El-yurtga, she’riyatga baxshida umr

0
428
marta ko‘rilgan.

2016 yilning ayni yozida Erkin Vohidov, kuzida esa Abdulla Oripovning oramizdan ketishi milliy adabiyotimiz, qolaversa, ozod yurtimiz uchun og‘ir judolik bo‘ldi. O‘tgan XX asr ikkinchi yarmi – yangi asr boshlarida milliy adabiyotimiz, aniqrog‘i, she’riyatimiz rivoji, uning yetakchi tamoyillarini bu ikki ulkan shoir bisotisiz tasavvur etish aslo mumkin emas.

Bu ikki alloma ijodi haqida hayotligida ko‘p iliq gaplar aytildi, yozildi, ayrim asarlari tevaragida qizg‘in bahs-munozaralar ham bo‘lib o‘tdi. Har ikkisining ijod namunalari allaqachon maktab va oliy o‘quv yurti adabiyot darsliklaridan o‘rin olgan, asarlari qayta-qayta nashr etilgan, o‘zga tillarga tarjima qilingan.

Har ikki shoir ijodiy taqdirida ular ta’lim olgan, hozirda Milliy universitet deb ataladigan qutlug‘ dargohda shakllangan adabiy-ilmiy doira hamda ayni o‘sha kezlari yangi avlod ijodkorlarini o‘ziga maftun etgan jasur adib Abdulla Qahhor muhitining o‘rni-ahamiyati beqiyosdir.

Ajab holat: o‘sha kezlari universitet filolog talabalariga dars bergan Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov kabi ustozlar ayni Abdulla Qahhor muhitining odamlari edi. Faqat Erkinjon, Abdullajon emas, o‘sha kezlari universitetda ta’lim olgan Saida Zunnunova, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Shukur Xolmirzayev, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Rauf Parfi, Oydin Hojiyeva kabi butun bir adabiy avlod ayni shu muhit farzandlari, darg‘alari, izdoshlaridir.

Abdullajondan boy adabiy meros qoldi. Hali uning ijodiy yo‘li, asarlari haqida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Men bu yerda o‘zim bevosita shohid bo‘lgan shoir shaxsiyati – undagi noyob iste’dodning zamondosh ustoz adiblar tomonidan e’tirofi, ayrim asarlarining yaratilish tarixi, millat ma’naviyati ravnaqidagi beqiyos ahamiyati, kitobxonlar hayotidagi ta’sir kuchi xususidagi ayrim lavhalarni keltirib o‘tsam…

 

Jussadan katta yurak

1967 yil may oyining boshlari. Ilk hikoya­lari bilan Abdulla Qahhor nazariga tushgan iste’dodli yosh yozuvchi, kinorejissyor Uchqun Nazarov ustoz adib tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan hujjatli film ustida qizg‘in ish olib borayotgan kezlar. Filmning “Abdulla Qahhor ijodkor do‘stlari, shogirdlari davrasida” lavhasini, adibning iltimosiga ko‘ra, uning Do‘rmondagi bog‘ hovlisi yonida, yozuvchilar ijod uyiga kiraverishdagi ariq bo‘yida, azamat arg‘uvonu chinorlar soyasida suratga tushirish rejalashtirilgan edi. Belgilangan daqiqalarda, choshgoh payti suratga olish uchun taklif etilgan, adib ko‘ngliga yaqin olgan ijodkorlar jamuljam bo‘ldik. Aksiga olib, xuddi “Ming bir jon” hikoyasida tasvirlanganidek, ko‘k yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz ko‘yga solyapti. Charaqlab turgan quyosh birdan bulut orasiga kiradi-yu, tevarak-atrof xiralashadi. Oftob har safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar, hanuz g‘aflatda yotgan o‘t-o‘lanni, qumursqalarni uyg‘otmoqchiday avvalgidan ham yorug‘roq, avvalgidan ham issiqroq shu’la sochayotganday tuyuladi. Bunday manzaraning ham o‘ziga xos tarovati, gashti bor. Biroq bu hol ochiq havoda suratga olish uchun noqulaylik tug‘dirar ekan. Bor-yo‘g‘i 5-6 minutlik lavhani lentaga tushirish bir necha soatga cho‘zilib ketdi. O‘rtadagi stol to‘rida bosh qahramon Abdulla Qahhor, atrofida esa kino “personaj”lari – Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, O‘lmas Umarbekov, Ekin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, Norboy Xudoyberganov, nihoyat, kamina qo‘r to‘kib o‘tiribmiz.

