Tasavvurning siniq ko‘zgusi

0
209
marta ko‘rilgan.

Shoir Faxriyor bilan olim Jabbor Eshonqul suhbati

 

 

She’r bilan “dasturlash”…

 – Bir bastakor, har bir tovush aslida musiqa, faqat uning musiqa ekanini eshitish qobiliyati borlar his qiladi, degan edi. Agar shu fikrni she’r tomon bursak, atrofimizni o‘rab turgan barcha narsa – aslida she’r. Chunki she’r – musiqaning so‘zga ko‘chgan shakli. Faqat bizni she’r o‘rab turganini, bizni qurshab turgan olamning o‘zi she’r ekanini hamma ham ko‘ravermaydi, his qilavermaydi. Shunday emasmi? Shuning uchun “She’r o‘zi nima?” deb so‘rashga odam iymanadi. Lekin masala shundaki, she’rning nimaligini ham bilamiz, ham bilmaymiz. “Bilamiz” deganimiz umumiy ta’riflardan va yodimizda turgan uchta-to‘rt she’rdan tug‘ilgan tasavvur, xolos. Aslida she’rning nimaligini xuddi adabiyot, musiqa kabi hamisha ham teran his qilavermaymiz… Shuning uchun men baribir shu savolni beraman: she’r siz uchun nima?

 

– Qadim zamonlarda inson har doim o‘zini tabiat kuchlari, qonunlari oldida ojiz sanagan, ularning mohiyatini anglab yetmagan. Shu sababli unga jur’ati, sabri, qanoati va, ana boringki, qo‘rquv yoki vahimaga javoban tug‘ilgan hislarini qarama-qarshi qo‘yishga odatlana borgan.

E’tibor qilinsa, inson o‘ta tarang vaziyatlarda – xoh quvonch bo‘lsin, xoh qayg‘u bo‘lsin – yuragida gupirib turgan hissiyotlari ifodasi bo‘lmish she’rdan – aytimdan foydalanadi. Quvonsa ham she’r aytadi, yig‘lasa ham. Tinchlantirish, uxlatishga mo‘ljallangan allada ham endi tug‘ilgan bolaga Yaratgandan o‘zi yaxshi deb tasavvur qiladigan taqdirni so‘rab berish istagi mujassam. Ona ertaga farzandi qanday inson bo‘lishini bilmaydi – yana mavhumlikka ro‘para bo‘ladi. Shuning uchun noma’lum kelajakni Yaratganning irodasi bilan “dasturlash”ga intiladi, ya’ni xaotik ko‘rinayotgan kelajakni tartibli, o‘ziga ma’qul keladigan tarzda ko‘rishni istaydi.

Har qanday yaxshi niyat ana shu noma’lumlikni maqsadga erishish yo‘lida moddiylashtirishga intilishdan iborat. She’r ham inson istaklarining ifodasi sifatida ana shu “dasturlash”ga xizmat qiladi. Haqiqiy ilhom bilan yozilgan she’rlar ko‘zgu misoli kelajakni ham tumanli, g‘ira-shira, tashbihlar vositasida aks ettiradi, ammo buni faqat insonning ichki dunyosi in’ikosi deb qarashga odatlangan kishi payqashi qiyin. Payqaganlar ham ba’zan uni, shoir o‘z taqdirini bashorat qildi, qabilida tor tushunadi va she’rga ijtimoiy hodisa sifatida qarashga yo botinmaydi, yo buni anglab yetmaydi.

Gapim quruq bo‘lmasligi uchun 60-70-80-yillar she’riyatidagi bir tamoyilni misol keltirmoqchiman. Esingizda bo‘lsa, Erkin Vohid, Abdulla Orif, Rauf Parfi kabi shoirlar ijodidagi jamiyatda ustuvor metanarratsiyalar: ura-urachilik, mafkurayu soxta dohiylarga maqtovbozlikdan qochish – buni tanqidchilik insonning ichki dunyosini kashf qilish sari burilish deb atab keladi – totalitar tuzumga norozilik sifatida ifodalangan edi. Albatta, senzura bunga yo‘l bermaslikka intilar, lekin adabiyot, jumladan, she’riyat tashbihu boshqa topilmalar orqali uning taqiqini aylanib o‘tish yo‘llarini ustakorlik bilan topayotgan edi.

Keyinchalik ayni norozilik shakliy izlanishlarda ham ifodasini topdi va yangicha yo‘nalishga burildi. Aslida o‘sha 70-80-yillardagi “shakl buzilishi” jamiyat so‘nggi o‘ttiz yil davomida duch kelayotgan muammolarning bashorati edi, desak adashmagan bo‘lamiz. Shuning uchun she’rga faqat shaxsiy yoki adabiy hodisa sifatida qarash unchalik to‘g‘ri emas.

