Qulfbuzar. Novella

0
86
marta ko‘rilgan.

Shaffof matoh ustiga tushgan dog‘day shuvalib, to‘zg‘oq bir tarzda  yayralib ko‘rinayotgan yashil ranglar shaftoli daraxtining yaproqlari, qizg‘ish dog‘lar esa uning  mevasi… Oddiy shaftoli daraxti uchun bunchalik katta xarajat qilish, uning atrofini  shisha devorlar bilan o‘rab, eshigiga qulf urib qo‘yish oddiy odamning ishi emas. Bu odam yo afandi, yoki faylasuf. Qulfbuzar miyasining chuqur qavatlarini qanchalik hafsala bilan titkilamasin, shu asnoda  Leanardo da Vinchidan bo‘lak  birorta buyuk aql egasining nomi yodiga kelmadi. Aslida uning  kasbu kori olimlaru kashfiyotchilarning fan – texnika sohasidagi ixtirolari bilan bog‘liq. Xususan,  faylasuflardan qo‘rqqulik.

Inson psixikasini o‘rganish va o‘rgatishda bu qavmga teng keladigani yo‘q. Masalan, o‘g‘ri-qulf­buzar qanday shaxs? U birorbir boyvachchaning uyiga o‘g‘irlikka tushish uchun ne chog‘li tayyorgarlik ko‘radi? Bu paytda uning ruhiy holatidan nimalar kechadi? Aslini olganda, qulflarning tobora va kun sayin takomillashib borishi va yangidan yangi minglab sinoatga ega bo‘lgan qulf­lar yaratilayotganligi ham inson ongining va qo‘lining mahsuli. Ixtirochi yangi qulf yaratish ustida o‘ylarkan, albatta qulfbuzarni  nazarda tutadi,  uni ko‘z o‘ngidan qochirmaslikka harakat qiladi. Qulf ichiga murakkab mexanizmlarni joylash jarayonida  “Qani, mana bunisini ham ochib ko‘r-chi”, deb o‘z ixtirosining sinoatlaridan mamnun jilmayadi. “Bechora qulfbuzar”, deb hatto zaharxanda qilib qo‘yadi. Shuning uchun ham men bu tipdagi kishilarning hayotini  va ixtirolarini sinchiklab o‘rganaman. Bu hayot taqozosi. Qulflar esa…

Qulfbuzar ana shunday xayollar bilan shisha devorga, bir tup shaftoli daraxtini qo‘riqlab turgan  qimmatbaho va ko‘rinishidan ichki qurilmasi o‘ta murakkab qulfga sinchiklab qaradi.  Qizg‘ish yaltiroq va aftidan juda mustahkam metalldan yasalgan qulf  ham o‘z kushandasini mensimaganday, go‘yoki  eng so‘nggi modada kiyinib ko‘chaga chiqqan ayolday  tamanno qilib turardi. Shisha devor qay darajada qalin bo‘lmasin, uni sindirib xonaga kirish hech gap emas. Ammo haqiqiy qulfbuzar bunday qilmaydi. Qulf qanchalik murakkab qurilmaga ega bo‘lsa, qulfbuzar uchun shuncha qiziq. O‘z g‘animining ustidan g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoq shunchalik sarbaland. Aslida qulflar Tirkash uchun g‘anim ham emas, balki… Bilasizmi, insonlar o‘rtasida  tushunish  biroz murakkab bo‘lgan g‘alati bir ruhiy  holat bor: erkak zotiga qiyo ham boqmaydigan va o‘zining beqiyos jozibasiga ortiq darajada ishongan ayolni qo‘lga olish uchun  ba’zi bir kishilar bor ilmu amallarini ishga soladilar va agar uning muhabbatiga sazovor bo‘lsalar, o‘zlarini dunyodagi bor erkak zotining kulangiri deb biladilar. Hech kim egar urolmagan asov otni jilovlagan chavandozda ham shunga o‘xshash holatni kuzatish mumkin. Tirkashni tushunish uchun qilingan bunday muqoyasa balki nojoizdir, faqat qariyb bolalik paytlaridan boshlab butun umr qulflarga qiziqib, ularni  bo‘ysindirish,  inson qo‘li va aqlining nimalarga qodirligini namoyish etish unga beqiyos zavq bag‘ishlab kelgan  va hayotining mazmuniga aylanib qolgan.

