Tafakkurga berilgan yuksak rag‘bat

0
204
marta ko‘rilgan.

Kitob – ruhiyat ozuqasi. U ko‘ngilga nur berib, qalb ko‘zini ravshanlashtiradi, voqea-hodisalarga ongli yondashishni o‘rgatadi. Dono xalqimiz aytganidek, ona-tabiatni oftob isitsa, insonning ko‘ngil olamini kitob yoritadi.

Kitob o‘qigan kishi dunyoni boshqalardan ko‘ra teranroq anglaydi, o‘tkinchi lazzatlarga ko‘ngil bermaydi, inson va uning tuyg‘ularini hamma narsadan yuqori qo‘yadi.

Azal-azaldan ota-bobolarimiz tomonidan bebaho kitoblar qadrlanib, ular ma’naviy boylik sifatida avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Qishning qahraton kunlari-yu, jaziramaning oydin kechalarida ham odamlar bir joyga jam bo‘lishib, kitobxonlik, g‘azalxonlik­lar qilishgani bejiz emas.

Bir so‘z bilan aytganda, kitobni qadrlagan yurt, ilmni e’zozlagan millat hamma davrlarda ham ehtiromga loyiq ko‘rilgan. 

Davlatimiz rahbarining  2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda birinchi marta “Yosh kitobxon” tanlovi tashkil etildi. Ushbu ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar orasida mutolaa muhitini yaratish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, yoshlarning intellektual bilimlari va ma’naviy saviyasini oshirish, adabiyotning sehrli olamiga olib kirishdir. Unda ikki yosh toifasi – 14–19 va 20–30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.

Ko‘rik-tanlov haqida ommaviy axborot vositalari orqali e’lon berilgach, yurtimizning barcha hududlaridan tanlovda ishtirok etish uchun 230 mingga yaqin arizalar qabul qilindi. Noyabr-dekabr oylarida tanlovning tuman-shahar hamda hududiy bosqichlari bo‘lib o‘tgach, respublika bosqichida ishtirok etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan vakillar saralandi.

Xabaringiz bor, mutlaq g‘olib deb topilgan ishtirokchiga rag‘bat sifatida Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi berilishi ma’lum qilingan edi. Ushbu sovrinning bosh mukofot sifatida qo‘yilishi tanlovning o‘ta shov-shuvli va qizg‘in tus olishiga, yoshu keksaning e’tiborini tortishiga sabab bo‘ldi.

Shunday qilib, tanlovning respublika bosqichi fevral oyining ikkinchi o‘n kunligida teletanlov shaklida tashkil etildi.

Birinchi yosh toifasi bo‘yicha O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov va shoira Sayyora To‘ychiyeva hamda ikkinchi bosqichda O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, shoira Farida Afro‘z, filologiya fanlari doktori, professor Qurdosh Qahramonov va “Yoshlar ovozi” gazetasi bosh muharriri Faxriddin Karimovlardan tashkil topgan hakamlar hay’ati baholab bordi. G‘oliblarni aniqlashda ishtirokchilarning belgilangan kitoblar, gazeta va jurnallarni o‘qiganligi, mutolaa qilgan asarlarining mohiyatini tushunganligi va mazmunini ifodali so‘zlab berishi kabi jihatlar hisobga olindi.

Final ishtirokchilari birinchi shartda 1 dan 20 gacha bo‘lgan raqamlar ortida yashiringan ma’naviy-ma’rifiy, tarixiy sohaga oid kitoblarni tanlab, ular haqida o‘z mulohazalarini bildirishdi. Tanlovning ikkinchi “Badiiy kitoblar bilimdoni” shartida esa ishtirokchilar aktyorlar tomonidan ijro etilgan syujetga oid epizod yoki monolog qaysi asardan olingani, uning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlab berdilar.

“Men sevgan adib” deb nomlangan 3-shartda monitorda ko‘rsatilgan 50 ta raqam ortida yashiringan mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyoti namoyandalari hamda jahon adabiyoti vakillaridan to‘rt adabiy siymoni tanlab, ularning hayoti va ijodiga oid ma’lumotlarni aytib o‘tishdi. Final bosqichi “She’riyat” sharti bilan yakunlandi. Ushbu shartga ko‘ra, ishtirokchilar ekranda ko‘rsatilgan va ayrim so‘zlari tushirib qoldirilgan misralarning muallifi va ushbu she’rning mazmun-mohiyatini so‘zlab berishdi.

Ma’naviyat, ilm va tafakkur kurashida shaffoflik to‘liq ta’minlandi! Nihoyat, bir necha kun davom etgan qizg‘in bahslardan so‘ng, “Yosh kitobxon” tanlovining 14 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasidagi mutlaq g‘olibi aniqlandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin Samarqand viloyatidan Mohiniso Shomurodovaga nasib etdi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi topshirildi.