Jamiyatda hukm surayotgan total yolg‘onga javob, hattoki muxolif fikr tarzida vujudga kelgan norozilik she’riyati undan voz kechishni istayotgan edi. Shuning uchun shakliy o‘zgarish­larni faqat kimgadir ergashish deb qarash mutlaqo noto‘g‘ri. She’r shaklining erkinlashuvi jamiyat parokandalikka yuz tutayotgani in’ikosi edi. Balki barmoq vaznidan shu sababli qochilgandir. Chunki tartibsizlikni, parokandalikni turog‘i, qofiyasi, bo‘g‘inlari tartibli vaznda ifoda qilib bo‘lmasligini intuitiv tarzda his qilgan shoir sarbastga qo‘l urganmikan, degan bir ishtiboh kechadi odamning xayolidan.

Mayli, bir lahza barmoqda ifoda qilishning imkoni ham bor edi, deb o‘ylaylik. Unda nega sarbast aynan sho‘rolar hokimiyati fatorat topishi arafasida urfga aylandi?

Xullas, savollar ko‘p. Bunga mavridi kelib, adabiyotshunoslik javob berar.

 

– “She’r nimaligini bilaman deb kitob titib yurguncha, uning o‘zini o‘qib qo‘ya qolsang bo‘lmaydimi?!” degan ekan bir adabiyotshunosimiz shogirdiga. Domla aslida to‘g‘ri aytgan. She’r nima ekan, deb bosh qotirib nima qiladi? Undan ko‘ra she’rni o‘qisin, keyin tahlil qilsin, ayrim juz’iy nuqsonlarini aniqlab, umumma’noda iste’dod namunasi desin… Bizda minglab o‘ziga xos qiyofaga, o‘ziga xos shaklga, o‘ziga xos ma’noga ega she’rlar bir xil tahlil qilinib, bir xil baho berilgan. Bu sizning she’rlaringizga ham taalluqli. Ellikdan ham oshdingiz. She’rlaringiz bilan o‘zbek she’riyatiga o‘ziga xos yo‘nalish, o‘ziga xos ifoda usulini olib kirdingiz. Lekin, nazarimda, hamon Faxriyor degan shoirning adabiyotdagi o‘rnini baholash masalasi ochiq qolmoqda. Hech kim siz she’riyatga olib kirgan shaklni ham, ifoda tilini ham, ohangni ham, she’rlaringizdagi texnokratik majozlarni ham yetarli tahlil qila olgani yo‘q. Demak, shoir Faxriyor ijodiy e’tirof nuqtai nazaridan yosh shoirlar bilan bir qatorda. Bu sizni xafa qilmaydimi? Sababi nimada deb o‘ylaysiz? Bu savollarga, matbuot bot-bot takrorlayotganidek, postmodern uslubida ijod qilayotgan shoirning o‘z javobi har qanday o‘quvchi uchun qiziqarli tuyuladi.

– Zamonaviy she’riyatni – modern yoki postmodern ifoda yo‘sinini zaminidan uzilib qolgan yoki oydan tushgan shaklbozlik deb emas, bugungi she’rni yangilash ehtiyoji deb qarash lozim. Albatta, barmoq vazni hali imkoniyatlarini to‘liq namoyon qilib bo‘lgani yo‘q, shuning uchun verlibr yoki postmodern she’rga ehtiyoj bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Javobim shuki, adabiyot har doim tilning, adabiy janrlarning ichki imkoniyatlari barobarida tashqi – o‘zga adabiyotlar orttirgan tajriba bilan o‘zaro chog‘ishtirib, sintez qilish orqali rivojlanadi. Bugungi milliy adabiyotimizdagi izlanishlar, istaysizmi-yo‘qmi, o‘z zaminiga tayanadi, chetdan ta’sirlanish orqali adabiy tafakkur imkoniyatlarini kengaytirishga intiladi, uning chegaralarini mavhumlik, mutlaqo yangicha kodlashlar – ramzlar sari surib boradi. Yangi asarlar yaratilishiga maydon hozirlaydi.

Buning hech qanday yomon joyi yo‘q.

Biroq yangicha izlanishlar, har qancha original tashbihlar bilan bezalmasin, hali o‘zining aniq shaklu shamoyilini, ritmini, so‘zni isrof qilmaslik me’yorlarini, chegaralarini – poetikasini qat’iy belgilab olgani yo‘q. Bu borada har bir ijodkorning tayyorgarligi, iste’dod miqyosi bilan bog‘liq izlanishlar tajriba tariqasida davom etmoqda.

