So‘zni asrash baxti

0
91
marta ko‘rilgan.

Yoshlar ijodini muntazam kuzatib, bu haqda xulosalar aytish vaqt va hafsala talab qiladi. Qurdoshlar, uka-singil qalamkashlar ijodini imkon qadar kuzatib boraman. Iddaoga yo‘yilmasin-u, ochig‘i, ko‘pchilik yosh ijodkorlarning So‘z va Adabiyotga munosabati, mo‘ljal-maqsadi maydaligi, mas’uliyatsizligi, o‘tkinchi nag‘malarga ishqibozligini ko‘rib-bilib, nima deyishga ham hayronsan.

Ko‘pdan buyon yosh ijodkorlarga umumiyroq maktub yozib, dildagi gap­larni aytish niyati bor edi. “Yoshlik”chilar qistovi bilan, qolaversa, kimlargadir ta’siri bo‘lar, har kim o‘ziga yarasha xulosa qilar, degan niyat­da ayrim fikr-mulohazalarni havola etgim keldi. Yozganlarim boricha berilayotgan bu gaplardan muddao kimgadir yo‘l ko‘rsatishga urinish emas, yoshlarni so‘z va ijod mas’uliyatini teranroq his qilish, chinakam adabiyotga daxldor asarlar yaratishga undashdir.

Ijodkorlar orasida “O‘ttiz yoshgacha shoir bo‘lsang bo‘lding, bo‘lmasa – kech” qabilidagi gap yuradi. Bu gap nisbiy bo‘lgani bilan haqiqatdan oziqlanadi. Negaki, she’r – yoshlik, navqironlikning o‘zginasidir. Bugun she’riyatimizga gurullab kirib kelayotgan yosh shoirlar ko‘p. Lekin kim qanday ijod qilyapti, yozganlarining saviyasi qay darajada? “Yosh shoir” deganda kimlarni nazarda tutyapmiz: havaskor qalamkashdan tortib yoshi qirq, hatto ellikni qoralab qolgan katta yoshdagi ijodkorlar ham “yoshlar ro‘yxati”dan tushmay kelayotgani ajablanarli emasmi?

Nazarimda, yoshlar she’riyati vakillarini uch guruhga bo‘lish mumkin. (Atay “avlod” demayapman!) Birinchisi – nisbatan avvalroq nomi ko‘rina boshlagan, adabiy jamoatchilik va she’riyat muxlislariga tanilib ulgurganlar. Ularning ayrimlarini yosh shoir deb atashga istihola qiladi kishi. Ikkinchisi – bir-ikki to‘plami, adabiy nashrlardagi chiqishlari bilan tilga tusha boshlagan umidli yoshlar. Uchinchisi – she’riyat olamiga keyingi yillarda qadam qo‘yayotgan qalamkashlar, tom ma’noda istiqlol farzandlari.

Yaqin besh-o‘n yillar ichida ko‘plab yoshlarning to‘plamlarini o‘qidim. Bayozlar, matbuot va internetdagi she’rlari bilan tanishdim. Mutolaa davomida tug‘ilgan ba’zi mulohazalarni qoralab qo‘ygan ekanman…

 

* * *

Shodmonqul Salomning eng yaxshi she’rlari guvohlik berishicha, u – ko‘ngil shoiri, she’ryurak yigit. Shodmonqulning sara she’rlarida Ko‘ngil poetik obraz darajasiga ko‘tariladi. Ularni o‘qib “ko‘nglini, faqat ko‘nglini asrab” kelayotgan va shu bilan xushbaxt, shu ila alamnok lirik qahramon bilan suhbatlashganday bo‘lamiz.

