jurnalistika bo‘limini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” ruknida “Muzaffar tong” hikoyalar to‘plami chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.