Haydasang, ortingdan kelaverar she’r

0
136
marta ko‘rilgan.

ONAMGA MAKTUB

 

Suprada un bormi,

Qozonchada yog‘,

Yomg‘irda ho‘l bo‘lib qoldimi o‘tin?

Kichrayib qolgandek bugun hammayoq.

Onajon, oradan shuncha yil o‘tib

Meni ham sog‘inib ketgandir, qishloq?

Yelkamga ko‘ngilning yukini ortib,

Qiz boshim bilan men hamon safarda.

Ko‘zim-la chamalab osmonning ortin.

Oyog‘im tuproqqa to‘lar, shaharda

Nastarin gullari tutar yoqamdan.

Kun sayin sochilib ketar ko‘chalar

Qay birin tugatay?

Ayni shu damda,

Kechirgan kunlarim kelib o‘ch olar.

O, qanday ajoyib edi men ko‘rgan

Tushlarim, uxlamoq oson baridan.

Uyg‘onib izlayman dunyoni birkam

Dadamning qoldirgan choponlaridan.

Sig‘mayman kengliklar bo‘lmasa uyda

Har bitta g‘ussangdan ketganman ozib.

Yoshim ham ulg‘ayib bormoqda o‘ydan.

Xavotir qalbimni turtkilar hozir

Uyimiz sovuqmi…

Eshik oldidan

Ukam bir chekkaga oldimi qorni?

Qalinroq o‘raning,

Isitsin chidam,

Ona, uyimizda muhabbat bormi?

 

* * *

Keldim,

Kelmasidan tong sabolari

Quyosh nayzalarin sanchmasdan keldim.

Yelkamda yo‘llarning iddaolari,

Yillar istibdodin yanchmasdan keldim.

Keldim,

har yaproqqa so‘ylamay keldim,

Haddimdan o‘zgaga bo‘ylamay keldim.

Na-da bir tadorik, na shubha gumon,

Hattoki bir bora o‘ylamay keldim.

Men shunday mard keldim,

serjur’at keldim,

Kelmasam bo‘lmasdi, kelsam bo‘lmasdi.

Ko‘zlar ham to‘lar-ku, nechun to‘lmas dil?

Men shunday dard keldim, lojuvard keldim.

Keldim,

ostonangda turibman kutib,

Shoshma, eshikni tez ochib yuborma.

O, donishmand zot,

Mo‘ysafid Hayot –

Sen meni havoga sochib yuborma.

Yer qattiq, ko‘k baland, umr sarsari,

Yurakda ko‘z ochsin bari shodliklar.

Go‘zallik, muhabbat, baxtdan tashqari,

Sen meni ayirma parishonlikdan…

Keldim…

 

 

MUSOFIR

 

Ketasan, yo‘llarga tomib borar dil,

Ketasan, hech kim-la qilmay murosa.

Odamlar manzilga tomon boradir,

Sen hamon o‘tmishga tomon borasan.

Yelkangni ezgudek og‘ir kitoblar…

Yuraging pichirlab allanima der.

Imlasang, yuzlarin berkitib chorlar,

Haydasang, ortingdan kelaverar sher.

Uying tor, qishloq ham…

Sig‘maysan ko‘kka,

Seni qay orzular qamrab boradi?

Kimsasiz cho‘llarda,

Tog‘lari ulkan,

Yillarning shamoli yamlab boradi.

Dadilroq qadam bos, umr so‘ngida

Ko‘rinsin har bitta odamning izi.

Boshingga qor tushsa, do‘l tushsa chidab

Manzilga yetgaysan otamning qizi!

 

 

MUNOJOT

 

Yo rab, qayda xato qildim,

Ibodatda adashdimmi?

Har kimga bosh egolmadim,

Itoatda adashdimmi?

 

Dardlar buncha beordayin,

Firoq nafis, ozor mayin.

Yor kelganda men bormayin

Xijolatda adashdimmi?

 

Dil og‘rinar, ruhim zada,

Ishq – shartlashuv, baxt bir vada.

Umid so‘nar har lahzada,

Saodatda adashdimmi?

 

Men o‘ylagan o‘ylar qani,

Bir so‘z-u rostgo‘ylar qani?

Bolalikdan tinglaganim –

Hikoyatda adashdimmi?

 

Garchi armon berar firib,

Ko‘zlarga yosh olgan kirib.

Yo, barini bilmay turib,

Hidoyatda adashdimmi?

 

Yo‘l olarman o‘zim sari,

Notinch ko‘ngil, so‘zim sari.

Vafo bilmas dunyo zari,

Qanoatda adashdimmi?

 

Tangrim, qayda xato qildim,

Qalam, xatda adashdimmi?

Qalbim hamon yig‘lar sim-sim,

Muhabbatda adashdimmi?

 

Muhabbatdan adashdimmi?!

 

 

 

KO‘ZIMGA

 

Bu dunyoning oyoqlari loy,

Sochlari ham ketgandir to‘zib.

So‘ng izlaysan osmondan bir joy

Tikilay deb bir umr, ko‘zim.

Ilay deysan ko‘ylaklarimni

Daraxtlarning telba toriga.

Qulab ketdi ne-ne odamlar,

Qarayverib ko‘p yuqoriga.

Zanjir-zanjir bilaguzuklar,

Bog‘lash uchun yaralgan qo‘lni.

Dilim, yetar endi huzurlan,

Bosib o‘tdik birmuncha yo‘lni.

O‘ylar bo‘lsam tag‘in yodimga,

O‘shal g‘arib Mashrab keladir.

U o‘lmagan! Dorning yoniga

Hurjunini tashlab keladir.

Men yig‘layman ojizlarga xos

Sag‘ir qumlar yuzimni chaysin.

Tushlarimga kiradi bexos,

Onam kabi hazin Uvaysiy.

Bu dunyoning yoqalari oq

Oftoblarda qoraygan yuzi.

Axir sen ham oqliklarga boq

Axir sen ham kulib tur, ko‘zim..

 

Mahfuza IMOMOVA

 1989-yili tug‘ilgan. Hindistonning Bangalor universitetida tahsil olgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” rukni ostida “Yorug‘ yo‘l” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.