Tasvir va mantiq uyg‘un bo‘lsa…

0
71
marta ko‘rilgan.

O‘ylab ko‘rsam, Siz bilan faqat tadbirlardagina yuzma-yuz kelgan ekanmiz: oldiniga kitob festivalida, keyin Milliy kutubxonada o‘tgan qaysidir anjumanda. Ma’ruzangizni tinglay turib, so‘zga ustaligingizni payqagandim. Ammo “hikoya yozadi” deb o‘ylamabman hech. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda “Ayol” nomli ajoyib bir hikoyaga ko‘zim tushgach, bu Sizning “ish”ingiz ekaniga avvaliga ishonmadim. Bo‘yinbog‘ taqqan xushbichim, xushaxloq va ayni damda men bilgan o‘sha so‘zamol yigitchani minbardan tashqarida tasavvur etishim biroz qiyin kechdi. Fikrlarimni bir joyga jamlashga, ehtimol, mana shu “ma’ruzachi” xalal berdi. Biroq “Ayol” hammasini o‘rni-o‘rniga keltirib qo‘ydi. Kunlik to‘lov ortidan ro‘zg‘or tebratayotgan, hali paxta, hali kartoshka, hali piyoz va kunjut o‘tog‘ida kuymalanib, qo‘llari qorayib, yorilib ketgan Ayolni tanigandekman. Tanbal eri esa kun bo‘yi uyda. Ana shu erning qiyofasini hikoyada hech bir sifatu bo‘yoqsiz chizgan o‘rningiz bor: “…ishkomdan yana uzum oldi-yu, yuvmasdan og‘ziga soldi”. Shu holatning o‘zi, nazarimda, er haqida tasavvur hosil qilishga yetib ortadi. Boshida menga bayonchilikday tuyulgan jumlalar hikoya oxirida sirini ochdi va taslim qildi-qo‘ydi.

“Ayol” ta’sirida boshqa ijod namunalaringizga ham qiziqish uyg‘ondi va ulardan bir nechasini internetdan “sug‘urib” oldim: “Ozodlik”, “Mustabidning hasharotlari”, “So‘yla, daryo, so‘yla”, “Lobar, Lobar, Lobarim mening”, “Qizlar bilan uchrashuvlarim”, “Turdi Karvon qizi hamda Abdulla”, “Assalamu aleykum yoxud Myanma fojiasi”, “Oppoq qorlar, onam va koinot”, “Ikki yoshning uchrashuvi”.

Teatrga do‘sting bilan borma, deyishadi. Negaligini bilasizmi? Tomosha ikki do‘st bahsiga aylanib ketarkan. Odam tinchgina o‘tirib, mundoq spektakl ko‘rgandek bo‘lmaskan. “Qizlar bilan uchrashuvlarim”ni shunday holda o‘qidim, desam to‘g‘ri tushuning. Matndan ko‘nglim to‘lmagan paytlarda qo‘lim tahrirga yugurib, oddiy o‘quvchiligimni unutib qo‘yaman. Mana bu joyini bunaqa qilsa bo‘larkan, deb o‘zimcha matnni qirtishlagan kishim bo‘laman.

 Xo‘-o‘-o‘p, endi “qizlar bilan uchrashuvlaringiz”ga to‘xtalsak. Hikoya deb atalayotgan ushbu ijod namunangizda, nazarimda, publitsistik ruh hukmron. “Masalan”, “nihoyat”, “aslida”, “har holda” kabi kiritmalar talaygina. Ularni qayta ishlashga hafsala qilmaysizmi yoki ko‘zingiz qiymaydimi? Xullas, kamtahrirsiz. Izohu “chaynab berish”lardan tamoman voz kechishingiz tarafdoriman. Misol uchun, “Qizlar bilan uchrashuvlarim”dagi boshlang‘ich ikki xatboshi. Bir qarashda o‘ta muhim. Ming bor ma’zur tuting, ular ko‘richakning o‘zginasi – olib tashlagan bilan organizm faoliyati to‘xtab qolmaydi. Hikoyani “Men ham bo‘ydoqman, mening ham yoshim yigirma yettida” satridan to‘ppa-to‘g‘ri boshlab ketilsa ham, yutqiziq bo‘lmaydi. Qaytanga, o‘qishlilik darajasi oshadi.

Galdagi masala – mantiqiy tahrir. Hikoyadan: “Hayotning qizig‘i qolmaganday edi. Ko‘zimga nuqul eski shahardagi jin ko‘chalar, axlat idishlar, quvurlarda mog‘or bosgan suv va unda achib-sasigan o‘lik mushuklar ko‘rinadigan bo‘lib qolgandi. Xullas, jur’atsiz va ishonchsiz, umidsiz o‘smir edim”. Nazarimda, “axlat”, “quvur”, “mog‘or”, “achib-sasigan”, “o‘lik mushuk” kabi to‘qima ifodalar bilan o‘quvchini hikoya ichiga tezroq olib kirishga uringansiz. Hayotdan ko‘ngli sovigan, jur’atsiz o‘smirni shu yo‘l bilan tanitmoqqa oshiqqansiz… Biroq bu jihatdan “Ayol” boshqacha – to‘kis edi.

Yigitning bosh prokuror qizi bilan uchrashuv sahnasida shunday debsiz: “Qiz badavlat qonun himoyachisi emas, ko‘proq buyuk rassom bo‘lishni orzu qilgan oddiy tasviriy san’at o‘qituvchisining qizini eslatardi”. Rosti, miyamda zig‘ircha tasvir jonlanmadi: na qizning o‘zi, na o‘qituvchi va na buyuk rassom. Chunki ifoda tugal shakl topmagan.

