Yomg‘ir esa yog‘averardi…

0
125
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Qabriston va qishloq orasi ancha yo‘l. Keta-ketguncha ko‘chaning ikki chekkasida turnaqator ekilgan keksa qarag‘ay daraxtlari nimqorong‘i yo‘lakka allaqanday vahimali tus beradi. So‘fi azon aytmay turib, yo‘lga chiqqan opa-uka o‘z xayollari og‘ushida qo‘l ushlashib ketishyapti.

Opa bu yil o‘n oltiga to‘ladi. Maktabda tengdoshlariga nisbatan uquvi balandroq bo‘lgani uchunmi, direktorning tashabbusi bilan bir sinf yuqoriga “sakragan”. Shuning uchun hali avvalgi sinfdoshlari o‘quvchi bo‘lishsa-da, u talaba. O‘zi qorachadan kelgan, lekin soyaki daraxtga o‘xshab rangpar va nimjon.

Uka esa beshinchi sinfdagilarning jo‘raboshisi. Aslida rasman sinf sardori bo‘lishga munosib edi-yu, lekin biroz bezoriligi uchun norasmiysi bo‘la qolgan. Ya’ni o‘qituvchilar uchun tarbiyasi og‘ir bola, sinfdoshlar uchun esa “birinchi”. Hatto beshpolvonlar ham uning so‘zini ikki qilolmaydi. Bo‘ychan, quyosh tig‘ida pishgan yigitcha.

Ikkovlon jimgina bir-bir qadam bosib ketisharkan, birdan bug‘doyzor oralab o‘tgan ariqning ichidan beo‘xshov ovoz eshitildi. Opa garchi o‘zidan to‘rt yosh kichik bo‘lsa-da, ukaning bilagiga mahkam yopishdi:

– Bu nima?!

– Qo‘rqma, apa, qurbaqa-ku! Ko‘rmaganmisa-a-an!

Opa o‘zining qo‘rqoqligini bildirmaslik uchun “Mirali domullaning kuchugimi debman”, deya pichirlab qo‘ydi.

Shu bilan xayollar bo‘lindi. Uka boshini yerdan ko‘tarmay gap boshladi:

– Apa, esingdami o‘shandan bir hafta oldin dadam bir rivoyat aytib bergandi.

– Dadam ko‘p rivoyat aytgan. Qaysisini aytyapsan?

– Anu yaxshi odam haqidagisini aytyapman. Umuman gunoh ishlarni qilmagan bir kishi­ning xotini o‘lib qoladi. O‘shanda boyagi yaxshi odam Xudoga iltijo qilib, “Yo Olloh, xotinim hali yosh edi. Orzulari ko‘p edi. Iltimos, mening umrimdan o‘n yil olib unga ber” deydi. Shunda xotini yana tiriladi. Qolgani esimda yo‘q. Shu joyi juda yaxshi-da.

– Ha, esladim…

– Shu… men ko‘p duo qildim. Lekin foydasi bo‘lmadi. Xudo mening duolarimni hisobga olmasa kerak, apa. Bilasanmi, men gunoh ish qilganman-da. O‘tgan yili Xadicha malim meni “Qora tappi” degani uchun sim to‘sig‘idan oshib, bog‘iga kirdim. Qarasam, tomorqasida qovoqlari katta-katta bo‘lib, sarg‘ayib turgan ekan. Hammasini bitta-bitta uzib, yorib tashlaganman. Keyin Xadicha malim rosa qarg‘agan.

– O‘sha malimingning malimligiyam yo‘q o‘zi. Bir gapi ikkinchisiga to‘g‘ri kelmaydigan chalasavod. Otasini puliga diplomli bo‘lgan-da. Shularni o‘ylab xafa bo‘lib o‘tirasanmi?

– Yo‘q, shu paytgacha xafa bo‘lganim yo‘q edi, apa. Har kuni Xudoga “Mening umrimdan o‘n yil olib dadamga ber” deb duo qilsam, ijobat bo‘lmayapti-da. Gunoh qilganman-da. Apa, sen ayt, iltimos. Sen hech kim bilan urushmagansan, hamma seni yaxshi qiz deb maqtaydi. O‘n yil umringdan dadamga be-er…

Opaning bo‘g‘zidan tupugi o‘tmay qoldi. Kimdir bo‘ynidagi ikki bodomcha bezlarini qisib turganday. Tambalangan ariq birdan qo‘yvo­rilganday ko‘ziga yosh bostirib keldi-yu, o‘zini, o‘ziga qo‘shib ukani ham aldashni boshladi:

– Qara, yomg‘ir yog‘yapti!

Opa bir osmonga bir yerlarga qarayotgan ukasini shamg‘alat qilib, ko‘z yoshlarini kaftlari bilan sidirib oldi.

– Yomg‘irni yomon ko‘raman. Hech kimga aytmagin-u, qo‘rqaman, – deb qoldi uka. Boyagi mavzu ukasining esidan chiqqanidan xursand bo‘lib ketgan opa savollarga ko‘mib tashladi .

– Nega? Qiziqmisan, yomg‘ir nima qiladi senga?