 Qulfbuzar g‘animiga “sabr qilib tur” deganday bir qarab, ko‘z qisib qo‘ydi-da, xayolidan o‘tgan fikrlar ta’sirida shisha devordan uzoqlashdi. Uning xatti-harakatidan mutlaqo shoshilmayotganini anglash qiyin emas. Darhaqiqat, u shisha uychadan uzoqlashib, hovlini bamaylixotir kezib chiqdi. Va ko‘p yillik tajribasida sira duch kelmagan holatni ko‘rdi. Bir tup shaftoli qulflab qo‘yilgani holda, uy eshigi va undagi barcha xonalar ochiq!

Ayniqsa,  devorlari turli ko‘rinishdagi rasmlar bilan to‘la keng zalni va boshqa katta-kichik xonalarni birma-bir kezib yurarkan (uning bamaylixotir kezib yurganiga sabab  shuki, uy egasini bir necha kun davomida kuzatib, kechki govgum pallaga qadar qirlar orasida o‘tirib rasm chizishini va uyiga kech qaytishini bilib olgan edi), rassomning uyida suvratlar, bo‘yoqlaru behisob chizgilardan bo‘lak hech vaqo yo‘qligini angladi.  Suvratlar esa dunyoning yarim mulkiga bergulik. Ajabo! Shuncha qimmatbaho san’at asarlari joylashgan xonalar ochig‘-u, bir tup shaftoli… Nogoh uning nazari jilmayib turgan ayol suvratiga tushdi. Bu Leanardo da Vinchining Jakondasi. Ha, Mona Liza deganlari shu ayol. Uning tabassumi to‘g‘risida uch mingdan ortiq asar yozilgan. Ammo hali biror bir tadqiqotchi bu tabassum bilan Mona Liza nima demoqchiligini isbotlab berolgan emas. Men esa bilaman, xayolidan o‘tkazdi Tirkash –  sochi to‘kila boshlagan yarg‘oq boshini silab –  Mona Liza: “Ayol qalbi – eng sirli qulf”, deb turibdi. Tirkashning xayolida o‘zga shaharning uzoq bir go‘shasida qolib ketgan ayol siymosi jilvalandi. Muhabbat, rashk va nafrat, ayriliq… Qulflar ayolning dushmaniga va balki kundoshiga aylangan onlar… Tirkashni sevimli kasbidan ajratishga, uni qulflar sehridan  judo qilishga urinib yashagan ayol endi yo‘q. Oila qo‘rg‘onining buzilishiga sabab bo‘lgan nizo bundan yetti oy muqaddam ro‘y berdi. Tirkash eng yangi rusumdagi qulfni sotib olib uyiga qaytarkan, Surbinani ko‘rdi. Ayol uni kutib derazadan qarab turardi. Ammo Tirkash uyga emas, hovli adog‘idagi omborxonaga yo‘l oldi. Tezroq qulfni ochish, ichki mexanizmlarini ko‘zdan kechirish, sxemasini chizish va uni qayta terib, ochqich qurollar yordamida, kalit ishlatmasdan ochish ishtiyoqida yonardi. Bir yuz sakson ming tilsimga ega bo‘lgan va “Skrinkira” deb nomlangan ingliz qulfi, haqiqatan ham, yechilmagan jumboq. Tirkash uch kecha kunduz berkinib olgan go‘shasidan chiqmay, kulf bilan birga bo‘ldi.

Tunlar ko‘z yummay uni silab siypaladi. Bag‘riga bosib yotdi. Uni o‘zidagi bor hissiyot bilan avradi va erkaladi. Skrinkira esa ro‘yxushlik berishni istamas,  shu jihati bilan Surbinaga o‘xshardi. Bu tipdagi qulf kalitning ichki mexanizmlariga tomon kirib borishiga dastlab yengilgina qarshilik ko‘rsatadi, nimanidir xohlamayotganday, nimadir unga ozor berayotganday va yana nimadir uni haqorat qilayotganday… Keyin esa naq qalbi ostida harakatlana boshlagan “kelgindi”ni osonlikcha qo‘yvorishni istamaydi. Pirovard natijada “shilq” etgan ovoz eshitiladi va qulf bo‘shashib ketadi…

