Ustozimning nuqsonini ko‘rsatma…

0
41
marta ko‘rilgan.

Bir xil, lekin zid tushunchalar

Ko‘pchiligimiz individual ta’lim deganda, yangidan paydo bo‘lgan yoki qaysidir chet ellardan kirib kelgan, go‘yoki bizga begona bir tizimni tushunamiz. Repetitor deganda esa, ko‘z oldimizda faqat oliy o‘quv yurtiga kirish uchungina o‘quvchini tayyorlab beradigan shaxs gavdalanadi. Lekin repititorlik degani faqatgina o‘qishga kiritib qo‘yish degani emas-ku?!

Aslida repetitorlik bu – individual ta’lim. Va bu ta’limning asosi o‘zimizning qadim madaniyatimizga, ta’lim-tarbiya uslublariga borib taqaladi. Lekin uning bugungi ko‘rinishi individual ta’limning o‘zi emas, biroz o‘zgargan, “ayniganroq” ko‘rinishi deyish mumkin… Bunga sabab har ikki tomon maqsadining ayroligi, ya’ni ilmi tolib bir amallab o‘qishga kirib olishni o‘ylashi-yu, repetitor moddiy masalaga chalg‘ishimikan? Ammo shu aniqki – juda qiziq – oramizda repetitorlik qilib boyib ketgan odamni hali uchratganimizcha yo‘q. Lekin faqat boyishni o‘ylab repetitorlik qilayotganlar yetarlicha topiladi. Ilmni sotish (bilim berish emas – aynan sotish) bilan boy bo‘la olmaslik masalasi esa alohida mavzu…

Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim, inidividual yondashuv, so‘zimiz avvalida aytganimizdek, xalqimiz uchun yangilik emas, aslida. Axir, ta’limning bunday turi bizning qon-qonimizga singib ketgan. Faqat uni bizda biroz boshqacharoq – ustoz-shogirdlik deyishadi!

Demak, hali maktabga chiqmagan farzandingiz borayotgan “Pochemuchka” yoki “Bilag‘on bolajon” o‘quv markazi – aslida inidividual yondashuv!

Maktab yoshidagi o‘g‘il-qizingiz qiziqishiga qarab qaysidir o‘qituvchisining oldiga darsdan tashqari borib turishi – shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim!

Biror hunarga qiziqqan yigit yoki qizning turli to‘garaklarga qatnashi yoki aynan bir ustoz­ning etagidan tutishi – ustoz-shogirdlik maktabi!

Lekin bir jihat aniqki, ustoz-shogirdlik degan tushuncha repetitorlikdan farqli ravishda beg‘araz, beminnat bo‘ladi. Unda asosiysi pul emas, aksincha, ma’naviy kamolot va mehr-oqibat ustun turadi. Mana bu – bir xil tushunchaning bir-biriga zid ko‘rinishi…

 

Ustozimning nuqsonini ko‘rsatma…

Xo‘sh, mehr-oqibat va ma’naviy kamolot ustun bo‘lgan ustoz-shogirdlikning ham chegarasi bormi? Biz ustoz deganda nimani tushunamiz, o‘zi? Ishda, o‘qishda, ijodda bu qay ko‘rinishda kerak bizga?

Ustoz degan tushuncha bugunga kelib birmuncha o‘z mohiyatini o‘zgartirgandek, nazarimda. Bugun sohamizdagi o‘zimizdan kattalarning deyarli hammasini ustoz deyaveramiz. Avvallari esa bu tushuncha biroz boshqacha bo‘lgan. Inson o‘zi qattiq mehr qo‘ygan, mukammal deb o‘ylagan zotnigina ustoz deb bilib, unga qo‘l bergan. Chindan ham unga ergashmoqchimisan? Chindan ham uning yo‘lidan bormoqchimisan? Chindan ham shu kishi senga butun hayotingga kerakli to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata oladi, deb hisoblaysanmi? Shu savollarga ichingda  ^I“ha” deb javob bersang, shundagina ustoz-shogirdlik ma’noga ega bo‘ladi. Ha, ustoz – shogird nazdida mukammal shaxs. U uchun o‘rnak, namuna. Ba’zan duolarda eshitib qolamiz: “Ey Xudo, menga ustozimning nuqsonini ko‘rsatma”, deyishadi. Mana, ustozga hurmat!

