Ayt, bahor, shodliging yangimi?

0
58
marta ko‘rilgan.

Tun

 Yarim tun, yomg‘irlar tirnar derazam,
Tuyular shamolning tirnog‘i kabi.
Go‘yo men o‘zimni tutib bermasam,
Bostirib kirguday ko‘rinar ta’bi.

Butun nigohimni oynaga tirab,
Qishki daraxtlarday qoldim mung‘ayib,
Najotkor so‘z izlar lablarim titrab.
(Nahot, hamon qo‘rqsam shuncha ulg‘ayib).

Yashirib ne qildim qo‘rqaman hamon,
Shu tun vahimasi uyqum o‘chirdi.
Axir, olisdagi mushtipar onam,
Tungi shamollardan juda cho‘chirdi.

 

Bahor

 Sen ochgan gullarning chechagi

Aritar qahraton zangini.

Qiyofang hamon shu – kechagi,

Ayt, bahor, shodliging yangimi?

 

Tabassum yugurib labimga,

Daraxtdan izlardim kurtakni.

So‘ng taskin bergancha qalbimga,

Ovutib qo‘yardim yurakni.

 

Kunlarga tarqatib taskinlar,

Men kutib yashardim ko‘klamni.

Sha’ningga o‘qildi tahsinlar

Va gulga ko‘mding sen o‘lkamni.

 

Shamolning ham sillasi qurib,

Daraxtni uyg‘on deb siltashar.

Kurtaklar ketadi barq urib,

Yuraklar gupirar, dil toshar.

 

Maysani ohista avaylab,

Yomg‘irni bir mayin to‘karding.

Qalbimga quvonchlar jo aylab,

Ilk bora yurakda ko‘karding.

 

Ari

 Deraza oldida izillar hamon,

Xonaga qamalib qolgan bir ari.

O‘zini uradi tashqari tomon,

Ammo hech o‘tolmas oynadan nari.

 

Hadeb derazaga bosh uraverar,

Erkidan ajralib qolgan bu ari.

Lek faqat oldinga intilaverar,

Mahkum bo‘lganini bilgani sari.

 

Armon

 Endi seni qilmam bezovta,

Meni ham qo‘yaver holimga.

Ishq o‘tin qalagan kosovda,

Cho‘pon bo‘lay bor armonimga.

 

Yillar kelar bo‘ridek bo‘lib,

Armonlarim bir-bir g‘ajiydi.

Yoshlanadi ko‘zlarim ko‘rib,

Nima qilay? Jonim achiydi.

 

O‘rtasa-da u firoq dardi,

Yillar etdi baridan xalos.

Mana, bugun soch ham oqardi,

Lek bitta armonim yo‘qolmas.

 

U titadi yurak qo‘rimni,

Kul ichidan hamon cho‘g‘ izlar.

Yillar bo‘lib kelgan bo‘rini

O‘sha  armon bir-bir bo‘g‘izlar.

 

***

Yuragingiz ko‘zlab qoq,

Otgan  edim nayzalar.

Bu o‘qlarim endi, oh,

O‘z ko‘ksimga qaytsalar.

 

Sevgim  izhor  aylashga

Netay? Yetmadi  qurbim.

Orzularim almashgan,

Armondan qasr qurdim.

 

Dil yaram bitmas hanuz,

Nigohingiz o‘q urgan.

Boray  deyman-u, afsus,

Nikohingiz o‘qilgan.

 

Olimjon Suyarov

1991 yili tug‘ilgan.  Guliston davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.