Tirkash Skrinkirani xona burchagida uyulib yotgan qulflar to‘dasi tomon otib yubordi. Chunki uning siri ochilgan va  endi qulfbuzarni avvalgidek jozib kuch bilan o‘ziga tortmasdi. Mudroq ichida devordagi suvratlarga qaradi. Faylasuflar, yozuvchilar… Rassomlar: Van Gog, P.Sezann, rangning tiniqligi va ohangdorligi uchun kurash. Postimpressionizm. Shu qatorda  Ro‘zi Choriyevning avtoportreti. Tirkash  rassomchilikka qiziqib, san’at kollejida va keyinchalik institutda o‘qib yurgan kezlari bu rassom bilan yaqindan tanishgan, o‘qishdan haydalganidan keyin ham rassomning ustaxonasida ma’lum bir muddat istiqomat qilib turgan edi. “Inson toki maqsadiga erishgunga qadar o‘lib-tirilib, butun kuchini, tajribasini, makru hiylasini ham ishga solib harakat qiladi-yu, murodi hosil bo‘lgandan so‘ng o‘sha narsani buzuq qulfdek otib yuboradi?  Bu holatni qanday izohlagan bo‘lardilar suvratlardagi ulug‘lar?..” Tirkashning mulohazasi shu joyga kelganda eshik qarsillab ochilib, ostonada Surbina paydo bo‘ldi.  Bu sevishganlarning so‘nggi muloqoti edi…

Mana, endi o‘zga bir xonadondagi suvratlarni tomosha qilarkan, bir necha soniyaga cho‘zilgan ruhiy muloqot birdan barham topdi. Qandaydir mubham bir kuch uni ortiga o‘grilib qarashga undadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, oilasini  buzgan va so‘nggi qattol jangga sabab bo‘lgan Skrinkira  devor sirtidan unga “qarab turardi”. Qulf yorqin bo‘yoqlarda shu darajada  mukammal chizilgan ediki, Tirkash beixtiyor cho‘ntagini kovlashtirib sinxron ochqichni paypaslab qo‘ydi va  bu yerga ne maqsadda kelganini eslab  qolib, eshik tomon yurdi. Shisha uy eshigini Skrinkiraning o‘zi hamon o‘sha alpozda qo‘riqlab turibdi.  Lablarida qotib qolgan istehzo bilan qulfga yaqinlashdi Tirkash. Raqibining bor ilmu amalini yaxshi biladigan polvonlar yuzida bo‘ladi odatda  bunday tabassum. Qulfbuzarning sezgir barmoqlari qulf sirtini sermab o‘tdi. Ochqich ishga tushdi. Skrinkira  uzoq qarshilik ko‘rsatmay taslim bo‘ldi.  Eshik ochildi. Xona ichida bir to‘p shaftoli daraxtidan boshqa hech narsa yo‘q. Lahza ichida vaziyatni baholadi Tirkash. “Bu bir niqob” xayolidan o‘tkazdi u. Oddiy bir daraxt himoyasi uchun bunchalik e’tibor, ehtiyotkorlik va xarajat qilish aqlga sig‘maydi. Demak, uy egasining xazinasi shu yerda. Ammo tajribali o‘g‘rilarga xos hissiyot bilan angladiki, bir gilam kattaligidagi  chog‘roq maydonchada xazina ham, dafina ham yo‘q. Devorlar esa shaffof shishadan. Aqlli odam xazinani tuproq tagiga ko‘mmasligi ham ayon. Demak, daraxtning o‘zida bir gap bor. Yam-yashil uzunchoq barglar, qizarib pisha boshlagan mevalar, g‘adir-budir tana, shoxlar va novdalar… Tanasi u qadar yo‘g‘on ham emas. Bor-yo‘g‘i o‘n besh yil atrofida umr ko‘radigan bu daraxt – tanasining o‘lchamiga va shox-shabbalarining hali qoraqo‘tir po‘stloq bilan qoplanib ulgurmaganiga qaraganda – nari borsa, yetti-sakkiz bahorni ko‘rgan. Uning haqiqiy ayollik davri hali oldinda. (Tirkash shaftoli daraxtini hamisha ayolga qiyoslardi). Bir umr bog‘bonlik kasbiga sodiq qolgan otasidan yagona meros edi bu gap. Qulflar siriga qiziqmaganimda albatta otamning kasbini egallagan bo‘lardim, deya xayolidan o‘tkazdi qulfbuzar. Va daraxt tanasini silab qo‘ydi. Barmoqlari tananing orqa tarafidagi qandaydir silliq va yumshoq tuganakni paypaslab o‘tdi. Arpa boshog‘idek qalin va qo‘ng‘irtob qoshlari chimrildi uning. Uzun, ingichka va  sezgir barmoqlar yana ortiga tomon harakatlanib, o‘sha tuganak ustida to‘xtadi. Tirkash daraxt tanasini aylanib o‘tib, po‘stloqqa mahkam yopishgan qahrabo rangdagi yelimshakni ko‘rdi. Bu kasallik va isyon alomati.  Nimadandir azoblansa, o‘zini qiynayotgan kuchga bo‘lgan g‘azabini yelimshak vositasida anglatadi daraxt. Daraxtni azoblagan narsa parmaning izi. Yelimshakni qo‘porib oldi va uning ostida oddiy qalamning uchi sig‘adigan kavakni ko‘rdi. Parma qoldirgan jarohat hali bitib ulgurmagan. Yoki uy sohibi tanadagi teshikni  begona ko‘zlardan berkitish uchun  yelimshak bilan niqoblab qo‘ydimikin?  

