Bir satrlar keladi jonbaxsh

0
235
marta ko‘rilgan.

Vatanga arziysan

 

Toliqqanlar ko‘ksingda burgutlaring,

O‘chib bo‘lgan gurillagan o‘tlaring.

U chaqirsa… zumda cho‘g‘lana olsang,

Shunda, shunda sen Vatanga arziysan.

 

Shon bermoq-chun bir parcha cho‘l, yo toqqa,

Jon bermoq-chun shu Vatanni olmoqqa,

U chaqirsa… zumda o‘qlana olsang,

Shunda, shunda sen Vatanga arziysan.

 

Bir kun qabrda yotsang hamki poymolsan,

U chaqirsa… zumda tiklana olsang,

Yersan, ammo uchib, ko‘klana olsang,

Shunda, shunda sen Vatanga arziysan.

 

Beshik qoshida

Nabiram Mirzo Anvarga

 

Oyoq-qo‘li beshikka

Bog‘liq bolam, turgaysan.

Hali sening izmingda

Yurgay olam, turgaysan.

 

Sen yo‘lga ketarsan deb,

Hozirlik ko‘rar karvon.

Osmonning peshtoqiga

Sen deb qo‘yilar narvon.

 

Suyanchig‘im, tog‘lig‘im,

Zargarimsan, zarimsan.

Bugun yerda bog‘lig‘-u,

Erta ko‘k olarimsan.

 

Beshiging tik, qo‘shqanot,

Gullari o‘ydim-o‘ydim.

Isiriq solib bomdod,

Ko‘zmunchoq taqib qo‘ydim.

 

Uyqungga nazar soldim,

Bolishing parqu parlar.

Botirlar ham jang oldi

Senday mizg‘ib olarlar.

 

Mendan ko‘ngling rozimi?

 

Seni ming  yildan buyon

Sevamanmi, bilmayman,

Chohu-changalzorlardan birga o‘tgan sen bo‘lding.

Ayolmi yo yuk ortgan tevamanmi, bilmayman,

Mendan oldin yuklarga yelka tutgan sen bo‘lding

 

Biz bir-birimiz uchun tushgan edik ko‘klardan,

Egilmadingmi, jonim, yelkadagi yuklardan?!

 

Yaxshi xotin bo‘lmadim,

Ba’zan qilmay ilojin

Boqsam, kiygan ko‘ylaging rusumdan chiqayozgan.

Ko‘z yoshimdan suv sepib, supurgi qilib sochim

Yo‘llaring supurganim esimdan chiqayozgan.

 

Ruhingga kirmay o‘zga olam bilan ovvora,

Bolam bilan ovvora, qalam bilan ovvora.

 

Esli xotin bo‘lmadim,

Eslaringni og‘dirdim,

Zo‘r ishlar qolib ro‘zg‘or ikir-chikirlariga.

Bo‘lar-bo‘lmasga ko‘z yosh jolalarim yog‘dirdim,

Armonlar ketgan chiqar ko‘ngil chuqurlariga.

 

Toqatingga tosh otsam, simlar qoqib ishingga,

Unutgan ayollaring kirmadimi tushingga?!

 

Yorijon-a, dengizda kemamizning sardori,

Mendan oldin go‘daklar ko‘zlaringdan o‘pdimi?

Senga yurak dorisi topib qo‘ydim, zo‘r dori,

Uni avval men, keyin Sen ichasan, bo‘ptimi?

 

Avval bir-birovga gul ilinardik. Gul payti,

Endi dori. Ishqilib, ilinmay kun o‘tmaydi.

 

Men o‘zimdan norozi. Sening ko‘ngling rozimi?

Ayt, ey ko‘nglimning yozi, sening ko‘ngling rozimi?

Senga aytar gapimni yoz desam qo‘llarimga,

Ming bir qaytarib yozdi. Mendan ko‘ngling rozimi?

 

Suyakni yorar ohim, mendan ko‘ngling rozimi,

Boshimdagi panohim, mendan ko‘ngling rozimi?

 

 

Barg tushmadi yerlarga…

 

Onam o‘ldi. Bor daryolar

Quriydi deb qo‘rqdim men.

Butun olam qora kiydi,

Ko‘k kiydi deb qo‘rqdim men.

 

Har gullagan bog‘chayu bog‘

O‘t olgaydir men kirgan chog‘,

Ruh, vujudim boshdan-oyoq

Cho‘g‘ kiydi deb qo‘rqdim men.

 

Toshlar sindirdi tanamni,

Ajal chopdi peshonamni.

Endi qushlar faqat g‘amni

Cho‘qiydi deb qo‘rqdim men.

 

Qarolig‘lar shamni yengdi,

To‘zg‘inliklar jamni yengdi.

Ko‘zim faqat g‘amni endi

O‘qiydi deb qo‘rqdim men.

 

Ammo…

Yo ra-ab!

