…Köp narsa qiyosda bilinadi. Deylik, toğning naqadar uluğvorligini anglaş uçun maʼlum masofadan turib qaraladi.
Keyingi paytlarda kasbimiz taqozosiga köra, maʼlum majburiyatlar yuzasidan ham köplab qölyozmalarni öqişga töğri kelayapti. Töğrisi, ularni qölyozma deb ataşga ham til bormaydi: aksariyati oppoq, silliq qoğozlarda, közingni quvnatadigan darajada çiroyli şriftlarda printerdan çiqarilgan, hatto ayrimlari rangli muqovalaru suratlar ila bezatilgan… Tap-tayyor kitob deysan; şundoq oçasan-u, xatm qilib ketaverasan. Öquvçi uçun bundan ortiq baxt bormi, bundan ortiq huzur bormi…
Taassufki, bu jarayon aksar hollarda biz öylagan, tasavvur etgançalik silliq keçmaydi: matndagi dastlabki jumlalarni öqişing bilan qöl beixtiyor qalamga çöziladi… Bir, ikki sahifadan söng bu injiqlikdan çarçaysan, behuda sovirilayotgan vaqtingga açinasan, ammo “Bir narsa çiqib qolar” degan ojizona umid-ilinj bilan mutolaani davom ettirasan; vaholanki, juda yaxşi bilib turasan: “…qölga oliş bilan jozibasiga tortib ketmaydigan adabiy asar yaxşi narsa bölmaydi” (Abdulla Qahhor).
Şunday paytlari beixtiyor köngil özing eng yaxşi, eng ğaroyib deb hisoblagan kitoblar tomon talpinadi, maʼquli öşalarni, taʼbir joiz esa, vaqt ötgan sayin taʼmi-şirasi oşib borayotgan asarlarni yana bir marta şavq bilan öqiş ekan-ku, degan istak yetovida kutubxonangga oşiqasan. Kamina quyida mana şunday lahzalar qölimga oladigan kitoblaru elektron qölyozmalarning ayrimlarini sanab ötadi.
Abdulla QAHHOR. “Haq sözning kuçi”.
Toşkent, Ğafur Ğulom nomidagi Adabiyot va sanʼat naşriyoti. 1989 y.
…Yuqori sinflarda öqib yurgan kezlarim, jurnalda bir qissaçam bosilib çiqdi-yu, öz-özidan “maktab klassigi”ga aylandim-qoldim. Xatlar, sal lofi bilan aytganda, kuniga qoplab keladi deng. Özimça “Yoziş oppa-oson iş ekan-ku! Eh-he, men hali…”, deya ğöddayib ham qöyaman. Taqdirning inoyatini qarangki, xuddi şu mahallari qölimga Abdulla Qahhor asarlari olti jildligining oxirgi tomi tuşib qoldi. Hamon esimda, muqovasi qora edi. Kitobni bir öqidim, ikki… Maqolalar, suhbatlar, xatlardan taşkil topgan kitob meni osmondan yerga tuşirib qöydi, adabiyot kosibçilik emas, öta murakkab, maşaqqatli hunar ekanligini anglatdi. Men şarillatib yozib taşlayotgan köp maşqlarim “Böri tişiga sera kislotasining taʼsiri” qabilidagi dovdiraş, töğriroği “adabiy brak” ekanligini, “yozuvçi özi his qilmagan narsa töğrisida yozsa, buni öqigan öquvçi ham heç narsani his qilmasligini” tuşundim. Men “yozilgan narsani öçiriş, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldiriş uçun isteʼdodning özi kifoya qilmasligini, insof ham kerakligini” anglab yetdim. Qarasam, yozganlarimda qoldirişdan köra öçirilişi kerak bölgan joylari köproq ekan…
Qisqasi, bu kitob men uçun öziga xos adabiy kurs böldi. Kitobdan olingan uzun-uzun iqtiboslarni yon daftarimga köçirib çarçamasdim. Oltinçi jild uzoq yillar yostiğim ostida saqlanadigan kitob böldi. Şunga qaramasdan, rosa tarğib-taşviq etganimdan söng qiziqib qolib, uni olib ketgan bir havaskor tanişim qaytariş muddati kelganida “yöqotib qöydim” deb bahona qilganida rosa kuyganman…
Nihoyat 1989-yili Abdulla Qahhorning maqola va suhbatlari beş jildlik “Asarlar”ning beşinçi jildida çop etildi. Şundan buyon bu kitobni yonimdan qöymayman.