 

“Bulbulning ko‘ziday bir dona gavhar –

Poda-poda ho‘kizlar galasiga teng”.

Dabdurustdan yodiga kelgan bu misralar Qulfbuzarning xayolini band etgan yangi bir fikr ifodasi edi. Shaftoli tanasidagi kavakda gavhar yashirib qo‘yilgan bo‘lsa-chi?! Xazinani yashirin saqlash uchun bundan-da antiqa va bundan-da makkorona usul bo‘lishi mumkinmi? Butun dunyo o‘g‘rilari birgalashib qirq kecha-kunduz o‘ylasalar ham, ularning xayoliga kelmaydigan ish. O‘z fikri o‘ziga bachkana va asossiz ko‘rindi, rassomda gavhar ne qilsin! Shunday bo‘lsa-da, qo‘ynidan qizil dastali sinxron ochqichni olib, kavakka suqib ko‘rdi. Ochqich qandaydir mayin, kukunsimon bir narsani kesib o‘tganini ilg‘adi. Bunday pallada ochqich  barmoqlarning  go‘yoki davomiga aylanar va   eng murakkab elektron o‘lchov uskunalar ham ilg‘ay olmaydigan tebranishlarni sohibining barmoqlariga olib uzatardi. Daraxt tanasidan yuqoriga tomon shiddat bilan ko‘tarilayotgan sharbat oqimini, yerning nafasini ilg‘adi asbob  va bu oqimga yana qandaydir mubham zarralar ham aralashib borayotganini barmoqlarga yetkazdi. “Kavakda gavhar yo‘q, qandaydir kukun bor”, dedi ochqich o‘z tilida. Ammo bu holat qulfbuzarni tashvish­lantirmadi. Eng muhimi bu emas. Yetti oy muqaddam o‘tkazgan tajribasini bugun amalda sinab ko‘rdi. “Skrinkira” unga o‘zini bag‘ishladi! Ana shu muhim!

“Shaftolixo‘rlik qilishdan boshqa ishim qolmadi” – xayolidan o‘tkazdi Tirkash, qo‘llarini yengsiz jujunchasining bariga artarkan. Endigina rang ola boshlagan mevalar hali  yetilib pishmaganligini bilsa-da, kuchli chanqoq ta’sirida  daraxt tanasidan ushlab  qattiq silkiladi. Tap-tup etib uch dona shaftoli  tushdi. Ulardan birini olib jujunchasining mayda to‘r tutilgan ko‘kragiga artib surtdi va sabrsizlik bilan karsillatib tishladi-yu, bu yerga nima maqsadda kelganini tamoman unutdi. Shaftoli mevasi hali dumbilroq bo‘lsa-da, shirin va  xushbo‘y! So‘ngra  qizg‘ish, g‘adir-budir  uch dona danakni kaftiga olib, butun boshli daraxtni, uning yaproqlariyu mevalarini, rangi va ta’mini va hattoki  tomirlarini ham o‘zida mujassam etgan bu mo‘jizaga, hech qanday kalit bilan ochib bo‘lmaydigan bu  “qulf”ga bir muddat  tikilib o‘tirdi, chuqur xo‘rsindi va qandaydir shirin xayol ta’sirida  bosh tebratib qo‘ydi. Keyin danaklarni cho‘ntagiga solib o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Turolmadi, cho‘kkalab qoldi. Ichida kuchli og‘riq qo‘zg‘alib dunyo  ko‘ziga bir tutam bo‘lib ko‘rindi.  Yiqilmaslik uchun daraxt tanasini mahkam quchoqladi va najot kutganday osmonga qaradi. Daraxt  osmon toqida chirpirak urib aylanar, yaproqlar shovullar, shaftolilar dona-dona bo‘lib, moviy bo‘shliqni qizg‘ish rang­lar bilan  bo‘yardi…

 

Ne’mat ARSLON

1941 yili tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

“Ayol suvratiga chizgilar”, “Oldinda yana tun bor” hikoyalar to‘plamlari hamda “Adam vodiysi”, “Mavhumot” kabi romanlar muallifi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.