Sel oqib o‘tib, o‘zan hosil bo‘lgandan so‘ng undan oqayotgan suv tiniqlashishi uchun muayyan vaqt kerak bo‘ladi. Buni tezlashtirish uchun ilg‘or, hozirgi she’riy tajribalarni yaxshi tushunadigan, ularni tasniflab, sarasini saraga, puchagini puchakka ajrata oladigan adabiy tanqid ham kerak.

Bormi o‘sha tanqid? Umuman, bizda modern, postmodern she’riy tajribalar alohida tadqiq qilinib, ularda mavjud qonuniyatlarni ochishga harakat qilingan birorta tadqiqotni ayta olasizmi? To‘g‘ri, urinishlar bor, tahlilga harakatlar bor, lekin to‘laqonli tadqiqotni ko‘rmayapman.

She’rni o‘qish ham, mag‘zini chaqish ham, kerak bo‘lsa, tahlil ham qilib ko‘rish kerak. Shunda ijodkor uni san’at darajasiga ko‘targani yoki ko‘tara olmagani ma’lum bo‘ladi. Buning uchun jahon tajribasini ham o‘rgangan holda bugungi yangi she’riyatning o‘ziga yarasha qonuniyatlarini belgilab olish zarur.

Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, men ham qalamdoshlar qatori qo‘limdan kelgan va qilishim kerak, deb hisoblagan ishni qilyapman. Uni birov e’tirof qilishi-qilmasligi – yuzinchi, hatto undan keyingi masala…

Jahon adabiyotidagi she’riy tamoyillarni imkon qadar kuzatib boryapman, yozayotganlarimni o‘shalar bilan solishtirib ko‘rib, qilayotgan mehnatim behuda ketmayotganini ko‘ryapman.

“Imlo lug‘ati” sindromi

 

– Ortega-i-Gasset, adabiyot xos kishilarning yumushi va zavqiga aylanadi, deb odamga tushkun xulosa beradi. Yuqorida biz she’rni tushunmayotgani uchun aybni o‘quvchi yoki adabiy tanqidning didiga yukladik. Lekin boshqa tomondan, do‘ppini olib, o‘ylab qaralsa, bugungi kunda yangicha, postmoderncha yozaman deb, o‘zi ham tushunmaydigan narsalarni qoralayotganlar ham ko‘payganini tan olish kerak. Atayin rebusnamo she’rlar yozish, keyin, mening she’rlarim murakkab bo‘lgani uchun boshqalar tushunmayapti, deb o‘zining dunyo adabiyoti shohsupasidagilar bilan yonma-yon qo‘yish hollari ham bor gap. Bu holat ham o‘quvchini she’rdan uzoqlashtirmayaptimikin? Umuman, adabiyotni atayin rebusga aylantirishga qanday qaraysiz? Rebus asarlar tug‘iladimi yoki to‘qiladimi? Asl she’r tug‘ilishini inobatga olsak, unda rebus she’rlar asl emas ekan-da…

– Siz aytayotgan faqat murakkab, birovlar tushunmasligi uchun she’r yozishga intilish va bu bilan maqtanib yurish durust ish emas. Bobolarimiz nafaqat shoir, hatto she’rxon oldiga ham “Dilda darding bo‘lmasa, sardaftarimni kovlama”, degan talabni bejiz qo‘ymagan. Dardi yo‘q shoir ham, she’rxon ham undan uzoq yurgani ma’qul. Ana, ermak kerak bo‘lsa, kino ko‘rsin, oldi-qochdi narsalar o‘qisin.

Endi “rebusnamo she’r” degan iboraga kelsak, modern yo‘nalishdagi mashqlar kamchiliklarini ham istisno etmagan holda, ayrim tanqidchilarning yangicha she’r nima ekanini tushunmaganini xaspo‘shlash uchun o‘ylab topgan bahonasi ekanini ham aytish joiz deb hisoblayman.

 

– Ommaviylik bilan xoslikning chegarasi qayerda, degan savol ham dolzarb bo‘lib turibdi. Modomiki, zamonaviy adabiyotdagi kodlarni o‘qiy olmayotgan ekanmiz, demak, o‘zimizni  anglash darajamiz ham pasayyapti yoki umuman o‘zimizdan, o‘zligimizdan uzoqlashib, boshqa tomonga qarab ketyapmizmi?

– Bir parodoksal holatni kuzataman: hamma she’r haqiqiy san’at namunasi bo‘lishini istaydi va shuni shoirdan talab ham qiladi. Bu – yaxshi. Ammo san’at asari bo‘lgandan keyin uni tushunish uchun did barobarida ozroq saviya bilan bilim ham kerak emasmi? Nima uchun shoir yoki yozuvchi hamma narsani chaynab o‘quvchining og‘ziga solishi kerak? O‘zi talab qilayotgan san’at asari unga chindan ham kerak bo‘lsa, o‘shani tushunish uchun u ham mehnat qilsin, jonini koyitsin.