Shodmonqul ko‘nglini, ruhiy kechinmalarini bor bo‘yicha, ortiqcha bo‘yab-bejamay she’rga ko‘chirgisi keladi va ko‘pincha bunga erishadi. Uningcha, har yurak – payg‘ambar oroli. Ammo shu “muqaddas orol”lardan qancha-qanchasi talato‘plar ichra vayron bo‘layotibdi. Hammasidan shunisi alamli! Shoir o‘z ko‘ngli tilida butun insoniyatga qarata “Ko‘ngilni asrang!” deya xitob qilayotgandek. Lekin bu asrash – kurashmoq, ko‘ngil kushandalariga qarshi turishga da’vat degani. Shuning uchun uning lirik qahramoni: “Yurak degan loladay yonsa, / Sharror oqib tursa qoning-da”, – deya orzu qiladi. Bu qahramonning fe’li ham o‘ziga yarasha. Ayniqsa, har narsaga ko‘nib ketaveradigan “mo‘min-qobil”lar, foydasiyu zararining tayini yo‘q “silliq” kishilar bilan hech kelishmaydi. “Mo‘tadillar – mening dushmanim”, – deydi u yanada keskinroq kilib.

Bobolar kaftida qabardi tuproq,

Qabargan tuproqlar berdilar hosil.

Qo‘lda ayri aso – abadiy so‘roq;

Bor bo‘lsa, bir kelsin Shodmonqul.

Shu zayl o‘zini-o‘zi yo‘qlayotgan shoir she’rlarida shamollar nay chaladi, ko‘plab bag‘ishlovlaridan qadim Surxon kengliklari nafasi keladi. Uning ota-­ona, Vatan mavzusidagi she’rlari or-nomus, el-yurt sha’niga qasidadek aks-sado beradi. Shu o‘rinda shoir ko‘nglini, poetik dunyosini folklor o‘stirayotganini, daho xalq ijodining qadim ohanglari she’rlariga yarashib turganini qayd etib o‘tmoq joiz.

Shodmonqul ancha erkin kuylaydi. Ammo ba’zan aynan shu “erkinlik” haddan oshib, yoqimsiz erkalikka aylanadi. Biz “Shoirlar – Xudoning erkatoylari” qabilidagi behuda tushunchalarni shiorga aylantirmasligimiz kerak. Ba’zan “erkatoy” ko‘nglimiz qistovi bilan o‘zimiz bilib-bilmagan holda she’rda har narsa deb yuboramiz, hatto Yaratganga “buyruq”lar bera bosh­laymiz (?!). To‘g‘ri, she’r – kuchli ehtiros farzandi. Lekin, fahmimcha, shoirning so‘zi faqat hissiyotchan bo‘lishi, xayolga kelganini tilga ko‘chiraverishi ham maqbul emas. She’rdagi “aql” ana shu “shakkok” tuyg‘ularni ma’lum ma’noda jilovlash, aniqrog‘i, to‘g‘ri o‘zanga burish uchun xizmat qiladi. Nazarimda, Shodmonqul jununvash misralarida ba’zan shuni unutadi. Bundan tashqari, uning to‘plamlariga kiritilgan she’rlar darajasida sezilarli farq bor: sarbaland ruhga uyg‘un she’rlar bilan jo‘nroq mashqlari yonma-yon turibdi. Muhimi shuki, Shodmonqul Salom she’rni shunchaki ko‘ngil ishi emas, hayotiy e’tiqod, dunyoning kamoliga hissa qo‘shuvchi qudratli ilohiy in’om deb biladi va shu ma’noda o‘zini “so‘z g‘ulomi” deb ataydi.

Nosirjon Jo‘rayevning she’rlari ifoda jihatidan ancha ravon. Yozganlarida ulug‘ ustozlarga hurmat, ularga munosib davomchi bo‘lish hissi poetik tilga ko‘chib, ajib kayfiyat hosil qiladi. Ayniqsa, Nosirjonning peyzaj she’rlari o‘ziga xos. Imkon qadar siyqalanmagan qofiyalarni qo‘llaydi. Uning lirik sub’yekti borliqdagi har zarradan hikmat axtarib, tabiat tilidagi har shivirga quloq tutgisi, yaproqlar qo‘shig‘ini tinglagisi keladi. O‘tayotgan umri, muhabbati, kelajagiga bot-bot tafakkur “ko‘z”i bilan nigoh soladi:

Ko‘ksim aro iliq shamol esgan dam,

Bilmam, qanday ekan sen yoqda havo…

Bir hadik ketmaydi bugun dilimdan –

Etmoqdami-yo‘qmi bahoring davom!