Öylab qarasam, Qahhor qalamga olmagan mavzuning özi qolmaganday. Kuni keça “Yoşlik”çilar “Özingiz yoqtiradigan asarlar haqida bir nima yozib bering”, deb qolişganida, men beixtiyor uluğ adibimizning “Yaxşi jurnalning quloği xalq köksida bölişi kerak” degan maqolasini esladim. Yodingizdadir: “Jurnalning endigi vazifalari adabiyotimiz oldida turgan umumiy vazifalardan kelib çiqadi. Adabiyotimiz oldida turgan vazifalar esa hamon xalq hayotini böyamasdan, buzmasdan körsatiş, yaxşi hayot keçiriş uçun kuraşda xalqqa çin köngildan yordam beriş bölib qoladi”. Hayratlanmay böladimi: xuddi şu bugun aytilayotganday tuyuladigan bu haroratli sözlar 1958-yili qoğozga tuşgan.
Özingiz ayting, bunday kitobni qayta-qayta öqimay böladimi…
“Haqiqat manzaralari.
96 mumtoz faylasuf”.
Toşkent, “Yangi asr avlodi”, 2011-yil
Şap-şap degunça şaftoli deb qöyaqolgan maʼqul. Biz hamişa mulohazalarimizni soddaroq, hammaboproq, taʼsirçanroq, mazmunliroq, iloji bölsa, quyma fikrlarda ifodalaşga urinamiz. Bunaqa paytlari bizga doniş ahlining asrlar sinovidan ötgan hikmatlari kömakka keladi.
“Qalb közi” gazetasida eʼlon qilinayotgan mumtoz faylasuflarning hayoti haqidagi maqolalarni, aforizmlarini imkon darajasida töplab borayotgandim. Buni qarangki, ularning hammasi jamlanib, kitob holida çop etilib qoldi.
Miletlik Falesdan (miloddan avvalgi 625–547-yillar) yunon faylasufi Aflotungaça (miloddan avallagi 428–347-yillar), xitoylik Men-szidan (miloddan avvalgi 372–289-yillar) buyuk vatandoşimiz Abu Ali ibn Sinogaça, nişopurlik Umar Xayyomdan farangistonlik Fransua de Laroşfukogaça, ingliz Jon Lokkdan olmon Immanuil Kantgaça, farang Şamfordan rus Rozanovgaça buyuk mutafakkirlarning eng maşhur, sermazmun, mohiyati çuqur hikmatlari kitobdan örin olgan.
Donişmandlik, tafakkur heç qaçon eskirmaydi. Qarang, bir tomonda hazrat Sulaymon “Ertangi kun bilan maqtanma, çunki u nimalarni taqdim etişini bilmaysan”, deb turibdi. Ikkinçi tomonda esa pirenalik Biant “Baxtsizlikka doş berolmaydigan odam baxtsizdir”, deb uqtirmoqda. Lao Szi şarqona odob ila “Bilguvçi sözlamaydi, sözlaguvçi bilmaydi”, desa, Demokrit “Nafaqat yovni yengganlar, balki öz nafsi ustidan hukmronlik qila olganlar ham marddirlar”, deya unga jör bölayotganday… Tap-tayyor hayotiy şiorlar-da..
Xullas, dunyo tafakkur xazinasining birgina qismini özida jamlagan bu töplam sahifalarini çizib belgilab, qayta-qayta öqişga, uqişga arziydigan kitobdir.
Bahodir YÖLDOŞEV. Suhbatlar, maqolalar, esdaliklar.
“San’at” jurnali naşriyoti. Toşkent, 2015-yil.
Teatrni yaxşi köraman. Mahmudxöja Behbudiy bobomiz “ibratxona” deb atagan teatrni. Yanglişmasam, Belinskiy ham “Teatrga çoping, teatr ostonasida vafot eting”, deb yozgan.
Ibratxonaga ehtirom va maʼlum tayyorgarlik bilan kiriladi. Ibratxonadan qalbga boğliq nedir taassurot olib çiqmaslik esa, Hazratning maşhur taʼbiri ila aytganda, hammomdan nopok çiqmoqday gap.