Ro‘paradagi operatorlar qurshovida Uchqun quyosh bulut orasidan chiqib, tevarak-atrof charaqlashi bilan davradagilarga qarab “boshlaymiz” ishorasini qiladi-da, “Motor!” deya komanda beradi. Suratga olish boshlanishi bilan oftob bulut ostiga berkinadi-yu, Uchqunning “Stop!” degan o‘ksik ovozi eshitiladi. Ijodiy jarayon to‘xtaydi. So‘ng erkin suhbat, hazil-mutoyiba, turfa hangomalar boshlanadi. Osmondan bulut arib, quyosh ko‘rinishi bilan yana “Motor!”, so‘ng boyagidek “Stop!” sadosi…

Bu holat, adashmasam, uch-to‘rt bor takrorlandi. Bu xil ovoragarchiliklar kinochilarni, birinchi galda, Uchqunni xijolatga, tashvishga solgani, kimlargadir malol kelayotgani aniq. Biroq bu oraliqlardagi davra gurunglari, xususan, adibning hazil-mutoyiba, luqmalari biz yoshlar uchun unutilmas saboq bo‘lgan edi.

Orada yarim soatlik tannafus e’lon qilindi. Ko‘plar oyoq chigalini yozish uchun bog‘ oralab ketishdi. Abdulla Qahhor yonida Said Ahmad bilan Ozod aka, “gap o‘g‘risi” bo‘lib kamina birga qoldik. Shunda Said Ahmad aka davrada eng yosh, jussasi kichik shoir Abdulla Oripov haqida gap ochib: “Odatda katta yozuvchilar o‘z asarlari uchun muqaddas kitoblardan, nomi jahonga mashhur klassiklardan, xalq maqollaridan epigraf olardi. Abdulla aka, bu qanaqasi bo‘ldi, Siz “O‘tmishdan ertaklar” qissangizga mittigina boshlovchi shoir Abdulla Oripov satrlarini epigraf qilib keltiribsiz”, – dedi andak quvlik bilan. Shunda ustoz biroz sukut saqlab, xayolga tolib, “Bu borada ko‘p o‘ylab ko‘rdim. Oldinroq Abdullajon iltimosimga ko‘ra “Nurli cho‘qqilar”ga epigraf uchun to‘rt satr she’r yozib bergan edi. Bu galgisi butunlay boshqacha bo‘ldi… Esimni taniganimdan beri meni qiynab kelayotgan, to‘rt yil ter to‘kib ifoda etmoqchi bo‘lgan ko‘nglimdagi gapni, g‘am-g‘ussani Siz “mitti” shoir degan bu bala (ustoz “bola” so‘zini qo‘qonchasiga chiroyli shikasta ovozda “bala” deb talaffuz etardi) to‘rt satrda qoyil qilib aytib qo‘yibdi. “Munojot”ni tinglab” she’ridan olingan o‘sha satrlar asarga o‘z-o‘zidan tayyor epigraf bo‘lib kirib keldi:

 

Eshilib, to‘lg‘onib ingranadi kuy,

Asrlar g‘amini so‘ylar “Munojot”.

Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga

Qanday chiday olgan ekan odamzot!

 

Bu satrlar go‘yo ayni “O‘tmishdan ertaklar” uchun yozilganday. Qissa ma’no-mohiyatini – pafosini bundan aniqroq, yorqinroq ifodalaydigan boshqa bir so‘z topish mumkinmi?!” dedi.