                                           (“Maktub” she’ridan.)

Shodmonquldan farqli o‘laroq Nosirjonning she’rlari sokin, o‘ychan. Albatta, bu uning tabiati, o‘z dunyosidan darak. Ba’zi she’rlari esa atay she’r yaratish uchun, o‘ylab yozilgandek taassurot uyg‘otadi; sun’iylik seziladi. Lekin, bilishimcha, Nosirjonda odatda uncha-muncha qalamkashning bo‘yni yor bermaydigan muntazamlik, ijodda bardavomlik bor…

Oygul Asilbek qizining she’rlari jiddiyligi, falsafiy mulohazalarga boyligi bilan e’tiborni tortadi. Oygulning shoirlikni qismat deb bilishga shayligi, o‘z navbatida, shoir o‘z So‘zi – taqdiri uchun naqadar mas’ul ekanini teran anglab borayotgani mana bu misralaridan ham ayon:

Shoshildim, ummonlar sari yugurdim,

Sayoz daryolarni qilmadim pisand.

Uchdim osmonlardan nari – urindim,

Harchand ucholmadim taqdirdan baland.

Oygul katta ijodga mansub she’rlar bitishni xohlaydi va yozganlarida bu ulug‘ maqsadini yashirib o‘tirmaydi. “Shoir xayollari” (Men uni “Shoir xayollar” deya atagim keladi) nomli to‘plamida shoiraning bezovta ruhi, bedor qalb sadolarini eshitgandek bo‘lamiz. Uning muhabbat mavzusidagi she’rlari hazin ohanglarga jo bo‘lgan:

Tushungin ko‘ngilni, tushun taqdirni,

Uzoq ibtidoni eslamoqda kim?

Men seni unutdim, odamlar hatto

Xudoni unutib yashamoqda jim.

 

Negadir oq-qora ko‘ringan umr,

Sirg‘alib bir zayl o‘tmoqda har gal.

Sening ko‘zlaringni o‘ylab uyg‘onsam,

Nimadir yashashga beradi xalal…

 (“Unutish” she’ridan.)

Lirik qahramon shunchaki oh-voh qilayotgani yo‘q. U “sershovqin sovuq dunyo”da eslashga arzirli hech vaqo qolmayotganidan iztirob chekayotir. Foniy dunyo nag‘masi bilan band sevgisiz odamlar hatto Yaratganni-da “unutib” qo‘ygan. Mana shunday foje’ lahzalarda bir dilozorni yoddan o‘chirish nima degan gap?