Farmatsevt otaning qizi bilan uchrashuv sahnasini olaylik. Gap izini gap quvib, yigit: “Aniq sohaga badiiy adabiyot qanday qudrat bag‘ishlashini bilasizmi?” deydi. Shu so‘roqni yigitning o‘zi o‘z og‘zi bilan aytayotganiga nechog‘lik ishonasiz? “Aniq soha”, “badiiy adabiyot”, “qudrat bag‘ishlash”. Hikoyangizda maqola hidini keltirib turadigan publitsistik yo‘sinlar, sun’iy gap qurilishlari ko‘p. “Qizlar bilan uchrashuvlaringiz”ni jurnalistik aytimlardan tozalab, nasr sathiga olib o‘tish kerak…

“Ozodlik”. Mana bunisi endi boshqa gap. O‘qishli hikoya. Yozishda uzoq bosh qotirganingiz seziladi. Tog‘a, jiyan, mahbus, tergovchi, qorovul – barining zuvalasi obdon pishitilgan. Ehtimolki, hikoyani qayta-qaytalab tahrirga tortgansiz. Harakat-holat aniq. O‘ziga xos tashbehlar topgansiz. Meni xat yozishga undagan bosh sabablardan biri asli mana shu – o‘xshatishlar! Ular muallifning, ya’ni Sizning kuzatuvchanligingizni ko‘rsatadi. Manzarani yorqin va to‘laroq ilg‘ashga ko‘maklashadi.

“Ozodlik” hikoyasi misolida fikrimni davom ettirsam. Mahbusga it azobini berayotgan tergovchi tilidan: “Nima qildinglar buni, g‘ajib-ezib tashladinglarmi? Ustiga suv sep, qara, qirg‘oqda qolgan baliqday og‘zini katta ochishini…” deb keltiribsiz. Suvga tashna baliq – asosli tashbeh. Ammo gap qurilishida juz’iy kamchilik bor. Buni e’tiborga olsangiz ham, olmasangiz ham bo‘ladi. “Qirg‘oqda qolgan baliqday og‘zini…” bo‘lib o‘qilayapti. Urg‘u “og‘iz”ga tushgan. Bittagina tinish belgi (ko‘p nuqta) bilan olam guliston: “Ustiga suv sep, qara, qirg‘oqda qolgan baliqday… og‘zini katta ochishini”. Yoki inversiya (gap bo‘laklari tartibini o‘zgartirish) payidan bo‘lish kerak edi: “…qara, og‘zini katta ochishini… qirg‘oqda qolgan baliqday”.

Yana bir o‘rinda tergovchining xotini Galya haqida yoza turib, negadir unga “cho‘chqaday semiz va qo‘pol bo‘lsa-da, bola tarbiyasiga jiddiy qaraydi” deb tavsif bergansiz. Grammatik jihatdan gap to‘g‘ri shakllangan, biroq mantiq tizgini yo‘qotib qo‘yilgan. Kishining oriq yo semizligi tarbiya mezoni bo‘lolmaydi. Bu bilan o‘zingiz bilmagan holda, o‘quvchiga “Ozg‘in va yumshoqtabiat odam tarbiyaga jiddiy qaraydi”, degan xulosa berayapsiz. Shu bois matn­­da, ayniqsa, yuklama bilan bog‘langan qo‘shma gaplarda e’tiborni susaytirmang. Mantiqiy tahrir bog‘-rog‘ni begona o‘tlardan xalos etgandek gap. Aks holda, bog‘ni payhon qilganingiz qoladi. Sizning bog‘da esa turfa gullar bisyor. Lekin unda-bunda gullar bo‘yini qiyayotgan begona o‘tlar ham yo‘q emas.

“Mustabidning hasharotlari” hikoyasida bosh muharrirni “ko‘zlari biroz qisiq, yuzlari burishgan, peshonasi keng, kamgap, miqtigina” deb tasvirlabsiz. Sifatlarning barchasi tashqi qiyofani chizishga yo‘naltirilgan. Faqat “kamgap” bundan mustasno. Nima sababdan uni ushbu qatorda ko‘rishni istadingiz, boisi tushuniksiz. Hikoyalaringizga shu nuqtai nazardan qayta ko‘z tashlab, nuqta-vergulini joyiga keltirsangiz, chiroyi ochilardi.

Meni hammasidan ham ko‘proq quvontirgani nima, bilasizmi, jo‘ra? Obrazlaringiz oyog‘i yerdan uzilgan odamlar emas. Barining aytar so‘zi bor, barisi ma’nili. “Lobar, Lobar, Lobarim mening”, “So‘yla, daryo, so‘yla” hikoyalaringiz teng-to‘shlar ijodi orasida yarq etib ko‘rinib turibdi. Jamiki qahramonlaringiz boshini bir joyga qovushtirishning vaqti keldi, deb o‘ylayman. Internet, gazeta-jurnallar o‘z yo‘liga, kitobi­ngizni chop etishga unnang. Toki “Ayol” qadr asli neligin odamlarga ko‘proq tushuntirsin; “Ozodlik” kirib borgan uy qalbida shukrona tuysin; “Ikki yoshning uchrashuvi”dan biz tengilar o‘z-o‘zini tanib olsin… Dilga yorug‘ tuyg‘ular baxshida etishdan charchamang!

 

Akmal MUROD

 

1988 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan.

Hikoyalari markaziy nashrlarda chop etilgan.

“Iste’dod maktabi” VII respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasida “Ko‘z ochgan buloqlar” nomli maqolalar to‘plami chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.