Teatrni yaxşi köraman. Teatrga boriş haqiqiy bayramga aylanişini, zalga hayajon va ehtirom bilan qadam qöyişni, sahnadagi qahramonning dardi mening dardimga aylanişini, u bilan qöşilişib kulişni, yiğlaşni istayman.
Şukrki, yurtimizda şunday teatr, şunday asarlarni sahnaga olib çiqadigan rejissyor bor. Bilaman, bu sohada bilimim kamroq, lekin men bu teatrni, unda öynayotgan aktyorlarni, rejissyorni tuşunişga harakat qilaman. Bu kitob menga ana şu işimda qöl keladi.
“Rejissyorlik teatri hali vujudga kelganiça yöq…”, “Teatr – mening insofim, diyonatim, imonim…”, “Hamlet – mening döstim. Men har tong uning yodi bilan uyğonaman, u bilan birga dunyodan nafratlanaman va u bilan birga şu dunyoni sevaman…”, “Yuzdan ortiq spektakl qöyganman… Lekin şundan tört-beştasigina mening asarlarim. Bular – “Qaroqçilar”, “Röyxatlarda yöq”, “Böronlarda bordek halovat”, “Qora kamar”, “Kelinlar qözğoloni”…”, “Tekislikdan köra toğda yuriş osonroq. Odatda, yöl yurilganda, u agar tekis, ravon bölsa, odam uxlab qolişi mumkin…”, “Odamga qança erkinlik bermang, özi istamasa, yölini topmasa, u heç qaçon ozod bölolmaydi…”, “Men öylaymanki, özbeklarning birinçi dramaturgi – Navoiy. Alişer Navoiyning har bitta sheʼridan spektakl yaratsa böladi. Yaxşi yetuk, çiroyli spektakl yoki film yaratsa böladi…”, “Teatrlarimiz öz tomoşabinining saviyasidan ham orqada qoldi. U tomoşabin talablariga javob beriş darajasida emas…”, “Bugun kasbini tirikçilik ötkaziş vositasiga aylantirgan aktyorga qanday qilib Robiya, Şayx Sanʼon yoki boşqa uluğ insonlarning rolini işonib topşiriş mumkin…”, “Asl teatr tarbiya körgan, öqimişli, sanʼatni tuşunib qadrlaydiganlar uçun muhimroq…”, “Armon bitta – yaxşi spektakl qöyiş…”, “Xiyonatlar içida eng oğiri kasbga qilingan xiyonat deb bilaman…”, “Haqiqiy inson isyon bilan yaşaydi. Lekin bu isyon birinçi navbatda odamning öziga qaratilgan, öziga qarşi böladi…”, “Aktyorning özi kam dunyoda…”, “Eng yomoni kitob çiqarişga köp intiliş…”, “Nima uçun sahna balandroqda joylaşgan? Faqat tomoşabinning yaxşi körişi uçun emas, balki bu – sahnadagi aktyor saviyasi, dunyoqaraşi balandroq bölişining ramziy belgisi. Öşandagina u yetakçilik qila oladi…”. Bular hammasi Bahodir Yöldoşevning aytganlari. Men bu fikrlarni qayta-qayta öqiyman, yana teatrni, sahna ijodkorlarini tuşunişga harakat qilaman. Balki bu qölimdan kelmas. Nima qipti? Bahodir aka aytganiday, “Premera kuni spektakl… öladi”. Demak, repetitsiya jarayoni muhim. Kamina uçun esa teatrni anglaşga uriniş jarayoni ahamiyatliroqdek…
Yohgann Volfgang GYOTE. Faust.
“Yangi asr avlodi”, Toşkent, 2015-yil.
