Umidbaxsh qissa

0
20
marta ko‘rilgan.

Har qanday badiiy asarda, eng avvalo, ta’sirchanlik xususiyati bo‘lishi kerak. U o‘quvchining tasavvuriga, dunyoqarashiga, saviyasiga, mushohadasiga qandaydir turtki berishi lozim. Buning uchun samimiyat, dard, harorat kabi sifatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Men Olim Jumaboyev qalamiga mansub “Uy” qissasida xuddi shu sifatlarning jilvasini payqaganday bo‘ldim. Bu kichik asar adabiyotning katta olamiga yana bir iqtidor kirib kelayotganidan xushxabardir. Olim Jumaboyev shaklni, mazmunni atay murakkablashtirish, zo‘rakilik, balandparvozlik singari nayranglardan qochadi. O‘zi yaxshi bilgan, xayolotiga, badiiy tafakkuriga ma’lum ta’sir ko‘rsatgan, qo‘lga qalam tutishga undagan hayotiy lavhani tasvirga oladi. Ifodalari sodda va jonli, badiiy bo‘yoqlarga boy. Qahramonlar qiyofasi o‘quvchi ko‘z o‘ngida tiniq namoyon bo‘ladi. Nazarimda, qissadagi ota uyi ramziy, timsoliy ma’no kasb etgan. U ildizdir, u o‘zlikdir, u qadr-qimmatdir. Ota uyi ochko‘zlik, nopisandlik oqibatida vayron bo‘larkan, bu insonning ma’naviy ustunlari yemirilishga yuz tutganini anglatadi. Ota uyi yana obod etilarkan, bu inson o‘zligiga qaytayotganidan, o‘z qadr-qimmatini tiklayotganidan darak beradi. Olim Jumaboyevning mazkur qissasi xuddi shunday salmoqli, jiddiy badiiy fikr asosiga qurilgani ham ko‘ngillarga quvonch ulashadi. Albatta, mutolaa jarayonida ba’zi bir qusurlar ko‘zga tashlanganday bo‘ldi. Jumladan, menimcha, qissaning kompozitsion qurilmasi puxta ishlanmagan, dinamika xiyla zaif, syujet chizig‘ida tarqoqlik seziladi. Umid qilamizki, Olim Jumaboyev o‘qib-o‘rganishdan, mashq-mashg‘ulotdan hormay-tolmay, juz’iy kamchiliklarni bartaraf etib boradi. Undan yanada sermazmun, yanada zavqli-shavqli asarlar kutib qolamiz.

Luqmon Bo‘rixon

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.