Oygul shu yo‘nalishdagi she’rlarida inson sevgida ham butun bo‘lishi, maydalashmasligi, aksincha, jasorat ko‘rsatib yashashi kerak, deya ta’kidlagandek bo‘ladi. Ehtimol, qiz ko‘nglining inja tuyg‘ulari aks etgan mayin ohanglarga ko‘nikkan she’rxonga shoiraning ayrim she’rlari birmuncha dag‘alroq tuyu­lar. Oygulning yozganlarida odatda ayol kishiga xos bo‘lmagan shiddat bor va, nazarimda, mana shu fazilat uning she’rlarini nurlantirib turadi. Balki u bu jihatni o‘zi sevgan shoiralar – Anna Axmatova, Marina Svetayeva ijodi ta’sirida shakllantirayotgandir. Nima bo‘lganda ham, Oygulning rus, umuman, dunyo adabiyotidan boxabar bo‘lish, jahoniy miqyosdagi asarlar yaratishga, o‘z yozganlariga umumjahon she’riyat mezonlari bilan yondashishga urinayotgani quvonarli. Ammo shuning o‘zi bilan ish bitmaydi-da. O‘ylaymanki, Oygul, umuman, boshqa yosh shoirlar ham faqat ilhom onlari mahsuli bilan kifoyalanmasligi, she’r ustida yanada jiddiyroq ishlash, har satrni pishitmaguncha, har so‘z joyini topmaguncha ter to‘kishga o‘zini o‘rgatishi kerak. Oygulning she’rlarida yana bir qur ko‘rib chiqilib, jiddiy tahrirdan o‘tsa, yaraqlab ketadigan yoki bir-ikki juz’iy kamchilik yuziga dog‘ bo‘lib turgan satrlar kam emas. Ko‘pincha qaratqich kelishigi qo‘shimchasi (-ning) o‘rnida tushum kelishigi qo‘shimchasi (-ni) qo‘llanadi (bu qusur ba’zi katta shoirlar ijodida ham bot-bot uchrab turgani, she’riyatimizda “-ni” va “-ning” farqlanmay qo‘yilayotgani uchun atay ta’kid­lab o‘til­yapti): Buni nima ahamiyati bor / Xazonrezgi to‘zg‘in shamollar; Meni sizga xusumatim yo‘q; Men yaxshi bilaman… Siz bilan kunlarni g‘animatligin; Men sening qalbingni so‘lg‘in rangidan / O‘limning suratin chizgim keladi… Ko‘p hollarda she’r bandidagi misralardan birida bo‘g‘inlar soni ortib ketadi. Bular juz’iy kamchilikdek tuyulsa-da, she’r mukammallik kasb etganiga ne yetsin!

Bashorat Otajonovaning she’rlari, adashmasam, bundan o‘n yillar avval markaziy adabiy nashrlarda ko‘rina boshlagandi. Keyin… ko‘rinmay qoldi. Oila bag‘rida farzandlari bilan andarmon bo‘ldi, shekilli. Shu vaqt ichida yozuv-chizuvdan qolmagani uning ayni dam matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda to‘lib-toshib e’lon qilayotgan satrlarida ham namoyon. Lekin yana bir gap: ijodkor ko‘rinmay qolishdan uncha xavotirga tushmasligi, aksincha, bugungi shovqinlar ichra imkon qadar O‘zini, So‘zini asrab yashagani, ommaviy havaslardan panaroqda yurgani ham durustroq. Muhimi – o‘zni, so‘zni zo‘rlamay, rost tuyg‘ularnigina she’r tiliga ko‘chirish.

Saraton charchadi…

Eski ko‘ylagin

Yuvib marvartakning shoxiga ildi.

So‘ng mening yonimga – yog‘och ko‘prikka,

O‘zini tashladi horg‘in va dilgir.

 

Boshimizda osmon – ko‘nglimday ulkan,

Yulduzlar – yuzimga toshgan sachratqi.

Somon yo‘li kezar ko‘zlarimizda,

Yurakni yorgudek hayrat sachratib…

Bashoratning she’rlari o‘zi sevib tasvirlaydigan Kuz singari sokin, tabiat manzaralarini so‘zda suvratlantirishi o‘ziga xos. Uning she’rlaridagi asosiy qahramon – “yovvoyi gullarday chiniqib o‘sgan” qiz xayollari, orzu-armonlari samimiy va andak hazin ohang­li satrlarda zuhurlanadi, ko‘ngilga kirib boradi…

Iroda Umarovaning she’riy bitiklari bir qarashda sodda, doimiy mavzudagi oddiy dil izhoridek tuyulsa-da, kutilmagan ifoda, ohorli tashbehlari bilan ajralib turadi. Shu bois uning “Lola”, “Dil”, “Maylimi…” kabi she’rlari o‘quvchiga xush kayfiyat ulashadi:

Birdan xayolimda jonlanding adl:

Quyosh nurlariga qonib turibsan.