Dunyoning eng sirli tilsimoti bölgan Inson qalbi uçun kuraş bu qadar mahorat bilan aks ettirilgan asar jahon adabiyoti durdonalari içida ham kam topilsa kerak. “Faust” bir qaraganda ezgulik va yovuzlik, adolat va qabohat, oq va qora ranglarning özaro kuraşi inşosidek taassurot qoldiradi. Ammo sahifadan sahifaga ötgan sayin qahramonlarning murakkab taqdiri, feʼl-atvori, borliqqa, dunyoga munosabati, keng kölamli ziddiyatlar sizni öziga maftun eta boradi. Hattoki “…hargiz yomonlik tilab – Yaxşilik qilguvçi kuçning bir qismi” bölgan Mefistofel ham qop-qora bölib emas, ranglar taloşida körina boşlaydi. Uning yoddan çiqmas piçinglari-çi. Deylik: “Ajabo, parvoz qilmoqçi bölasan-u, boşing aylanib qolişidan qörqasan…”
Muhabbat asirasi Margarita-çi? Öz oşiğiga yetiş niyatida onasiga uyqu dori berib öldirgan, akasi Valentinning bevosita qotiliga aylangan, özi dunyoga keltirgan farzandini suvga otgan bu şörlik juvon eng şafqatsiz jazolarga mustahiq! Ammo u hayotining sönggi onlarida tavba qiladi va… keçiriladi…
Asarning bunday qalbingizni larzaga soladigan köpdan-köp örinlarini qayta-qayta öqiyverasiz, öqiyverasiz…
Yodimda, “Faust” ilk bor naşr etilgan yillari bir samarqandlik matematik akamiz dostondan uzun-uzun şeʼrlarni yoddan öqib, hammamizni hayron qoldirgandi. Keyinroq öylab körsam, buning sababi Gyote qahramonlarining – tarjimon mahorati sababli, albatta – sof özbekça gapirayotgani ekan. Özingiz mana bunday özbekona misralarga eʼtibor bering: “Jilvaning umridur bir lahza faqat, Avlodlarga qolur haqiqiy sanʼat”. Yoki: “Gap köp bölaversin, fikr şart emas. Xaloyiqni hang-mang qilolsangiz bas”. Yoki: “Sizga nur kerakmi – mana çiroqlar, Qança kerak bölsa ayamang, yoqing”. Yoxud mana bu jumlalar tagiga bugungi kunimizning şoiri ham jon-jon deb imzo qöygan bölardi deb öylayman: “Inson tabiati uyquga moyil…”, “Çinakam iqtidor yöq bölgan joyda Peşona teridan qançalik, foyda?!”
Mana bu misralar-çi:
Goh ilhom zabt etsa köngillar kunjin
Uçarmiz çulğanib moviy tumanga.
Lekin yelkamizga osilgan xurjun
Darhol olib tuşar bizni tubanga.
Albatta, “Faust”dek murakkab asarni özim qanday tuşunişga urinişim haqida uzoq gapirişim mumkin. Ammo bunday jön mulohazalarga vaqt sarflagandan köra asarning özini öqib qöya qolgan maʼqulroq-ov…
Bertold Brext. “Galiley hayoti”. Pyesa
Avvaliga bu dramaning Tagankadagi teatrda 1966-yili qöyilgan sahna körinişini tomoşa qildim. Boş rolni Vladimir Visotskiy ijro etgan ekan. Tomoşadan keyin matn bilan şoşmasdan tanişiş istagi tuğilgandi, baxtimga asar internetda bor ekan.
Darvoqe, 1956-yilgi Germaniya premyerasidan söng artistlar hayajonga tuşgan tomoşabinlar talabiga köra sahnaga oltmiş marta(!) taʼzimga çiqqani, olmon tanqidçilari esa “Spektakl nemis teatrida buriliş yasadi”, deb yozganidan boxabar edim, albatta.
Yaxşi asar barça zamonlar uçun dolzarb ahamiyat kasb etişi oddiy aksiomaga aylanib ulgurgan haqiqat. Biz bunday voqelikni mazkur pyesa qismatida ham köramiz.
Yozuvçilar başoratgöy bölişadi. Muhojirlikda, Daniyada 1938-1939-yillari qoğozga tuşgan bu asar tez orada… atom fizikasi bilan boğliq ravişda qizğin bahs-munozaralarga sabab böldi.
Pyesada tarixiy faktlarga suyanilgan: XVII asrda Italiyada yaşagan Galileo Galiley kardinal-inkivizitor talabiga köra, töğriroği, qiynoq asboblari namoyiş etilganidan söng öz ilmiy qaraşlaridan voz keçadi. Biroq olim tadqiqotlarini yaşirinça davom ettiraveradi: “U baribir aylanaveradi!” Nihoyat 28 yillik izlanişlar natijasi bölgan qölyozmasini mamlakatdan yaşirinça olib çiqib ketişni şogirdidan iltimos qiladi.
Ayrim mutaxassislar yozuvçi bu asari bilan tamaddunning texnotsentrik rivojlanişini yoqlamoqda, degan xulosaga kelişdi. Tez orada atom bombasining yaratilişi, hatto uning insoniyatga qarşi qöllanilişi bu fikrni tasdiqlagandek böldi. Biroq boşqa mutaxassislar ilm-fan taraqqiyoti yölida Galiley tutgan ayyorona yölni maʼqullaşdi.