Savol tug‘iladi: bugun ustoz deganda mushkul ishimizni bitirib beradigan, faqat bir tashvishimiz bo‘lgandagina yo‘qlab boradigan kishini tushunib qolmayapmizmi? Xo‘sh, bunday paytda ustoz qanday yo‘l tutishi kerak? Balki, birrovchi shogirdni qo‘llab yuborishi o‘rinlidir. Axir, shogirdni suyab, yuksalishiga ko‘mak berishdan savobli ish bormi?! Lekin ustozlikning mohiyati faqatgina suyashdan iborat emas-da.

Aytaylik, shogird bir mushkul vaziyatda qoldi. Ustozning bir so‘zi yoki hurmati shogirdni ana shu vaziyatdan chiqarib ketishi mumkin. Lekin ustoz shogirdining holatini chuqur tashxis qilmasa, uning xatolarini o‘rganib, kerakli yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmasa, muammosini osongina hal qilib bersa, bu holat takror-takror yuz beraverishi mumkin.   ^I“Men senga baliq bermayman, qarmoq beraman – istagan payting o‘zing baliq ovlaysan” degan so‘zning hikmati shu yerda ayon bo‘ladi. Ya’ni, muammoning bir martalik yechimini emas, unga yo‘liqmaslik yo‘lini ko‘rsatgan ustoz chinakam murabbiydir.

Shogird-chi? Faqatgina moddiy manfaat rishtasi bilan ustoziga bog‘langan kishini haqiqiy shogird deb bo‘ladimi? O‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa, ustoziga maqtov yog‘dirib, unga yanada yaxshiroq ko‘ringisi keladigan tolib afzalmi yoki ortiqcha so‘zamollikka berilmasdan ustoz o‘gitlariga bekamu ko‘st amal qiladigan, uning yurish-turishi, ilmu a’molidan jimgina saboq oladigan shogirdmi?

Ba’zan ustoz va shogird qarashlari zid kelib qolgan vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak? U ishmi, ijodmi, aqliy yoki jismoniy mehnatmi, qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, har kim o‘zini haq deb turgan holatda vaziyat zil ketmasligi, ustoz-shogirdlikka putur yetmasligi uchun har ikki tomonning tutumi qanday bo‘lishi zarur?

Xullas, savollar ko‘p. Ularning javobini ham bir qadar bilamiz. Hamma gap ularga amal qilishda. Xoh ustoz bo‘laylik, xoh shogird – hurmat va izzat qoidasiga xilof ish tutmasak, o‘zaro hamkorlik samarali bo‘ladi.

 

Shogirdlik mas’uliyatli

Ma’lumotlarga qaraganda, fransuz yozuvchisi Gi de Mopassan kollejda o‘qib yurgan vaqtlarida badiiy ijodga, she’r mashq qilishga qiziqib qoladi. Undagi iste’dodni sezgan onasi o‘g‘lini yoshlikdagi do‘sti – taniqli adib Gyustav Floberga shogirdlikka beradi.

Flober juda qattiqqo‘l va o‘ta talabchan ustoz bo‘lib, qariyb o‘n yil mobaynida Mopassanning yozgan asarlarini chop ettirishga ruxsat bermaydi. Mopassan ham ustozini benihoya hurmat qilgani va unga ixlos ko‘zi bilan qaragani, eng muhimi, unga ishongani uchun ra’yiga qarshi bormaydi. Uning ustozi haqidagi xotiralarining o‘zi bir ustozning shogirdga bergan ta’limidek salmoqli. Flober Mopassanga nafaqat adabiy mahorat sirlarini o‘rgatadi, shuningdek, uni Emil Zolya, Alfons Dode, Ivan Turgenev va boshqa zamonasining yetuk ijodkorlari bilan tanishtiradi. Nihoyat, Mopassanning ilk asari e’lon qilinganida Flober: “Bu asar daho adib qalamiga mansub…” deya e’tirof etadi.

