Toğay Murodning eng yaxşi asari qaysi? Hayotda katta armon bilan ötgan, lekin bir-birini suyab, bir-biriga suyanib yaşagan “Oydinda yurgan odamlar”mi? Insondan insonlik körmagan, hayvondan insonlik körgan, elda yolğiz çavandoz haqidagi “Ot kişnagan oqşom”mi? Ğirromliklar yelkasini yerga tekkizsa-da, qaddi bukilmagan, qadri tökilmagan, baribir halollikning ğalabasiga işonçi baland, şu bois ğururi yanayam baland polvon töğrisidagi “Yulduzlar mangu yonadi”mi?..
Nazarimizda, har qanday yozuvçining eng yaxşi asari – hali yozilmagan asaridir. Uluğ adiblarimiz umri poyonida köngliga tugib yurgan (endi bizning könglimizda ham yeçilmas tugun bölib qolgan) ijodiy rejalar haqida eşitsak, adabiyotimiz yana qanday kitoblar bilan boyigan bölardi-ya, deya şirin xayolga berilamiz.
Adibning ayoli Maʼsuma opa Ahmedova bilan birgalikda Toğay Murodning tanlangan asarlari uçinçi jildini naşrga tayyorlaş asnosida ustozning kundaligida qolgan bitiklarini közdan keçirib, gözal asarlarga ğoya bölgulik qaydlarga, kuzatişlarga, fikrlarga duç keldik. Agar ularning bari hikoya, qissayu romanlarga, esseyu maqolalarga aylanganida bormi… Mana bu tört enlik matnga Toğay Murod qalami qanday hayot bağişlab yuborardi yoki mana bu keskir fikrlarni yozuvçi yana qanday qayragan bölardi, degan öy keladi dafʼatan. Taassufki, biz bugun ularni faqat qoralama tarzida öqişga, eʼlon qilişga majburmiz. Şunisiga ham şukr.
* * *
Proza qayerdan paydo bölgan, qanday paydo bölgan? Prozani kim yaratgan? Qaçon yaratgan? Prozani… poeziya yaratgan. Poeziyaning kuç-qudrati yetmay qolganidan… prozani yaratdi. Şu bois, poeziya tugagan joydan… proza boşlandi. Poeziya ojizlik qilib qolsa, qöli yetmay qolsa, nafasi yetmay qolganda… proza kuçga kiradi, proza amalga oşiradi. Şu bois, proza poeziyadan qudratli hamdir.
… Şoirlar prozani şunçaki yozib ketiladi, deb tuşunadi. Faqat, mehnati oğir, qora mehnat, deyişadi. Yöq, prozaning öz içki siri-asrori, içki qonun-qoidalari böladi. Ana şu içki sir-asrorlarni anglab yetmagan qalamkaş proza emas, şunçaki bir satrlarni yozadi. Ana şu içki şakl-şamoyillar, qonun-qoidalarni (?), közga körinmas tilsimlarni his etolmagiç qalamkaş şunçaki jön, töpori voqealar tizimini yozib çiqadi.
Bu içki sir-asrorlarni qanday bilsa böladi? Uşbu içki, közga körinmas tilsimlarni qanday anglab yetsa böladi?
Uni tabiat beradi. U badanda böladi. U köngilda böladi. U ijodkor tabiatida böladi.
* * *
L.Tolstoy Kavkaz uruşini kezib çiqdi. Jek London Şimol1ni kezib, oltinçilarni oralab çiqdi. Gorkiy odamlar eşigida daydib yurdi. Şişkov Sibirni kezib yurdi. Material yiğdi, hayot yiğdi, turmuş yiğdi. Hayotiy taqdirlarni kördi, turmuş azob-uqubatlarini kördi. Xalq feʼl-atvorini örgandi, xarakterlarini bilib oldi. Hayot aççiq-çuçuklarini öz közi bilan körib, öz qöli bilan yondaftariga qayd qildi. Hayot şakl-şamoyillarini, turmuş ohanjamalarini misoli fotosuratçiday suratga olib, plyonkaga qayd qildi. Qöşa-qöşa, qavat-qavat plyonkalarni töplab, sumkalarini töldirdi. Keyin, uyiga kelib, ana şu negativlarini – plyonkalarni proyavit2 qilib, öz ustaxonasi iş stolida badiiy asar yaratdi. Şu maʼnoda yozuvçi fotosuratçiga öxşaydi. Suratçining iş quroli – fotoapparat, yozuvçining iş quroli – qalam.
* * *
Yozuvçi, adiblar ijodiy yölini, umrini, hayotini, olis masofaga yuguriş poygasiga öxşatgim keladi. Marofon poygasi yöliga öxşatgim keladi. Poyga yölagi böylab çopib boruvçi poygaçilarga öxşatgim keladi. Bunday olis masofa poygasida oldindan, azaldan puxta, pişiq maşq qilgan, maşq olgan, suyagi şunday poygada qotgan, yaʼni poydevori pişiq, beli baquvvat poygaçi sönggi marragaça yugurib boraveradi. Yoşligida şunçaki beş-olti maşq olgan, şunçaki orzu-havas bilan yölga çiqqan poygaçilar esa yöl-yölakay arosatda qolib ketaberadi. Birov öpkasi tölib qolib ketadi. Birov irodasi yetmay qolib ketadi. Birov kuç-qudrati yetmay qoladi, birov turli-tuman bahonalar topib qolib ketadi.
Özbek adiblarini ana şu poygaçilarga öxşataman.