Bu munozaralardan qatʼi nazar, asar, eng avvalo, badiiy jihatlari, obrazlarning pişiq-puxtaligi bilan eʼtiborni tortadi. Bir misol. Ustozidan hafsalasi pir bölgan şogird Andrea ğazab bilan: “Öz qahramonlari yöq mamlakat baxtsizdir!” deydi. Bu eʼtirozga Galiley xotirjamlik bilan, donişmandlarça javob qaytaradi: “Yöq! Qahramonlarga ehtiyoji bor mamlakat baxtsizdir!”.
Umuman, pyesada Brextga xos topqirlik, fikrni tölaqonli asoslab beriş isteʼdodi yarq etib qözga taşlanib turadi. Qahramonlarning mana bu gaplariga eʼtibor bering: “Tösiqlar köpayganida ikki nuqta orasidagi eng yaqin masofa egri çiziq ham bölişi mumkin…”, “Hamma narsaga ham zörlik bilan erişib bölmaydi. Zörlik mutloq hukmdor kuç emas…”, “Haqiqatni bilmaslik ahmoqlik, xolos. Biroq uni bila turib, yolğon deganlar jinoyatçilardir…”, “Hadeb faqat qirğoq böyidagina çömilavermasdan, qaçondir oçiq dengizga ham çiqiş kerak…”, Va nihoyat butun asardan “qizil ip” bölib ötgan ğoya: “Muşohada yuritmoq bu – insoniyatga ato etilgan eng buyuk neʼmatlardan biridir!”
Ha, bunday asar ustida har qança muşohada yuritsangiz arziydi…
Fyodor Mixayloviç Dostoyevskiy. “Aka-uka Karamazovlar”.
Kundaligimga yozib qöygan ekanman:
“Bu romanni öqiş oğir.
Biroq öqimaslik ham mumkin emas.
Har gal tez tugab qolganiga afsuslangan köyi kitobning sönggi sahifasini yoparkanman, mana şu asarni Inson bolasi yozganiga işongim kelmaydi…”
Afsuski, kiçkina bir maqolaçaga katta romandan olingan katta taassurotlarni hattoki muxtasar tarzda ham joylab bölmaydi.
Men özim romanning ikkinçi qismidagi “Buyuk inkvizitor” bobini qayta-qayta öqiyman. Bobda ezgulik va yovuzlik, yaratguvçi va yöq qilguvçi, oq va qora kuç örtasida bahs ketadi. Nazarimda, romanning eng yuksak, insonning ong-şuuri, aqli bovar qilmas yuksaklikdagi çöqqisi mana şu muloqotda aks etgan.
“Buyuk inkvizitor”ni öqib çiqib, uning taʼsirida yurgan çoğlarim beixtiyor insoniyat tarixidagi eng yovuz, eng qonxör diktatorlar, monarxlar, podşolar, imperatorlar, qirollar xuddi töqson yoşli mutaassib kardinal kabi fikr yuritgandek tuyulaverdi. Zero, ularning heç biri “Özim uçun qon tökayapman” yoxud “Ermak uçun ming-minglab odamlarni öldirayapman”, demaydi, balki öz yovuzligini soxta şiorlar ortiga yaşiradi. Eng yomoni – aksar hollarda ular özlarining gaplariga işonadilar ham. Işonç aralaşgan johillik esa vahşiylik tuğdiradi.
Dostoyevskiy dahosi bu hodisotni qançalar teran anglagan, qançalar çuqur tuşungan va şunçalar şafqatsizlik hamda qatʼiyat bilan kitob sahifalariga köçirgan.
Nahot oşqozon dardi, bir burda non qayğusi bani başar minglab yillar davomida amal qilib kelgan insoniy munosabatlarni xazondek supurib taşlay oladi?
Bu-ku davlat miqyosidagi “Buyuk inkvizitor”lik edi. Bu hol kiçikroq miqyosda, alohida olingan hududda, deylik, biror jamoada yoinki oilada qay şaklda paydo bölişi mumkin? “Oila” yoki “Jamoa manfaatlari”ni öziga bayroq qilib kötarib olgan “Buyuk inkvizitor” qanday vositalarni işga solgan bölardi?.. Jamiyatda “Buyuk inkvizitor”likka qarşi kuç qanday şakllanadi? Olomon ongi, tafakkuri qay yösinda özgaradi? Bu jarayon tadrijiy ravişda röy beradimi yoki inqilobiy tarzda?