Shu payt birdan quyosh bulut panasidan chiqib, tevarak-atrof yorishib-yashnab ketdi-yu, Abdulla Qahhorning bog‘idan bulbulning shodon ovozi eshitila boshladi. Adib bir dam sehrli sadoga g‘arq bo‘lib turdi-da: “Bulbulning sayrashini, yangroq ovozini eshitmagan, undan zavq olmagan zot yo‘q. Ammo bulbulning o‘zini ko‘rganmisizlar?”, deya savol tashladi. Said Ahmad aka ko‘rganligini, Ozod aka ikkimiz ko‘rmaganligimizni aytdik. Qishloqdagi hovlimizda bir tup qizil olma bo‘lardi. Har yili bahorda gullaganida qo‘shaloq bulbul gullar chamani orasida hafta davomida basma-basiga to‘lib-toshib sayrashardi. Harchand urinmaylik, ularni ko‘rolmasdik. Faqat men emas, oilamizdan hech kim ko‘rmagan… Abdulla aka bosh barmog‘ini ko‘rsatib: “Bulbulning jussasi shu barmoqning uchiday keladi, – deya davom etdi. – Uning yuragi jussasidan o‘n barobar katta. To‘lib, yurakdan sayraganida go‘yo dunyoni titratadi. Anavi “mitti” shoir “bala”ning yuragi ham jussasidan o‘n chandon kattadir-ov… “Mitti yulduz” kitobchasini varaqlab ko‘ring. Shu mitti shoir qalb tubidan sharsharadek otilib chiqqan satrlar qalblarni larzaga soladi. Hali ko‘rasizlar, uning ovozi olis-olislarga yetib boradi…”

O‘sha yili kuzda adibning oltmish yillik yubileyi oldidan Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safari bo‘lib o‘tadi. Safarda adib istagiga ko‘ra Said Ahmad, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov qatori Abdullajon ham ishtirok etadi. Safar chog‘i qog‘ozga tushgan ulug‘ ustoz haqidagi mana bu satrlar adabiy uchrashuvlarda o‘qilganda tinglovchilar olqishidan zallar larzaga keladi:

 

Yo‘llar ortimizda qolar edilar,

Dalalar qolardi cheksiz, betakror.

Nega ular cheksiz desam, dedilar:

Bu yerdan o‘tgandi Abdulla Qahhor.

 

Yo‘llar ortimizda qolar edilar,

Cho‘qqilar qolardi yuksak va qator.

Nega ular yuksak desam, dedilar:

Bu yerdan ham o‘tdi Abdulla Qahhor.

 

Abdulla Qahhor vafotidan so‘ng adibning umr yo‘ldoshi Kibriyo opa uchun Do‘rmondagi bog‘ hovlisida yolg‘iz turish imkoni bo‘lmay qoladi. Abdulla aka uchun nihoyatda aziz bo‘lgan bu yigirma yillik maskanni kimga berish masalasi jiddiy jumboqqa aylanadi. Uncha-muncha odam bu bog‘ hovliga og‘iz solishga botinolmaydi. Bir ulkan matematik akademik olim Kibriyo opaning iltimosiga ko‘ra muayyan fursat bu dargohda turadi. O‘sha kezlari Kibriyo opa tez-tez tushida Abdulla akani qovog‘i soliq, tajang holda takror-takror ko‘radi. Qarangki, o‘sha olim oilasi ham o‘zlarini noqulay sezib, nihoyat, bu xonadonni tark etishga majbur bo‘ladilar. Kibriyo opa xayolan – ruhan Abdulla aka bilan muloqot chog‘ida uning roziligiga ko‘ra bog‘ qo‘rg‘onini ikkiga bo‘lib, kattaroq bo‘lagini adibning to‘ng‘ich shogirdi Said Ahmadga, kichikroq qismini eng kenja shogirdi Abdullajonga topshiradi. O‘sha kundan boshlab Kibriyo opa kechalari tinch uxlaydigan, tushida Abdulla akani o‘sha tanish bog‘da oromkursiga suyanib, yuzida tabassum bilan xotirjam o‘tirgan holda bot-bot ko‘radigan bo‘ladi…

 Salkam qirq yil bu tabarruk maskanda ustoz ehtiromiga javoban bu munosib shogirdlarning undan-da buyuk ehtiromi davom etdi, ustoz yoqqan chiroq o‘chmay keldi. Bir chekkasi, ustoz ruhi madadi tufayli bu ikki allomaning bu yillarda ijodiy parvozi tobora yuksalib, shuhratiga shuhrat qo‘shildi.