Gul-gul. Qush-qush –

Barg tushmadi yerlarga

Men kezarman tanho, behush

Tushunmay bu sirlarga…

 

Onam o‘ldi. Bor daryolar

Quriydi deb qo‘rqdim men.

 

 

 

Taskin

 

Dunyo – g‘irrom. Ammo halol

Do‘st bor. Topsang bo‘ladi.

Xuddi oftob, xuddi hilol

So‘z bor. O‘psang bo‘ladi.

 

Dunyo biri kamligidan

Dod solmagin, birodar.

Ketar chog‘ ham tobutingga

Bo‘z bor. Yopsang bo‘ladi.

 

 

Mangu porlar o‘t

 

Said Ahmad va Saida Zunnunovaga

 

Saidaxon, Saidaxonim,

Sizni desam titraydi jonim.

Garchand nihon, ko‘zdan narisiz,

Qandoq malak, qandoq parisiz.

…Uzun hayot bo‘ldi ko‘prik, qil,

Bir jononga berolmadi dil.

Tushlarida sevib, iydirib,

O‘nglarida o‘tda kuydirib,

Bir erkakni etdingiz sarson!

Yuz yil kuydi Siz uchun bir jon.

Yana kimni –

Erkaklarning sho‘x, jononini –

O‘zbekiston Qahramonini!

Bular hazil, chindan kelaylik,

Uy ko‘rmadi boshqa bir qaylik.

Quvonch-g‘ami qo‘shu qo‘sh bo‘ldi,

Yostig‘ining yarmi bo‘sh bo‘ldi.

To‘ldirguvchi, o‘ldirguvchi ishq

Uzun umr unga tush bo‘ldi.

Saidaxon tunda u bilan,

Tongda uchib ketar qush bo‘ldi!

Omon bo‘lsin, jufti haloli,

Undan yodgor Nodira – boli,

Deb bor umrin tikolgan Inson

Shul qadarli yuksalgan Inson!

… Yodga tushar qaltis yillarni

Tig‘da yurib o‘tkazganlari.

Yolg‘izlikning tunlarin toshda,

Mixda yurib o‘tkazganlari.

O‘tdi, quvib g‘am-shon o‘tdilar,

Har dovondan polvon o‘tdilar!

O‘tdi, ammo bir oh o‘tmadi,

Yuragidan bir dog‘ o‘tmadi.

She’r sahnidan boshqa bir sokin

Saidaday buloq o‘tmadi.

Bir zamonga, o‘zing ayt, Alloh,

Bu ikki o‘t sig‘madimi yo?!

Garchand hijron, garchand firoqsiz,

El ongida yongan chiroqsiz.

Mangu porlar o‘t – ikki jonim,

Said Ahmad, Saidaxonim!

 

 

Yig‘ladim

 

A’zam O‘ktam xotirasiga

 

Bo‘ydor bir do‘st ketdi,

Keldi bo‘ydor g‘am,

Kuyundim. Bo‘taday bo‘zlab yig‘ladim.

 

Ayriliq – yuk. Bosdi.

G‘ichirlab sindim,

Quyun ichga urdi. Muzlab yig‘ladim.

 

Faqat oldga oqar daryo ekanmiz,

Qaytmas daryolarni izlab yig‘ladim.

 

Ro‘zi mahshardami endi ko‘rishmoq…

O‘zim o‘z-o‘zimga so‘zlab yig‘ladim.

 

Hazin-hazin nayning nolasi keldi,

Menam shul nolaga moslab yig‘ladim.

 

Bu kech tik terakka suyanganimcha

Ketgan do‘stlarimni eslab yig‘ladim.

 

 

Xayol sursam…

 

Men xayollar sursam Laylivash,

Terak qo‘llar, tog‘ ham qo‘llaydi.

Bir satrlar keladi jonbaxsh,

Tiku qaddi dol ham qo‘llaydi.

 

Faqat baxtga yuzin burganmas,

Dil yarim, behol ham qo‘llaydi.

Faqat ko‘kda uchib yurganmas,

To‘shak tortgan shol ham qo‘llaydi.

 

Ummatimning rayhon isi deb,

Payg‘ambari halol qo‘llaydi.

Bibi Fotimamning qizi deb,

Azonchi qul Bilol qo‘llaydi…

 

Men xayollar sursam Laylivash,

Terak qo‘llar, tol ham qo‘llaydi…

 

 

Halima XUDOYBERDIYEVA,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

1947 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti(hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Ilk muhabbat”, “Oq olmalar”, “Chaman”, “Suyanch tog‘larim”, “Bobo quyosh”, “Issiq qor”, “Sadoqat”, “Muqaddas ayol”, “Yuragimning og‘riq nuqtalari”, “Hurlik o‘ti”, “Bu kunlarga yetganlar bor”, “To‘marisning aytgani”, “Saylanma”, “Buyuk qushlar” kabi kitoblari o‘quvchilarning  ko‘ngil mulkiga aylangan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.