Qattiqqo‘l, talabchan ustozning e’tirofi bu! Lekin bu e’tirofga erishish uchun Mopassan qanday mehnat qilganini, mashaqqat chekkanini bir Xudoyu bir o‘zi bilgan bo‘lsa, ajab emas.

Xo‘sh, bugun bizga ustozimiz shunday talab qo‘ysa, rozi bo‘lamizmi? Asarimizni o‘n yil emas, o‘n oy bosishga ruxsat bermasa, sabrimiz, toqatimiz yetadimi? Tan olaylik, agar shunday qilsa, oramizda yo ustozdan yoki ijoddan voz kechadiganlar oz emas.

Ko‘pchilikning nomidan gapirish noo‘rin, albatta. Har kimning ko‘nglida bir iqrori, xayolida boshqalardan sir tutadigan o‘z haqiqati bor. “Axir men…” yoki “Axir u…” deb boshlanuvchi gaplar bilan o‘zimizni oqlay boshlashimiz ham bor gap…

 

Ustoz otangdan ulug‘…

Avvallari  ^I“Ustoz otangdan ulug‘” deb aytiladigan maqol so‘nggi yillarda ozroq tahrir qilindi:  ^I“Ustoz otangday ulug‘”. Va bu ko‘pni ko‘rgan insonlar tomondan izohlandi ham:  ^I“Axir, ota  dunyodagi eng ulug‘ zot. Ustoz ota qatori ko‘rilsa ham, ulug‘ sharafga noil bo‘ladi. Har qancha mukarram bo‘lmasin, ustozni otadan baland qo‘ymaslik kerak. Ota – rozi, Xudo – rozi, degan gap bejiz emas…”. Albatta, biz bu fikrlarga to‘liq qo‘shilamiz. Chindan ham, otaning sha’ni, maqomi juda ulug‘. Lekin maqol shunday san’atki,  u mubolag‘asi bilan go‘zal. Axir, maqolu matal, ertaklarimizu topishmoqlarimizning barchasi mubolag‘aga asoslangan emasmi?! Mubolag‘asi bo‘lmasa, uning oddiy gapdan farqi qolmaydi-ku.  ^I“Ustoz otangdan ulug‘” deyilganda aslo Otani pastga urish emas, Ustozni baland ko‘tarish maqsad qilingan. Va bu maqolni avvalo otalarning o‘zi ijod qilib, muomalaga kiritgan bo‘lsa, ajab emas. Shu bois o‘z qadrini, o‘rnini yaxshi bilgan birorta ota bu maqolni eshitganda nafsoniyati og‘rimaydi. Aksincha, o‘g‘lini ustozga topshirarkan,  ^I“Eti – sizniki, suyagi – bizniki”, deydi kamtarligu tavoze bilan.

Rivoyat qiladilarki, bir kishi mantiq ilmidan saboq olish uchun o‘z davrining yetuk olimiga shogird tushibdi. Bir necha yillik o‘qish-o‘rganishdan so‘ng mustaqil bo‘lish, fotiha olish niyatida dasturxon yozib, ustozi va bir necha kishini chaqiribdi. Mehmonlar orasida Shayx Sa’diy ham bor ekan. Suhbat orasida shogird ustozi va otasini bir mavqega qo‘yib:

– Mening ikki otam bor. Ular meni shu darajaga yetkazdi. Biri o‘z otam bo‘lsa, yana biri ustozim, – debdi.