 

“Sen – ulkan chiroq!”

Mashhur shoir va nosir Shuhratning Abdullajonga mehri nihoyatda baland edi. Yosh shoirga bag‘ishlangan she’rida “Men oddiy bir shamman, sen – ulkan chiroq!” deb yozgan.

Shu o‘rinda ustoz va shogird orasida bo‘lib o‘tgan ajib bir voqeani eslatib o‘tsam. Shuhratning 50 yillik to‘yi muayyan sabab­larga ko‘ra andak kechikib, 1971 yilning boshlarida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Yubiley komissiyasi raisi Izzat Sulton, Shuhrat aka, Abdulla Oripov va kamina – to‘rtovlon yubiley uchrashuvlarini o‘tkazish maqsadida Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari bo‘ylab safarga otlandik. Samarqand tashrifi to‘kin dasturxon atrofidagi shohona ziyofatlar, tantanavor qadah so‘zlari bilan boshlandi. Ertasi kuni pedagogika institutida adabiy uchrashuv o‘tkaziladigan bo‘ldi. Uchrashuv oldidan rais o‘z xonasiga meni maslahatga chaqirdi. Asosiy ma’ruzachi sifatida zimmamdagi mas’uliyatni eslatdi. Safar oldidan Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati huzurida tor doirada kengash o‘tgani, viloyatlardagi uchrashuvlar chog‘i yubilyarni “asrash-avaylash”, ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, hozirgi siyosiy vaziyatdan kelib chiqib ish tutish zarurligi, chunonchi, Shuhrat repressiya qurboni bo‘lgani borasida og‘iz ochmaslik, “Oltin zanglamas” ustida gap borganida asar bosh qahramoni Sodiq fidoyi kurashchan kommunist ekaniga urg‘u berish, yaqinginada ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “Jannat qidirganlar” romani xususida esa indamay o‘tish ma’qulligi, nuqul Shuhrat haqida emas, Shuhrat ijodi bahona adabiyotimizning bugungi yutuqlari to‘g‘risida gapirish lozimligi uqtirildi. Shu gaplarni Abdullajonga ham yetkazib qo‘yishim kerakligi aytildi…

Tabiiyki, bu gaplarni eshitib dovdirab qoldim, ma’ruza rejalarim ost-ust bo‘lib ketdi, shu sabab o‘sha kuni minbardagi gap-so‘zlarim uzuq-yuluq, hissiz, parishon bir tarzda kechdi. Boshqalarning nutqi ham xiyla rasmiy tusda bo‘ldi. Faqat Abdullajonning yoddan aytgan she’rlarigina anjumanga alohida ruh baxsh etdi.