Savollar, savollar…
Bittagina bobi şunça öy-mulohaza tuğdirgan yirik roman haqida uzoq gapiriş mumkin…
Nikolay Vasilyeviç GOGOL. Qadimgi zamon pomeşçiklari.
Rosti, qissa mazmunini birovga gapirib berişgayam qiynalasiz. Ha, ana, Malorossiyaning olis bir xutorida oşini oşagan, yoşini yaşagan çol-kampir umrlarining sönggi yillarini ötkazişmoqda. Ha, ana, ular bir-birlariga ölarday mehribon. Ayniqsa, kampir çoliga.
Ha, ana, Afanasiy Ivanoviç Tovstogub biroz xöra, ovqat yeyişni xuş köradi. Pulxeriya Ivanovna Tovstogubixa esa öta sodda, hatto aytiş mumkinki, sal laqmaroqday.
Biroq… asarni öqiy boşlaysiz va, işonçim komilki, to sönggi nuqtasiga qadar boş kötarolmaysiz. Bu favqulodda gözal qissa…
Hamişa bir-biriga “siz”lab murojaat qiladigan, farzandsiz, uzun kun-tunlarini tökin dasturxon boşida ötkazayotgan, kelgan mehmondan aylanib-örgiladigan çol-kampir.
Baraka mehrdan tuğiladi, deganlari rost şekilli. Çol-kapir istiqomat qilayotgan qörğon ham tökin-soçinlikning timsoliga aylanadi göyo: omborlar donga tölgan, tovuqlar sanoqsiz tuxum qilgan, örmon gullab-yaşnagan, xullas, hamma yoq “sen je, men je”.
Biroq kutilmaganda kampir xastalanib, vafot etadi. Oradan qisqagina fursat ötar-ötmas esa qörğon tanazzulga yuz tutadi: çorva qarovsiz, yeguliklar öğirlangan, ombor huvillab yotibdi… Yozuvçi bu vayronagarçilikni körib hayratga tuşadi. Abgor ahvolda qolgan bemor qariyaning vasiyati esa “Meni Pulxeriya Ivanovnaning yoniga qöying” böladi…
Yozuvçining sehrli tili möjizalar yaratadi. Bir holatning özini öqiş asnosida yiğlay turib kuliş va, aksinça, kulib turib yiğlaş mumkinligiga aynan şu asar mutolaasida yana bir bor iqror bölasiz. Bizga şunday sehrli asar qoldirgan Gogol dahosiga şaraflar bölsin!..
Isajon SULTON. Boği Eram. Qissa va hikoyalar.
“Şarq” NMAK, Toşkent, 2015-yil.
Isajon balo. Qölidan köp narsa keladi. Sözlarni zöriqmasdan, did bilan, bitta-bittalab terib çiqadiki, öqiy turib aqlingiz şoşadi. Buyam kamday, sizni tamomila mağlub etmoq qasdidami, muallifi sizga kamtarona jilmayib qarab turganday tuyuladigan asarlarni iç-içidan yoritib turgan yoğdular taloşi körinadi; bular iqtidor, mahorat, samimiyat va, şubhasiz, ulkan dard hosilalaridir… Bunga işonç hosil qiliş uçun şu kitobni öqib çiqiş kifoya.
Töplamda kamina alohida iştiyoq va iztirob bilan qayta-qayta öqiydigan bir hikoya bor. Bu “Ota qasidasi”.
Hikoyada bir qaraşda oddiygina voqea qalamga olinadi. Keçki payt. Yomğir şivalab yoğib turibdi. Çiroqlar yoğdusida tovlanayotgan restoran eşigida ikki “baquvvat darbon” turibdi.
Yomğirda “ançayin ivigan”, “döppi kiygan” bir kişi şu darbonlar yoniga kelib, içkariga kirib, yuz-qölimni yuvib çiqsam maylimi, deb söraydi.
Tabiiyki, tajribali, öz işining ustalari bölgan darbonlar bir qaraşdayoq bu “yupungina odam”ning restoran mijozi emasligini “aniq-ravşan” anglab olişadi va “qoş çimirib, boş çayqaşadi”.
