Dunyoni qaytadan kashf etsang nogoh

0
20
marta ko‘rilgan.

* * *

Bir ishq bo‘lsa,

Ko‘ksingni tilsang,

Yuraging kaftingda tutolsang unga.

Olib keta olsang jon chiqar qadar,

Oyga o‘yib bersang ismini tunga.

Bir ishq bo‘lsa,

ko‘ksingni tilsang….

 

Bir tun bo‘lsa,

Tuganmas, yaldo,

She’rlar bitib olsang, beto‘lg‘oq, besas,

Sukunat kuy chalsa, kuylasa masrur,

Jimgina tinglasang, olmasdan nafas. ..

Bir tun bo‘lsa,

tuganmas, yaldo…

 

Bir oh bo‘lsa,

Bir otash nafas,

Kuyib bitsa bari dardu alaming.

Nay bo‘lib chalinsang qayta va qayta,

Ohangga ko‘milsa dilxun olaming.

Bir oh bo‘lsa,

bir otash nafas..

 

Bir so‘z desa,

Yashaging kelsa,

Dunyoni qaytadan kashf etsang nogoh,

Birdan odamliging esingdan chiqsa,

Nurga singib ketsang, topilsa panoh…

Bir so‘z desa,

Yashaging kelsa…

 

 

* * *

Bir talpinsam sizga yetaman,

Bir  zarb bilan eshik ochilur.

   Ammo,            

   nechun,

   tashlab 

   ketaman,

Sizni desam yurak sochilur.

 

Bir talpinsam, baxtni quchasiz,

Bir xo‘rsinsam qaytar daryolar.

   Ammo

   nechun,

   daryo

   bo‘lolmam,

Umr o‘tar, o‘tar dunyolar.

 

Bir talpinsam, olam guliston,

Bir shahd bilan gina to‘kilur.

   Ammo

   nechun,

   sirtmoqdir

   alam,

Oyog‘imga kishandir g‘urur.

 

Bir talpinsam, menikidirsiz,

O‘zim ekib, o‘zim o‘rganim.

   Bu

   shabiston

   qismatlar

   aro,

Ko‘zim ochib, ko‘zim ko‘rganim.

 

Bir talpinsam, yurak ham to‘xtar,

Qumga singgar, umr to‘lqini.

   Odam

   bo‘lib,

   odam

   bo‘lmadik,

Uchrasharmiz ruh bo‘lgan kuni.

 

 

* * *

Yomg‘ir yog‘sa yuragim yig‘lar,

Oy nuridan ruhim muloyim.

Chaqmoq chaqsa suyagim sanchar,

Menga nima bo‘lgan, xudoyim?!

 

Shamol bilan kezaman sarsar,

Yulduz uchsa, tafakkur qoyim.

Quyosh yonsa yonaman lov-lov,

Menga nima bo‘lgan, xudoyim?!

 

Zilziladan avval titrayman,

Ko‘nglimga kelgani ijobat doim.

Kimdir qulog‘imga shivirlar tinmay,

Menga nima bo‘lgan, xudoyim?!

 

Sirin aytar daraxtlar, gullar,

Tilga kirar kapalakoyim.

Qushlar xurkmas, kiftimga qo‘nar,

Menga nima bo‘lgan, xudoyim?!

 

Gul atridan boshim aylanar,

Dil og‘risa, tikanzor joyim.

Qor uchquni labim kuydirar,

Menga nima bo‘lgan, xudoyim?!

 

Sezimlarim bunchalar dilgir,

Ruhim kezar samolarda jim.

Yasholmayman odamday bo‘lib,

Menga nima bo‘lgan, xudoyim?!

 

Men kim o‘zi, qismatim nechuk?

Koinotni tutadir ohim.       

Yer shari ham kaftimda to‘ptosh,

Menga nima bo‘lgan, xudoyim?!

 

 

* * *

Buncha menga bog‘lanmang, qattiq,

Men burgutman, parvozi baland.

Qoyalarda makonim, izmim,

Qo‘l cho‘zsangiz, yetmassiz, harchand.

 

Men tog‘larga oshiqman, sevdim,

Har bir toshda erkim izi bor.

U meniki va men undaman,

O, purviqor,behasad diyor.

 

Meni qo‘lga o‘rgatib bo‘lmas,

Ixtiyorim ruhimday ozod.

Shu cho‘qqida qismatim ayon,

Meni pastga chorlama, hayot!

 

 

* * *

– Xayr, – deding va kuzatdim jim,

– Ko‘rishguncha chidarmi, yurak?

Xijron bizni halinchak qildi,

Yana

o‘zi

tebratsa,

kerak.

 

 

– Xayr, – dedim, jimgina qolding,

– Ko‘rishguncha chidarmi, yurak?…

Dunyosini angladik, yetdik,

Yashash

          uchun

sog‘inmoq

kerak!…

 

 

* * *

Men shunchalar baxtliman,

Undan ko‘proq gunohkor.

Orom bilmas sarkashman,

Aybsizmanu aybdor.

 

Dilim daryo to‘g‘onli,

Osmonim bor bir burda.

Umrim yomg‘ir, shamolli,

Tog‘day cho‘kar har tunda.

 

Nima qilsam xatoday,

Bir qarasam uvolman.

So‘roqlarim javobsiz,

Men dunyoga savolman.

 

 

* * *

Xuddi toshlar tomchi yutgandek,

Xuddi quyosh oyni kutgandek,

Xuddi dunyo bir zum o‘tgandek

Seni sog‘indim!

 

Misli sayyoh yo‘l topmay abas,

Misli  olov ololmay nafas,

Misli dunyo zebu zar qafas,

Seni sog‘indim!

 

Go‘yo shamol toshlarni o‘ydi,

Go‘yo bardosh jonidan to‘ydi,

Go‘yo yer ham aylanmay qo‘ydi,

Seni sog‘indim!

 

 

* * *

Nega jimsan, nega darak yo‘q,

Xat tashuvchi kabutar qani?

Uzoqdirsan, kiprigimdan ham,

Chak-chak oqar sochlarim qoni.

 

Xiyonatga to‘yganmas dunyo,

U ajdardir, yamlamay yutar.

Mening, sening dardimizsiz ham,

Tonglar otar, quyoshlar botar.

 

Endi bizga sinovlar bekor,

Tog‘ bo‘lsa ham nuraydi toqat.

Yolg‘oningga ishontir meni,

Ne desang ham jim turma, faqat.

 

Farida AFRO‘Z

1956 yili tug‘ilgan. Qo‘qon davlat pedagogika institutining tarix fakultetini tamomlagan.

“Qirq kokilligim”, “Iztirob ko‘ylagi”, “Tunlar isyoni”, “Ko‘zim manim…”,  “O‘zimdan o‘zimgacha”, “Ushshoq”, “Tasbih”, “O‘sha kun – bugundir” nomli she’riy to‘plamlari, “Qurbonjon dodxoh” tarixiy dramasi chop etilgan.

Rus tilida “Poka yest na zemle razluka”, “Ot Faridы Afruz”, turk tilida “Gun aydin” she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

2017 yili “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.