Rejalashtirilgan uchrashuvlarning negadir hammasi o‘tkazilmadi. Uchinchi kuni choshgoh payti Shahrisabzga otlanish oldidan rais xonasida to‘plandik. Shuhrat aka asabiy vaziyatda o‘ziga xos qat’iyat bilan: “Izzat Otaxonovich! Men bu yerga ziyofat uchun kelgan emas­man. Kitobxonlarim, xalqim oldida hisobot berish, ularning she’rlarim, yurak qonim bilan bitilgan romanlarim haqidagi dil so‘zlarini eshitish uchun kelganman. Agar safar shu ruhda davom etadigan bo‘lsa, hoziroq uni to‘xtatamiz, Toshkentga qaytamiz!” dedilar. Uchovlon bir daqiqa sarosimada qoldik. Izzat aka darhol o‘zlarini o‘nglab olib: “Ortga qaytish yo‘q! Bizni Shahrisabzda kutishyapti. Soat beshda yubiley tantanasi boshlanadi. Yetib borishimiz kerak. Mashinalar kutib turibdi. Ketdik”, deya tashqariga otlandi. Noiloj u kishi ortidan ergashdik. Taxtiqoracha dovonidagi kuzatuv ziyofati sovuqqina o‘tdi. Qashqadaryolik mezbonlar tayyorlab qo‘ygan mashinalarga joylashib yo‘lga otlandik. Oldingi mashinada Izzat aka bilan Shuhrat aka, keyingisida esa Abdullajon ikkovimiz xomush ketib boryapmiz. O‘ng tomonda o‘tirgan shoir xayol og‘ushida qish oxiri, ilk bahor nafasi endigina nishona ko‘rsatayotgan manzaralarga nazar tashlaydi, pastlikda, tog‘lar orasidagi sharqirab oqayotgan soyga tikilgan holda xayol suradi, lablari pichirlaganday bo‘ladi. “Umarali aka, – deya og‘iz ochadi shoir, – boyadan beri kuzatib kelyapman, tog‘lar qanchalik siquvga olsa, soy shunchalar shitob bilan olg‘a intilarkan. Shoirlar, ijodkorlar ham shunday…” Shunday dedi-yu, yana xayolga cho‘mdi. Bir dam o‘tgach qo‘ynidan yon daftarini chiqarib, uni tizzasiga qo‘ygan holda nimalarnidir yozdi. Bir necha daqiqadan so‘ng quyidagi satrlar bitilgan varaqni yon daftaridan yirtib olib, qo‘limga tutqazdi:

 

Bulbul o‘gay erur zog‘lar orasida,

Yugurik suv o‘gay tog‘lar orasida.

Muhabbat dardidan bemor qalblarimiz,

O‘gay bo‘lsak ne tong sog‘lar orasida.

 

Bizning hozirgi ruhiy holatimizni bundan-da aniq-tiniq, teran, eng muhimi, muxtasar tarzda g‘oyat ta’sirchan va go‘zal ifodalash mumkinmi? To‘rtlik satrlari ustida o‘y suraman. So‘z san’atining azaliy va mangu muammosi – jamiyat, muhit bilan chin iste’dod orasidagi murosasiz ziddiyat, nafosatning nosog‘lom muhitga begonaligi, bulbulning zog‘lar orasida o‘gayligi – bu ko‘hna jumboq qalblarni o‘rtaydi. She’rda fandagi “begonalashuv” deb atalgan tushunchaning poetik muqobili tarzida “o‘gay” so‘zining qo‘llanishi noyob topilma sifatida kishini lol qoldiradi. Shuhrat aka bu satrlarni eshitsa, o‘qisa, qanday holga tushishini o‘zimcha tasavvur etib hayajonlanaman.

Dilimdagilarni ifodalashga munosib so‘z topolmay, to‘rtlik bitilgan varaqni indamaygina Abdullajonga qaytardim, biroq u olmadi. “Sizga esdalik. She’r menga yod bo‘lib qoldi. Keyinchalik uyga borganda yozib qo‘yarman, – deya so‘zida davom etdi. – Shu satrlarni Shahrisabzdagi uchrashuvda o‘qisam qanday bo‘larkan?” Men ayni muddao bo‘lishini aytdim. Hozircha bu xususda hech kimga, jumladan, Shuhrat akaga ham og‘iz ochmaslikka kelishdik. Bu she’r yubilyar uchun syurpriz – kutilmagan noyob sovg‘a bo‘lajagiga ishonardik.