Shunda Shayx Sa’diy hazilnamo qilib:

– Ustozni “otam, otam” degan bilan ish bitmaydi. Aslida ustoz otangdan ulug‘dir. Zero, otang seni osmondan yerga olib tushgan bo‘lsa, ustozing seni qaro tuproqdan osmon avjiga ko‘tardi, – degan ekan.

Fikrlarimizni qog‘ozga tushirish asnosida, xayolimizga yuqoridagi rivoyatga o‘xshash “Bir kuni shogird ustozidan so‘radi…” deb  boshlanuvchi rivoyatlar esga tushadi. Televizorda ko‘rganlarimiz – ustoz va shogird muloqoti birdan xayolimizga keladi. Kitoblarda ham shu kabi rivoyatlar berilar ekan, bir muallim va bir necha toliblarning emas, aynan bir ustoz va bir shogirdning savol-javoblari, o‘zaro muloqoti keltiriladi. Yana o‘sha gap: bizda azal-azaldan ustozlar har bir shogird tarbiyasiga alohida, individual yondashgan…

 

Bir ustozu  bir shogird

Ibn Sinoning ustozi, deganda xayolimizga birinchi navbatda turli fanlarni o‘qitgan o‘qituvchilari keladimi yoki o‘zi ixlos qo‘ygan Notiliymi?

Beruniyning, Xorazmiyning, Navoiy va Mashrabning ham hayotida, shubhasiz, nihoyatda katta o‘rin tutgan yagona ustoz bo‘lgan. Ehtimol, biz bugun ularning nomlarini to‘la bilmasmiz, lekin ular Ibn Sinoning buyuk hakim, Navoiyning ulug‘ shoir, Beruniyning zukko olim bo‘lishida muhim o‘rin tutgan.

Tarixda bugungiday ta’lim tizimi va uslub­lari bo‘lmagani, shart-sharoit zamonlar osha yuksalib borganligi bor gap. Lekin ko‘plab daholar, buyuk kashfiyotchilar jamoaviy ta’lim ortidan alohida, individual tahsilga intilganlari ham haqiqat. Nima, ularga jamoada, tengdoshlari orasida ilm olish qiyinmidi? Yoki o‘qituvchini (ustozini) boshqalardan qizg‘onishgan deymizmi? Javoblar orasida ishonchlirog‘i – bu holat jamoaviy ta’lim olib bo‘lgandan so‘ng boshqalarning bo‘yi yetmaydigan cho‘qqilarni zabt etish istagi  bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Ha, arava tortadigan toyning qarovi boshqa-yu, uloq chopadigan toychoqning tarbiyasi boshqacha bo‘ladi. 

Yo‘q, tarixda ham, hozir ham jamoaviy va individual ta’limning o‘z o‘rni bor. Faqatgina sho‘rolar davrida shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim, ya’ni aynan ustoz-shogirdlikka ko‘p e’tibor berilmagan. Faqat jamoaviylikni tan oladigan bu tuzumda hammaning bo‘yi bir xil bo‘lishi shart edi – bo‘yi balandlar, kerak bo‘lsa, tizzasi yo yelkasini bukib yursin! Shukrki, bugun ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar tufayli yana ustoz-shogirdlik an’analari tiklanib, iste’dodli yoshlarga alohida imtiyozlar yaratilyapti. Lekin bu jarayonda ustozlarimizga lozim darajada yaqinlasha olyapmizmi, deb o‘ylab qolasan kishi.

Bu yerda gap hamma biladigan o‘qituvchi-talaba emas, aynan mehr va ixlos ustunlik qiluvchi ustoz va shogirdlik haqida ketyapti.

Yuqoridagi fikrlardan jamoaviy ta’limni keraksiz tizimga o‘xshatib qo‘ymadikmikan, degan andishamiz ham yo‘q emas. Aslida ikkalasi ham o‘z o‘rnida kerak! Umumiy bilimlarni egallash, fikrni erkin ayta olish, ijtimoiy shakllanish, dunyoqarashni kengaytirish jamoaviy ta’limning asosiy maqsadi va buning o‘rnini boshqa hech bir tizim bosa olmaydi.