Ijodiy yölni ana şu poyga yöliga öxşataman. Yozuvçini ana şu poygaçilarga öxşataman.
* * *
Şon-şuhrat aroqqa öxşaydi misoli. Içgan sayin içgingiz keladi. Yuz gramm içsangiz, yana yuz gramm içsam, deysiz. Keyin yana, yana… Oxiri borib… yiqitadi. Oldin boşni aylantiradi. Odam burnidan narini körolmay qoladi, bosar-tusarini bilmay qoladi. Keyin, keyin yiqitadi.
Şon-şuhrat ana şu aroqqa öxşaydi. Yuz gramm içsa, tağin yuz gramm, deydi. Şuhrat ketidan şuhrat… Kun sayin şon-şuhrat, oy sayin şon-şuhrat, yil sayin şon-şuhrat… Oxiri borib, aroqning kuni keladi – yiqitadi.
Şon-şuhrat aroq misol yozuvçining boşini aylantiradi. Aroq misol taltaytiradi, aroq misol közini şapkör qilib qöyadi. Oxir-oqibat, heç kimni tanimay qöyadi. Özini osmon his etadi, boşqalarni yer his etadi. Birorta töy-maʼraka usiz ötmasligi kerak. Birorta majlis-anjuman usiz ötmasligi kerak. Eng yomoni… u anjuman törida, hayʼatida ötirişi kerak. Öşa törga, öşa hayʼatga taklif qilsalar qildilar, qilmasa(lar)… şunday özi borib ötirib oladi. U haykal misol qör tökib turişi kerak. Byust misol savlat tökib turişi kerak. Göyo bu – hayot qonuni, tabiat qonuni. Göyo bu – Xudo, parvardigorning yöl-yöriği, xohiş-irodasi.
Keyin, u albatta nutq sözlaşi kerak. Donolarça sözlaşi kerak, xalq nomidan sözlaşi kerak.
Mabodo u şu anjumanga taklif qilinmay qolsa-çi, özini xörlangan his etadi.
Mana şunday yölga kirgan adibni Xudo urdi!
* * *
Lev Tolstoyni tönğiç qizi özga bir yurtda yaşar edi. Bir kuni ana şu qizi kelganida unga öz orzu-havasini aytadi. Tönğiç qizi Tatyana yurtiga borib yaşaş istagini bildiradi. Qizi hayron bölib söraydi.
Lev Tolstoy öz köngliga tugib yurgan xohiş-istagini aytadi:
– Yasnaya Polyanada meni hamma taniydi. Meni heç kim bilmasa, meni heç kim tanimasa… Köçalarda özimça boqibeğam bölib, daydib yursam… Körganlar mendan jirkansa, gadoy misol bölib yursam. Köçalarda yelkamga törva-xalta osib yursam. Oqşomlari dehqonlarning ostonasiga borib, xayr-sadaqa sörasam…
* * *
Kabardin-Bolqoriyada 74 yoşli Amma Itamonovna Ifrayemova yaşar ekan. U aza-maʼrakalarda göyanda bölib işlar ekan… Amma Itamonovna öz işiga ijodiy yondaşadi, har bir marosimga alohida tayyorgarlik köradi, har gal aytib yiğlaydigan sözlarini yangilab boradi. Ötgan odamni yodlar ekan, uruğ-aymoğini tilga oladi, rahmatlining qilgan yaxşi işlarini aytib yiği soladi, ayni damda uning yaqinlariga tasalli beradi. U narigi dunyoga rixlat qilgan odamga oppoq surpdan öz qöli bilan kafanlik tikadi. Amma Atamovna bu xizmatlari uçun umuman pul olmaydi. Motamdorlar ayolni sovğa-salom bilan rozi qiladilar. Aytişlariga köra, uruşda faşistlar uning eri, qavm-qarindoşlarini tiriklayin kömib taşlagan ekan…
Tasanno, kasbni qarang!..
* * *
“Yöq”, deyişni örgan. Hammaga birday yoqiş – muşkul iş. Bu hammaning ham qölidan kelmaydi va oqibat, muhim işlarni bajarişda kişida kuç qolmaydi.
* * *
…Adabiy-tanqidiy maqolalaringiz… sud protokoliga öxşaydi. Oldin asarni – voqeani gapirib, öqib berasiz. Nima bölgan, qaçon bölgan, qayerda bölgan, kim tomonidan amalga oşirilgan, kim, qaysi obraz aybdor, qaysi obraz aybsiz, qaysi obraz salbiy, qaysi obraz ijobiy… Keyin hukm öqiysiz. Adabiy-badiiy maqola, bu – janr. Bu janrning öz talablari bor. Adabiy-badiiy maqolalaringizda… proza yöq! Şunday, adabiy maqolalaringizda proza yetişmaydi. Belinskiylarning adabiy maqolalarini öqiyotib, bilib bölmaydi – proza öqiyapsizmi, yo adabiy maqola öqiyapsizmi…
* * *
…Jumlalari çollarga öxşaydi. Xokisor, nimjon, kasalmand, bukri, rang-tussiz! Fisq-fasod, iğvo töla! Imillab, içburuğlarça qadam bosadi. Bir yerda depsinadi. Odamni ensasini qotiradi. Katta-katta yuring, otaxon, deysiz. Bölmaydi. Oqibat, ketingizga qaramay, öz yölingizda ketasiz. Yaʼni, betlab, boblab, taşlab-taşlab öqiysiz…
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