Shafaq shu’lasida tovlangan mohdil,

Oqsoch bir cho‘qqida yonib turibsan.

Gulmisan yo yoqut – bilmayman, lola…

Irodaning ushbu “Lola” she’rida ko‘klam chechagi pok muhabbat, vafo ramzi sifatida obrazga ko‘chgan. Yosh shoirada she’r yaratishga munosib Tuyg‘u bilan bog‘liq muammo yo‘qdek (afsuski, ko‘pchiligimiz yaxshi she’r javhari bo‘lmish ana shu noyob Tuyg‘uni topa olmay halakmiz), ammo so‘z san’ati nuqtai nazaridan qaralganda, u ko‘proq izlanishi, tafakkur olamini yanada boyitishi zarur. Shundagina eng go‘zal she’rlar yaraladi…

Yosh ijodkorlar davrasida Baxtiniso Mahmudovaning go‘zal tashbehlarga boy, yurakni titratuvchi g‘amgingina she’rlarini eshitib, o‘qib, uning nurli ertasidan umidlandik. Minbarga o‘ch qaqajon qizchalarning dardsiz va andak surbet shig‘irlaridan rosa bezgan ekanmizmi, Baxtinisoning bezovta bitiklari tog‘lar bag‘ridan kelgan toza havoday ko‘ngilga ajib bir kayfiyat ulashdi. Ammo…

Ochig‘i, Baxtinisoning necha yildan buyon og‘ir dard bilan olishayotganini bilmas ekanman. Bu dard uning jismu joni, butun borlig‘iga chang solgan bo‘lsa-da, negadir ko‘zlarida quvonch, to‘g‘rirog‘i, Ishonch nuri porlab turganini ko‘rdim. Bu nur Baxtiniso qalbidan chehrasiga, sirli satrlariga ko‘chib o‘tayotir:

 

Dard yomg‘irday yuzga to‘kilganida,

Boshimni silasa Ayyub bardoshi.

Majnuna hislardan iltifot kutib,

G‘ashlanib botganda ruhim quyoshi,

Siz yetib kelasiz orzular bilan…

“Agarda qaytmasam…” deb boshlanuvchi she’rda maysaga, yerga… – butun olamga singib borayotgan qalb manzaralari chiziladi:

Mening yuragimda chayqalar dunyo,

Mening ovozimda chuchkirar daraxt…

“Bir ichkin, ezgin nolada” kuylayotgan qiz qalbi “Ko‘zlarim qaytadi namozshom bo‘lib…” satri bilan ushbu hazin qo‘shig‘ini yakunlaydi. Yosh shoiraning: “Siz ranjimang, tushuning axir / Men baxt emas, Baxtinisoman”, deya she’riy zorlanishlarida ham umid, yorug‘lik bor. Albatta, Baxtiniso ko‘proq o‘qib-izlanib, tiniq tuyg‘ularini teran tafakkur nurlari ila jilolantirsa, yanada go‘zal she’rlar bun­yod bo‘ladi. Lekin jismu jahonini o‘rtayotgan azob­larni yengib, umidbaxsh yorug‘ she’rlar bitishga urinayotgani va buning uddasidan chiqayotganining o‘ziyoq tahsinga arziydi.

 

* * *

Bugun ustoz shoirlar izidan borib, an’anaviy yo‘lda ijod qilayotgan, ramzlar tilida so‘zlashga yoki “moderncha” yozishga urinayotgan, qisqasi, o‘z yo‘lini topishga intilayotgan yoshlar ko‘p. Yoshlarning mumtoz adabiyotimizni sinchiklab o‘rganish, shu bilan birga, ulug‘ ustozlarga ergashib aruz vaznida ash’or bitishga baholiqudrat urinayotgani quvonarli, albatta. Namanganlik Aziz Bek, andijonlik Ikromjon Asliy, surxondaryolik Alisher Muqimovning aruzdagi mashqlari shular jumlasidan. Aziz Bekdagi darveshvashlik she’r­lariga ham ajib ruh bag‘ish­lardi, lekin u anchadan beri ko‘rinmaydi, ijodni allaqachon “yig‘ishtirib” qo‘ymadimikin degan xavotir bor. Ikromjondagi zavqu shavqqa havas qilsa arzigulik, ammo u yozganlariga katta adabiyot mezonlari bilan yondashib, balandroq parvoz qilishi, Alisher esa aruzda mavzu va ifodani jo‘nlashtirishdan qochishi kerak.

