El g‘amida o‘tgan umr

0
27
marta ko‘rilgan.

Xalqimizning suyukli farzandi, atoqli adib Sharof Rashidovning ijodi asosan 30-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan bo‘lib, dastlab she’riyatda qalam tebratgan. Birinchi she’riy to‘plami “Samarqand kuylari” deb nomlangan. Shundan so‘ng ijodkorning “O‘lkam”, “Orzuimiz” kabi she’riy to‘plamlari chop etildi. Ikkinchi jahon urushi davrida g‘alabaga yetaklovchi she’rlar yozib, jang maydonida ham kurash olib bordi. Jangavor ruhdagi she’rlari to‘plam sifatida 1945 yili “Qahrim” nomi bilan chop etildi.

Sharof Rashidov maqolanavis – publitsistlikdan kamolga yetgan adib darajasiga ko‘tarildi. Shuning uchun ham uning badiiy ijodida davr ruhi yorqin aks etgan. Adibning “G‘oliblar”, “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin” romanlarida   urushdan keyingi O‘zbekiston xalqining tiklanish yillaridagi jasoratli mehnatlari badiiy ifodasini topgan.

Yozuvchining “Kashmir qo‘shig‘i”, “Komde va Mudan” kabi lirik qissalari an’anaviy Sharq dostonchiligi uslubida yozilgan bo‘lib, yoshlik, bahor, hayotning go‘zal nashidasi madhiga bag‘ishlangan. Adib umrining so‘nggi yillarida yaratgan “Dil amri” qissasi ham Ikkinchi jahon urushi yillarida Belarus zaminida kechgan jang manzaralari, turli millat jangchilarining g‘alaba yo‘lida olib borgan hayot-mamot kurashi tasviriga bag‘ishlangan.

Vatanimiz tarixining eng murakkab davrida yashab, faoliyat ko‘rsatgan yirik davlat va jamoat arbobi, adib Sharof Rashidov 1983 yilning kuzida vafot etdi. Undan  ulkan adabiy meros bilan birga, yurt taqdiriga daxldor juda ko‘p ezgu ishlar xalqimiz xotirasida mangu muhrlanib qoldi. O‘zbek xalqi o‘zining fidoyi, iste’dodli va bunyodkor farzandini hech qachon unutmaydi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.