Ammo maktab, kollej, institutda olingan baholar kishining aqliy qobiliyatini ko‘rsatib bermasligi ham bor gap. Baholar, maqtov yorliqlari – umumiy bilimning nisbiy mezon, tarozida o‘lchangan holati, xolos. Ammo aynan shu yo‘l orqali yanada chuqur ilm yo‘liga – individual ta’limga o‘tiladi. Bir so‘z bilan aytganda, jamoaviy ta’lim iste’dodli o‘quvchi uchun toblanish, o‘ziga ishonch hosil qilish maydoni bo‘lib, yuksak marralar sari oltin ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Keyin esa o‘zing tanlagan yo‘lda seni har tomonlama tarbiya qiladigan, senga qanot bag‘ish­laydigan Ustozga ehtiyoj sezasan. Kim bunday ustozni topgan bo‘lsa, undan baxtli inson yo‘q. Iste’dodli va qobil shogirdga yo‘liqqan Ustoz ham saodatlidir…

 

Nurli silsila

Aytaylik, bolaligidan informatikaga, kompyuterga qiziqqan bola axborot texnologiyalari bo‘yicha institutga kirdi. U ta’limni umumiy fanlarni o‘qishdan boshlaydi. Keyin maxsus fanlarga o‘tadi. Institutning yuqori bosqichlarida esa muayyan, tor mutaxassislikka ko‘proq urg‘u qaratiladi.

O‘qish asnosida barcha talabalarini bir ko‘z bilan ko‘rgan ustoz bitirish chog‘ida bitta yo ikkitasini tanlab olib, o‘z sohasiga yo‘naltirgisi, u bilan alohida ishlagisi keladi. Nima uchun? Chunki uning tiynatida yashiringan iste’dod cho‘g‘ini ilg‘ab, bu cho‘g‘ni yorqin alangaga aylantirishni zarurligini his qiladi. Shu bois ilmiy ish qilmoqchi bo‘lganlarga ham aniq ustoz – ilmiy rahbar tayinlanadi. Bu bejiz emas. Bobolarimiz “Pirsiz muridning qo‘lidan shayton tutadi” deganlarida aynan ustozsiz shogirdning turli yo‘llarda adashib, sarsonu sargardon bo‘lishini nazarda tutganlari aniq.  Ya’ni, umumiy ta’limdan so‘ng xos ta’lim boshlanadi va bu ta’lim, eng avvalo, mehr-muhab­bat, o‘zaro hurmat, ixlos asosiga quriladi.

Bugun axborot texnologiyasimi, madaniyat, sport, adabiyot yoki texnikami, o‘z sohasida yuksak natijalarga erishayotgan yoshlarning muvaffaqiyatlari bilan tanisharkansiz, ular bilan muntazam ishlaydigan, tergab-nazorat qilib turadigan ustozi borligini ko‘rasiz. Qaysi sohada ustoz-shogirdlik tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha sohada iste’dod egalari porlab chiqayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Ustoz – berguvchi, shogird – olguvchi. Vaqtida kelganda, bu aksioma o‘zgarib, ustoz – olguvchi, shogird berguvchiga aylanadi. Ya’ni, haqiqiy ustoz mashaqqatli mehnatlari evaziga shogirdining muvaffaqiyat mevalarini terib ola boshlaydi. O‘z navbatida shogird ham Ustozga aylanib, yangi avlod orasidan o‘ziga munosib izdoshlarni axtarishga tushadi. Bu nurli silsila abadul abad davom etadi. Shunday silsilaga kirish, munosib bo‘lish barcha ustozu shogirdlarga nasib etsin, deymiz…

Dadaxon MUHAMMADIYEV

 

1989 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

“Yoshlik”2017/9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.