Shahrisabzda bizni karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi. Qo‘llarida guldasta va adib kitoblarini tutgan kitobxonlar Shuhrat akani qurshab, undan dastxat olishga shoshilar, tashakkur so‘zlari, savollar yog‘dirar… Bu jo‘shqin izdihom – adabiy anjumanni mezbon rahbar ayol boshqardi. Izzat aka ham, men ham ancha emin-erkin so‘zladik. Gal Abdullajonga keldi, Shuhrat aka she’riyati, romanlari haqida so‘zlab, so‘ng yaqinginada dunyoga kelgan boyagi to‘rtlikni yoddan aytdi… 60-yillar “ikkinchi milliy uyg‘onish davri” deb atalishi tasodifiy emas. O‘sha yillari faqat adabiyotda emas, millat ma’naviyatida ham uyg‘onish yuz bergan, alomat bir nozik didli she’rxon-kitobxon shakllangan edi. To‘rt satr qatiga jo etilgan shoir qalbi tug‘yonlari shundoqqina anjuman qatnashchilari qalbiga ko‘chib, butun zalni larzaga soldi. Olqishlardan zal bamisoli zilzila holatiga tushdi.

Maroqli uchrashuvdan so‘ng, odatga ko‘ra, ziyofatga yig‘ildik. Birinchi bo‘lib Izzat aka so‘z oldi. Kayfiyati chog‘ edi. Yayrab-yozilib, hazil-mutoyibalar bilan “Rais ham podshohday gap, uning so‘zi – amri vojib, – deya so‘z boshladi, – bugundan e’tiboran hech qanday cheklov yo‘q, yubilyar haqida kimning ko‘nglida nima gap bo‘lsa, bemalol aytaveradi. Kemaga tushganning joni bir, bir boshga bir o‘lim, deydilar. Biror kor-hol bo‘lsa, birgalikda javob beramiz…”

Shahrisabz uchrashuvi, xususan, anjumanda yangragan to‘rtlik satrlari safarimizda burilish yasadi – sehrli so‘z o‘z kuchini ko‘rsatdi, hammani hushyor torttirdi, o‘rinsiz hadiklarga chek qo‘ydi. Qarshi, Buxoro, Shofirkondagi uchrashuvlar ayni shu ruhda jo‘shqin o‘tdi; Shuhrat, uning mardona hayot yo‘li, ijodiy jasorati haqida bor gaplar baralla aytilaverdi, eng muhimi, buning uchun hech kim jabr ko‘rmadi, hech qanaqa kor-hol yuz bermadi…

 

Tafakkurga ta’sir etgan she’riyat

Sho‘ro zamonida Vatan, milliy g‘urur – iftixor tuyg‘usi ustida so‘z ochish nihoyatda mushkul jumboq edi. Bu hol “katta gunoh”, “milliy mahdudlik”, “aksilsho‘roviy harakat” sanalar edi. Ana shunday mash’um zamonlarda ham Cho‘lpon, so‘ng Oybek, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Mirtemir singari ulug‘ siymolar ijodda yo‘lini topib Vatanni ulug‘lashda davom etdilar. Abdulla Oripov hamda uning safdoshlari she’riyatimizdagi shu qutlug‘ an’anani munosib tarzda davom ettirdilar. Dadil aytish mumkinki, yangi bosqichga ko‘tardilar. Ayni o‘tgan asrning 60-yillarida dunyo yuzini ko‘rgan Erkin Vohidovning “O‘zbegim”, Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” she’riy qasidalari faqat bu ikki shoir ijodida emas, XX asr milliy she’riyatimizda ulkan voqea bo‘ldi. Har ikki she’rda xalqimizning ming asrlar ichra pinhon bo‘lib yotgan shonli tarixi, jahon sivilizatsiyasi ravnaqida tutgan beqiyos o‘rni haqidagi otashin satrlar millionlab vatandoshlar qalbidan o‘rin oldi. Bunday yorqin satrlar mustabid tuzum hukmdorlarini sarosimaga solgani ayon, ammo ular otashin satrlar salobati oldida bu ikki qasidaga qarshi chiqishga botina olmadilar.

Shoir o‘tgan yillar davomida yana ona yurt manzaralari, vatandoshlar g‘ami ifodasiga bag‘ishlab ko‘plab yoniq satrlar, bevosita Vatan mavzusini butunlay yangicha yorituvchi “Men nechun sevaman O‘zbekistonni”, “Ona sayyora”dek benazir she’rlar bitdi. Bular haqida ko‘p va xo‘b yozildi, yozilmoqda.