O‘n to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan kitobxonlar o‘rtasida eng yaxshi kitobxon deb topilgan narpaylik Mohiniso Shomurodovaning oila a’zolari, xususan, ota-onasi farzandining yutug‘idan juda xursand. Qizining muvaffaqiyatidan ko‘zlari quvonchdan yoshlangan Mohinisoning onasi – Aziza opani suhbatga tortdik:

– O‘qituvchi bo‘lganim uchunmi, bolalarim kitobni sevadi. Yettita farzandimiz bor – olti qiz, bitta o‘g‘il. Mohiniso uchinchisi. Ikki opasi hozirda universitetda o‘qishyapti. Bilasiz, buncha bolani oliy ta’limda o‘qitish oson emas. Shuning uchun otasi qizlarimning to‘lov-shartnomasini to‘layman, deb mashinamizni sotgandi. Mana, Mohiniso qizim otasi sotgan eski mashina o‘rniga  yangisini olib keldi.

O‘ninchi sinfda o‘qiyotgan Mohiniso ota-onasining ishonchini oqlaganidan juda shod. Kitobga qiziqishiga oiladagi muhit bir sabab bo‘lsa, o‘zining ijodkorligi – she’r mashq qilishi uni doimiy mutolaaga undab turarkan.

– Yettita farzandni tarbiya qilish, ularni birovdan kam qilmay ulg‘aytirishning o‘zi bo‘lmaydi, – dey­di Mohiniso. – Ota-onam barchamizga bir narsani – faqat yaxshi o‘qishimizni uqtirishadi. Shuning uchun ular shaharga yo viloyat markaziga ketishsa, albatta yangi nashrdan chiqqan kitoblardan olib kelishadi. Biz – opa-singillar esa talashib o‘qiymiz. Shu yutug‘imga ham aslida ota-onam sababchi bo‘lishgan. Shuning uchun bu yutuqni ularniki deb bilaman.

Tanlov mobaynida ishtirokchilar bor bilimlarini ishga solishdi. Ijodkorlar hamda ularning asarlari xususidagi javoblarini hay’at a’zolari alohida e’tibor bilan tinglab, xolis baholadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, xalq shoiri Iqbol Mirzo chin ma’nodagi ushbu kitob bayrami haqida shunday dedi:

– Bunday tanlovning tashkil etilishi, shubhasiz, kelajakka e’tibordan darak beradi. Mana, kitob o‘qib mashina yutib oladigan paytlar keldi. Buni biz yoshligimizda tasavvur ham qilmaganmiz. Kitoblar barcha yurtda o‘qiladi, kitobxonlar barcha yurtda bor. Lekin hech bir mamlakatda eng yaxshi kitobxon shaxsan davlat rahbari – Prezident tomonidan rag‘batlantirilmaydi. Yurtboshimiz o‘z faoliyatlarining ilk pallalaridan boshlab ma’naviyatga, xususan, adabiyotga alohida e’tibor qaratganligi hammamizga ma’lum. Ushbu tanlov har yili shunday ko‘tarinki ruhda tashkil etilsa, ko‘p o‘tmay yoshlarimiz o‘rtasida ommaviy kitobxonlik avj oladi. G‘oliblar ega bo‘lgan mukofot bu – sotib olingan narsa emas, bu ilmga, tafakkur va dunyoqarashga berilgan yuksak rag‘batdir.

O‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida farg‘onalik Sharofat Ismoilova “Spark” sohibasi bo‘ldi va avtomashina kaliti shunday kitobxon qizni tarbiyalagan otaga tantanali topshirildi.

Qo‘qon davlat pedagogika universiteti filologiya fakultetining uchinchi bosqich talabasi bo‘lgan Sharofat Ismoilovani ona yurti Farg‘ona katta hurmat-ehtirom bilan kutib oldi. Al-Farg‘oniy, al-Marg‘inoniylardek allomalarni dunyoga keltirgan bu o‘lka odamlari ushbu kitobsevar qizi bilan faxrlansa arziydi.

 – Bolaligimda dadam Sa’diy Sheroziy g‘azallarini yodlatardilar. Opa-akalarimning qo‘llarida hamisha kitob bo‘lardi, – deydi Sharofat. – Hofizni birga o‘qirdik. Men ham shu tariqa adabiyotga bog‘landim. Mutolaaga kirishish – mislsiz zavq-shavqni tuyishdir. O‘qimagan kitoblarim – his etib ulgurmagan hayratlarim!

Uch-to‘rt yil oldin oddiy qishloq qizi kitob o‘qib, mashina egasi bo‘ldi desa, ko‘pchilik ishonmasligi aniq edi. Ammo ommaviy axborot vositalari orqali ko‘rik-tanlov jarayonlari yoritilib borilganini ko‘rgan yurtdoshlarimiz bunga ishonishdi va hayratlanishdi. O‘ylaymizki, endi farzandini Mohiniso va Sharofat singari kitobxon bo‘lishini istagan har bir ota-ona bolalarining ta’lim olishi va kitob o‘qishiga jiddiy e’tibor berishadi.

Ushbu tanlov yoshlar o‘rtasida ommaviy kitobxonlikning yoyilishiga, haqiqiy ma’nodagi ziyoli yoshlar qatlami yetishib chiqishiga zamin yaratadi. Shuningdek, ijtimoiy va ma’naviy hayotimizga tahdid solayotgan illatlar asta-sekin yo‘qoladi, yoshlar ongu shuurida Vatanga muhabbat, mehr-oqibat tuyg‘ulari shakllanadi.

Xusan Maqsudov

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.