Qarang, şundan keyin ham “u odam ikkilanib biroz turdi. Keyin, yomğir tomçilayotgan qizil yölakdan qaddini bukkança” ketdi. Şu bilan hikoya tugaydi göyo.
Öylanib qolasiz. Nega “u odam” rad javobini olganidan keyin ham “ikkilanib biroz turdi”; nega şoşa-pişa qayrilib ketavermadi; illo, sal eʼtiroz bildirguday bölsa, bu şafqatsiz “baquvvat darbonlar” uning qöllarini qayirgança, katta yölga dikonglatib sudrab olib çiqib taşlaşlari, hatto bir qop paxtaday irğitib yuborişlari ayon-ku? Yo bir-ikki söm çoyçaqa bermoqçi böldimikin? E, yöq, “yupungina odam”ning har çaqasi hisobda böladi, inçunun, u pulini ayab işlatadi, tejab işlatadi. Yöqsa, neçun u “qizil yölakdan qaddini bukkança” ketdi? Bir laʼnati badrafxonani undan qizğanganlardan ranjidimi? Dili ozor çekdimi? Qimmatbaho liboslarda, qimmat arobada kelganida mana şu odamtan darbonlar eşik tavaqalarini keng oçib, hattoki egilib, taʼzim ham qilib turişlarini öylab ezildimi?..
Şunday bölgani ehtimolga yaqinroq. Illo zar yoqali darbonlar mensimagan, hattoki ijirğanib qaragan bu zot hazrati Inson edi, Ota edi! (Axir, hammamizning yodimizda bor: “Inson yoningda-ku, u mening qöşnim…” Abdulla Oripov)
Bu onasiga buyuk muhabbat, ehtiromlar ila “Sen bölmasayding, men heç kim edim”, deydigan, “aqli tölişgaç, onasining oyoqlarini yuvib, köngli tusagan narsalarni olib kelib, oğziga ovqat tutib yonida ötirgan” Inson edi.
Bu öz volidasiga “Meni deb Xudodan ham qörqmasmiding, ona?.. Arzimagan sifatlarimga suyunib, men bilan maqtanişingni ham bilmasmidim? Böy-bastimga qarab suyunganlaring-çi?.. Özing yemay menga yedirganlaring, içmay menga içirganlaring, axir, özing bir tişlamgina yesang bölmasmidi, onam?..” deb turgan Farzand edi.
Bu “Hayotning olatasirlarida ozorlansam, rayhonlar isi anqigan, gullar oçilgan, suvlar sepilgan hovlimga kirişim bilan bari esimdan çiqib ketar, yoş oilaning malikasi jilmayib kutib olar edi…” deb turgan Er edi.
Bu “Bu yoruğ olamda şunça yil yaşasam-da, qançalar ajoyib möjiza ekaningga mahliyo esam, nima qilay?.. Jujuqligingda seni “oy qizim” deb suygan bölsam, keyinroq “ona qizim” deb suyar böldim…” deb turgan Ota edi.
Bu şundoq Inson edi…
Insonning “könglini buzdilar”, endi kim uning “xotirini şod” aylagay? Kim?.. Sizmi, menmi, umi?..
Ne tongki, bu savolning javobi hikoyada bor. Keling, jimgina öqiylik, jimgina uqaylik: “Endi sizu bizning qilar işimiz – eşik oğzida turgan, muhtaşam otelning muhtaşam kiyimli malaylariga mana şu gaplarni yetkazib qöyişdan iborat, xolos.
Yana, agar köçada kiyimlari xiyla uringan, öz xayollari oğuşida ketib borayotgan, soçlari barvaqt oqargan örta yaşar bir kişini körib qolsangiz, Yaratgan Egamdan nigohingizga teranlik, qalbingizga tiniqlik sörab iltijo qiling!
Axir, u – Otadir!”
Knut Hamsun. Esselar
Norvegiya yozuvçisi, Nobel mukofoti laureati Knut Hamsun (1859–1952-yillar) qahramonlarini Dostoyevskiy qahramonlariga öxşatişadi. Bilmadim, balki adaşayotgandirman, ammo “Misteriyalar”, “Pan”, “Glanning ölimi”, “Işq gadolari” asarlarida bu öxşaşlik unça közga çalinmaganday tuyuldi.