Ana shu she’rlariga xos noyob fazilatlar shoirning keyingi yillar ijodida ham davom etdi, yangidan-yangi jihatlar bilan boyib bordi. Ne baxtki, necha o‘n yillar davomida el-yurt qayg‘usi, uning erki, chin ozodligi orzusi bilan yongan shoirimiz istiqlol e’lon etilgan kunda “Adolat oftobi” she’rini yozib, xalqimizni “Necha yillar orziqib kutgan kunlar keldimi”, “O‘z qo‘lingga olganing – yalov senga muborak”, deya qutladi, muhimi, bu she’r ilk bor Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov yurt mustaqilligini e’lon etgan Oliy Kengash minbarida turib o‘qildi. Shoir faqat qutlov so‘zlari bilan cheklanmay, xalqini ogohlikka, bu tengsiz saodatni balo-qazolardan asrashga chorladi:

 

Unutmagin va lekin, oldda bor hali yotlar,

Qadamingni poylaydi, ochko‘z, yuho ne zotlar,

Shoh suribsan, injima, g‘ingshisa agar motlar,

Yelkamizga oftobning tekkanligi rost bo‘lsin,

O‘zbekning o‘z niholin ekkanligi rost bo‘lsin.

 

O‘sha kungi anjuman to‘g‘ridan-to‘g‘ri televideniye orqali ko‘rsatilgan edi. Shoirning tabarruk minbardan turib hayajon bilan o‘qigan otashin satrlari sadosi hamon qulog‘im ostida jaranglaganday bo‘laveradi.

Ne baxtki, mustaqil mamlakatning Davlat madhiyasi she’riy matnini yaratish ham ayni el-yurtning shu otashin kuychisiga nasib etdi. Milliy madhiyamizning Abdulla Oripov qalamiga mansub she’riy matni mustaqil mamlakat, ozod xalq ruhi, shon-shavkati, faxr-iftixori, orzu-intilishlarining chinakam ifodasi ekani bilan qimmatlidir.

“O‘zbekiston” qasidasidan boshlangan el-yurt taronasi Madhiyada eng avj pardalariga ko‘tarilib, mustaqil mamlakat – kelajagi buyuk davlatning ramzlaridan biriga aylandi.

 

Mehribon ota, jonkuyar bobo

Gapning ochig‘i, shoirning talabalik yillaridan boshlab 70 yoshga yetgunga qadar u bilan, asosan, ijodiy safar, davralarda birga bo‘lganman, uning shaxsiy-oilaviy muhitini yaqindan bilmasdim. Taqdirning taqozosi bilan keksayganda Abdullajon oilasi bilan qarindosh bo‘lib qoldik. Mening bojam, adabiyotshunos Begali Qosimovning kenja o‘g‘li Shohrux Abdullajonning kenja qizi Ruxsoraga uylandi (Rahmatli Begali Qosimov bilan Abdulla Oripov talabalik yillaridan qadrdon do‘st edi. Ularning do‘stligi qarindoshlik maqomiga ko‘chdi). Shu tufayli oilaviy yaqinlik, o‘zaro bordi-keldilar boshlanib ketdi. Abdullajonni shaxs sifatida butunlay yangidan kashf etdim. Doimo ijod g‘ami, shavqi bilan yonib yurgan, umrining so‘nggi damlariga qadar qo‘lidan qalami tushmagan noyob iste’dod sohibi ayni paytda o‘ta oilaparvar, farzandlariga mehribon ota, jonkuyar bobo ekan. Shohruxu Ruxsoraxondan dunyoga kelgan ikki o‘g‘lonlarining kattasiga Mironshoh, kichigiga Oybek deb Abdullajonning o‘zi ism qo‘yib bergan. Bu ikki nabirasini loaqal haftada bir bor ko‘rmasa turolmasdi, yo ularni Do‘rmondagi uyiga chorlar, yoki o‘zi borib, shirinligu o‘yinchoqlar bilan siylab erkalab ketardi. Bolakaylar ham bobosini qo‘msab beto‘xtov Do‘rmon tomon talpinardi. Qarangki, Abdullajon Amerikada davolanayotgan chog‘i (vafotidan bir kun oldin) qo‘l telefoni orqali Shohruxning onasi bilan, so‘ng ikki suyukli nabirasi bilan yarim soat yayrab gurunglashgan. Nabiralari uchun olib qo‘ygan “amirkon” etikchalarni telefon ekranida namoyish etib, yaqin orada uyga borganida o‘z qo‘li bilan ularga hadya etajagini va’da qilgan…