– O‘sha kuni ham yomg‘ir yoqqandi-ku. Sen bilmaysan, shaharda eding, apa. Soat kechqurun ikkilar edi. Qozoqvoy do‘xtirning uyigacha oyoqyalang boribman. To‘g‘risi, oyoq kiyim kiymaganimni o‘zimam bilmovdim. Darvozani rosa taqillatdim, hech kim chiqmadi. Keyin ayvoniga kirib borib, chaqirdim. Do‘xtir chiqib, menga baqirib berdi. “Hamma yoqni loy qilib tashlabsan” dedi. “Uyga yuring, dadam kasal bo‘lib qoldilar”, desam, “Shaharga olib boringlar, borganim bilan mening apparatlarim yo‘q”, dedi, apa. Kelmadi. Onam bilan men dadamni ko‘ta­rib ko‘chaga chiqarmoqchi, balnisaga obormoq­chi edik. Men qo‘llaridan ko‘tarib turgandim. Dadam birdan qotib, qimirlamay qoldilar, apa! Do‘xtir kelmadi…

Opa aslida qayerda qanday gapirishni yaxshi bilardi. Universitetda debat degan guruhning yetakchisi. Ammo ukasiga hech narsa deyolmadi. Tosh haykalga o‘xshab qolgandi go‘yo.

…Qabriston adir ustida. Atrofi panjara bilan o‘rab olingan. Mol-hollar kirolmaydigan darajada himoyalangan. Ko‘klam fasli bo‘lgani uchunmi, atrof yam-yashil. Ora-sirada qizg‘aldoqlar sizga termulib turgan juft-juft ko‘zlarga o‘xshab, beozorgina tebranib turishibdi. Adir ustidagi adirchalar esa o‘t-o‘lanlardan tozalangan. Bu joylarning egasi borligi bilinib turardi.

Opa-uka biroz zanglagan temir darvozadan o‘ng oyoqlarini bosib, onalari o‘rgatganday “Assalomu aleykum, mo‘min-musulmonlar” deya ichkarilashdi…

Hali tuprog‘i qurimagan qabr boshida cho‘kkalashdi. Opa ro‘molining uchini qattiq tishlab olgan. Uka bilganicha Qur’on tilovat qildi. So‘ng ikki jigar ko‘llarini duoga ochdilar. Barcha mo‘minlarga, jumladan, o‘z otalariga ham jannatdan joy so‘radilar. Gunohlarini mag‘firat qilishini yolvordilar.

Keyin esa qabr atrofini aylanib, “tekshirib” chiqdilar: biror ortiqcha tosh yoki tikanlar yo‘qmikin?! Bir-ikkita toshchalarni olib tashlab, yana cho‘kkalab o‘tirdilar. Opaning ho‘ng­rab-ho‘ngrab yig‘lagisi, qabr tuprog‘iga bosh qo‘yib, alam, dard, sog‘inch qo‘shilib ketgan hasratlarini to‘kmoqchi bo‘lgani sezilib turardi. Ammo “Marhumlarning ortidan yig‘lash, ayniqsa, qabristonda ovoz chiqarib, ko‘z yosh qilish yomon bo‘lishi”ni aytishgani, qolaversa, ukasining oldida unga o‘rnak bo‘lishi kerakligi uchun ham, rumolining uchini yanada qattiqroq tishladi. Shu payt uka yana unga savol berdi:

– Apa, men ovoz chiqarib gapirsam, dadam eshitadilarmi?

– Ha, eshitadilar. Nima demoqchi eding?

– Targ‘il sigirimiz tuqqanini aytmoqchiman. Aytaveraymi?

– Ha, aytaver. Aytaver…

Yerdan bir maysani bexosdan uzib, barmoq­lari orasida o‘ynayotgan uka sekin o‘rnidan turib, dadasi bilan hayotlik chog‘ida suhbatlashganday gapira ketdi:

– Dada, Oymomo tug‘di. “Ikki yarim oylardan keyin bolalaydi”, degandingiz o‘shanda. Mana, ikki oy-u o‘n ikki kunda tug‘di. Buqacha! Otini nima qo‘yamiz, dada?

Uka bir pas nafas rostlab, do‘ppayib turgan yangi qabrga, keyin ko‘zlari mo‘ltirabgina opaga qaradi. Opa “gapiraver” deganday imo qilib ko‘zini yana yerga qadadi.

– Agar yo‘q demasangiz, Mallavoy qo‘yaman. Chunki onasiga umuman o‘xshamaydi. Tuproq­rang. Keyin, dada, anu yig‘ib qo‘ygan pulimni ishlatmayapman. Bank derdiz-ku. Oltin apaning sabzisalatli nonidan ham yemay qo‘ydim. Apamning o‘qishiga qarashaman o‘zim. Xavotir olmang, dada.

Opaning yelkalari titray boshladi. Lablari ko‘karib ketdi. Sekin o‘rnidan turib, ukasining oldiga keldi.:

– Ketdik, uka. Bu yerda ko‘p qolish mumkin emas. Hali yana kelaveramiz.

Ular asta-asta odimlab darvoza tomon ketishdi. Uka opasiga bildirmay ortiga qa­rab-qarab qo‘yardi. Chunki onasining aytishicha, (Darvoqe, hali uyga qaytishsa, onadan dakki eshitishadi. Opa-uka hech kimga bildirmay, bu yoqqa kelishgandi) “qabristondan chiqayotgan odam orqasiga qaramasligi kerak” ekan. Opa ham darvozaga yetgach, baribir ortiga qaradi. Lablari pichirlab allanima deyotgani bilinar, aftidan dadasi bilan xayrlashayotgan edi…

Sitora TOJIDDINOVA

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.