Biroq yozuvçining esselari boşqa gap. “Ğayri şuuriy ruhiy hayot haqida”, “Sekinroq şoşil”, “Psioxologik adabiyot” deb nomlangan badialarni öqib, yuqoridagi fikr haqiqatligiga işonç hosil qildim.
“Odamlar Tangrini unutib qöyişdi. Qudratli dollar uning örnini bosolmaydi. Texnik ixtirolar esa ruhiy ehtiyojlarni qondirolmaydi. Natija – boşi berk köça”, deya şafqatsizlik bilan yozadi Hamsun “Sekinroq şoşil” essesida. Xuddi şu badiadagi “Şarq xalqlarini favqulodda axloqiy donişmandlik ajratib turadi”, deya eʼtirof etişi yozuvçi maşriq adabiyoti bilan yaqindan taniş bölganligini körsatadi.
Adib badiasida “Taraqqiyot özi nima?” degan savolni örtaga taşlaydi va unga özi javob qaytaradi: “Taraqqiyot inson tanasiga osoyiştalik, köngliga esa xotirjamlik ato etişdir. Taraqqiyot xalq farovonligidir”.
“Odamlar özgardimi, bu adabiyotda ham aks etişi kerak”, deydi Hamsun “Psioxologik adabiyot” badiasida.
Endi esselardan birida qalamga olingan, tasvirning Dostoyevskiyga xosligi (dostoyevskiyçilik xastaligi) bilan ham öquvçini larzaga soladigan bir voqea xususida.
…Tong. Yozuvçi qalamkaş dösti bilan köça aylanmoqda. Ular yozuvçining uyiga qöşni hovlida beş-olti yoşli bolakay bobosini ot qilib minayotganini körib qolişadi. Bolakayning qölida qamçi, “ot”ni ayamay savalaydi. Çarçoqdan oyoq-qöli qaltirayotgan bobo esa öziga azob berişayotganidan mamnunday…
Gamsunning dösti xitob qiladi:
– O, naqadar baxtiyor keksalik!
Yozuvçi unga eʼtiroz bildiradi:
– Aslida bu qiynalayotganidan baxtiyor çol. U mening qöşnim. Qizining qölida, yarim oç holida yaşaydi. Yegani – qattiq non. Bugun tongda u qizi özining öğli, yaʼni manavi bolakay uçun yaşirib qöygan pişloqni öğirlab yedi… Mana endi vijdon azobini sal bosiş uçun özini qiynoqlarga mahkum etmoqda…
Uluğ yozuvçi mana şu xususiy hodisadan umumiy xulosa çiqaradi: “Bu qariya inson mehrining tajassumiga aylangan tip ham, xarakter ham emas; muayyan vaziyatda öziga xosligi, qalb holati aks etgan individ. Uning butun vujudi ruhiy zöriqişda… Demak, nevarasi bilan öynayotgan çolni körganim zahoti uni köngilçan ğamxörga çiqararkanman, gap uning qalbidagi emas, mening qalbimdagi sodda bolakay haqida ketayotgan böladi…”
Balki şu sabablidir, Hamsun umumiy tiplar yaratayotgan yozuvçilar asarlariga işonqiramay qaraydi, ularning qahramonlarini bir rakursda, tor aspektda yaratilgan obrazlar deb hisoblaydi. Vaholanki, aynan öşa qahramonlarda ham qalamga olinmagan, yoritilmagan özgaça feʼl-atvorlar bölişi aniq. Şu sababli “tipik” qahramonlar yozuvçini sira qanoatlantirmaydi (qarang-a, sotsialistik realizmning göri öşa paytlariyoq qazib qöyilgan ekan).
Şu yösinda mulohaza yuritayotgan yozuvçi ğaroyib xulosaga keladi: “Psixolog (demak, yozuvçi) öz personaji qalbini yoritişi va söroqqa tutişi lozim”. Hamsun bir umr mana şu aqidaga amal qilib yaşadi. Uning asarlarining, qahramonlarining umri boqiyligi sababi ham şunda bölsa kerak…
Abduqayum YÖLDOŞ,
Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi
1962-yili tuğilgan. Toşkent politexnika instituti (hozirgi Toşkent davlat texnika universiteti)ni bitirgan. “Sunbulaning ilk şanbasi”, “Timsohning köz yoşlari”, “Bir tun va bir umr”, “Alvido, gözallik”, “Bankir”, “Puankare”, “Hali vaqt bor” kabi kitoblari çop etilgan.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