Keyingi paytlari yoshlar orasida nomi chiqa bosh­lagan Jontemirning yozganlarida ichki hurlik bor (ammo, nazarimda, bu “hurlik”ning ham so‘nggi nuqtasi bo‘lishi kerakdek), Mirzohid Muzaffarda metaforik tafakkurga moyillik seziladi. Albatta, ular ijodida, hatto xatti-harakatida katta shoirlarga taqlid alomatlari ham uchraydi.

Quvonarlisi, bugungi ijodkor yoshlarning eng umidli vakillari chet tillarini biladi, tarjimalar qiladi, umuman, o‘zbek va dunyo adabiyoti bilan kerakli darajada tanishdek taassurot uyg‘otadi. Shunga yarasha she’rlari ham ma’nodor. Bir jihatdan bu yoshlar haqida hozircha keskin fikr bildirmay turgan yaxshiroq, shekilli. Ayniqsa, “favqulodda iste’dod”, “betakror ovoz” kabi ortiqcha baholardan tiyilgan ma’qul, nazarimda.

Albatta, ayrim hollarda ijodkorning faqat o‘zi bilan o‘ralashib, o‘ta sub’yektiv istak-mayllar doirasida qolayotgani aks etgan she’rlar ham yozilayotir. Shaxsiy ikir-chikirlardan baland ko‘tarila olmagan shoir, shubhasiz, chinakam ijodiy parvozga erisha olmaydi, jo‘n “yondim-kuydim”lari bilan o‘quvchini bezdiradi. Vaholanki, bugun badiiyatdan uzoqlashmagan ijtimoiy-axloqiy muammolar aks etgan she’rlarga ehtiyoj katta. Shu ma’noda, kuzatib borayotganlarga ma’lumki, bugungi yoshlar ijodida davr muammolari, ijtimoiy kayfiyatning badiiy ifodasi hali yarq etib ko‘zga tashlangani yo‘q.

Umuman olganda, ko‘plab yosh ijodkorlar mutolaa, adabiy savod masalasida ham g‘arib ko‘rinadi. Plagiat (ko‘chirmakashlik) esa oddiy holga aylanib bormoqda. O‘tgan asrning 80-yillarida she’riyatimizga o‘ziga xos yangiliklar olib kirgan avlod ancha bilimdon, intellektual salohiyati o‘rnak bo‘larli darajada edi. (Shunga yarasha da’volari ham katta edi ularning!) Bugungi yoshlar ustozlarning ijodiy (va ijobiy) tajribalarini o‘zlashtirish bilan birga ular boshlagan ishni yanada yuksakroq darajada davom ettirishlari shart.

Yoshlar, asosan, ijtimoiy tarmoqlarda bir-birining yozganlarini o‘qib “shoir”u “yozuvchi” bo‘layotgan, bir yosh ijodkor aytmoqchi, “savodi chiqmay qitobi chiqayotgan” hozirgi zamonda professional adiblarning ijodiy laboratoriyasi bilan yaqinroq tanishish, ijodiy ishlarni mahoratli ustozlar boshchiligida tahlil qilish, kerak bo‘lsa, har bir jumlani chig‘iriqdan o‘tkazish foydali bo‘lishi shubhasiz.