  

Abdullajon bilan so‘nggi suhbat

Abdullajon qalamkash, maslakdosh safdosh­lariga bir umr ehtirom ila munosabatda bo‘lgan. Shu yil avgust oyida “Do‘rmon” ijod uyida uyushmaning anjumani bo‘lib o‘tdi. Majlislar zaliga kiraverishda Abdullajonga duch kelib qoldim. Yo‘l-yo‘lakay gurunglashib bordik. Shunda u Erkin Vohidov haqida yaqinginada chop etilgan salmoqdor to‘plam – “To quyosh sochgayki nur. Erkin Vohidov: hayoti va ijodi zamondosh­lari nigohida” kitobi haqida so‘z ochib, “Uni ko‘rdingizmi?” deya meni so‘roqqa tutdi. Men bu kitob bilan allaqachon tanishib chiqqanimni, u haqidagi quvonchlarimni izhor etdim, o‘z navbatida, majmuadagi ilk maqola, suhbatdoshim Abdulla Oripov qalamiga mansub “Oltin iste’dod”da shoirga berilgan beqiyos baho – “Qadrdonim va safdoshim Erkin Vohidov chinakam oltin iste’dod sohibidir. Shoirimizning ovozini boshqa biror qalamkash takrorlashi sira mumkin emas. Alloh taolo ijodkorimiz qo‘r to‘kib o‘tiradigan kursisini o‘zi bilan birga qo‘shib yaratgan. Erkin Vohidov o‘z ijodi bilan adabiyotimiz tarixida sobit turgan shaxsdir”, degan beqiyos bahosini yodga oldim. Shunda u xiyol jilmayib: “Erkin aka shunday ta’rif-bahoga arziydi-da. Afsus, shunday beqiyos siymo bugun oramizda yo‘q”, deb qo‘ydi,

Abdullajon to‘lib turgan ekan, shekilli, anjumandagi nutqining katta qismini Erkin Vohidovning yorqin xotirasiga bag‘ishladi. Bu nutq ulkan shoirning rasmiy anjumandagi so‘nggi so‘zi, bir umrlik maslakdoshi haqidagi so‘nggi dil izhori, nidosi, vidosi bo‘lib yangradi.

Shunda men bu noyob iste’dod sohibining butun umri, hayoti davomida oilasi, yaqinlari qatori ustozlari, qalamkash do‘stlariga sadoqati, ehtiromi cheksiz ekaniga yana bir karra iqror bo‘ldim.

Azizlar, yuqorida yozganlarim buyuk shoir, alloma shaxs-inson Abdullajon haqida ko‘rgan-bilganlarimdan bir-ikki shingil lavhalar, xolos. Nasib qilsa, shoir haqda xotiramda qalashib yotgan bundan-da ajabroq voqea-esdaliklarimni qog‘ozga tushiraman.

  

2016 yil noyabr

 

Umarali Normatov,

filologiya fanlari doktori, professor.

 

1931 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti(hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tamomlagan. “Nasrimiz ufqlari”, “Yetuklik”, “Qalb inqilobi”, “Qodiriy bog‘i”, “Umidbaxsh tamoyillar”, “Tafakkur yog‘dusi”, “Qahhorni anglash mashaqqati”, “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat”, “Ustoz ibrati”, “Ijod sehri”, “Ijodkorning daxlsiz dunyosi” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.