Hayot iforiga tikdim boshimni

0
120
marta ko‘rilgan.

* * *

Oy sovrilgan kabi quyosh izida,

O‘rlar alvon-alvon o‘tinchim – talosh.

Nur yog‘ilar mohi tobon yuzidan,

Mening ko‘zlarimdan esa yosh…

Gar diydor qiyomat bo‘lsa, beray jon,

Oshiqni to mahshar o‘rtar firog‘ing.

Axir, yetib bo‘lmas Senga hech qachon,

Bu olamda yo‘qdir vasl bulog‘i.

Faqat some’ bo‘ldim Sendan ayrilib,

Bir Seni tinglamoq istar jon qushi.

Men uchun tuganmas qismat – ayriliq,

Hayot – mangulikdan uzilgan qo‘shiq.

 

* * *

Quyosh nuri gulni garchi qilichdek

Kesmas, lekin uni kuydirgay oxir.

Butun yaralmishda mavhum tiriklik

Va o‘limdan boshqa hodis yo‘q, axir.

Ko‘klam tuni edi, tonggacha qolib,

Kapalak umricha ko‘rdim yoshimni.

O‘lim chaqmog‘ini bo‘ynimga olib,

Hayot iforiga tikdim boshimni.

 

* * *

Nayson abri ko‘kka uyilar qat-qat,

Tomchilab-tomchilab boshlanar yomg‘ir.

Shu ko‘yi o‘t tushar menga beshafqat,

Jonu jahonimda boshlanar yong‘in!..

Yo Rab!.. O‘tu suving ichra ko‘p qiyin,

Sovrildim… o‘zimni tutarman qanday?!

Neki bori bo‘lsa, kuygan-u, keyin

Toshqin olib ketgan eski qo‘rg‘onday

Oqdim, zohirida shomu saharning,

Botinida sinib oqadi sozim.

Meni asrayolmas binafshalarning

Qirdan kelayotgan go‘zal ovozi.

Yo Rab! Bu toshqinda men bir jonsarak.

Maysaday bo‘ylolmam kamalaklarga,

Jim o‘ltirmasman gul yuziga qarab,

To‘yib boqolmasman kapalaklarga.

Beomon shiddatda omon qolmasman,

Ma’nisiz hayotim yitadi mutloq,

Bildim, yomg‘irchalik yashay olmasman,

Bildim, bir mendan ko‘p yashar qizg‘aldoq.

Ammo bilolmayman, nechun shom enib,

Xokim uzra xaslar uchgay bebayot?..

Ne uchun bahordan ayirgay meni,

Nechun halok etgay meni bu hayot?!

 

* * *

Hayot – dengiz.

To‘lqin – vaqt. Unda badar,

Suzib borayotgan nomsiz kema – jon.

Shamol – taqdir.

Yo‘lchi-yulduzlar – xabar,

Chayqalib-chayqalib suzar kemajon.

Po‘rtana jahdidan emishman ogoh,

Armonlar girdobi tutmoqda meni.

Na o‘tkinchi kema, va na bandargoh,

Bir nomsiz orolcha kutmoqda meni.

 

* * *

Kim u, shafqatsiz sayyod, ko‘nglimga qilich soldi,

Qatl etdi sevgimni – soldi qora o‘limga.

Boshimda charaqlagan osmon qorayib qoldi,

Qo‘limda qoldi hilol – qoq ikkiga bo‘lingan.

Ko‘rmay qoldim, bilmadim – kun edimi yo tunmi,

Faqat ilg‘adim elas, hurlar tushdi falakdan.

Ko‘kning baxtsiz yomg‘iri bilan yuvdi sevgimni,

Kafan qildilar unga oqargan kamalakdan.

Yig‘lamadim u lahza, chekmadim ohu faryod,

Faqat g‘avg‘o ko‘tardi jinlar sadrga tushib.

Yotar edim chalajon, yotar edim bemurod,

Bilmas edim bu qatl qaysi dunyoning ishi.

Tan bundoq qolarmish jon baqoga qilsa hijrat,

Bilmasdim – shahid ko‘nglim butmi endi yo nobud?

Hayhot, vido singari og‘ir ul shafaq uzra,

Kemaday suzib ketdi guldan yasalgan tobut.

Sezmas edi ona yer, osmonning yarasidan

Zardob tomardi chak-chak – izsiz qatl izlari.

Yotar edim bemurod, sayyodlar orasida,

Boshim kesilgan edi, hayron edi ko‘zlarim.

 

***

Asli boru yo‘g‘ing bir achchiq boda,

Hech kimning chekiga tushmagansan, bas.

Hech kim qolmaydigan yorug‘ dunyoda

Hech qachon, ketaman, dema qasdma-qasd.

Ketma, ey, umidvor ketguchi, ketma,

Ketsang, ketmoq bo‘lsa agar matlabing –

Ketolsang, ortingga qarama, kutma,

Faqat kuz kabi ket, faqat kuz kabi.

Kuz ketar, hech kimga aytmaydi ammo,

U chorlov dog‘ida qarab turmaydi.

Kuzning kelganini ko‘radi hamma,

Kuzning ketganini hech kim ko‘rmaydi.

 

***

Eshigim oldidan ketmadi nari,

Shovullab o‘rtandi azaliy g‘ussa.

Nedandir asramoq istab sarsari,

Qaygadir eltmoqchi, agar qo‘l cho‘zsam.

Yotardim – g‘arq etmish edi ashk seli,

Yotardim, ko‘nglimda yo‘q edi sharor.

Shu kecha tonggacha chorladi meni

Dunyodan hech narsa topmagan shamol.

 

***

Ufqqa singib ketdi matlabim,

Shomni tutdi chirildoq uni.

Ko‘nglim ochilmadi sen kabi,

Nomozshomgul, o‘tdimi kunim.

Yitdimi gullamoq xayoli,

Bo‘m-bo‘sh qoldi aftoda hujra,

Qari-qartang shayton misoli,  

Jim yig‘ladim changalzor ichra.

O, sarin yel, adashsang gohi,

Daryoga qay yo‘ldan qaytasan?

Moviy poklik, xaloskor sohil,

She’rim, ko‘nglim qushi, qaydasan?!

Daryo edi qachondir sodiq,

Meni nilufardek asradi.

Endi kelar to‘fon ovozi,

Va guldirak – osmon nafrati…

Tun bo‘yidan o‘tarman qanday?!

Qalb ko‘rindi, uniqib zohir.

Jannatdagi go‘zal ilonday,

Yer bag‘irlab qolmishman oxir.

Ko‘nglim kabi to‘kildi necha

Maqtul chechak ko‘shkimda hayron.

Ming yildirki,  bir oydin kecha,

Bir go‘zal tong armondir… Armon.

 

Nurilla NARZULLAYEV

 

1974 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Fano yomg‘iri” she’riy to‘plami nashr etilgan..

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.