…Cho‘lpon necha yuz yillardan beri davom etib kelayotgan an’anaviy o‘zbek she’riyatini yangi o‘zanga burib yuborganida hali o‘ttizni qoralamagan edi. Usmon Nosir 24 yoshidayoq o‘z adabiy merosiga asos solib ulgurgandi. Bugungi yosh shoirlarni Cho‘lpon bilan qiyoslash erish, hatto kulgili tuyular, biroq yoshlik har qanday vaziyatda o‘z so‘zini aytishi kerak-ku! Yuqorida nomlari zikr etilgan fidoyi shoirlarimiz uchun she’r, umuman, adabiyot shunchaki ko‘ngil ishi emas, o‘zlikni anglash yo‘li, millatni uyg‘otguvchi buyuk qudrat edi. Ular adabiyotni qismat deb bilganlari holda uning mo‘jizakor kuchini xalq qalbi tomon to‘g‘ri yo‘naltira olganlar. Nazarimda, she’riyatimizning bugungi navqiron avlodida hozircha mana shu eng muhim jihat yetishmayapti…

 

 

Ko‘pgina ijodkor yoshlar yozganlarini yuborib, fikr-mulohaza bildirishimni so‘rashadi. Imkon boricha o‘qib, fikrlarimni ochiq aytaman. Ammo… aksariya­ti xolis tanqidni to‘g‘ri qabul qilmaydi. Hatto oshkora xafa bo‘ladi. Ijobiy fikr olgan ba’zilari esa darrov kaminani kitobiga “muharrir” qilmoqchi bo‘ladi. Hali mavridi emas, deyman hovurini bosib. Shunga qaramay, ko‘pchilik xat egalariga javob yozish, bafurja fikrlashishga harakat qilaman. Elektron yozishmalarda ana shunday javob maktublari yig‘ilib qolibdi. Quyida ulardan ayrimlari.

* * *

Salom, Elbek.

Ishlar yaxshimi? Ijod bo‘lyaptimi? Indamay yurib she’r yozar ekansiz-da Feysbukda ilk marotaba “Chindanam bo‘lganmi Alpomish, / Bor bo‘lsa, ne uchun qaytmaydi?” deb tugallanuvchi she’ringizni o‘qigandim. Yozganlaringiz menda yaxshi taassurot qoldirdi. Garchi deyarli mutlaq yangi jihati bo‘lmasa-da, qandaydir o‘ziga xosligi ham borga o‘xshaydi. Juda yarashiqli taxallus tanlabsiz – Elbek Erkin! Nazarimda, shu taxallusga uyqash folklor ruhidagi she’rlarga ko‘proq e’tibor qaratishingiz kerak. Qalamingiz shu yo‘nalishda charxlangani ma’qulroqqa o‘xshaydi. Eng muhimi, bu ohangdagi she’rlarga ijtimoiy ruhni, sal balandparvozroq aytganda, Zamon va Inson dardini singdirish zarur, shekilli. Shunga ahamiyat bersangiz.

“Pari-qiz” she’ringiz hali mukammal darajada bo‘lmasa-da, menimcha, shunaqa mifologik yo‘nalishga alohida e’tibor berish kerak (ertak, dev, sehr, pari kabi obraz va motivlarga murojaat; albatta, bugungi davr kayfiyatiga uyg‘unlashtirgan holda). Axilles, Zahhok bilan bog‘liq she’ringiz ham shu qatorda.

“Bobolar Vatanni sotib yuborgan” degan satringiz bor ekan-ku, balki aynan shu gap aytilmay, shunday ma’noni berguvchi kuchli she’rlarni ko‘paytirish kerakmikin… Ke­yin yana bir fikr: negadir yarq etgan, bir o‘qishda qalbga chippa yopishadigan chaqmoq satrlarni yozganlaringizda deyarli uchratmadim. O‘ylashimcha, har bir shoir ijodida shunaqa – o‘quvchi beixtiyor takrorlab yuradigan yorqin satrlar bo‘lishi kerak…

Bular – dastlabki taasssurotlarim. Satrlaringizga alohida to‘xtalib o‘tirmadim. Sizga kuch-quvvat va omad tilayman.