Siz aytayotgan xoslik ommalashmasligi mumkin, biroq bu bilan uning ahamiyati pasayib qolmaydi.

Takror bo‘lsa ham aytaman: o‘quvchini o‘sha xoslikni anglay, kodlarni o‘qiy olish yo‘lida tarbiyalash lozim.

 

– Nega kecha stadionlarga toshib chiqqan she’riyat bugun kichik davralardan, kitob­larning 500-1000 ta adadidan, ijtimoiy tarmoqlardan nariga o‘ta olmayapti? Umuman olganda, adabiyotning vazifasini nimada deb bilasiz?

– To‘g‘ri, bugun 60-70-yillarda o‘ta ommalashib ketgan she’riyatning muxlisi kam. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Birinchidan, o‘sha vaqtlar, boya aytib o‘tganimday, she’r muxolif fikr yoki qarashlar vazifasini o‘tagan, publitsistik ruh ustuvor, mavjud ijtimoiy norozilik tashbih yoki qochirimlar bilan aytilayotgan edi, qolaversa, mafkura yolg‘onlaridan charchagan xalqning shunga ehtiyoji bor edi.

Ikkinchidan, hozirgi kunda axborot olishning ham, ermakning ham mingta yo‘li bor. Shunga moslashgan ommaviy madaniyat (tuturuqsiz qo‘shiqlardir, yengli-yelpi filmlardir, oldi-qochdi adabiyotdir)   qaysidir ma’noda haqiqiy san’at turlari, jumladan, adabiyotni chekkaga surib qo‘ygani ham, afsuski, bor gap.  O‘quvchi esa nimanidir o‘qiyapman-ku, deb o‘zini ovutadi. Shu bilan ma’naviy ehtiyojini qondirganday bo‘ladi.

Aslida bu – xato tushuncha

 

Neyrobiolog Jeremi Bennettning aytishicha, inson miyasi ob’yektiv voqelik bilan tasavvurning farqiga bormaydi. Inson hamisha o‘zi istagan narsani ko‘radi, masalan, birorta avtomashina sotib olsangiz, beixtiyor shahar ko‘chalarida ko‘proq o‘sha rusumdagi avtomobillarga e’tibor bera boshlaysiz.

Ko‘ryapmizki, odam izlanmasa, miyasini ishlatib, biror maqsad sari intilmasa, bori bilan ovora bo‘lib qolaveradi. Ermak vositalari mingta bo‘lishi mumkin, ammo hech narsa odamni kitobchalik, o‘qiganda ham foydali kitob o‘qiganchalik yuksaltirmaydi. Buning uchun esa ozroq mehnat qilish, tirishqoqlik darkor. Bundan tashqari, yangi uslubdagi she’rlaru prozani targ‘ib qilishning, ya’ni don bilan somonni bir-biridan ajratib beradigan aniq mexanizmi bo‘lishi shart.

Biz adabiyotning fundamental vazifasini odob yoki insonning ichki dunyosini  kashf qilish bilangina chegaralamoqchi bo‘lamiz. Vaholanki, uning talqinidagi obrazlar, tashbihlar har qanday o‘quvchi uchun fikr, hatto kashfiyotlarga yetaklovchi g‘oyalar generatori, fantaziya va ilhom manbai sifatidagi amaliy ahamiyatiga ko‘p ham e’tibor qaratmaymiz. Bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan televizor bir zamonlar klassik adabiyotda “oynai jahon”, ya’ni g‘oya sifatida mavjud edi. Yoki folklordagi uchar gilamlarni eslang.

Bundan tashqari, yozuvchilar bank kartalari (Edvard Bellami) va inson tana uzvlarini ko‘chirib o‘tkazish (Stanislav Lem), suvosti kemasi va Yerning tortish kuchini yengib o‘tish (Jyul Vern), lazer, eskalatorlar, elektr stansiyalari (Gerbert Uels), yerning sun’iy yo‘ldoshi (Artur Klark), barmoq izi bilan ochiladigan eshik qulfi (Rey Bredberi), internet (Mark Tven) paydo bo‘lishini bashorat qilgan, o‘sha sohalarda izlanayotgan olimlarga turtki bergan edi.

Yangi uslubdagi she’rlar yoki proza xususida shuni aytish lozimki, ayrim madaniyatshunoslar G‘arb jamiyatining hozirgi taraqqiyotida modern adabiyot muhim poydevor bo‘lib xizmat qilganini e’tirof etmoqda. Shuning uchun yangilikdan yotsiramay, uni yaxshilab tadqiq qilish, kamchiliklarini ham ko‘rsatib berish ziyon qilmaydi.

 

Suhbatning davomini jurnalimizda o‘qiysiz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.