Antiqa axborotlar

0
86
marta ko‘rilgan.

* * *

“Kecha fidoyi mahalla posbonlari tomonidan uch nafar jinoyatchi qo‘lga olindi. Bu nomard, noinsof shaxslar Mamaraim akaning to‘qqizta bolasi bo‘la turib, yakkayu yagona sigirini o‘g‘irlab ketishibdi…”

 

* * *

“Diqqat, o‘z stadionimizdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportaj olib boryapmiz… Ma’lumu  mashhur futbol jamoamizning mavsum boshidan buyon omadi chopmay, ketma-ket mag‘lubiyatga uchrab kelayotganidan xabaringiz bor, albatta. Mana, bugun ular boshqacha, jangovar o‘yin ko‘rsatib, o‘zlarining azaliy raqib­lari ustidan yirik g‘alabani qo‘lga kiritishga va o‘z muxlislarini xushnud etishga astoydil bel bog‘lagan ko‘rinishadi. Mana, o‘yin qizg‘in davom etayapti… Sevimli komandamiz hujumda… Aliyev shiddat bilan oldga intildi. U chap qanotdagi Valiyevga mohirona to‘p uzatdi. Valiyev darvozabon bilan yakkama yakka qoldi! Uni aldab o‘tdi! Zarba! Go-ol! Qanday yaxshi, hisob biru nol! Stadion qiyqiriqlarga to‘ldi. Birinchi gol shak-shubhasiz yigitlarimizni ruhlantirib yubordi. Ana, ular yana hujumda! Bu safar Aliyevning o‘zi qarshisidagi barcha o‘yinchilardan o‘zib ketdi! Ana, u darvozaning naq markazidan yaqinlashib bordi, zarba! Go-ol! Darvozabon yana dog‘da qoldi. Hisob ikkiyu nol! Ammo sevimli jamoamiz bu bilangina cheklanib qoladiganga o‘xshamayapti! Hoynahoy, ular butun mavsum boshidan buyon qo‘lga kiritilgan jamiki mag‘lubiyatlar alamini olishga bel bog‘lagan ko‘rinishadi. Ana, ular yana olg‘a intilishmoqda! Chap qanot hujumisi Valiyev to‘pni o‘ng qanotdagi Saliyevga oshirdi. Saliyev to‘pni to‘xtatmasdan, g‘oyat mohirlik bilan darvozaga tepdi. Darvozabon shak-shubhasiz bunday kuchli zarba oldida ojiz qoldi. Go-ol! Hisob uchu nol! Ura! Va… nihoyat… raqib o‘yinchilari asta-sekin maydonga tushib kela boshlashdi…

* * *

Tadbirkor Eshmat Toshmatovning kichik korxonasida ishlab chiqarilayotgan pardoz-andoz bo‘yoqlari sharmu hayodan qizarmaydigan yuzlarni bemalol qizartirishiga yuz foiz ishonamiz.

 

* * *

Diqqat, e’lon!  Rossiyaning eng zo‘r guberniyalaridan biriga xohish-istagi bor kishilarni o‘zim bilan birga olib ketishim mumkin. U yerda bepul ovqatlanish, davolanish, dam olish, shuningdek, ishlash kafolatlanadi.

 

 * * *

Shaharga tushgan Mamaraim aka yo‘nalish bo‘yicha qatnaydigan taksilardan biriga o‘tirmoqchi bo‘ldiyu, ammo uning orqasidagi “Litsenziyasiz yo‘lovchilarni tashish qonunga xilof!” degan yozuvlarga ko‘zi tushib, xafsalasi pir bo‘ldi. Chunki uning yo‘lovchilik litsenziyasi yo‘q edi-da!

 

KARAMXONIY

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.