11.07.2015

 

 

 

Salom, Rahmiddin (Abrayev)! Ishlaringiz yaxshimi? Kayfiyat qalay? Nihoyat, yozganlaringizni o‘qidim. Umuman, menda yaxshi taassurot qoldirdi. Ochig‘i, sizni hali “juda boshlang‘ich” bosqichda deb o‘ylagandim. Ancha qo‘lingiz kelishib qolgan ekan-ku! Aslida, shoir o‘zini o‘zi tarbiyalab, yo‘lini topmasa, boshqa hech kim unga yordam berolmaydi. Shuning uchun ham men aytadigan gaplar sizga, nari borsa, “qo‘shimcha maslahat” bo‘lishi mumkin.

Mana bu satrlaringizga belgi qo‘ydim, yaxshiligi uchun (Agar boshqa shoirlarda men faromush qilgan yo ko‘zim tushmagan shunday satrlar uchramasa): “Hayot bog‘larimda – chaman tuyg‘ular, / Siz mudom yetaklab yuribsiz kuzni…”, “Kimlarning tushida yuribmiz sang‘ib”, “Kuylolmasak eng og‘ir gunoh /Maynalardan oldin Vatanni!”… Bunday satrlar oz emas.

Ilohiy, e’tiqodiy masalada gap borganda o‘ta hazir bo‘ling. Mana bu satrlaringizga qarang:

“Mening dinim – sevgi,

 ka’bam – muhabbat!

Yagona Allohim o‘zingsan – Hijron…”

Bunaqa so‘zlarni aytmang! “She’rda mumkin” qabilida bo‘lsa ham! Satrlaringizda Yaratganga murojaat ham qandaydir boshqacha. Shunday qaltis paytlarda diniy ilmlar juda-juda zarur bo‘ladi, buni tushunsangiz kerak, deb o‘ylayman. O‘zi shu mavzuda bir narsa qoralayapman; nasib qilsa, tarmoqda ham e’lon qilaman.

“Rasululloh kirgan tushimda,

Hazrat Navoiyni-da ko‘rdim”. Bu nimasi! Shu so‘zlar siznikimi? Agar rost bo‘lsa (tushingizga chindan ham Rasululloh sollalohu alayhi vassallam va Navoiy hazratlari kirgan bo‘lsalar), sizni bunday ulug‘ maqom bilan qutlayman, ammo shunchaki “to‘qilgan” bo‘lsa, bu yaxshi emas. Zinhor-bazinhor bunday deya ko‘rmang. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ni tushda ko‘rish haqida manbalardan bir ko‘ring yo bilgich olimlardan so‘rang.

Ha-ya, she’rlaringizda qo‘zigul, qoqio‘t kabi voha tabiatiga xos so‘zlarni ham uchratdim. Nazarimda, shunaqa so‘zlarni she’rga ko‘proq olib kirish kerak, faqat tabiiy holda.

To‘g‘risini aytaman, yangi she’rlaringiz uncha maqbul bo‘lmadi. O‘sish sezilmadi. Eskilari durustroqmi… Bularni shoshilinchda yozdim. Boshqa asosiy jihatlarni unutgan bo‘lishim mumkin. Eng muhimi, fikrlarimizni hech qachon hukm deb qabul qilmang. Birinchi va umumiy taassurotlar bular. Yozavering. Omonlik!

29.07.2015

Behzod FAZLIDDIN

 

1983 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistratura bo‘limini tamomlagan. “Muqaddas zamin”, “Bog‘laringdan ketmasin bahor”, “Onamning ko‘ngliga ketamiz”, “Sen qachon gullaysan”, “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim”, “Tushlaringdan chiqib keldim” nomli she’riy to‘plamlari, qator badiiy-publitsistik, ilmiy-adabiy maqolalari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.